Jamiyat
“Maymun yetaklagan odam” – balandparvoz g‘oyalarga aldangan avlod qissasi / 5 daqiqa
Qorong‘i o‘rmondan bir yigit maymunni yetaklab chiqyapti. Yigit o‘ziga ishongan, nigohi kelajakka qaratilgan. U nimanidir boshqarayotgandek. U hayotni o‘z qo‘lida ushlab turganday. Yillar o‘tadi. Bu safar maymun o‘rmonga munkaygan cholni yetaklab borardi. Endi insonning qadamlari ishonchsiz, ko‘zlarda savollar qotib qolgan, javoblar esa yo‘q.
5 daqiqa’ning navbatdagi sonida siz bilan Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi haqida gaplashamiz. Darvoqe, adabiyot ilmida romanga teng hikoyalar degan ibora tez-tez qo‘llanadi. Aynan shu iborani mazkur hikoyaga tatbiq qilsak o‘rinli bo‘lardi.
Asar voqealari mahallaga yangi ko‘chib kelgan yigitning tilidan hikoya qilinadi. U qo‘shni hovlida yashaydigan keksa rassom bilan tanishadi. Bu tanishuv oddiy qo‘shnichilik emas, balki bir inson umriga kirib borish eshigi edi. Yigit rassomning uyida yillar ketma-ketligida terib qo‘yilgan suratlarni ko‘radi. Ana shu suratlar orqali u qariyaning hayotini o‘qiy boshlaydi.
Ilk suratlarda ishonch va shijoat bor edi. Keyingi suratlarda mavhumlik kuchayib borardi. Oxirgi suratlarda esa umidsizlik hukmron edi. Shuning uchun bu suratlar oddiy san’at asari emas, inson umrining xaritasini eslatardi.
Birinchi va oxirgi suratlar ayniqsa, juda chuqur ma’no kasb etardi. Birinchi suratda yigit maymunni o‘rmondan yetaklab chiqadi. Aynan maymun hikoyaning asosiy kaliti hisoblanadi. Bu yerda maymun oddiy hayvon emas. U insonning ishonganlari, tanlangan yo‘l va e’tiqodi ramzi edi.
Asar voqealari ham aynan shu ramziy harakatga asoslangan. U uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqich – yoshlik bosqichi. Bu surat 1921 yilga tegishli. Unda yigit maymunni yetaklab ketyapti. Bu davr yangi hayotga ishonilgan davr. Bu davrda inson o‘zini tarixni o‘zgartiryapman, deb o‘ylagan. Bu davrda inson o‘zini boshqaruvchi, deb hisoblagan. Shuning uchun bu surat iroda va e’tiqod ramziga aylanadi.
Ikkinchi bosqich o‘rta hayot bosqichidir. Bu davr juda mavhum. 1930-50 yillar suratlarida qora rang ko‘payib boradi. Manzaralarda odamlar yo‘qoladi. Qishloqlar bo‘shab qoladi. Tabiat qandaydir juda sovuqlashib ketadi. Bu o‘zgarish tasodif emas. Bu inson ishongan haqiqatlarning yemrilish belgisidir. Ilgari ravshan bo‘lgan yo‘llar endi tushunarsiz edi. Ilgari to‘g‘ri deb qabul qilingan qarorlar endi savol ostida qolgandi. Ana shu bosqichda inson birinchi marta o‘zini so‘roqqa tutadi: men haqiqatan to‘g‘ri yashadimmi?
Uchinchi bosqich qarilik, ya’ni fojiani anglash va tan olish bosqichidir.
Yigit qariyaning eng oxirgi suratini kutayotgandi. Nihoyat, o‘limi oldidan chol suratni chizishga ulguradi.
Oxirgi suratda maymun cholni o‘rmonga yetaklab ketayotgandi. Bu yerda endi inson boshqaruvchi emas, boshqariluvchiga aylangandi. Bu manzara butun asarning xulosasi hisoblanadi. Bu yerda inson o‘z hayoti ustidan nazoratni yo‘qotganini anglaydi.
Maymun – bir vaqtning o‘zida bir nechta ma’noni anglatadi. Kimlardir uni nafs, deb talqin qiladi. Yana kimlardir soxta g‘oyalarga qiyoslaydi. Yana kimlardir tarix sifatida ko‘radi. Bu hikoya shaxsiy emas, butun bir avlod fojiasi haqida, deydi. Yigit – davrni boshqarmoqchi bo‘lgan inson ramzi. Chol esa davr qurboniga aylangan inson, deb talqin qilinadi.
Chol ham oddiy qariya emas. U rassom. U komsomol a’zosi bo‘lgan. U amaldor bo‘lgan. U bir davr ideallariga ishongan avlod vakili bo‘lgan. Uning hayoti ishonchdan boshlangan. Keyin xizmatga aylangan. Keyin hayotiga shubha oralagan, inkor va isyonlar paydo bo‘lgan. Oxirida u yolg‘iz qolgan. Uning “Biz tushunarsiz yashadik”, degan gapi butun bir avlodning xulosasi edi. Bu gap orqali u faqat o‘zini emas, butun bir davrni baholaydi.
Asar oxirida yigitga cholning uyini berishmoqchi bo‘lishadi. Lekin u bu uyni qabul qilmaydi. Vaholanki, yigit boshpanaga ehtiyojmand edi. Ammo negadir uysiz yashab tura qolishni afzal ko‘radi. Nega uyni qabul qilmaganini esa “Maymun yetaklagan odam” o‘zining ichida yashirib turibdi. Siz bu jumboqni asarni to‘liq o‘qib bo‘lganingizdan keyin albatta, topishingizga ishonaman.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days agoSirdaryo viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat18 hours ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
