Iqtisodiyot
Masdar kompaniyasi Qashqadaryoda quyosh stansiyasi va energiya saqlash tizimi quradi
Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “Abu Dhabi Sustainability Week 2026”” xalqaro haftaligi doirasida barqaror rivojlanish, energetika sohasidagi hamkorlik, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 MVt·soatli energiya saqlash tizimini o‘z ichiga olgan loyiha bo‘yicha moliyalashtirish masalalari yuzasidan kelishuv imzolandi.
Mazkur loyiha BAAning Masdar kompaniyasi ishtirokida DXSh asosida amalga oshiriladi.
Loyihaga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy resurslar jalb etiladi. Shuningdek, moliyalashtirish paketida Kanada va Finlyandiya hukumatlari mablag‘lari, Yaponiya bilan hamkorlik jamg‘armasi doirasidagi resurslar hamda bank instrumentlari nazarda tutilgan.
Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
G‘uzor loyihasi Masdar kompaniyasining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida bo‘lib, ushbu loyihalarning umumiy quvvati taxminan 2 GVtni tashkil etadi.