Connect with us

Jamiyat

«Mening o‘g‘lim urushga bormas edi» (hikoya)

Published

on


Muhojir bolasini tobutda qarshilagan ona

– Lojis! Na zemlyu! – qayerdandir qo‘lida qurol bilan paydo bo‘lib qolgan Rossiya politsiyasi xodimi Sardorning orqa oyoqlari tizza qismiga zarb bilan tepdi.

«Dostavkachi»lik ortidan kun ko‘rayotgan Sardor nima bo‘layotganini anglamay qoldi. Uni buyurtma bergan mijozga tegishli ovqatning yer bilan bitta bo‘lib yotgani tashvishga soldi. «Shunday-da ham bir haftadan beri betob bo‘lib, ishga chiqolmay yotgandim. Shefimga nima deyman? Yana ishsiz qolamanmi?! Nima bo‘ldi ekan, o‘zi?!» – Sardorning ichidan zil o‘tib, bir zumda miyasida turli o‘ylar charx urdi.

Kutilmaganda och biqiniga kelib tushgan oyoq tepkisidan ingrab yubordi.

– Za chto, aka?! – qo‘lini boshining orqasiga majburan qo‘ydirilgan ko‘yi so‘radi Sardor.

– Kakoy yeщyo «aka?!» Von, smotri – eto chto?! Narkotiki, da! Narkoman, chyort! – so‘kindi politsiyachi.

Ikki oyog‘ining orqa qismidan ayamay bosib turgan politsiyachi qo‘lidagi qora paketni unga ko‘rsatib, nimalarnidir ro‘kach qilardi.

– Eto ne moyo, akajon! Vot eto – moyo! – Sardor yerga sochilib, to‘kilib yotgan ovqatlarni nigohi bilan ko‘rsatdi politsiya xodimiga.

– Xa! Ya tebe seychas dokaju, chto eto ne tvoyo! Tfu!

Bir nechta politsiya xodimlari endigina 21 yoshga to‘lgan buxorolik muhojir Sardorni kuch bilan xizmat mashinasida olib ketishdi. Sardorning ko‘zlari ortda – uni eshigi oldida kuzatib turgan buyurtmachining quv nigohlarida qoldi…

***

Sardor 19 yoshga kirgan yili muhojirlik to‘nini yelkasiga tashlab, Buxorodan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga ishga ketgandi. U uyda yolg‘iz o‘g‘il edi. Har kuni ertalabdan kechgacha qurilishda ishladi. Ish beruvchilar unga pasport emas, «ishni yaxshi qil» deb qarardilar. «Patent yo‘q», deb jarima soldilar. Qo‘li og‘rib, oyog‘i shishib qolgan kunlarda u onasiga telefon qilib:

– Ona, hech narsa bo‘lmaydi, bir yilda qarzlardan qutilamiz, uylar olamiz, singlimni turmushga uzatamiz, – derdi.

Har oyda 300-400 dollar yuborishga harakat qilardi. Bir marta: «Ona, singlimning to‘yi uchun ozroq yiqqandim. Ammo, sog‘ligim biroz qiynayapti. Davolanib olay, keyin ishlab, yana jo‘nataman», – dedi.

Onaizor o‘shanda ko‘zlariga yosh olgan.

Sardorning yuragida katta niyatlar yashardi. Muhojirlik uning uchun oson kechmadi. Politsiyadan qochgan kunlari ham ko‘p bo‘lgan. «Registratsiya yo‘q», «Patent muddati o‘tgan», degan tekshir-tekshirlardan o‘ta charchagandi.

Qurilish ishlari Sardorning jussasiga biroz og‘irlik qildimi, sog‘ligi pand berdimi, u keyingi uch oydan beri «dostavkachilik» bilan shug‘ullandi.

– O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. O‘zingni asra, bolam. Rossiya ham alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib qoldi. Bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketma, bolam. Urush tuzoqlaridan ehtiyot bo‘l! Yaxshisi, qayta qol, o‘g‘lim! – zorlandi onaizor.

– Xabarim bor, onajon. Urushda ishtirok etish — O‘zbekiston Qonunchiligi bo‘yicha jinoyat hisoblanishi haqidagi eslatmalar ham yod bo‘ldi, onajon. Ammo, ozgina fursat bering. Osonroq ishga o‘tdim. Dostavkachilik qilyapman. Hech kimga ziyonim tegmaydi. Xavotir olmang! – degandi u onasiga.

Ona biz bilan suhbatda o‘qchib-o‘qchib yig‘larkan, yelkasi uzra xiyla to‘kilib turgan ro‘molining uchi bilan ko‘z yoshlarini artadi. Uzoq xayollarga cho‘mib, sekin pichirlab so‘zlaydi.

Uning so‘ziga ko‘ra, Sardor qamoqda o‘zini yo‘qotmaslik uchun kundalik yozishni boshlagan. Har bir sahifa uning ichki olamidagi kurashning bir parchasi bo‘lgan. Hartugul, shu kundaliklarini tobutga qo‘shib, kamzullari cho‘ntagiga solingancha jo‘natishgan.

«Bugun onamni tushimda ko‘rdim. Har gal menga qarab yig‘lardi. Uyimizning eshigi ochiq edi. Hali uylanmaganim qo‘shni qizu hali tug‘ilmagan farzandlarim uning ortidan yugurishardi… Kameradagi har bir kecha – sinov. Qo‘shni mahkumlar tomonidan kelgan tahdidlar, cho‘chib uxlashlar, oshxonadagi sovuq taomlar va hech kim bilan bo‘lisholmaydigan yurak og‘rig‘i… tuyqus meni cho‘chitib uyg‘otdi. Hafsala bilan kameraning temir eshiklariga osildim. Bu baqir-chaqirlarim kimgacha va qayergacha yetib borardi. Taqdirning ayovsiz burilishlarida yuragi, jismi kuygan muhojirgina bolangizni kechiring, kechiring, onajon!»

Suhbatdosh chuqur «uh» tortib, yana so‘zida davom etadi.

– Uzoq bir kechada, u menga qo‘ng‘iroq qildi. Titroq ovozda: «Ona, meni to‘xtatishdi… Narkotik, deb ayblashmoqda… Men bilmayman, u qayerdan keldi… Meni qamashdi…» O‘g‘limning bu gapi ikki dunyoyimni kuydirdi. O‘sha tuni bilan qo‘llarimni ko‘klarga cho‘zib, duolarda bo‘ldim: «Yo, Rabbim, yolg‘on ayb bo‘lsin. Sardor mening bolam – undan bunday narsa chiqmaydi… Keyin u yo‘qoldi. Ovozi ham, xabari ham. Undan keyin kelgan birinchi xabar – uning urushga olib ketilgani bo‘ldi. Keyingi xabar esa – uning tobuti, – zorlanib yig‘ladi onaizor.

Onaning aytishicha, xorijda uning o‘g‘liga nisbatan nohaq tuhmatlar bo‘lgan.

– Mening o‘g‘lim urushga bormas edi. Rossiyaning urushlariga mening bolamni nima uchun olib ketishdi? Sardorim faqat ishlashni, uylar qurishni bilardi, baxt topishni xohlagandi. Men har kuni o‘g‘limning eski ish formasini ushlab yig‘layman. Undan mehnat hidi keladi. Har kuni u yuborgan kamzulga munchoqlar tikaman. U muhojir edi. U askar emas. Muhojirlar – faqat ishchi kuchi emas. Ular inson. Ular farzand. Ular hayot uchun kurashchilar. Sardor O‘zbekistonni sevardi: so‘nggi 3-4 yil o‘z yurtida, garchi, jismi bilan yashamasa-da, ruhi bilan, ko‘ngli bilan sog‘inardi Buxoroni. Rus tilini eplab gapirolmasdi, to‘g‘risi. Qamoqda qancha kun, qancha oy «o‘tirdi» – bilmayman. U yerda uni nimaga majburlashdi – faqat o‘zi va Alloh biladi. Keyin Rossiya-Ukraina urushida qamoqdagi muhojirlarni frontga olib ketishyapti, deb eshitdim. Ba’zilari «ixtiyoriy», deb yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yishga majbur qilinayotgan ekan. Urushdan qaytganlar yo‘q, dedilar. Urushga kerak bo‘lgan jon – mening Sardorimning joni bo‘ldi. Urushda kerak bo‘lgan narsa – Sardorimning qo‘li, Sardorimning ko‘zi, Sardorimning umidlari bo‘ldi. Men har kuni bolamning rasmiga qarayman. U hali yosh edi. Hali baxt ko‘rmagan edi. Eng navqiron davrini muhojirlikda yashadi, urushda halok bo‘ldi, tobutda qaytdi, – o‘g‘lining suratini quchib yig‘ladi onaizor.

***

Sardor urushni tanlamagan edi. U hech qachon qo‘liga avtomat olmoqchi bo‘lmagan. U mehnat qilmoqchi edi. Onasiga uy qurib bermoqchi, singlisini to‘ylar qilib uzatmoqchi edi. «Otam yo‘qligini bildirmayman singlimga, ona! Ota o‘rnida baxt uyiga o‘zim yetaklab boraman… Ha, aytmoqchi, erkatoy qizingizdan tezroq «qutilsak», navbat menga, chiroyli bir qiz-kelin xizmatingizga keladi», – derkan hazillashib, onasi bilan telefon orqali suhbatlarda Sardor.

Sardor qamoqdan chiqayotganda, urushga ixtiyoriy borishni yozma ravishda «tanlagan». Aslida, bu ixtiyoriylik emas – bu uning tanlovi bo‘lmagan.

Sardorni oldin jangga o‘rgatish markaziga olib borishdi. Qo‘liga qurol tutqazib: «Teper ti ne migrant, ne zaklyuchyonniy. Ti – soldat!» – dedi unga kapitan.

Uni urush ko‘p jabrladi. Og‘riqlar, jangdoshlarining qurbonligi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan yong‘inlar, portlashlar uning qalbini sinadi, orzularini sindirdi.

«Har bir onaga tinchlik, har bir bolaga tinch mehnat, adolat, qadr va hayot tilayman», –o‘g‘lining suratiga termulgancha ko‘zda yosh bilan so‘zladi ona.

 

Laylo Hayitova

 

Ma’lumot o‘rnida:

2022-2023 yillarda, Rossiya-Ukraina urushi avj olgan davrda, Rossiya qamoqxonalaridagi chet el fuqarolarining frontga jalb qilinishi haqida xalqaro axborotlar tarqalganidan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining hech qanday harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi lozimligi xususida rasmiy ogohlantirishlar, urushda ishtirok etish – O‘zbekiston Qonunchiligi bo‘yicha jinoyat hisoblanishi haqida bir necha marta rasmiy bayonotlar berildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston elchixonalari va konsulliklari Rossiyadagi fuqarolarni nazorat qilish, ularga huquqiy yordam berish, qamoqdagi muhojirlar bilan bog‘liq ishlarni olib borishga harakat qilmoqda. Ammo, bu faoliyat to‘liq va samaralimi? Aniq yechimlar va fuqarolarni himoya qilish darajasi qanday?

Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot aytilayotgandek, muhojirlarni urushdan himoya qilish bo‘yicha amaliy harakatlar yetarlimi? Rossiyada qamoqda o‘tirgan, noxaq ayblangan yoki urushga jalb qilingan o‘zbekistonliklar haqidagi alohida tekshiruvlar, xalqaro bosimlar yoki jamoatchilikni jalb etgan tashabbuslar-chi?! Yaqinda BBC va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistondan 66 kishining Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tarafida qatnashib, halok bo‘lgani xususida xabarlar yoritildi. 

Aytish joizki, O‘zbekiston rasmiylari tomonidan Rossiyaga migrantlarga nisbatan to‘g‘ri munosabat va huquqni himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha diplomatik nota yuborildi. Ammo, amaliy choralar, muhojir fuqarolarga yuridik yordam va ommaviy asosda ma’lumot yetkazish borasida jamoatchilik va mustaqil tashkilotlar faolligi yetarli emasdek. Muhojirlarni himoyalash borasida urushda ishtirok etishni ta’qiqlash haqida bayonotlar berilayotgani amalda ham namoyon bo‘lib, ularni himoya qilish darajasi yanada kuchayishi muhim. Shu o‘rinda, davlat institutlaridan tashqari, jamoatchilik faolligi, mustaqil jurnalistika va huquqni himoya qilish tashkilotlari orqali bu holatlar ma’lum darajadagina yoritilmoqda. Demak, yuqorida so‘z yuritilgan bayonotlar O‘zbekiston muhojirlari uchun mustahkam himoya qo‘rg‘oni bo‘lib xizmat qilishi kerakligi kun talabiga aylanishi kerak.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Hokim yordamchilariga oid yana bir korrupsiyaviy holat fosh etildi

Published

on


Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari ishtirokida imtiyozli mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir nechta hududda imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

Jumladan, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi aniqlagan holatga ko‘ra, «U.T.» va «Q.A.» MChJning mas’ul shaxslari, Qayirma mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar amalda bajarmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan.

Yana bir holat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aniqlangan. Unda Toshkent mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar ushbu mahallada yashovchi sakkiz nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «L.A.» MChJ rahbari va Farobiy mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi

Published

on


O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.

Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi

Published

on


Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.

Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi

Published

on


Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish  hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish  chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.

2026-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi  va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-noyabrdan boshlab: 

– mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi; 

– mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi; 

– reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi; 

– mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi; 

– mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

teatr, kino va konsertlarga borish umrni uzaytirishi mumkin

Published

on


Kino, teatr, muzey va konsertlarga muntazam tashrif buyurish fiziologik qarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu ikki mingga yaqin keksa odamlarning ma’lumotlarini tahlil qilgan yapon olimlari tomonidan chiqarilgan xulosadir. Tadqiqot natijalari Epidemiologiya va Jamiyat Salomatligi jurnalida (JECH) chop etildi. 

Tadqiqotchilar qarish bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotda ishtirok etgan 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ingliz fuqarosining ma’lumotlarini o‘rganib chiqdilar.

Ishtirokchilar kinoteatrlar, muzeylar, san’at galereyalari, teatrlar, konsertlar va operalarga qanchalik tez-tez tashrif buyurganliklarini xabar qilishdi. Keyin bu ma’lumot ularning fiziologik yoshi bilan taqqoslandi – bu qon bosimi, o‘pka funksiyasi, gemoglobin va xolesterin darajasi, tana massasi indeksi, ushlash kuchi va yurish tezligi kabi o‘nta parametr asosida tananing haqiqiy sog‘lig‘ini aks ettiruvchi ko‘rsatkich. 

Ma’lum bo‘lishicha, madaniy tadbirlarga kamida bir necha oyda bir marta tashrif buyurgan odamlarning o‘rtacha fiziologik yoshi 66,9 yoshni tashkil etgan. Deyarli faqat madaniy hayotda ishtirok etganlar orasida bu ko‘rsatkich 69,9 yoshga yetdi – bu taxminan uch yillik farq. 

Daromad, bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillarni hisobga olgan holda ham, madaniy faoliyat shkalasidagi har bir qo‘shimcha birlik fiziologik yoshni taxminan 31 kunga qisqartirish bilan bog‘liq edi.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu ta’sir madaniy dam olish ijtimoiy muloqotni rivojlantirishi, aqliy farovonlikni yaxshilashi va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishi bilan izohlanishi mumkin. 

Olimlar madaniy faoliyatning fiziologik qarishga ta’siri muntazam jismoniy faollikning ta’siriga o‘xshashligini va qo‘shimcha tadqiqotlarga loyiqligini ta’kidlamoqdalar.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.