Connect with us

Jamiyat

«Men borman, chunki biz bormiz» yoxud nima uchun afrikalik bolalar ovqat talashmaydi?

Published

on


Bir antropolog Afrika qabilasidagi bolalarni o‘yin o‘ynashga taklif qildi. U meva solingan savatni daraxtning yoniga qo‘yib, e’lon qildi: «Kim birinchi bo‘lib daraxtga yetib kelsa, meva solingan savatga ega bo‘ladi». U yugurishga ishora qilganida, bolalar bir-birining qo‘lidan ushlab yugurishdi va keyin birgalashib shirin mevalardan zavqlanishdi. Ajablangan olim bolalardan nega bunday qilganlarini so‘radi, chunki ularning har biri sovg‘ani yolg‘iz o‘zi olishi mumkin edi. Bunga bolalar javob berishdi: «Obonato!» yoki «Ubuntu» – hamma xafa joyda, bir kishi baxtli bo‘lishi mumkinmi?  Ya’ni ularning tilida bu «Hamma borligi uchun men borman» degan ma’noni anglatadi. Ubuntu – bu Afrika axloqiy ta’limoti, odamlarning ishonchiga va ularning munosabatlariga asoslangan o‘ziga xos gumanistik falsafa.

«Ubuntu» so‘zi afrikaning zulu va xosa tillariga tegishli bo‘lib «boshqalarga nisbatan insonparvarlik» va «butun insoniyatni birlashtiruvchi jamoaviy harakat kuchiga ishonish» deb tarjima qilinishi mumkin. Shunga o‘xshash atamalar ko‘plab Afrika dialektlarida mavjud, ular boshqalarga nisbatan saxiylik, xushmuomalalik va insoniylikni ham anglatadi. Afrikada kimnidir maqtamoqchi bo‘lsangiz, oddiygina aytishingiz mumkin: «Falon odamning ubuntusi bor». Bu uning saxovatli, mehmondo‘st, do‘stona, g‘amxo‘r va rahm-shafqatga to‘la ekanligini anglatadi. Va u boshqalar bilan bor narsasini baham ko‘radi.

1980 yilda Zimbabvelik tarixchi, jurnalist va yozuvchi J. T. Samkange ubuntu tamoyillarini tizimlashtirishga harakat qildi. U uchta asosiy narsani aniqladi. Birinchisi inson bo‘lish – o‘zgalardagi insoniylikni tan olish orqali o‘zining insoniyligini tasdiqlash va shu asosda boshqalar bilan hurmatli munosabatlar o‘rnatishdir. Ikkinchisi agar kimdir boylik va boshqaning hayotini saqlab qolish o‘rtasidagi yakuniy tanlovga duch kelsa, u holda hayotni saqlab qolishni tanlov qilish kerak. Uchinchisi podshoh o‘z maqomi, shu jumladan, u bilan bog‘liq barcha vakolatlar uchun xalqining irodasiga qarzdor.

Liberiyalik tinchlik faoli Leyma Roberta Gbovi Ubuntu prinsipining eng mashhur ta’rifini berdi: «Men borman, chunki biz bormiz». Ushbu qisqa va aforistik ta’rif chuqur ma’noga to‘la: men yakka holda mavjud emasman. Va mening mavjudligim men tomonidan belgilanmagan (yoki faqat men emas). Biz bir-birimiz bilan shunchalik bog‘liqmizki, biz ulkan tirik butunning tirik qismimiz. Va har birimiz qanday bo‘lsak, har birimiz mavjudmiz, chunki biz bir butunmiz. Mening shaxsiy mavjudligim butunning mavjudligi bilan shartlangan, men uning bir kichik bo‘lakchasi lekin ajralmas qismiman. Tan olishingiz kerak, bunday fikrni darhol qabul qilish oson emas!

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati, arxiyepiskop Desmond Tutu «Kechirimsiz kelajak yo‘q» kitobida shunday deb yozgan edi: «Ubuntuga ega odam boshqalar uchun ochiq va sodiq, boshqalarga o‘zining ajralib turgan qobiliyati bilan tahdid qilmaydi va boshqalarni kamsitish yoki qiynoqqa solishdan chekinadi.»

Keyinchalik, 2008-yilda, o‘z nutqlaridan birida, Tutu shunday dedi: «Mamlakatimizdagi tushunchalardan biri ubuntu – inson bo‘lishning mohiyatidir. Ubuntu, xususan, siz alohida holda inson sifatida mavjud bo‘lolmasligingizni aytadi, biz bir-birimiz bilan bog‘liq ekanligimizni aytadi. Aslida biz bir-birimiz bilan bog‘langanimizda qilayotgan ishimiz butun dunyoga ta’sir qiladi.»

Nelson Mandela, Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli prezidenti, quyidagi misolni keltiradi: «Mamlakat bo‘ylab sayohat qilgan sayohatchi qishloqda to‘xtaydi va ovqat yoki ichimlik so‘rashga hojat qolmaydi. U to‘xtashi bilan odamlar unga ovqat beradilar, unga g‘amxo‘rlik qiladilar.   Yana bir jihati ubuntu odamlar yakka holda boyib ketish kerak emasligini aytadi. Atrofingizdagi jamoadan yaxshiroq bo‘lishingiz mumkinmi? Ya’ni  savol shundaki, siz atrofingizdagi jamiyatni yaxshilash uchun o‘zingizni boyitasizmi, yoki faqat o‘zingiz uchung boyiysizmi?»

Ubuntusi bor odam: «Axir men qanday qilib baxtli bo‘la olaman, agar boshqalar baxtsiz bo‘lsa?» Go‘yoki bu qabilalar shunday bir baxt sirini biladiki – bu sirni o‘zini «rivojlangan», «sivilizatsiyalashgan» deb hisoblovchi jamiyatlar allaqachon yo‘qotib qo‘ygan.

Keniyalik adabiyotshunos Jeyms Ogudening fikricha, ubuntu zamonaviy dunyoda keng tarqalgan individualizmga qarshi kurashuvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ubuntu tiklovchi adolat va jamiyatga yo‘naltirilgan axloqni targ‘ib qiladi. «Odamlar sifatida biz insoniy qadriyatlarimizni chuqur o‘rganishimiz, shifo berish va bo‘shliqni bartaraf etish uchun ulardan eng yaxshisiga intilish qobiliyatiga egamiz», deydi Ogude. Bu g‘oya nafaqat insonga, balki daryolar, o‘simliklar va hayvonlar dunyosi bilan munosabatlarimizga ham taalluqlidir. Tabiatning markaziy ustunini tan olganimizda va ifodalaganimizda, uning ma’nosi yanada kengayadi: men – biz borligimiz uchun, biz – yer borligi uchun bormiz. Tabiatning farovonligini bizning farovonligimizdan ajratib bo‘lmaydi.  

Ubuntu konsepsiyasining yagona ta’rifi yo‘q, lekin uning yadrosi insoniyat atrofida aylanadi. Bu g‘oya shundan iboratki, inson faqat boshqalar baxtli bo‘lsagina baxtli bo‘ladi, boshqa birovning azobini ko‘rsa, o‘zi ham azob chekadi. Shunday qilib, biz hammamiz bir-biriga bog‘langanmiz va hech kimga hasad qilish yoki hech kimdan qasos olish kerak emas. Ubuntu yordamida moddiy va nomoddiy narsalar bilan bo‘lishish, kechirish va boshqalarga nisbatan adolatsizlik qilmaslikdir. Shaxsiy rivojlanishga erishish uchun avvalo, boshqalarning rivojlanishiga yordam berishingiz kerak.

Ilk odamlar Afrikada yashaganligini hisobga olsak, bu Ubuntu biz kabi eski ekanligini anglatadi. Aslida ubuntu tamoyillari butun insoniyat genining bir qismi. Ajdodlarimizda hamdardlik, mehr-oqibat va hamjihatlik yuksak darajada bo‘lgan.

Ubuntuni shunday o‘xshatish bilan umumlashtirish mumkin: «Menda sigir va sizda  idish bor, demak ikkalamiz ham sut ichishimiz mumkin». Bu oddiy misol bo‘lsa-da, uning qamrovi juda katta. Bu mo‘l-ko‘llik, qadrlash va hamkorlikda birga yashashimiz mumkinligini ko‘rsatadi.

Ehtimol, ubuntu nima uchun Afrikadagi qishloqlarda ochlik va tanlov yetishmasligiga qaramay, o‘zlarini baxtli his qilishlarini, ko‘pincha tabassum qilishlarini tushuntiradi. Afrika qishloqlariga sayohat qilgan har bir kishi bu jamoalarning donoligi, hamdardligi, kamtarligi, g‘amxo‘rligi va quvnoqligidan hayratda qoladi.

Aksincha qulay turmush tarziga qaramay, har kuni ko‘plab tanlovlar mavjud bo‘lsa-da, ba’zi odamlar kulishni unutganini ko‘ramiz. Har bir insonning borlig‘ida bo‘shliq bordek.  

Afrikaning qishloqlarida insoniylik yuzasidan har kimga qalbini, uyini ochadi, borini birga baham ko‘radi. Ular o‘zlariga yordam kerak bo‘lsa, yordam berilishiga ishonishadi. Bu so‘ramasdan, iltifotsiz va evaziga hech narsa kutmasdan sodir bo‘ladi. Ubuntu e’tibor yoki tanlov emas. Bu go‘zal, ilhomlantiruvchi va chuqur bog‘langan jarayon. Qabul qiluvchilar beruvchiga aylanadi va aksincha. Ishonch asosni tashkil qiladi.

Afrikadagi bolalarning boshqa joylardan jo‘natilgan yordam, oziq-ovqatlarga navbatda turishi yangilik emas. Bu holat ko‘p sayyohlar va antropologlarni hayratga solgan. Bolalar har qanday holatda – oziq-ovqat, o‘yinchoqlar va hatto suhbatlashishda ham navbat bilan harakat qilishadi. Ularda «men birinchi» degan da’vo kam uchraydi.

Masalan butun dunyoda kuzatayotganimiz kiyimlar yoki oziq ovqatlarga aksiya ketayotgan joyda talash-talashni ko‘ramiz. Afrika xalqi esa o‘z ubuntusi bilan bizga o‘rnak bo‘layotgandek. 

Ubuntu aslida biz unutgan qadriyat emasmi?

Ubuntu go‘yoki bizga «birinchi bo‘lish shart emas» deb o‘rgatayotgandek. U «yolg‘iz g‘olib bo‘lish» emas, «birga baham ko‘rib quvonish» muhim ekanini esga soladi. Ya’ni bir inson baxti boshqalar baxti bilan bog‘liq.
Men baxtli bo‘lishim uchun sen ham baxtli bo‘lishing kerak. Va men borligim sen bor bo‘lganing uchundir.

Ubuntu insoniyatga nima uchun kerak? Bu dunyodagi har xil vaziyatlarda omon qolish uchun kerak. Ochlik va yo‘qchilik, urush, tabiiy ofatlar boshimizga kulfat keltirganida yanada jipslashish uchun kerak. Afrikani qiyin ahvoldan saqlayotgan narsa ham shu ubuntudir.

Afrikada odamlar ko‘p narsadan mahrum – toza suv, barqaror ish, tinchlik, hatto oddiy dori-darmon. Lekin ularda bir narsa bor: ubuntu. Va ehtimol, aynan shu ubuntu ularni hamon inson qilib turibdi.

Ubuntu insoniylikni eslashning, inson bo‘lib qolishning so‘nggi imkoniyatidir.
Sizning-chi, sizning ubuntungiz bormi?

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Sirdaryolik yigit 2 mlrd so‘mlik kibero‘g‘rilikda ushlandi

Published

on


Sirdaryo viloyatida yashovchi yigit Telegram orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturi yordamida 200 dan ortiq fuqaroning bank kartalaridan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy yechib olgani aniqlandi.

Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Sirdaryo viloyatida yashovchi shaxs tomonidan sodir etilgan yirik miqyosdagi kiberjinoyat fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjeri orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturidan foydalanib, fuqarolarning mobil qurilmalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng u ularning bank kartalariga ulangan ma’lumotlardan foydalanib, pul mablag‘larini noqonuniy ravishda yechib olgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu usul orqali 200 dan ortiq fuqaro jabrlangan bo‘lib, ularga yetkazilgan moddiy zarar 2 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Tekshiruvlar davomida gumonlanuvchi jami 121 ta kiberjinoyat sodir etgani aniqlangan. Hozirda u protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum manbalardan yuborilgan havolalar va dasturlarni yuklab olmaslikka, shaxsiy va bank ma’lumotlarini himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi Toshkentda ulkan musiqali favvora quriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, ko‘ngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar shaharlar qiyofasini boyitish, aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma bo‘ladi.

Favvora radiusi 185 metr bo‘lgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir bo‘ladi.

Shuningdek, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan. Nasos, elektr, lazerli proyeksiya va boshqa texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.

Suv havzasi atrofida yashil hududlar hamda xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu majmua Yangi Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi, shaharning me’moriy qiyofasini boyitishi va turli madaniy tadbirlar, bayram hamda festivallar uchun yana bir zamonaviy maskan bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihaning mazmun-mohiyati, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish zarurligi qayd etildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq mahallalar tashkil etiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.

Ma’lumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma ob’yektlari quriladi.

Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BAA dirhamidan Isroil shekeligacha: samarqandlik valyutafurush ushlandi

Published

on


Samarqand shahrida valyuta qimmatliklari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda valyuta qimmatliklari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan S.N. fuqaroga 4 938 AQSh dollarini 60 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan 2 359 AQSh dollari, 139 455 rossiya rubli, 2 650 tojikiston somoni, 2 110 isroil shekeli, 2 000 qozoq tengesi, 5 BAA dirhami va 79,2 mln so‘m pul hamda pul sanash apparati ashyoviy dalil sifatida olingan.  

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Insult va infarkt xavfini kamaytiruvchi oddiy omillar e’lon qilindi

Published

on


Turmush tarzidagi kichik o‘zgarishlar yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Bu xulosaga olimlar 53 000 dan ortiq odamlarning ma’lumotlarini tahlil qilgandan so‘ng kelishdi. Natijalar Yevropa profilaktik kardiologiya jurnalida chop etildi. 

Tadqiqot taxminan sakkiz yil davom etdi. Ishtirokchilar uyqu va jismoniy faollikni o‘lchash uchun asboblar taqib yurishdi va ovqatlanishlari haqida xabar berishdi. Olimlar bu ma’lumotlarni yurak xuruji, insult va yurak yetishmovchiligi xavfi bilan taqqosladilar. 

Ma’lum bo‘lishicha, hatto minimal o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘shimcha 11 daqiqa uyqu, kuniga bir necha daqiqa jismoniy faollik va sabzavot iste’molining ozgina oshishi xavfning 10 foizga kamayishi bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. 

Eng muhim ta’sir omillarni birlashtirganda kuzatildi. 8-9 soat uxlash, muntazam jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish kasalliklar xavfini 57 foizga kamaytirish bilan bog‘liqligi aniqlandi. 

Mualliflar tadqiqot to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘liqligini isbotlamasligini ta’kidlaydilar. Biroq, natijalar shuni ko‘rsatadiki, odatlardagi kichik o‘zgarishlar ham yurak-qon tomir salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.