Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
Inspeksiya Samarqand viloyati hokimini pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun javobgarlik borligidan ogohlantirgan.
Samarqand viloyati hokimligi e’lon qilgan videodan kadr
Mehnat inspeksiyasi Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga o‘qituvchilarni ko‘chalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi yuzasidan ogohlantirish yubordi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya rasmiy munosabatida amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanishini eslatgan.
“Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi”, deyiladi munosabatda.
Idora har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Samarqand viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat bildirib, viloyat rahbarining tavsiyasidan asosiy maqsad talabalarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari, fakultetlar va kafedralarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iborat ekanini ma’lum qildi.
“Bugungi kunda shahar ko‘chalarida turli kasalliklar, zararkunanda hasharotlar hamda noto‘g‘ri agrotexnik yondashuvlar kabi qator omillar tufayli ayrim daraxtlar kasallanib, qurib qolmoqda. Bu masalalarni hal etishda ilmiy yondashuv va mutaxassislar maslahat va tavsiyalari asosida ish tutish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvda biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan yosh tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini shahar muhitidagi amaliy kuzatuvlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi.
Bu jarayonda talabalar va yosh olimlar daraxtlarning holatini o‘rganish, monitoring olib borish, kasallik va zararkunandalar belgilarini erta aniqlash bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda tavsiyalar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi. Barcha agrotexnik va jismoniy ishlar esa tegishli kommunal va obodonlashtirish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus ilmiy muassasalar, mahalliy hokimlik va obodonlashtirish xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu yondashuv talabalar uchun sifatli amaliyot maydonini yaratish, ilmiy izlanishlarning amaliy samaradorligini oshirish va shaharning yashil fondini saqlash bo‘yicha zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Hokimlik har qanday tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi, fuqarolar huquq va manfaatlari ta’minlanishi hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan.
Avvalroq Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisiga aylantirishni buyurgani xabar qilingandi. Adiz Boboyev o‘z topshirig‘ida Samarqand shahridagi ko‘chalarni OTMlarga biriktirib qo‘yishni, oliygoh pedagoglari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chaning tozaligi, ko‘cha bo‘yidagi daraxtlar va sug‘orish tizimining holatini monitoring qilib, muammolar haqida obodonlashtirish xizmatini xabardor qilib turishi kerakligini aytgandi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
