Sport
Marokashda dunyodagi eng yirik futbol stadioni qurilmoqda
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Marokashning Kasablanka shahri yaqinida barpo etilayotgan 115 ming o‘rinli Grand Stade Hassan II stadioni qurilishi aks etdi. Yangi arena 2030 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik dasturining asosiy loyihalaridan biri hisoblanadi.
Marokash dunyodagi eng katta futbol stadioni bo‘lishi kutilayotgan Grand Stade Hassan II arenasini qurmoqda. Loyiha mamlakatning 2030 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish, turnir finalini qabul qilish huquqi uchun kurashish va Afrikaning yetakchi sayyohlik hamda iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi stadion Kasablanka yaqinida qurilmoqda. U aeroportlar, mehmonxonalar, transport tarmoqlari va shahar infratuzilmasini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishni nazarda tutuvchi yirik dasturning markaziy obektlaridan biri bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, stadion 115 ming nafar tomoshabinni sig‘dira oladi. Qurilish yakunlangach, u sig‘imi bo‘yicha dunyodagi eng yirik futbol stadioniga aylanishi kutilmoqda.
Grand Stade Hassan II Marokashning 2030 yilgi jahon chempionati final uchrashuvini o‘tkazish huquqi uchun kurashidagi asosiy ustunliklaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Final qayerda o‘tkazilishi bo‘yicha FIFA hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan. Biroq stadion loyihasi dastlabdan Marokashni turnirning eng muhim uchrashuvini qabul qilishga asosiy da’vogarlardan biriga aylantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Arena konsepsiyasi xalqaro Populous arxitektura kompaniyasi hamda Oualalou + Choi studiyasi ishtirokida tayyorlangan. Loyiha an’anaviy marokashliklar madaniyati va mahalliy me’morchilik unsurlaridan ilhomlangan bo‘lib, stadion tashqi ko‘rinishi katta chodirni eslatishi rejalashtirilgan.
Marokash rasmiylari ushbu inshoot orqali mamlakatning yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va shaharlarni modernizatsiya etish imkoniyatlarini namoyish qilishni maqsad qilgan.
Shu bois Grand Stade Hassan II faqat sport inshooti emas, balki Marokashning xalqaro nufuzini oshirish, turizmni rivojlantirish va Afrikadagi iqtisodiy mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik loyiha sifatida baholanmoqda.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
