Iqtisodiyot
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yangi qo‘llab-quvvatlash choralari va’da qilindi
Tadbirkorlardan biri eksportdagi transport xarajatlarini qoplab berishni so‘radi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bunday imtiyoz Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zidligini aytib, tashkilot qoidalariga mos keladigan boshqa choralarni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytdi. “Kutib turinglar, biz boshqacha qo‘llab-quvvatlov yo‘llarini albatta joriy etamiz”, dedi u.
Jamshid Xo‘jayev / Savdo-sanoat palatasi efiridan kadr
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti 14 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Unda meva-sabzavoti va oziq-ovqat eksportchilarining murojaatlari tinglandi.
Muloqotda Samarqand viloyatidagi “Tina Agro Narpay” MChJ ta’sischisi Ahror Abdujalilov so‘z olib, O‘zbekiston dengizdan uzoqda joylashgani uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijiy bozorlarda raqobat qilishga qiynalayotgani, chunki transport xarajatlari qimmatligini aytib, transport subsidiyalarini ajratishni so‘radi.
Jamshid Xo‘jayev bunday chora Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zidligini eslatib, hukumat qo‘llab-quvvatlashning boshqacha yo‘llarini izlayotganini aytdi.
“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida. Boshqa eksportyorlarimizga ham bitta narsani eslatib qo‘ymoqchiman: eksport jarayonida transport xarajatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat tomonidan qoplab berish – JSTdagi haqqoniy raqobat qonun-qoidalariga umuman zid. Shuning uchun, prezidentimiz topshiriq berganlar, qaror loyihasi: nafaqat eksportchilarga, umuman ishlab chiqaruvchilarga, ayniqsa oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarga qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari tayyorlanmoqda.
Bunda siz aytayotgan transport xarajatlari emas, boshqa qonuniy, [JST qoidalariga] to‘g‘ri keladigan yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Men to‘g‘ri tushunishinglarni iltimos qilaman: boshqa davlatlardagi tariflarni, to‘siqlarni olib tashlashni bizdan so‘raysizlar, lekin bu to‘siqlarni olishning eng oson, eng to‘g‘ri yo‘li – JSTga qo‘shilish”.
Xo‘jayev so‘zining yakunida ishlab chiqaruvchilarga va’da berdi:
“Hurmatli ishlab chiqaruvchilarimiz, kutib turinglar, biz boshqacha qo‘llab-quvvatlov yo‘llarini albatta joriy etamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida eksportyorlarga transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilgan.
Iqtisodiyot
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, suhbat chog‘ida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Eron 10 million riyollik banknotni muomilaga chiqardi
Eron markaziy banki 10 million riyollik banknotga murojaat qildi – bu mamlakat tarixidagi eng yirik nominaldir, deya yozadi Financial Times.
10 million riyol – 7 dollardan sal ko‘proq degani.
Markaziy bank yangi kupyura chiqarishdan maqsad «jamoatchilikning naqd pulga ega bo‘lishini ta’minlash»ga qaratilgani, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking hali ham barqaror ishlayotganini ta’kidlagan.
Financial Times’ning qayd etishicha, yangi banknot Eronda naqd pulga bo‘lgan katta talab fonida muomalaga chiqarilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirda, ular hisob raqamlaridan pul yechish uchun banklarda soatlab navbatda turishmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank kredit tashkilotlariga yetarli miqdorda kupyuralar taqdim etayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, banklar naqd pul berishda cheklovlar joriy qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlanishidan oldinroq, Eronda inflatsiya yillik hisobda 47,5 foizni tashkil etayotgandi.
10 million riyollik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 million riyol bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni qanday o‘zgardi?
O‘zbekiston 2026 yildagi Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilagan holda 184 ta mamlakat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta «o‘rtacha erkin» darajaga ko‘tarildi. Bir qator indikatorlarda o‘sish kuzatilgan, shu bilan birga, sud-huquq tizimi samaradorligi hamda biznes yuritish erkinligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashgan.
O‘zbekiston 2026 yilgi iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshiladi va 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. 2025 yilga nisbatan mamlakatning iqtisodiy erkinlik darajasi 2,3 punktga oshdi va 60,3 ko‘rsatkichga yetdi (maksimal natija – 100 ball). Reytingda O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari San-Tome va Prinsipi (85-o‘rin) va Namibiya (87-o‘rin) hisoblanadi.
1998-2026 yillarda O‘zbekistonga berilgan umumiy ballning o‘zgarish dinamikasi
Ko‘rsatkichlar o‘zgarishi
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 2025 yilga nisbatan 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 2 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Shuningdek, yana 2 ta indikator bo‘yicha narijalar o‘zgarishsiz qolgan.
Qonun ustuvorligi:
mulkiy huquqi — 43,1 (+9,6);
davlat yaxlitligi — 32 (+0,8);
sud-huquq tizimi samaradorligi — 13,7 (-0,8).
Davlat aralashuvi darajasi:
soliq yuki — 95 (+2,2);
davlat xarajatlari — 73,7 (+0,1);
fiskal salomatlik — 79,9 (+6,6).
Davlat tomonidan tartibga solish samaradorligi:
biznes yuritish erkinligi — 62,5 (-1,9);
mehnat bozori erkinligi — 48,4 (+0,5);
pul erkinligi — 65,1 (+0,5).
Bozorning ochiqligi:
savdo erkinligi — 80,6 (o‘zgarmagan);
investitsiya erkinligi — 70 (+10);
moliyaviy erkinlik — 60 (o‘zgarmagan).
Mamlakatlar iqtisodiyoti besh guruhga bo‘lingan: erkin (80 dan 100 ballgacha), asosan erkin (70−79,9 ball), o‘rtacha erkin (60−69,9), asosan erkin bo‘lmagan (50−59, 9) va repressiv (0−49,9). Yangi reytingda O‘zbekiston iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta o‘rtacha erkin darajaga ko‘tarildi. Xususan, respublika 1998-2006 yillarda repressiv, 2007-2009 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan, 2010-2016 yillarda yana repressiv, 2017-2025 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoriga kiritilgandi.
«O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past», deyiladi hisobotda.
Qo‘shni mamlakatlarning o‘rni qanday?
MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (52-o‘rin) va Ozarboyjon (67-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Qozog‘iston (68-o‘rin), Moldova (101-o‘rin), Qirg‘iziston (114-o‘rin), Tojikiston (131-o‘rin), Rossiya (145-o‘rin), Belarus (150-o‘rin) va Turkmaniston (160-o‘rin) o‘rin olgan.
Umumiy reytingning eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (84,4 ball), Shveytsariya (83,7 ball) va Irlandiya (83,3 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (27,3 ball), Kuba (25,2 ball) va Shimoliy Koreya (3,1 ball) qayd etilgan. 8 ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yamanga turli sabablarga ko‘ra reyting berilmagan.
Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa o‘tgan yilgi 59,7 ballda 59,9 ballga oshgan.
Iqtisodiyot
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda aytdi.
«Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi «boshi berk» mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz», dedi u.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Qirg‘izistonda yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi ichki aloqalarni mustahkamlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmga kuchli turtki beradi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu – jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.
Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning yarmi – taxminan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagicha nisbatda kiritiladi: Xitoy – 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston – har biri 24,5 foizdan.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Iqtisodiyot5 days agoIslomiy moliya – “yotgan” pulni iqtisodiyotga olib kirish vositasi
