Jamiyat
mahalliy ishlab chiqaruvchilar global bozorga chiqmoqda
London shahrida o‘tkazilgan “IFE London 2026” xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilgan o‘zbek limonlari xorijiy mutaxassislar va hamkorlar e’tiborini tortdi. Mahsulotning tabiiyligi, xushbo‘yligi va sifati uni boshqa davlatlar mahsulotlaridan ajratib turayotgani ta’kidlanmoqda.
Mazkur ko‘rgazma Yevropadagi yirik tarmoq tadbirlaridan biri bo‘lib, unda 1500 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi, 30 mingdan ziyod mutaxassis tashrif buyurdi. Unda oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari, eksportyorlar, distribyutorlar hamda riteyl tarmoqlari vakillari qatnashdi. O‘zbekiston ushbu ko‘rgazmada Savdo-sanoat palatasi va “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ko‘magida ishtirok etdi.
E’tiborlisi, mazkur ko‘rgazmada nafaqat davlat va moliyaviy institutlar, balki hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham bevosita ishtirok etdi. Xususan, Xorazmdagi “Fayz Baraka Xorazm” hamda “Bahrombek agro eksport” MChJ rahbarlari ko‘rgazmada qatnashib, o‘zlari yetishtirgan limon mahsulotlarini namoyish etdi. Bu ularga nafaqat eksport bozorlariga chiqish, balki xalqaro tajriba bilan tanishish va yangi hamkorlar topish imkonini yaratdi.
Qayd etish lozimki, bunday yondashuv — ya’ni ishlab chiqaruvchilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro maydonga chiqishi — mahalliy biznesni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida, hududiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda limonchilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar natijasida limonchilik asta-sekin eksportga yo‘naltirilgan muhim tarmoqlardan biriga aylanib bormoqda.
Mazkur jarayonlarda tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bank tomonidan issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish hamda eksportbop mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish orqali sohaning rivojlanishiga hissa qo‘shilmoqda.
Hududlardagi aniq loyihalar bunga misol bo‘la oladi. Xorazm viloyatida joylashgan “Fayz baraka Xorazm” MChJda 6 gektar maydonda limon yetishtirilib, yiliga yuzlab tonna hosil olinmoqda. Loyihani kengaytirish orqali ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish va eksport ulushini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Bahrombek agro eksport” MChJ tomonidan esa zamonaviy issiqxonalarda “Toshkent F1” navli limon yetishtirilmoqda. Korxonada mahsulotni saqlash va logistika tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ichki va tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish imkonini bermoqda.
Limonchilik sohasida faqat yetishtirish emas, balki qayta ishlash yo‘nalishini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda ayrim hududlarda limonni chuqur qayta ishlash, jumladan, sharbat ishlab chiqarish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.
Bunday kompleks yondashuv — ishlab chiqarish, moliyalashtirish va eksportni uyg‘unlashtirish — qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda hududiy iqtisodiy faollikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. London ko‘rgazmasida o‘zbek limonlariga bildirilgan qiziqish esa ushbu jarayonlarning xalqaro miqyosdagi aks-sadosi sifatida baholanmoqda.
Reklama huquqi asosida