Connect with us

Mahalliy

Mana sizga qurbonlik, xohlagancha g‘ajing yoxud kalit tirqishidan mo‘ralayotganlar….

Published

on


Voyerizm (voyeurisme) tashxisi qo‘yilgan odamga hammom, yotoqxonadagi kimnidir kiyimsiz holatini yashirin kuzatishlari uchun kalit tirqishi yoki devordagi darz yetarli. Bugungi kunda esa bu kasallik “madaniyatlashdi”, endi birovning kiyimsizligini ko‘rish uchun hammom atrofida izg‘ish shart emas, qo‘ldagi smartfon va internet kifoya. Biz “ma’naviy voyerizm” asrida yashayapmiz….

Siz kalit tirqishini qidirib turing-chi…

Oxirgi kunlarda yuz bergan “Taftish.uz” jamosi bilan bog‘liq voqealar fonida boshqa fidoyi jurnalistlarga nisbatan “firibgar” degan noto‘g‘ri tamg‘a bosilayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Tartibbuzarlik va davlat idoralariga hurmatsizlikni, hech bir jinoyatni, ayniqsa, odamlarning ishonchiga kirib qilinadigan firibgarlikni oqlab bo‘lmaydi. Har qanday firibgar qonun oldida albatta javob berishi shart…

Bu voqea fonida ayrimlar firibgarlarni “ishlagan odam xato qiladi-da” yoki “hozirgi zamonda manfaatsiz kim ishlaydi?” qabilida oqlashga urinmoqda. Keling, narsalarni o‘z nomi bilan ataylik: firibgarlik, shantaj yoki tovlamachilik jurnalistning ishidagi “xato” emas! Bu ongli ravishda sodir etilgan jinoyat. Xato bu maqoladagi imloviy xato yoki faktni noto‘g‘ri tekshirish bo‘lishi mumkin, lekin odamlarni aldab pul ishlash bu kasbiy faoliyatda “adashganlik” emas.
Ya’ni “hamma manfaat uchun ishlaydi” degan qarash o‘z kasbiga sadoqatli, halol jurnalistlarga nisbatan adolatsizlik va haqoratdir. Bir firibgarning qilmishi sababli butun boshli soha vakillarini “manfaatparast” deb tamg‘alashga hech kimning haqqi yo‘q.
Afsuski, bugungi “ommaviy linch” va noto‘g‘ri talqinlar natijasida jamiyatda halol jurnalistlarga nisbatan ham shubha va nafrat shakllanmoqda. Bunday qarashlarning shakllanishiga esa davlatning bosh qonunlari qo‘pol ravishda chetlab o‘tilayotgani sabab bo‘lmoqda, hali sud jarayonlari yakunlanmasdan xabarlar tarqatilishi, ma’lumotlar sizib chiqarilishi shu jumladan…
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasida “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan. Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi”.

Nima uchun bu moddalar muhim?

Agar mana shu moddalarni mensimasak, jamiyatda “sudsiz hukm” chiqarish an’anaga aylanadi. Bu esa har qanday kimgadir yoqmay qolgan boshqa bir insonni, hatto u mutlaqo aybsiz bo‘lsa ham, ijtimoiy jihatdan yo‘q qilish mumkin deganidir. Nafrat zanjiri shunday ulanadiki, bugun aybdorga nisbatan qo‘llangan bu “virtual sazoyi quroli” ertaga mutlaqo aybsiz, yana bir shaxsga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Adolat bu faqat aybdorni qamash emas, balki o‘sha aybdorning ham qonuniy huquqlarini hurmat qilishdir.

Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlardagi “aybdor, qamash kerak, battar bo‘lsin”, degan izohlar va ommaviy nafrat muhiti sud ishiga psixologik bosim o‘tkazmaydi deb kim ayta oladi?
Agar shaxs firibgarlikda ayblanayotgan bo‘lsa, tergov va sud faqat o‘sha iqtisodiy jinoyatga (dalillar, pul o‘tkazmalari, guvohlar) baho berishi kerak. Uning 14 yoshida uydan chiqib ketgani yoki shaxsiy hayotidagi boshqa tafsilotlar jinoyat tarkibini o‘zgartirmaydi, ya’ni jinoyatiga jinoyat qo‘shmaydi. Bizni tashvishga solayotgan jihat mana shu ma’lumotlarni tarqatishdan maqsad nima, qizni jamiyat nazarida “yomon ayol” yoki “tarbiyasiz” qilib ko‘rsatish orqali unga nisbatan nafrat uyg‘otishmi?
Sir emas, oxirgi vaqtlarda ayol kishi gumonlanuvchi yoki jabrlanuvchi bo‘lsa, uning xatti-harakatidan ko‘ra ko‘proq “axloqi” muhokama qilina boshlaydi. Bu ommaning diqqatini asosiy muammodan chalg‘itishning eng oson yo‘li emasmi? “U firibgarlik qilgan bo‘lishi mumkinmi”, degan savol qolib, “u 14 yoshida nima qilgan edi?” degan qiziqish birinchi o‘ringa chiqadi. Bu esa tergovning xolisligiga ta’sir qiladi.
Suratlari katta-katta qilib tarqatilayotgan, firibgarlikda gumonlanayotgan “Taftish.uz” jamoasi a’zolarining qilmishlari qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘lishi shart. Lekin ularning shaxsiy hayotidagi eski xotiralarni kavlab chiqish bu adolat o‘rnatish emas, balki ommaviy tomosha ko‘rsatishdir.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, o‘zbek segmentida shaxsiy hayotni kovlash eng katta qurolga aylandi. Nega odamlarning e’tibori qizning o‘tmishiga qaratilmoqda, chunki bu qizni jismonan emas, aynan ijtimoiy shaxs sifatida “o‘ldirish” istagidir. Yosh qizning eshiklarni tepib kirishi va o‘zini baland tutishi umuman na etikaga, na haq-huquq talab qilishga kiradi, balki bunday harakat tizim xodimlari uchun haqoratdek tuyulgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, qarshi reaksiya qanday bo‘ldi: “Sen bizni mensimadingmi, mana endi biz seni butun xalqqa kimligingni ko‘rsatib, sharmanda qilamiz” degan hujumni ko‘rish mumkin. Lekin masalaning ikkinchi, juda xavotirli tomoni bor. Biz huquqiy davlatda yashayapmizmi yoki o‘rta asrlarning “sazoyi qilish” maydonidami? Ilgari odamlar maydonda to‘planib kimnidir toshbo‘ron qilgan bo‘lsa, hozir bu ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Inson aybi isbotlanmasdan turib, butun jamiyat tomonidan la’natlanmoqda. Keyinchalik internetdagi “tamg‘a” butun umr uning oilasi, farzandlari hech qanday aybi bo‘lmasa-da, ma’naviy tazyiq ostida qolishi hech kimni tashvishlantirayotgani yo‘q.

Nafrat tili

Jurnalistikada nafrat tili (hate speech) degan atama bor. Bu nafaqat ma’naviy tubanlik, balki jamiyatni ichidan yemiruvchi va huquqiy tizimni falaj qiluvchi xavfli quroldir. Ya’ni bizni ko‘proq xavotirga solishi kerak bo‘lgan yana bir holat bu jamiyatimizda gurillab yonayotgan nafrat tilidir. Bizni jinoyatchi bilan birga uni “yomonotliq” qilish uchun ishlab chiqilayotgan shunday usullar ko‘proq qo‘rqitishi kerak. Chunki fikri tez o‘zgaradigan va nafrat bilan boshqariladigan olomon bor joyda adolat qaror topmaydi!

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib jurnalistlar uyushmasiga nisbatan ham iddaolar yangrayotganini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, “Taftish uz” kabi nashrlarda professional jurnalistlar ishlamasdir, ular uyushma a’zosi bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli uyushma bu shaxslar uchun bayonot berishga majbur emas. Ammo gap boshqa narsada: jurnalistlar uyushmasi ijtimoiy tarmoqlarda avj olayotgan, inson qadr-qimmatini toptayotgan nafrat tiliga nisbatan o‘z munosabatini bildirishga haqli va majbur edi. Chunki nafrat tili tarqalayotgan joyda so‘z erkinligi emas, balki axloqsizlik boshlanadi.
Nafrat tili ob’yektivlikni o‘ldiradi. Odamlar nafratga berilganda, hatto eng oddiy dalilni ham ko‘rmay qoladilar. Aybi hali sudda aniqlanmagan gumonlanuvchilarga qarshi butun boshli “nafrat mashinasi”ning ishga tushirilishi noto‘g‘ri yo‘l. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining go‘shtini yeyishga tayyor turishibdi. Endi hech kimga jinoyatning tafsilotlari qiziq emas, hammaga sharmandalik tomoshasi kerak. Endi hech kim qonun moddasini o‘qimaydi, balki hamma eng og‘ir haqoratni yozishda musobaqalashadi. Bunday muhitda esa xolislik va haqiqat orqa fonga o‘tadi.
Shaxsning aybini isbotlash o‘rniga, uning shaxsiy hayotini omma muhokamasiga tashlash bu olomonga “Mana, sizga qurbonlik, xohlagancha g‘ajing!” deyish bilan barobar.
Biz nafrat tili bilan jinoyatchilikni tugata olamizmi, yo‘q! Aksincha, biz shunchaki nafratga to‘la, shafqatsiz va qonun ishlamaydigan jamiyatni barpo etamiz. Bugungi “qurbon” kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning shaxsiyatiga otiladigan har bir tosh aslida bizning huquqiy madaniyatimizga otilgan tosh emasmi? Ya’ni, bunday suyak tashlashlar orqali odamlarning ongi zaharlanmoqda – hamma o‘zicha sudya, hamma o‘zicha jazolovchi.

Nafratdan jirkanchlikkacha bir qadam

“Eng dahshati – ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarning darajasi. Shu paytgacha gumonlanuvchi, jabrlanuvchi ayollar misolida biz jamiyatning naqadar chuqurlikka cho‘kayotganini ko‘rdik.
Insonning shaxsiy hayotini kovlash, ayol kishining nomusini eng past so‘zlar va axloqsiz sarkazm bilan toptash bu ma’naviy voyerizm, ya’ni birovning shaxsiy hayotini kuzatishdan lazzatlanishdir. Tasavvur qiling, shaxs tergov ostida, qo‘lida kishan, yuzida qo‘rquv va chorasizlik turganida uning shaxsiy hayotiga oid “axloqsiz” ma’lumotlarni kovlash omma uchun bir turdagi “ma’naviy ozuqa”ga aylanmoqda. Odamlar jinoyatni emas, balki “u kim bilan bo‘lgan ekan?”, “14 yoshida nima qilgan ekan?” kabi savollarga javob izlashmoqda. Bu xuddi birovning ichki kiyimini hammaning oldida yoyishdek gap.
Ma’naviy voyerizm xastaligiga chalinganlar o‘zlarining bu qiziqishlarini “adolat izlash” yoki “axloqsizlikni jazolash” niqobi ostida yashirishadi. Go‘yoki, ular jamiyatni tozalamoqchidek, lekin aslida ular shunchaki birovning shaxsiy hayotiga taalluqli “jirkanch” tafsilotlarni eshitish va muhokama qilish ishtiyoqida bo‘ladilar. Bunday insonlar o‘zlarining shaxsiy hayotidagi bo‘shliqni boshqalarning sharmandaligini kuzatish orqali to‘ldirishadi. “Men undan yaxshiroqman” degan soxta tuyg‘uni his qilish uchun kimnidir loyga botirishdan lazzatlanishadi.

Nega buni “jirkanch” dedik?

Chunki bu jarayonda insonning qadr-qimmati yo‘qoladi. Jinoyatchi jinoyati uchun jazolanishi kerak, lekin uning shaxsiyatini ommaviy ravishda “kuzatish” va “muhokama qilish” – bu jamiyatning ham ma’naviy jihatdan xastalanganidan dalolat beradi. Qaniydi bilganingizda edi: “Siz adolat istayotganingiz yo‘q, siz shunchaki birovning fojiasi, shaxsiy hayotidan veorizm tashxisi qo‘yilganlardek va ulardek yashirincha tirqishdan mo‘ralab lazzatlangandek lazzat olayapsiz.
Afsuski, birovning xatosi yoki shaxsiy suratlari tarqalganda, jamiyatning katta qismida o‘sha mashhur “tirqishdan mo‘ralash” instinkti uyg‘onayapti. Faqat ular devor ortida emas, monitor qarshisida o‘tirib, begonaning hayotini muhokama qilish orqali ruhiy lazzatga erishmoqdalar.
Bu jarayon shunchaki qiziquvchanlik emas, balki ruhiy kompensatsiyadir. Boshqaning “kir hayot”ini kovlash orqali inson ong ostida o‘zini pok va mukammal his qila boshlaydi: “Men unday emasman”, deya o‘z nafsini qondirib lazzatlanadi, o‘zidan faxrlanadi, “u o‘zi yaxshi odam bo‘lmagan ekan”, deya o‘z ichki komplekslarini boshqaning tanazzuli hisobiga davolaydi, go‘yoki hamma hakam. Biz birovning hayotini kalit tirqishidan kuzatishni “qiziqish” yoki axloqan tartibga chaqirish deb ataymiz, aslida esa bu o‘z ma’naviyatimizdagi bo‘shliqni boshqalarning ko‘rgiligi bilan to‘ldirishga bo‘lgan patologik ehtiyojdir. Bugungi kunda eng katta “kalit tirqishi” bu bizning lentamizdagi yangiliklar va birovning sha’nini muhokama qiluvchi guruhlardir.

Ma’naviy voyerizmning xavfli jihati shundaki, unda shaxsiy makon jismonan buzilmaydi, lekin ruhan tahqirlanadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir “sensatsion” xabar – bu jamiyat uchun ochib qo‘yilgan yangi bir kalit tirqishidir. Odamlar u yerga navbat bilan mo‘ralaydilar, lazzatlanadilar va so‘ngra “axloq” haqida ma’ruza o‘qib, uy-uylariga “tarqaladilar”.

Inson qanday jinoyat qilgan bo‘lmasin, u hali ham inson. Uning aybini sud belgilaydi, lekin kimdir uning to‘shagini, shaxsiy hayotini muhokama qilishga va uni haqoratlashga huquq berilgani yo‘q. Bunday nafratli va jirkanch izohlarni yozayotganlar aslida o‘sha jinoyatchidan ham ko‘ra xavfliroq axloqiy jinoyat sodir etmoqdalar. Biz jinoyatchilikka qarshi kurashamiz deb, o‘zimizning insoniyligimizni va madaniyatimizni yo‘qotib qo‘ymayapmizmi?
Jinoyatni qoralang, adolat qaror topib, qilmishlariga yarasha jazo olishlarini so‘rang, lekin mo‘ralab lazzatlanish uchun kalit tirqishi yoki devor yorig‘ini qidirishni bas qiling…

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Birov bildi, birov bilmadi…

Published

on


U bir oz kechikib tug‘ilgan bola edi. Shu bois chaqaloqning inga-ingasi er-xotin o‘rtasida soviy boshlagan munosabatlarni yana asl holiga keltirdi…

Chaqaloqqa Orzimurod deb ism qo‘yishdi. Topgan-tutganlarini dasturxonga to‘kib, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonga aqiqa oshi tortmoqchi bo‘lishgandi, kimdir: «Hay-hay, aslo unday qilmang, bola ko‘zikib ketadi», dedi. Aqiqa marosimi juda kamtarin o‘tdi, birov bildi, birov bilmadi.

Orzimurodning sunnat to‘yi ham choqqina o‘tdi. Otasining yelkasiga omad qushi qo‘nib, balandroq lavozimga o‘tirgan payt edi-da, bir-ikkita hamkasbi: «To‘yni katta qivormang, nozik joyda ishlayapsiz», deb shipshib qo‘yishdi.

Orzimurod uylanganida, o‘zi farzand ko‘rganida ham shunday bo‘ldi. Farzandlari ulg‘aygach, orttirgan uch-to‘rt so‘miga hovli qurmoqchi bo‘lgandi, «Hay birodar, sal o‘ylab ish qiling. Otangiz falon joyda, o‘zingiz pismadon joydasiz, «dom»ingiz bo‘lsa bor, hovlini nima qilasiz, gap-so‘z bo‘lishi mumkin», deb bu niyatidan qaytarishdi.

Gap-so‘z bo‘lishidan qo‘rqib, hovli qurmadi, mashina sotib olmadi, umrida biror marta bo‘lsin bola-chaqasi bilan kurortga borib dam olmadi. Ellik, oltmishga kirganini birov bildi, birov bilmadi.

Nabirasi uylanayotganida yoshlar «To‘yni falon restoranda qilamiz, falon-pismadon san’atkorlarni taklif qilamiz, qancha deyishsa, beramiz», deb oyoq tirab qolishdi. Maslahatchilarning fikri esa butunlay boshqacha bo‘ldi: «Dabdabaning nima keragi bor, el og‘izga tushgan to‘yning xosiyati bo‘lmaydi».

To‘y mahalla choyxonasida, mahalla havaskorlari ishtirokida o‘tdi. Birovga ma’qul keldi, boshqa birov burnini jiyirdi: «O‘l, xasis, puling bo‘lsa bor, to‘y deganni varanglatib qilmaysanmi…»

Orzimurod ota pensiyaga chiqayotganida hamkasblari maromiga yetkazib maqtashdi. Kamtar, kamsuqumligi, o‘zini o‘t-cho‘qqa urmasligi, betga chopmasligi, kim nima desa «xo‘p» deyishini takror-takror aytib, qo‘liga bir dasta gul tutqazishdi.

Otaxon gulni ko‘tarib uyiga keldi. Bekorchilik, kun sanashga o‘tdi. Umrida birinchi marta kasal bo‘ldi. Uzoq vaqt yotib qoldi. Birov bildi, birov bilmadi.

O‘tgan yili bahorda Orzimurod otaning qazosi yetdi. Mahalladoshlaridan biri: «Ta’ziya marosimida bir-ikki kishi gapirsin», deganday gap qilgandi, masjid imomi unga yovqarash qildi. Marhum «Menga hech narsa kerakmas», deganday qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, shahar chekkasidagi qabristonning bir chetidan qazilgan qabrga beozorgina kirib ketdi.

Xotira marosimlari choqqina o‘tdi. Birov bildi, birov bilmadi…

(«Siz yozmagan kitob»dan)



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonning 24 universiteti xalqaro reytingga kirdi

Published

on


Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan «Global Sustainable Development Congress-2026» doirasida «Times Higher Education» xalqaro reyting agentligi «THE Sustainability Impact Ratings-2026» natijalarini e’lon qildi. Reyting oliy ta’lim muassasalarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasini baholaydi.

Bu yilgi reytingga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim tashkiloti kiritildi. Ulardan 24 tasi dunyoning eng yaxshi 1000 ta universiteti qatoridan joy oldi.

101–200 o‘rinlar:


Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

201–300 o‘rinlar:


O‘zbekiston Milliy universiteti;
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti.

301–400 o‘rinlar:


Buxoro davlat universiteti;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti;
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti.

401–600 o‘rinlar:


Farg‘ona davlat texnika universiteti;
O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti;
Toshkent davlat texnika universiteti;
Toshkent davlat yuridik universiteti;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
Termiz davlat universiteti;
Toshkentdagi «Vestminster» xalqaro universiteti.

601–800 o‘rinlar:


International School of Finance Technology and Science;
Navoiy davlat universiteti;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
Samarqand davlat universiteti;
Toshkent davlat tibbiyot universiteti;
Toshkent davlat transport universiteti;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

801–1000 o‘rinlar:


Farg‘ona davlat universiteti;
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi;
Toshkent farmatsevtika instituti.

O‘zbekiston universitetlari Barqaror rivojlanish maqsadlarining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham yuqori o‘rinlarni egalladi. Xususan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti «Gender tengligi» yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat texnika universiteti «Arzon va toza energiya» yo‘nalishida 5-o‘rin, Farg‘ona politexnika instituti esa shu yo‘nalishda 6-o‘rinni qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti «Gender tengligi» bo‘yicha 20-o‘rin, Termiz davlat universiteti 36-o‘rin, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 48-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti «Sog‘liq va farovonlik» yo‘nalishida 81-o‘rin, Samarqand davlat tibbiyot universiteti esa 82-o‘rindan joy oldi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Bayramingiz bilan, yuragi chandiqlarga to‘la hamkasbim!

Published

on


2024-yil dekabrning so‘ngi kunlari. Farg‘onada metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan o‘sha dahshatli portlash lavhalari haliyam ko‘z oldimdan ketmaydi. Mashina ichida bolalari bilan qolib ketgan ona, atrofda ikki bolasi bilan cho‘kkalagancha kuyib kul bo‘lgan ayol… Men u yerda emasdim, voqeani o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim. Lekin fojia payti yashin tezligida tarqalgan surat va videolarni anchagacha xayolimdan chiqara olmadim. O‘shanda mas’uliyatsiz mas’ullarni, inson hayotiga befarq bo‘lganlarni tanqid qilib maqola yozgandim, ularni o‘sha mashhur surat ochlikdan o‘layotgan bolaning tepasida o‘limini kutib turgan kalxatga o‘xshatgandim. Undan keyin yana va yana shu kabi voqealar takrorlanishda davom etdi… men qayta-qayta allaqachon ilmiy nomga ega bo‘lgan “Ma’naviy jarohat” (“Moral Injury investigative journalists”) ya’ni jurnalist ko‘ra-bila turib voqeani to‘xtatolmagani yoki tizimli shafqatsizlik qarshisida o‘zini ojiz his qilganida yuzaga keladigan og‘ir ichki inqirozni o‘z boshimdan o‘tkazaverdim.

Shu yerda jurnalist sifatida o‘zimga savol beraman, men-ku masofadan turib, monitor qarshisida xavfsizgina o‘tirib, faqatgina suratlarni ko‘rib shunchalik azoblandim, ruhiyatim ozorlandi, ammo shunday dahshatlarni, o‘limni, qonni va adolatsizlikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, jahannamning ichida turib kadr olgan jurnalistlar-chi?

Ularning ruhiyati qanday chidagan?

Mana shu savol bizni jahon jurnalistikasi tarixidagi eng mashhur va eng fojiali faktlarga yetaklaydi. Fotoreportyor Kevin Karter 1993 yilda Sudandagi dahshatli ochlikni suratga olayotganda, obyektiviga ochlikdan yerga yopishib qolgan qoqsuyak bola va undan bir necha qadam narida o‘limini kutib turgan kalxat tushadi.
Karter kadrni yo‘qotmaslik uchun suratni oladi. Bu surat dunyoni uyg‘otdi, Sudanga millionlab dollarlik yordamlar oqib keldi. Jurnalist 1994 yil aprelida Pulitser mukofotini oldi. Ammo jamiyat uni qoralashga ham ulgurdi: “Nega bolaga yordam bermading?”

U ko‘rgan dahshatlar va jamiyatning ta’nasi ijodkorni ichidan yemirib bo‘lgan edi. Mukofot olganidan atigi uch yarim oy o‘tib, 1994-yil 33 yoshli Kevin Karter o‘z joniga qasd qildi. Uning qoldirgan xatida shunday so‘zlar bor edi: “Meni o‘limlar, jasadlar va og‘riqlar haqidagi xotiralar ta’qib qilyapti…”

Ha, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida har yili bahorda Pulitser laureatlariga mukofotlar topshiriladi. Sahnada hamma kulib turadi, ammo bu tantanali lavhalarning orqa fonida nimalar qolganini faqat jurnalistlarning o‘zlari bilishadi. Pulitser shunchaki muvaffaqiyat ramzi emas, balki jurnalistning ruhiy sog‘lig‘i, tinchligi va ba’zan hayoti evaziga jamiyatga “sotilgan” achchiq haqiqatidir. Va bu og‘riqli qismat faqat Afrikada yoki urush maydonlarida uchramaydi. Insoniyatning tizimli jinoyatlarini fosh qiluvchi har bir surishtiruvchi xuddi shu devorga boshi bilan uriladi.

Yoki bo‘lmasa…

2002-yil 6 yanvarda The Boston Globe nashrining “Spotlight” surishtiruv guruhi dunyo tarixidagi eng og‘ir maqolalar turkumini e’lon qilishni boshladi. Jurnalistlar mahalliy katolik cherkovida yillar davomida bolalarga nisbatan qilingan tizimli zo‘ravonliklarni va yuqori martabali rahbarlar bu jinoyatlarni qanday xaspo‘shlab kelganini fosh etishdi.
Ammo jurnalistlarning ushbu maqolalar to‘plami uchun olgan Pulitser mukofoti maxsus xizmat josuslarining ta’qiblari, telefon eshitishlari va oilasiga bo‘lgan tahdidlar ostida yashash — ular to‘lagan badal edi. Har kuni jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini o‘qish, yuzlab arxiv hujjatlarini vayron bo‘lgan taqdirlar orqali varaqlash jurnalistlarni insoniyatga bo‘lgan ishonchidan ham ayirgandi.

Jurnalist — qutqaruvchi…

Gohida kasbiy burch va insoniylik o‘rtasidagi chegara shu qadar ingichkalashib ketadiki, u yerda sovuqqon jurnalist bo‘lib qolishning iloji bo‘lmaydi. 1973 yilda fotojurnalist Nik Ut Vetnam urushi paytida amerikaliklar tashlagan yondiruvchi bombadan kiyimlari kuyib ketgan, dahshat va og‘riqdan chinqirib qochib kelayotgan 9 yoshli yalang‘och qizaloq Kim Fukni suratga oladi.

Tasavvur qiling, ko‘z oldingizda bolalar tiriklayin yonyapti, ularning terisi erib ketyapti… Nik Ut kadrni muhrlaydi-yu, ammo shundan so‘ng kamerani tashlab, qizaloqni mashinasiga solib kasalxonaga boradi. U shifokorlarni qizaloqni davolashga majbur qiladi va qiz tirik qoladi. U qizni qutqardi, ammo o‘sha kuyib ketgan bolalarning chinqirig‘i, urushning kuyuk hidi ijodkorning ruhiyatida bir umrlik dahshatli chandiq bo‘lib qoldi. U urushdan qaytsa-da, lekin urush uning ichidan hech qachon chiqmadi.

Tan olish kerak, bu professional majburiyat ba’zan haqiqiy qiynoqqa aylanadi. Maqola mukammal, faktlar esa benuqson chiqishi uchun sen o‘zing aslo xohlamagan, yuragingni unutgancha dahshatli kadrlarni qayta-qayta ko‘rishga majbursan.

Va o‘shanda yana anglaysan…

Yana ichingda o‘zingga qayta-qayta o‘sha savolni berasan: agar men shunchaki monitor qarshisida, xavfsiz xonada o‘tirib, tayyor arxiv kadrlarini majburlikdan qayta-qayta kuzatish orqali mana shunday ichdan kuyish hissini tuygan bo‘lsam, yashirin jinoyatlar zanjirining ichiga kirib, haqiqiy surishtiruv qilayotgan, xavf-xatar bilan yuzma-yuz kelayotgan jurnalistlar-chi? Ularning tunlari qanday o‘tgan ekan?
Jurnalistning eng katta dramasi maqola mukammal, faktologik jihatdan benuqson chiqishi uchun o‘zing xohlamagan, ruhiyatingni chil-chil qiladigan dahshatli kadrlarni qayta-qayta ko‘rishga, kattartirib o‘rganishga, soniyasigacha pauza qilib tikilishga majburligi. O‘quvchiga besh qatorlik fakt taqdim etish uchun, jurnalist o‘sha noxush suratlarni o‘z ichidan qayta-qayta o‘tkazadi. Xorij jurnalistikasi va ruhiyatshunosligida surishtiruvchi jurnalistlarning mana shunday ichidan kuyishini ifodolovchi maxsus terminlar bor. Professional doiralarda bu holatni “Remote Vicarious Trauma” (Masofaviy ikkilamchi jarohat) deb atashadi. Bu jurnalist voqea joyida o‘zi jismonan bo‘lmasa-da, ekran ortida arxivlarni kavlaganda, qurbonlarning suratlari va videolarini qayta-qayta tomosha qilganda, ruhiyati xuddi o‘sha dahshatni o‘z boshidan o‘tkazgandek og‘ir jarohat olishidir. Xuddi shunday holatni tavsiflaydigan yana bir termin “Journalism burnout and PTSD symptoms” — “Jurnalistlardagi kasbiy kuyish va posttravmatik stress belgilari”.

Ichdan kuyish iztirobi…

Insonni ichidan kuydiradigan olovli kuchini 2024 yili Farg‘onadagi metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan dahshatli portlash haqida o‘rganayotganimda yoki Qibrayda to‘rt bola is gazida qolib ketgani, ayniqsa, qizaloqlardan biri eshikni timdalagancha joni uzilganini onasi aytib berayotganda, vodiylik besh nafar talabaning is gazidan vafot etgani va maqola yozish uchun besh uydagi ta’ziyada ishtirok etganimda o‘z tanamda his qilganman.

Yaqinda esa dunyodagi eng shafqatsiz va qonli konveyerlardan biri bo‘lgan, Xitoyning an’anaviy tibbiyotidagi “eszyao” yoshartiruvchi malhami uchun har yili 6 milliondan ortiq jonzotni qurbon qilayotgan global eshak terisi savdosini surishtirayotib, yana o‘sha “olov” ichiga tushib qoldim. Ingliz va xitoy tillaridagi maxfiy saytlarni, xalqaro hisobotlarni soatlab o‘rgandim. Bu kadrlarni o‘rganish men uchun xuddi o‘zimni eng dahshatli, qonli kinoni tomosha qilishga majburlagandek kechdi, haligacha o‘sha maqolaning ichida yashayapman: ko‘z oldimdan tirik jonzotlarni vagonlarga tiqib, kunlar davomida suvsiz va ovqatsiz chegaralardan olib o‘tishgani, ularni yukxonalardan xuddi jonsiz, tuyg‘usiz bir buyumdek uloqtirishgani ketmaydi. O‘sha vahshiylikdan tirik yuklar tushiriladigan joylarda suyaklari singan xo‘tikchalarni, uzilgan dumlarni, quloqlarni ko‘rdim. Ochko‘zlik va shafqatsizlik shu darajaga yetganki, Afrika dalalarida ularning tiriklayin terisini shilib, qonga belangan go‘sht va suyaklarini shunchaki ko‘chalarga, kalxatlarga tashlab ketishgan. Savdo shu qadar foydali va nazoratsizki, bu sovuq tijorat zanjiriga atrofimizdagi 23 ta davlat allaqachon qo‘shilib bo‘lgan…

Bularning hammasini masofadan turib, soatlab va soniyasigacha pauza qilib o‘rganar ekanman, ichim har safar xuddi o‘sha Farg‘onadagi gaz portlashidagidek kuyishda davom etaverdi. Eng dahshatlisi, bu og‘riq faqat ekran yoki arxiv hujjatlari ichida qolib ketmadi. O‘sha o‘rganishlarimdan keyin bu fojiani yanada teranroq his qila boshladim. Ko‘cha-ko‘yda, bozor atrofida ustida o‘zidan o‘n barobar og‘ir yukni ko‘tarib turgan, xivichlar yag‘irini yara qilib tashlagan bo‘lsa-da, yana qayta-qayta qamchilanayotgan o‘sha beozor jonzotlarni ko‘rganimda, maqola uchun o‘rgangan har bir fakt, har bir surat, Keniyada eshaklari o‘g‘irlanib, tirikchiligi kuniga 30 dollardan 5 dollarga tushib qolgan Morris Njeruning ortda qolgan bolalari ko‘z oldimda jonlanadi….

***
Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanayotgan bir paytda, juda ko‘pchilik istehzo bilan eslaydigan jonivorni, eshakni eslash shartmidi, deya istehzoli jilmayishingiz mumkin.

Ha, bugun men uchun shart!

Chunki jurnalistika faqat chiroyli tabriklardan iborat emas.
Garchi hech qachon qonli urushlarda qatnashmagan, olovlarning ichida bo‘lmagan, dunyo tan olgan Pulitser mukofotiga hech qachon da’vogarlik qilmagan bo‘lsam-da, ichidan kuygan, “Ma’naviy jarohat” (“Moral Injury investigative journalists”) ya’ni ko‘ra-bila turib voqeani to‘xtatolmaganim, shafqatsizlik, adolatsizliklar qarshisida o‘zimni ojiz his qilganim uchun og‘ir ichki inqirozni qayta-qayta qalbidan o‘tkazayotgan oddiy jurnalistman. Bayramingiz bilan tabriklayman, yuragi chandiqlarga to‘la hamkasbim!



Source link

Continue Reading

Mahalliy

AQSh Savdo vakili Jeymison Grir bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Published

on


Saida Mirziyoyeva AQSh Savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida bir yil mobaynida birgalikda amalga oshirilgan salmoqli ishlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani muhokama qilindi.

​Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida, yaqin kunlarda o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilmoqda.

Uchrashuv so‘ngida Saida Mirziyoyeva ​O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga hamda ikki tomonlama sheriklikni kengaytirishga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun elchi janoblariga alohida minnatdorchilik bildirdi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

​«Oltin qalam» tanlovi Jurnalistlar uyushmasiga qanchaga tushdi?

Published

on


O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasida tashkilotning so‘nggi besh yillik moliyaviy-xo‘jalik faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Taftish komissiyasi raisi Chori Latipovning ma’lum qilishicha, hisobot davrida budjet mablag‘larining sarflanishida hech qanday qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan va barcha xarajatlar belgilangan tartibda, maqsadli amalga oshirilgan.

Besh yillik davr mobaynida uyushmaning asosiy hisob raqamiga jami 27 milliard 578,9 million so‘m mablag‘ kelib tushgan bo‘lib, uning sezilarli qismi, ya’ni 15 milliard 333,5 million so‘mi soliq to‘lovlarini qoplashga yo‘naltirilgan. Tashkilotning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va markaziy apparat ta’minoti uchun 849,5 million so‘m sarflangan bo‘lsa, asosiy vositalarni xarid qilishga yana 776,1 million so‘m ajratilgan.

Uyushma budjetining eng yirik xarajatlaridan biri bevosita ijodiy loyihalar va tanlovlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘ldi. Xususan, sohaning eng nufuzli tadbiri hisoblangan “Oltin qalam” milliy mukofoti tanlovi uchun 10 milliard 233,5 million so‘m yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanloviga 853,9 million so‘m, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlariga 1 milliard 191,5 million so‘m sarflangan. Shuningdek, “Yilning eng faol jurnalisti” tanloviga 146,9 million so‘m hamda “Atirgul” tanlovlariga 125,2 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ijtimoiy loyihalar va sohaviy nashrlar yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Uyushma tomonidan “O‘zbekiston jurnalistlari antologiyasi” kitobini nashrga tayyorlash uchun 585 million so‘m yo‘naltirilgan.

Faxriy jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yubiley sanasini nishonlash va sanatoriylarda davolanishini tashkil etish maqsadida 60,8 million so‘m, “Xotira va qadrlash kuni” tadbirlari uchun 49,4 million so‘m hamda xodimlar o‘rtasidagi sport musobaqalariga 34,2 million so‘m sarflangan.

Tashkilot qoshidagi Mahorat maktabini zamonaviylashtirish uchun 9,6 million so‘mlik proyektor ekrani va smart-doska xarid qilingan bo‘lsa, boshqa turli tadbirlar ijrosiga 535,5 million so‘m yo‘naltirilgan.

Uyushma faoliyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda tashqi manbalar ham ishtirok etgan. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan subsidiya hisobidan 1 milliard 156,9 million so‘mlik xarajatlar qoplangan. Navbatdan tashqari konferensiyani o‘tkazish tashkilotga 8,3 million so‘mga tushgan.

Shu bilan birga, milliy bankdagi depozit hisob raqamida zaxira sifatida saqlangan 1 milliard so‘m mablag‘ uyushmaning asosiy hisob raqamiga muvaffaqiyatli qaytarilgan. Natijada, o‘tkazilgan keng qamrovli tekshiruvlar tashkilotning moliyaviy faoliyati butunlay shaffof va amaldagi me’yoriy hujjatlarga mos ravishda yuritilganini ko‘rsatdi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.