Jamiyat
Mast holda mashina olib qochgan sudya 7 yilga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sobiq sudyasi Rustam Rahmonov ozodlikdan mahrum qilindi. 44 yoshli sudya hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish hamda transport vositasini olib qochish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Toshkent shahrida mast holda mashina olib qochgan sudyaga hukm o‘qildi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining sudyasi lavozimida ishlagan Rustam Rahmonovga oid jinoyat ishi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Sudlov hay’atining joriy yil 11 sentabrdagi hukmiga ko‘ra, sobiq sudya Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 267-moddasida (Transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Rustam Rahmonov aprel oyida mast holda transport vositasini olib qochgani, Sudyalar oliy kengashi uning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotgani xabar qilingandi. Keyinchalik uning sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatildi. U yozma arizasi va Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani asoslari bilan lavozimidan ozod qilindi.
Ma’lumot uchun, Rustam Rahmonov 2024 yilning dekabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimiga yana 10 yil muddatga tayinlangandi.
Jamiyat
Xizmat burchini bajarayotib vafot etgan xodimning oilasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan(mi?)
2021 yil 14 sentabr. Toshkent viloyati Piskent tumanida xizmat o‘tayotgan YPX inspektori Dilmurod O‘rmonov katta tezlikdagi avtomobilga to‘xtash ishorasini ko‘rsatib uning yo‘liga chiqadi. Ammo mast haydovchi bor tezligida xodimni urib ketadi va 29 yoshli inspektor vafot etadi. Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi va 117-moddasi bilan sudlanadi. Toshkentdagi fojiada vafot etgan inspektorga ko‘rsatilgan e’tibor marhum Dilmurod O‘rmonovning yaqinlarida ham umid uchqunlarini yoqqan bo‘lsa ajab emas.
25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomashina yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yubordi va inspektor olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Marhumga katta e’tibor qaratildi. U “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, oilasiga 3 xonali uy berildi. Janoza marosimlari ham davlat darajasidagi e’tibor bilan o‘tkazildi. Biroq bundan bir necha yil avval – 2021 yilda Toshkent viloyatida ham deyarli shunga o‘xshash fojia sodir bo‘lgan edi.
Shohruh Abdurasulov 2021 yil 11 sentabr kuni o‘ziga tegishli davlat raqami belgisi 10Z 701UA bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini Toshkent viloyati Piskent tumani, “Taraqqiyot” MFY hududidan o‘tgan “4K792 Piskent-Bo‘ston” avtomobil yo‘lida mast holda boshqarib kelib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, avtomobil yo‘lining 10-kilometrida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan Toshkent viloyati IIBB ikkinchi mintaqaviy hudud Piskent tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi inspektori serjant Dilmurod O‘rmanovni urib yuborgan va o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Marhum vafot etganda u olti oylik homilador edi. Otasining vafotidan 3 oy o‘tib qiz farzand tug‘ildi. Jajji Oyshaxon xozir 4 yoshda. Kun.uz uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
“Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin”
Marhumning onasi Manzura O‘rmonova: “Kechqurun shumxabar keldi, hamma yoq larzaga keldi. Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman. O‘g‘limning do‘stlari shifoxonaga olib borgan. Shunchalik ham nohaqlik bo‘ladimi?
Bitta akasi – Tursunboy degani prokuraturada, Ayubxon degan akasi ichki ishlarda ishlar ekan. Lekin hech qanaqa na moddiy, na ma’naviy yordam… Mayli, kerak emasdi. Aybni bolamga ag‘darishdi, advokatlarning ko‘zi qayerni ko‘rdi? Axir ish yuzasidan bo‘ldi-ku! Mayli, mening bolam mashina yo‘liga chiqdi deylik. Kecha kungi voqealar-chi? Undan oldingi voqealar-chi?
U avval ham ko‘rsatadiganini ko‘rsatgan ekan, ikki akasidan foydalanib, nima hoxlasa qilib yurgan ekan.
Olti oylik homilasi qornida, kutib yurishgandi. Kelinimni qizim deb qabul qilgandim, hozirgachayam yuziga qarashga chidolmayman. Nima ko‘rdi 23-24 yoshida bolam bechora?”.
“Oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”
Marhumning akasi Sherzod O‘rmonov ham o‘sha kunni eslar ekan, halokatga sababchi bo‘lgan haydovchi avval ham mast holatda rulga o‘tirgani haqida gapiradi.
“Ukamning ahvoli ancha og‘ir edi. Piskentda Murodali degan yo‘lda bo‘lgan. U bola ichgan ekan. Moddiy-ma’naviy zarar undirishga, mana, o‘tib ketdi, lekin oilamizda boquvchi shu ukam rahmatli edi. Ayam-dadam pensiya oladi, men ko‘chaning ishida. Bu gapni gapirishimga sabab – o‘sha yerdagi xodimlar “to‘xtatamiz mashinani, shu bola ichgan bo‘ladi. Bizga u yoq-bu yoqdan telefon bo‘ladi. Bitta akasi prokuraturada, bitta akasi ichki ishlarda ishlaydi. “Kattalar” chiqadi, biz uni qo‘yib yubormasdan ilojimiz yo‘q. Chunki o‘sha telefon qilganlarga ishimiz tushadi bizning, olib borsak, kamchilik topib bizni qiynaydi. Shuning uchun majbur bo‘ldik. Mana, oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”, deyishdi”.
Ma’lum qilinishicha, inspektorning o‘limida ayblangan shaxsga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 1-qismi bilan 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 3 yilga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 1 yil-u 2 oy o‘tgach ozodlikka chiqqan. Boquvchisiz qolgan oila taqdiri esa haligacha hal etilmagan masala bo‘lib qolmoqda.
“Yuqori turuvchi” tashkilotlar
“Haligacha yugur-yugur, qizcha bog‘chaga chiqadi. Kelinimizning mazasi yo‘q ekan, xabarlashganimda ulgursam boraman degandi. Shularga bir sharoitini qilib berishimiz kerak. O‘zimning uchta farzandim bor, mana, sharoitimizni o‘zingiz ko‘rdingiz. Qo‘limdan kelgancha harakat qilib, uy-joy qilib berishimiz kerak. Mening jigarim, bir qorindan talashib tushgan ukamning davomchisi. Shuning uchun yugurib yuribmiz. Piskentga boraman-kelaman. “Bo‘ldi” deydi, bir dunyo xatlar turibdi, tagini o‘qib ko‘rsangiz: “bizdan norozi bo‘lsangiz yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qiling” deyilgan. Yana qanaqa yuqori turuvchi tashkilotlar bo‘lishi mumkin? Chet davlatdami u “yuqori turuvchi” tashkilotlar? Tushunib bo‘lmaydi.
Bermadi emas, yolg‘on bo‘lmasin – 5 million so‘mni 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib berishdi. Bergani shu bo‘ldi”.
Marhumning akasiga ko‘ra, fojiadan keyin ukasiga prezident farmoni bilan “Jasorat” medali berilgan.
Marhumning yaqinlari ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararlarini talab qilib sudga murojaat qilishgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining 2023 yil 9 yanvardagi hal qiluv qarori bilan marhum Dilmurod O‘rmonovning otasi, onasi, akasi va turmush o‘rtog‘iga jami 100 mln so‘m ma’naviy va 4 mln 348 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Apellyatsiya instansiyasida bu qaror o‘zgartirilib, da’vogarlarning har biriga (marhumning otasi, onasi va akasiga) alohida 50 mln so‘mdan, turmush o‘rtog‘iga 100 mln so‘m aybdordan undirish belgilangan.
Ammo Oliy sudda bu qaror ham o‘zgartirilgan: ajrim bilan marhumning akasi Sh.O‘rmonovga 50 mln so‘m ma’naviy zarar undirish haqidagi qismi bekor qilingan.
Sud qarori bilan to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu mablag‘lar undirilganmi yoki yo‘qligi haqida Kun.uz ma’lumotga ega emas (marhumning yaqinlari olmaganini aytishmoqda). Tahririyat murojaatning mazmunidan kelib chiqib masalaning u tomonlarini o‘rganishni lozim topmadi.
Bir tizimdagi ikki fojia
E’tiborli jihati shundaki, har ikki holatda ham yo‘l-patrul xizmati inspektorlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan. Bir holatda marhumning oilasi va farzandlari ta’minoti masalasi e’tiborga olinib, uy-joy bilan ta’minlandi va davlat mukofoti berildi. Boshqa holatda esa boquvchisiz qolgan oila aytishicha, yillar davomida turli idoralarga murojaat qilib kelayotganiga qaramay, masala haligacha ochiq qolmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona mexanizm yoki standart mavjudmi?
Bu yerda gap ikki insonni solishtirish haqida emas. Gap bir tizimda xizmat qilgan ikki inspektor taqdiri haqida. Savol esa oddiy: agar mezonlar bor bo‘lsa, ular barchaga bir xil ishlayaptimi? Bu savollar faqat bir oilaning muammosi emas. Ular butun tizim uchun muhim savollardir. Vakolatli idoralar bu holatga izoh beradimi, boquvchisiz qolgan oila taqdiriga yechim topiladimi – hozircha savol ochiq qolmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq ayol 40 yoshdan keyin ona bo‘lgan
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekistonda jami 879 599 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilishlar asosan 25–39 yoshli onalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tug‘ilishlar onaning yosh guruhlari kesimida tahlil qilinganda, 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida 355 111 ta bola tug‘ilgani qayd etilgan. Bu jami tug‘ilishlarning 40,4 foizini tashkil etadi.
Eng yuqori ko‘rsatkich 25–39 yoshli ayollar hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yosh toifasida 512 034 ta tug‘ilish holati qayd etilgan. Bu esa umumiy tug‘ilishlarning 58,2 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, 40 yosh va undan katta bo‘lgan ayollar orasida 12 454 ta tug‘ilish holati qayd etilgan bo‘lib, bu umumiy tug‘ilishlarning 1,4 foiziga teng.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 40 yoshdan keyin ona bo‘layotgan ayollar soni nisbatan kam ulushni tashkil etsa-da, bunday holatlar ham qayd etilib bormoqda.
Jamiyat
“Beruniy–To‘rtko‘l” yo‘li loyihasi bo‘yicha pora talab qilgan mansabdor ushlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri davlat muassasasi filiali mansabdor shaxsi qurilish ishlarini olib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri davlat muassasasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mansabdor shaxsi xizmat mavqeidan foydalangan holda qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJga o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali “Beruniy–To‘rtko‘l” A380-sonli magistral yo‘l qurilishi loyihasining 5 kilometrlik ish hajmini olib berishni va’da qilgan.
Evaziga u MChJ rahbaridan 10 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlarga duch kelsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘ralgan. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Yunusobodda shaxsiy xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi
Jamiyat | 08:51
835
1 daqiqa o‘qiladi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan shaxsiy xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 15 mart kuni Oqtepa 6-tor ko‘chasida joylashgan uyda yuz bergan bo‘lib, yong‘in haqida xabar soat 11:09 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga kelib tushgan.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Tushgan murojaatga asosan, qutqaruv texnika va ekipajlari ko‘rsatilgan manzilga soat 11:19 da yetib borgan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 11:57 da qurshab olingan va soat 12:16 ga kelib to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jarohatlanganlar qayd etilmagan. Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Mutasaddi idoralar tomonidan holat yuzasidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Soliq qarzini kechiktirish evaziga pul so‘ragan mansabdor fosh etildi
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Soliq inspeksiyasi bosh inspektori fermer xo‘jaligi rahbaridan soliq qarzdorligini to‘lash muddatini uzaytirib berish evaziga 10 mln so‘m talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.
U paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining soliq organlarida mavjud bo‘lgan 165,6 mln so‘mlik qarzdorligini viloyati soliq boshqarmasidagi hamkasbi orqali kechiktirib berishni va’da qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan bosh inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni bunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirmoqda. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Jamiyat5 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Siyosat4 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Jamiyat2 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan4 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Jamiyat2 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
