Iqtisodiyot
Masdar kompaniyasi Qashqadaryoda quyosh stansiyasi va energiya saqlash tizimi quradi
Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “Abu Dhabi Sustainability Week 2026”” xalqaro haftaligi doirasida barqaror rivojlanish, energetika sohasidagi hamkorlik, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 MVt·soatli energiya saqlash tizimini o‘z ichiga olgan loyiha bo‘yicha moliyalashtirish masalalari yuzasidan kelishuv imzolandi.
Mazkur loyiha BAAning Masdar kompaniyasi ishtirokida DXSh asosida amalga oshiriladi.
Loyihaga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy resurslar jalb etiladi. Shuningdek, moliyalashtirish paketida Kanada va Finlyandiya hukumatlari mablag‘lari, Yaponiya bilan hamkorlik jamg‘armasi doirasidagi resurslar hamda bank instrumentlari nazarda tutilgan.
Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
G‘uzor loyihasi Masdar kompaniyasining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida bo‘lib, ushbu loyihalarning umumiy quvvati taxminan 2 GVtni tashkil etadi.
Iqtisodiyot
Prezident yig‘ilishida Xorazm viloyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda viloyatda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali ko‘plab sohalarda ijobiy natijalarga erishildi. Sanoat hajmi 2016-yildagi 2,8 trillion so‘mdan 34,3 trillion so‘mga yetdi, yalpi hududiy mahsulot 63 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yili viloyatga 1 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilindi.
Shu bilan birga, erishilgan ko‘rsatkichlar hudud salohiyatiga to‘liq mos emasligi ta’kidlandi. Ayniqsa, turizm sohasida noyob tarixiy va madaniy merosga ega bo‘lgan hududda sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 1-2 kun bilan cheklanmoqda.
Viloyatda 1 milliondan ziyod yoshlar yashaydi, har yili 35 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib keladi. Ularning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlash hudud rahbariyatining doimiy e’tiborida bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Yosh avlodni Jaloliddin Manguberdi, Beruniy, Xorazmiy va Zamaxshariy kabi buyuk siymolarga munosib etib tarbiyalash bo‘yicha yangi tizimli yondashuvlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Aholining 67 foizi qishloqlarda istiqomat qilishini inobatga olib, aynan qishloq joylarda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish orqali ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish muhim ekani qayd etildi.
Masalan, Gurlan, Tuproqqal’a, Yangibozor va Qo‘shko‘pir tumanlarida chorvachilikka ixtisoslashgan 135 ta mahallada naslli chorvani ko‘paytirish, Urganch, Xonqa, Qo‘shko‘pir va Shovot tumanlarida mahallalarni qurilish materiallari, to‘qimachilik, hunarmandchilik va mebelsozlik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish, shuningdek, Urganch, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Yangiariq va Shovot tumanlarida 6 ta sanoat va xizmatlar mikromarkazini tashkil etish orqali kamida 10 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati bor.
O‘tgan yili viloyatga kelgan xorijiy va mahalliy turistlar soni 12,5 million nafarga yetgan. Biroq xizmatlar ko‘lami va sifati, yangi turistik marshrutlar tashkil etish, sayohat obyektlarini mazmunan boyitish ishlari yetarli emasligi qayd etildi.
Xiva shahri, Bog‘ot va Xiva tumanlaridagi turizm mahallalarida servis obyektlari barpo etish, 59 ta mahalladagi 14 ta gavjum ko‘cha bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, tadbirkorlarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
10,8 gektar maydonda joylashgan Sulaymon qal’a majmuasini yangi turistik obyekt sifatida kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, Urganch shahri orqali o‘tuvchi Shovot kanali bo‘yida turizm va servis obyektlari hamda ko‘ngilochar markazlar tashkil qilish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda investitsiya va eksportni oshirish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Hazorasp, Urganch, Shovot, Tuproqqal’a va Urganch shahri salohiyatidan samarali foydalanib, yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Pitnak shahridagi avtomobil zavodi quvvatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini 62 foizga yetkazish orqali yaxlit mashinasozlik klasterini shakllantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Hazoraspda kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat, Shovotda mebelchilik va tekstil yo‘nalishlarida yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.
Viloyat shahar va tumanlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, yo‘l va suv infratuzilmasini yaxshilashga 1 milliard 600 million dollar ajratilishi ma’lum qilindi.
Umuman, joriy yilda xorijiy investitsiya hajmini 2 milliard dollardan, eksportni 510 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali yalpi hududiy mahsulotni 8,4 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,2 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yili Xorazm viloyatida kambag‘allik darajasi 11,9 foizdan 6,7 foizga tushgani respublikadagi eng yuqori natija bo‘ldi. Biroq kambag‘allik darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi. Shu bois, yil yakuniga qadar ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamida 3 foizgacha qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Bundan Hazorasp, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Yangibozor, Tuproqqal’a, Xiva va Urganch shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga qator aniq vazifalar yuklatildi.
Xususan, Gurlan tumanidagi 158 kilometr kanalni rekonstruksiya qilish, tadbirkorlik loyihalari uchun 81 million dollar ajratish, 270 ta nasos agregatini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish, O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini moliyalashtirish, ijtimoiy obyektlar va infratuzilmani ta’mirlashga 100 milliard so‘m yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz mutasaddilar oldiga ishlarni aholi hayotiga aniq o‘zgarish olib keladigan, natijadorlikka qaratilgan qilib tashkil etish, har bir tuman va mahallada manzilli yondashuvni ta’minlash vazifasini qo‘ydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
Toshkentda “Startaplar va axborot texnologiyalari taraqqiyoti bo‘yicha Yaponiya tajribasi: O‘zbekiston uchun imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va startap ekotizimini rivojlantirishda Kunchiqar o‘lka yutuqlaridan foydalanish, o‘zaro tajriba almashuv imkoniyatlari muhokama etildi.
Yaponiyaning tashqi savdo bo‘yicha tashkiloti (JETRO) Toshkent ofisi bosh direktori Yuta Itinose Kunchiqar o‘lkaning global miqyosda yutuqqa erishgan startaplari tadriji, erishilgan natija hamda xulosalar haqida gapirdi.
“Faoliyat yo‘nalishining o‘zgarishi muvaffaqiyatsizlik alomati emas, balki o‘sish strategiyasining muhim bosqichidir. Aniq yo‘nalishga ega bo‘lmagan, o‘ta keng miqyosdagi yondashuvdan qoching, zero, muvaffaqiyatga erishishda maqsadli va manzilli bozorni belgilash katta ahamiyat kasb etadi. Global akseleratorlar (startaplarni intensiv qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyat – tahr.) va sarmoyadorlar shunchaki kapital taqdim etib qolmay, sizga muhim tarmoqlardan foydalanish imkoniyatini ham ochadi”, – deydi Yuta Itinose.
Ma’lumot o‘rnida: JETRO Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi huzuridagi davlat agentligi bo‘lib, Yaponiya va jahon iqtisodiyotini bog‘lashda muhim o‘rin tutadi. Agentlik dunyoning 56 mamlakatida 76 ta ofisga ega. JETROning startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarida 2000 dan ziyod startap qatnashgan.
UEnter innovatsiya markazi direktori Oleg Rijichenko O‘zbekistonda startaplarning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qildi.
“O‘zbekistonning startap ekotizimi Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan ekotizim deb baholanmoqda. 2020-2025 yillarda 750 dan ortiq mahalliy startap ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston vatandoshlari amalga oshirayotgan 100 ziyod startap mavjud. E’tiborga molik jihati, startap asoschilarining aksari 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir”, – deydi UEnter innovatsiya markazi direktori.
Tadbirda Yaponiyada tahsil olgan va ayni paytda O‘zbekistonda IT, innovatsiyalar, yashil iqtisodiyot singari yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelayotgan yurtdoshlarimiz soha rivoji bo‘yicha ekspertlik fikrlarini taqdim etdilar.
Muhokamalarda O‘zbekistonda venchur kompaniyalari va startaplar sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davra suhbatida O‘zbekistonda startaplar shiddat bilan o‘sayotgani, bu borada Yaponiya bilan hamkorlik ijobiy natija berishi ta’kidlandi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida O‘zbekiston prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Mamlakatimizda maktablarda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 milliard so‘m grant ajratilishi belgilangan.
Tahlillarga qaraganda, mahalliy startaplar katta miqdorda xorijiy investitsiyani jalb etmoqda.
Iqtisodiyot
Ayrim ilovalarda kartadan kartaga pul o‘tkazishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy bo‘ldi
Bir qator banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida kartadan kartaga pul o‘tkazish uchun bu amaliyotning maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talab etilmoqda. Foydalanuvchi ro‘yxatdagi 16 xil maqsaddan birini tanlashi kerak. Markaziy bankning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, foydalanuvchi kiritgan ma’lumot uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
O‘zbekistondagi bir qator banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar orqali P2P o‘tkazmalarni amalga oshirishda o‘tkazma maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talabini joriy etdi.
O‘tkazma yuboruvchiga mablag‘ yuborishda 16 ta toifadan birini tanlash taklif qilinadi:
Tovar yoki savdo uchun to‘lov;
Ovqatlanish va taom xarajatlari;
Qarzni qaytarish;
Yordam puli;
Oila yoki qarindoshlarga o‘tkazma;
Sovg‘a;
Yetkazib berish haqi;
Ijara to‘lovi;
Kommunal to‘lovlar;
Safar xarajatlari;
Ta’lim xarajatlari;
Tibbiy xarajatlar;
Xayriya;
Minnatdorchilik uchun (choypuli);
O‘yin-kulgi xarajatlari;
Investitsiya o‘tkazmalari.
Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishiga oid yangilanishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan.
“Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Foydalanuvchilardan o‘tkazmani tasdiqlashdan oldin rekvizitlarni diqqat bilan tekshirish, tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik hamda moliyaviy qarorlarni o‘ylab, shoshilmasdan qabul qilish tavsiya etiladi.
Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar funksionalini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Ushbu tavsiya servisni rivojlantirishga qaratilgan tavsiyaviy yondashuv hisoblanadi. Muhimi, hech qanday to‘lov yoki tranzaksiyalarga cheklov kiritilmaydi. O‘tkazmalarni amalga oshirish tartibi o‘zgarmaydi.
Mazkur tavsiyalarni har bir bank va to‘lov tashkiloti mustaqil ravishda, o‘z mobil ilovasi arxitekturasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqib belgilaydi”, deyiladi MB axborot xizmati izohida.
Hozircha yuqoridagi tavsiya ayrim ilovalardagina joriy qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 22 apreldan e’tiboran P2P amaliyotlari bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
2026 yilning ilk oyida O‘zbekistonda energoresurslar ishlab chiqarish qanday o‘zgardi?
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish 7,5 foizga, neft qazib olish 1,8 foizga qisqardi. O‘z navbatida, benzin ishlab chiqarish 11,7 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish qariyb 2,5 barobarga oshdi. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham ko‘paydi. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 barobarga oshdi. Avtomobil ishlab chiqarishda ham keskin o‘sish kuzatildi.
Foto: Getty Images/RIA Novosti
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yilning yanvar oyidagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Joriy yilning dastlabki oyida gaz qazib olish hajmi 3,7 mlrd kub metrni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 0,3 mlrd kub metrga yoki 7,5 foizga qisqargan.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha o‘zgardi:
Ma’lumot uchun, yanvar oyida gaz eksporti to‘xtagan, import hajmi esa qariyb 167 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 barobar yuqori ko‘rsatkich.
«O‘zbekiston-2030» strategiyasiga ko‘ra, joriy yilda 40,2 mlrd kub metr gaz qazib olinishi kutilyapti. Bu 2025 yilga nisbatan 3,6 foizga yoki 1,5 mlrd kub metrga kam.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 4 yil davomida gaz qazib olish ko‘rsatkichlari quyidagicha o‘zgaradi:
2027 yil – 42,9 mlrd kub (+6,7 foiz);
2028 yil – 44,5 mlrd kub (+3,7 foiz);
2029 yil – 45,5 mlrd kub (+2,2 foiz);
2030 yil – 48,5 mlrd kub (+6,6 foiz).
Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan neft qazib olish 55,1 ming tonnadan 54,1 ming tonnaga (-1,8 foiz), gaz kondensati ishlab chiqarish 99,7 ming tonnadan 83,4 ming tonnaga (-16,3 foiz) qisqargan.
O‘z navbatida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 33,2 ming tonnadan 81 ming tonnaga (+144 foiz), benzin ishlab chiqarish 99 ming tonnadan 110,6 ming tonnaga (+11,7 foiz) oshgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham umumiy hisobda oshgan. Xususan, 2025 yilning yanvar oyida 7,57 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 8,18 mlrd kWh’ni tashkil etgan. Bunda yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmi 2 foizga kamaygan bo‘lsa, kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 46,5 foizga oshgan.
2026 yilning dastlabki oyida O‘zbekistonda 22 ming 99 dona yengil mashina ishlab chiqarilgan. Bu 2025 yilning yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 6 ming 486 donaga yoki 41,5 foizga ko‘p. Ishlab chiqarishning o‘sishi barcha avtomobil modellari bilan kuzatilgan.
Iqtisodiyot
Xitoy importiga qaram davlatlar (xarita)
Bugungi kunda Xitoy dunyodagi eng yirik tovar eksportchisi hisoblanadi. Ko‘plab davlatlar uchun u ta’minot zanjirida hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Yangi xarita UN Comtrade va Jahon bankining eng so‘nggi ma’lumotlariga asoslanib, har bir mamlakatning Xitoy tovarlari importiga qay darajada bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Eng yuqori qaramlik Kambojada qayd etilgan — uning tovar importining 46,8 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. The Observatory of Economic Complexity ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat to‘qimachilik sanoati uchun katta hajmda xomashyo import qiladi. To‘qimachilik esa Kambojaning asosiy eksport tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistonda ham importning 40 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p qaram davlatlarning aksariyati yoki rivojlangan sanoat bazasiga ega emas, yoki eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarni (masalan, to‘qimachilik va elektronika yig‘ish) saqlab turish uchun Xitoy butlovchi qismlariga tayanadi.
Bunga qarama-qarshi ravishda, Kayman orollari — Xitoy importi ulushi 1 foizdan kam bo‘lgan yagona hududdir. Uning iqtisodiyoti asosan Niderlandiyaga bog‘liq.
Xitoyning savdo strategiyasi ko‘pincha hamkor davlatlarda investitsiyalar va infratuzilma qurilishini o‘z ichiga oladi. 2013 yilda boshlangan “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoy davlat banklari rivojlanayotgan mamlakatlarda portlar va boshqa infratuzilma obektlarini kreditlar hisobiga moliyalashtiradi. Bu esa Xitoyga strategik ahamiyatga ega savdo nuqtalarida ulushga ega bo‘lish va ta’sirini kuchaytirish imkonini beradi — ayniqsa, qabul qiluvchi davlat qarzni qoplashda qiyinchilikka duch kelganda.
Uzoq vaqt davomida Made in China yorlig‘i arzon, ommaviy ishlab chiqarilgan tovarlar bilan bog‘liq edi. Ammo bugungi kunda Xitoy eksportining eng katta qismi texnologiyalarga to‘g‘ri keladi.
Nisbatan arzon ishchi kuchiga ega kuchli ishlab chiqarish markaziga aylanganidan so‘ng, Xitoy integral sxemalar — zamonaviy elektronikaning asosiy komponentlarini ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinni egalladi. Aynan shu mahsulotlar eksportning asosiy qismini tashkil etadi va mamlakatning global ta’minot zanjirlaridagi hal qiluvchi rolini ko‘rsatadi. Ularning ortidan telefonlar va avtomobillar turadi.
Shuningdek, iste’mol elektronikasi, energetika va mudofaa tizimlarida qo‘llanadigan strategik minerallarni qayta ishlashda ham dunyo katta darajada Xitoyga bog‘liq. Bu qaramlik AQSh qonun chiqaruvchilarini ichki ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va tarif hamda sanoat siyosati orqali ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishga undadi.
Ma’lumotlar Xitoyning jahon savdo tizimiga qay darajada chuqur integratsiyalashganini yaqqol ko‘rsatadi. Xitoydan importni jiddiy qisqartirish har qanday holatda dunyo bo‘ylab turli tarmoqlarda zanjirli reaksiyani keltirib chiqaradi.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat4 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Jamiyat4 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Jamiyat4 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini yagona to‘lov tizimi bilan tartibga soladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mart oyidan dollar qanchaga yetish ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat5 days ago2025-yilda O‘zbekistonga Hindiston sarmoyasi 135 foizga oshadi – Elchi
