Sport
Mbappeda poker, «Liverpul»da yirik mag‘lubiyat. YeChLda kun o‘yinlari
«PSJ» va «Tottenhem» o‘yinida 8 ta gol urildi, «Real» Gretsiyada uchta gol o‘tkazdi, ammo g‘alaba qozondi, «Inter»da ilk mag‘lubiyat. Chorshanba oqshomida YeChLning 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.
Noxush an’anaga barham berildi
«Olimpiakos» – «Real» 3:4
Gollar: Shikinyu, 8 (1:0). Mbappe, 22 (1:1). Mbappe, 24 (1:2). Mbappe, 29 (1:3). Torimiy, 52 (2:3). Mbappe, 60 (2:4). Al-Kaabi, 81 (3:4)
«Olimpiakos»: Tzolakis, Pirola (Byankon, 62), Retsos, Ortega, Rodiney (Koshtinya, 71), Dani Garsiya (Esse, 46), Muzakitis, Shikinyu (Torimiy, 28), Podense (Strefetssa, 71), Martinsh, Al-Kaabi
«Real»: Lunin, Raul Asensio (Dias, 73), Karreras, Mendi, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Kamavinga (Sebalyos, 46), Valverde, Vinisius Junior (Garsiya, 90), Arda Guler (Bellinghem, 61), Mbappe
Ogohlantirishlar: Ortega, 40 – Kamavinga, 23. Arda Guler, 56
«Real» o‘z tarixida biror marta Gretsiyadagi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagandi, shunday qiyin safar oldidan jamoa oshqozoni og‘rib qolgan Kurtuasiz qoldi. Bu mavsumda birinchi marta o‘ynagan Lunin esa Shikinyuning yaqin burchakka zarbasidan keyin tezkor gol o‘tkazib yubordi. Ammo mezbonlar muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi va shundan keyin Mbappe katta sahnaga chiqdi. Madridliklar aynan ushbu fransuz hujumchining gollari evaziga beshinchi urinishda «Olimpiakos»ni safarda mag‘lub etdi.
Kilian yetti daqiqa ichida het-trik rasmiylashtirdi. Avvaliga Vinisius Juniorning trivela uslubidagi pasiga ochilib, himoyachilardan qochib ketdi va hisobni tenglashtirdi. Keyin Arda Gulerning uzatmasidan bosh bilan golga aylantirdi. Yana bir necha daqiqa o‘tib mezbonlarni yuqori himoya chizig‘i uchun jazoladi. Bu vaqtda o‘yinning yarim soati ham o‘tmagandi (28 daqiqayu 19 soniya). Bu orqali u YeChLda eng tez het-trik qayd etgan uchinchi futbolchiga aylandi: bu 2022 yil «Bavariya» safida «Strasbur»ga 22 daqiqayu 18 soniya ichida uchta gol urgan Levandovski va 1996 yilda «Milan» safida «Rusenborg» darvozasini 24 daqiqayu 22 soniya ichida uch bor ishg‘ol qilgan Marko Simonedan keyingi uchinchi natija.
Shu bilan birga, Mbappe YeChL tarixida safar o‘yinlarida to‘rt marta het-trikka erishgan ilk futbolchiga aylandi. Va oqshom qahramoni uchta gol bilan kifoyalanmasdan, Vinisiusning navbatdagi pasi evaziga pokerni rasmiylashtirdi. Shu bilan birga, u bu golni juda zarur pallada urdi, undan oldinroq Torimiy hisobni qisqartirishga erishgandi. Keyinroq mezbonlar yana bir gol urishdi va Mbappening aynan to‘rtinchi goli g‘alaba goli bo‘lib chiqdi. Bu g‘alabadan keyin «Real» ochkolari sonini 12 taga yetkazib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
● «Real» qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotishan keyin ilk g‘alabaga erishdi: bu noxush seriya «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi 0:1 bilan boshlangan, keyin ichki chempionatda «Rayo Valekano» va «Elche»ga qarshi o‘yinlarda durang qayd etilgandi. Bu omadsizliklardan keyin hatto Habi Alonsoning iste’fosi haqida gaplar chiqa boshlagandi, ammo g‘alabadan keyin vaziyat o‘zgarishi mumkin.
● Mbappe faoliyatidagi to‘rtinchi pokerni urdi, shu bilan birga, bu YeChLdagi birinchisi. Kilian turnirning besh turida to‘qqiz gol urdi va to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. U Krishtianu Ronalduning bir mavsumdagi gollar soni bo‘yicha rekordini yangilashi mumkin: 2013/14 yillar mavsumida portugaliyalik hujumchi 17 gol urgandi. Kilian shu sur’atda davom etsa bu natijani yaxshilashi mumkin.
Keyingi turda «Real» uyda «Manchester Siti» bilan o‘ynaydi, «Olimpiakos» Qozog‘istonda «Qayrat» mehmoni bo‘ladi.
Vitinyada het-trik
«PSJ» – «Tottenhem» 5:3
Gollar: Risharlison, 35 (0:1). Vitinya, 45 (1:1). Kolo Muani, 50 (1:2). Vitinya, 53 (2:2). Ruis, 59 (3:2). Pacho, 65 (4:2). Kolo Muani, 73 (4:3). Vitinya, 76 – penalti (5:3)
«PSJ»: Shevale, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 46), Zair-Emeri, Vitinya (Zabarniy, 90+4), Ruis, Joau Nevesh, Kvaratsxeliya (Ramush, 79), Barkolya (Li Kan In, 56), Ndjantu (Dembele, 79)
«Tottenhem»: Vikario, Grey (Palinya, 76), Romero, van de Ven, Spens (Udodji, 84), Porro, Bergvall (Quddus, 76), Sarr (Simons, 84), Bentankur, Risharlison, Kolo Muani (Odober, 84)
Ogohlantirish: Bergvall, 45
Chetlatish: Ernandez, 90
«PSJ» va «Tottenhem» hisobda otishma uyushtirishdi – 5:3. Parijliklar safida Vitinya navbatdagi yorqin o‘yinini o‘tkazdi.
«PSJ» o‘yinni qiyinchilik bilan boshladi, dastlabki yarim soat ichida faqat Xvicha Kvaratsxeliyaning olis masofadan yo‘llagan zarbasi yodda qoldi. «Tottenhem» esa o‘z vaziyatini kutdi va 31-daqiqada bu imkondan foydalandi: parijliklarning ijara asosida londonliklar jamoasida o‘ynayotgan hujumchisi Randal Kolo-Muani darvozabon hududida turgan Risharlisonni golli pas bilan ta’minladi.
Mezbonlar esa tanaffus arafasida muvozanatni tikladi: Vitinya uzoq masofadan zarba yo‘llab, to‘qqizlikni aniq nishonga oldi.
Ikkinchi bo‘limda esa «Tottenhem» burchak zarbasidan keyin yana hisobda oldinga chiqib oldi: bu safar Kolo-Muanining o‘zi raqib jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan foydalanib gol urib ketdi. Ammo shundan keyin o‘yin nazorati to‘liq «PSJ»ga o‘tdi: uch daqiqa o‘tib Vitinya dublga erishdi, yana bir necha daqiqa o‘tib Fabian Ruis raqib himoyachilari xatosidan foydalanib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. 65-daqiqada esa mezbonlar himoyachisi Vilyan Pacho oradagi farqni oshirdi.
Ammo 72-daqiqadayoq Kolo-Muani dubl muallifiga aylandi va o‘yinga intriga qaytardi. Ammo uch daqiqa o‘tib aynan u o‘z jamoasi darvozasiga penalti belgilanishiga sababchi bo‘ldi – Vitinya nuqtada adashmadi. Portugaliyalik yarimhimoyachi xet-trikka erishib, amalda o‘yin taqdirini hal qildi. So‘nggi daqiqalarda Ernandez qizil kartochka olishi ham hech narsani o‘zgartira olmadi.
● «PSJ» o‘tgan turda «Bavariya»dagi mag‘lubiyadan (1:2) keyin qatorasiga uchinchi o‘yinda g‘alaba qozondi. Bu oraliqda ichki chempionatda «Lion» (3:2) va «Gavr» (3:0) mag‘lub etilgandi. Qator yetakchilar jarohat olib safdan chiqqaniga qaramay, jamoa o‘yinida pasayish yuzaga kelmayapti.
● «Tottenhem»da esa so‘nggi 10 o‘yinda faqat uch g‘alaba bor. Londonliklar kuchli raqiblarga qarshi barcha o‘yinlarda yutqazdi, «MYu» va «Monako» kabi inqirozdagi jamoalar bilan durang o‘ynadi.
Keyingi turda «PSJ» «Atletik» mehmoni bo‘ladi, «Tottenhem» «Slaviya»ni qabul qiladi.
«Inter»da ilk mag‘lubiyat
«Atletiko» – «Inter» 2:1
Gollar: Alvares, 9 (1:0). Zelinski, 54 (1:1). Ximenes, 90+3 (2:1)
«Atletiko»: Musso, Ximenes, Gansko, Rudjyeri (Grizmann, 68), Molina (Pubil, 59), Kardozo (Koke, 59), Barrios, Gallaher (Gonsales, 59), Simeone, Baena (Serlot, 68), Alvares
«Inter»: Zommer, Bissek, Bastoni, Akanji, Zelinski (Suchich, 65), Hoqon Chalxono‘g‘li (Frattezi, 72), Barella, Dimarko (Luis Enrike, 79), Karlos Augustu, Martines (Espozito, 72), Bonni (Tyuram, 65)
Ogohlantirish: Dimarko, 44
«Inter» Madriddagi o‘yinni o‘ta tajovuzkor boshladi va debyutdayoq Musso mezbonlarni qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Argentinalik darvozabon Dimarkoning jarima zarbasidan keyin to‘qqizlikka borayotgan to‘pni olib chiqdi. Lekin «Atletiko» omad evaziga hisobni ochdi, Karlos Augusto avvaliga Juliano Simeonega borayotgan pasni to‘sib chiqolmadi, keyin esa to‘pni qaytarishda xato qilib, uni raqibga topshirdi, Xulian Alvares esa bundan foydalanib qoldi. Arbitr avvaliga golni hisobga olmadi, ammo monitor qarshisiga borib, hujum vaqtida to‘p Baenaning qo‘liga tegmaganiga amin bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim ham mehmonlarning hujumlari bilan boshlandi. Barellaning zarbasi to‘singa bordi, lekin Zelinski Bonni bilan devor uslubida o‘ynab, jarima maydoniga kirib bordi va hisobni tenglashtirdi. Diyego Simeone shogirdlari bu zarbadan keyin o‘zini yo‘qotmadi va o‘yin oxirida tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘dira oldi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Grizmann o‘zining birinchi imkoniyatidan foydalana olmagandi, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa uning burchakdan uzatmasi Ximenesning goliga assistga aylandi. Bu «Atletiko» YeChLda oltinchi marta qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi bo‘ldi.
Oldingi to‘rt turda 12 ochko to‘plagan «Inter» ilk mag‘lubiyatni qabul qildi, ammo turnir jadvalining yuqori qismida qoldi. «Matraschilar» esa ochkolari sonini 9 taga yetkazib, 12-o‘ringa ko‘tarildi.
«PSV»ning navbatdagi qurboni
«Liverpul» – «PSV» 1:4
Gollar: Perishich, 6 – penalti (0:1). Soboslai, 16 (1:1). Til, 56 (1:2). Driosh, 73 (1:3). Driosh, 90+1 (1:4)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate (Kiyeza, 76), Kerkez, Soboslai, Gravenberh, Makallister, Jons, Gakpo, Saloh, Ekitike (Isak, 61)
«PSV»: Kovarj, Gaserovski, Shauten, Salohiddin, Dest, Mauro Junior, Verman, Saybari, Perishich (Pepi, 69), Man (Bayraktarevich, 89), Til (Driosh, 69)
Ogohlantirish: van Deyk, 17
O‘yin boshlanishi bilan «Liverpul» uchun dahshatli tush davom etdi: mersisaydliklar sardori Virjiyl van Deyk jarima maydoni ichida basketbol o‘ynadi va belgilangan penaltini Perishich aniq ijro etdi.
Shu bilan birga, niderlandiyaliklar YeChLdagi qiziq an’anasini davom ettirdi – jamoa o‘n birinchi o‘yindirki ham o‘zi gol urmoqda, ham o‘tkazib yubormoqda. 18-daqiqada Kovarj Gakponing zarbasini qaytardi, ammo to‘p jarima maydonida turgan Soboslaiga borib tushdi va hisob tenglashdi.
Ammo bu kambekning boshlanishi bo‘lmadi. Peter Bos shogirdlari «Enfild»ga faqat uch ochko uchun kelgandi va o‘tgan turda «Napoli» yirik hisobda mag‘lub etilgani (6:2) bejiz emasligini isbotladi. «Liverpul» esa ushbu jamoaning navbatdagi nomdor qurboniga aylandi. Ikkinchi bo‘lim boshida avvaliga Til mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, o‘yin oxirida Driux dubl rasmiylashtirib, hisobni yiriklashtirdi. Mersisaydliklar qatorasiga uchinchi o‘yinda yirik hisobda yutqazdi, bunaqasi jamoada 1992 yildan buyon kuzatilmagandi. Endilikda qizillar umumiy guruh jadvalida 13-o‘rinda qolmoqda va Arne Slotning kursisi qattiq qimirlay boshladi.
«Sporting» kuchli sakkizlikda
«Sporting» – «Bryugge» 3:0
Gollar: Kenda, 24 (1:0). Suares, 31 (2:0). Trinkau, 70 (3:0)
«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Diomande, Arauxo (Mateus Reys, 86), Fresneda, Yulmann, Simoyes (Morita, 63), Trinkau, Kenda (Santos, 76), Katamu (Blopa, 76), Suares (Ribeyru, 86)
«Bryugge»: Yakkers, Ordones, Mehele, Seys (Romero, 81), Sike (Spilers, 81), Vanaken, Onedika, Stankovich (Vetlesen, 74), Tzolis, Borjyesh (Dyakon, 74), Verman (Tresoldi, 61)
Ogohlantirishlar: Yulmann, 9 – Onedika, 20. Tzolis, 68. Seys, 75. Mehele, 75
«Sporting» o‘yin debyutida ozchilik bo‘lib qolishi mumkin edi, ammo VAR vaziyatga aralashdi va bosh hakam Yulmannga ko‘rsatgan qizil kartochkasini sariqqa almashtirdi. Bu holatda shvetsiyalik yarimhimoyachi chindan ham oyog‘ini yuqori ko‘targandi, ammo o‘z vaqtida tortib qolgan va raqibning yuziga tegmagandi.
Tarkiblar teng holatda esa «sherlar» ishonchli g‘alabani rasmiylashtirdi. Lissabonliklar safida Kenda va Katamo o‘zini ko‘rsatdi. Birinchisi raqib darvozasiga orqa qilib turgan holda to‘pni qabul qilib, o‘girildi va aniq zarba berib, hisobni ochdi. Ikkinchisi esa hisobdagi ustunlikni oshirgan Suaresni golli pas bilan ta’minladi. Ikkinchi bo‘limda esa Trinkau hisobni yiriklashtirdi. Bu g‘alabadan keyin «Sporting» to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga yo‘llanma beradigan kuchli sakkizlikka kirib oldi.
«Qayrat»ga vaqt yetmay qoldi
«Kopenhagen» – «Qayrat» 3:2
Gollar: Dadason, 26 (1:0). Larsson, 59 – penalti (2:0). Robert, 73 (3:0). Satpayev, 81 (3:1). Baybek, 90 (3:2)
«Kopenhagen»: Kotarski, Gabriel Pereyra, Xatzidiakos, Lopes, Sudzuki (Zage, 79), Lerager, Klem (Madsen, 69), Klasson, Robert (Mukoko, 79), Larsson (Al-Yunussi, 69), Dadason (Garananga, 90+1)
«Qayrat»: Anarbekov, Shirobokov, Sorokin, Tapalov, Mrinskiy, Kasabulat (Sadibekov, 78), Gleyzer (Baybek, 64), Jorjinio (Zariya, 69), Satpayev, Gromiko (Stanoyev, 69), Edmilson (Rikardinio, 78)
Ogohlantirishlar: Xatzidiakos, 56. Lerager, 90 – Mrinskiy, 87. Tapalov, 90. Rikardinio, 90. Satpayev, 90
«Qayrat» Kopenhagendagi o‘yinning 80-daqiqasigacha 0:3 hisobida ortda borayotgandi. Agar o‘yin davomida oltita seyv amalga oshirgan Anarbekov bo‘lmaganida vaziyat yanada ayanchli tus olishi mumkin edi. Ammo o‘yin oxirida mezbonlar darvozaboni Kotarski o‘yinga intriga qaytardi. Uning qo‘pol xatosidan keyin qozog‘istonliklarning 17 yoshli hujumchisi Satpayev hisobni qisqartirdi, keyin esa yarimhimoyachi Baybek chiroyli kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Ammo mehmonlarda hisobni tenglashtirish uchun vaqt yetmay qoldi.
«Ayntraxt» besh daqiqada yakson etildi
«Ayntraxt» F – «Atalanta» 0:3
Gollar: Lukman, 60 (0:1). Ederson, 62 (0:2). De Ketelare, 65 (0:3)
«Ayntraxt» F: Tsetterer, Teat, Kox, Braun, Kollinz, Shaibi, Daud (Sxiri, 69), Getse (Batshuayi, 69), Knauff (Buta, 78), Doan (Vaxi, 78), Burkardt (Baoyya, 59)
«Atalanta»: Karnesekki, Xin, Jimsiti (Kolashinats, 74), Kossunu, Ederson (Musa, 69), de Ron, Dzappakosta (Zalevski, 69), Bellanova, Lukman (Sulemana, 82), De Ketelare, Skamakka (Krstovich, 69)
Birinchi bo‘limda «Atalanta»ning omadi kelmadi – Lukman va Skamakkaning zarbalaridan keyin to‘p darvoza ustuniga bordi. Ikkinchi bo‘limda esa «Ayntraxt»ning omad limiti yakunlandi, avvaliga 59-daqiqada mezbonlar to‘purari Burkardt jarohat olib, tibbiyot xodimlari ko‘magida maydonni tark etdi. Keyingi besh daqiqa ichida esa mehmonlar uchta gol urishdi va o‘yin taqdirini hal qilishdi. Avvaliga De Ketelarening uzatmasidan keyin Lukman hisobni ochdi. Ederson hisobdagi farqni oshirdi, De Ketelarening o‘zi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Rafaele Palladino shogirdlari kuchli sakkizlikka kirish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilishdi.
«Pafos» – «Monako» 2:2
Gollar: Minamino, 5 (0:1). David Luiz, 18 (1:1). Balogun, 26 (1:2). Salisu, 88 – avtogol (2:2)
«Pafos»: Mixail, David Luiz, Goldar (Langa, 46), Lyukkassen, Shunich, Pepe, Dragomir (Dimata, 79), Brunu, Orshich, Kina (Jaja, 57), Anderson Silva (Bassauamina, 69)
«Monako»: Gradetski, Vanderson (Kerer, 76), Salisu, Kayyu Enrike, Zakariyo, Kamara (Kulibali, 65), Minamino (Fati, 76), Teze, Golovin (Mishal, 65), Akliush, Balogun (Biyeret, 89)
Ogohlantirishlar: Goldar, 45. David Luiz, 88 – Kamara, 21. Golovin, 28. Salisu, 90
«Monako» yana g‘alabasiz qoldi. Kiprda mehmon bo‘lgan monegaskliklar ikki bor hisobda oldinga chiqib oldi va uch ochko bilan qaytishga yaqin edi, ammo 88-daqiqada to‘sindan qaytgan to‘p avval Salisaning boshiga, u yerdan esa Gradetski qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘l oldi. Bu «Monako» uchun besh turdagi uchinchi durang bo‘ldi va endi jamoa 6 ochko bilan 23-o‘rinda ilinib turibdi. «Pafos»da ham shuncha ochko, lekin qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobida bir pog‘ona pastda joylashgan.
Umumiy guruh jadvali:
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalar soni 21 mingga yaqinlashdi
