Iqtisodiyot
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Regulyator izohiga ko‘ra, yillik inflatsiya sekinlashgan bo‘lsa-da, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar saqlanib qolmoqda. Qolaversa, xizmatlar inflatsiyasi ham yuqoriligicha qolyapti. MB 2025 yil yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozini yaxshilab, 8 foiz atrofida deb belgiladi.
O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 24 oktyabr kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Regulyator izohiga ko‘ra, yilning 3-choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etgan. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’minlanishi, o‘tgan yildagi inflatsiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi ta’siri sentabr oyida yillik inflatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilgan.
Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik
14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deyiladi rasmiy axborotda.
Markaziy bank press-relizi:
2025 yil sentabr oyida umumiy inflatsiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizga teng bo‘ldi. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shdi. Xizmatlar inflatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Qat’iy pul-kredit sharoitlari hisobiga talab omillarining biroz maqbullashishi hamda almashuv kursi mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflatsiya pasayuvchi dinamikaga o‘tdi va sentabrda yillik 7 foizgacha sekinlashdi. Jumladan, so‘mning mustahkamlanishi import inflatsiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining ma’lum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.
So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlari o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda.
Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflatsiya sur’atlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuniga inflatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi va 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda (MBning 11 sentabr kungi yig‘ilishida yil yakuni bo‘yicha 8,7 foiz inflatsiya prognozi berilgandi – tahr.).
Joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YaIM real o‘sishi 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda va iste’mol talabini oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarni saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari namoyon bo‘lishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi ehtimollari saqlanib qolmoqda.
Ushbu sharoitda inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom etishini ta’minlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytiradi.
Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 11 dekabr kuniga belgilangan.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Jamiyat2 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport2 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot2 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
