Jamiyat
Mahalliy hokimliklar 400 ga yaqin hujjatlarini XDFU grifi bilan asossiz yashirgan – Aksilkorrupsiya
Viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 907 ta qaror va farmoyish «yashiringan» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU grifi bilan) qabul qilingan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining dastlabki o‘rganishlarida mazkur hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani ma’lum bo‘ldi.
Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.
Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta, 44 foiz), Xorazm (32 ta, 39 foiz), Buxoro (58 ta, 37 foiz), Qashqadaryo (41 ta, 26 foiz) va Samarqand (38 ta, 15 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishlarni ochiqlash va mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.
Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilib, natijalariga ko‘ra har bir qaror va farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Jamiyat
Andijonda soxta «keshbek» sxemasi fosh etildi
Andijon viloyatida 38,3 milliard so‘m budjet mablag‘larini «keshbek» to‘lovlari orqali noqonuniy o‘zlashtirish sxemasi fosh etildi. Tergovga qadar tekshiruvda bir guruh shaxslar soxta elektron hisob-fakturalar va xarid cheklaridan foydalanib, davlat mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yo.Q. va boshqalar o‘zaro til biriktirib harakat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruvga ko‘ra, ular 5 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) nomiga boshqa MChJ tomonidan go‘yoki 2,2 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.
Shundan so‘ng, mahsulotlar savdosidan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani va tovarlar fuqarolarga sotilgani haqida soxta xarid cheklari shakllantirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu cheklar asosida 94 921 nafar fuqaro hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxslar nomiga Soliq Mobile mobil ilovasi orqali «keshbek» to‘lovlari rasmiylashtirilgan.
Oqibatda 38,3 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahrida bu borada katta imkoniyatlar bor.
Yangi Sergeli ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.
Aholi dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi.
Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik subyektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu o‘zgarishlar aholi kayfiyatiga, turmush tarzi va daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, hududning qiyofasi ham, odamlarning ertangi kunga ishonchi ham o‘zgarayotganini ta’kidladi.
Jamiyat
Marixuana, geroin va yuzlab tup kannabis: respublika bo‘ylab reydlar natijasi
DXX va IIV xodimlari hamkorligida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida respublika bo‘ylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda marixuana, geroin hamda yuzlab tup kannabis o‘simliklari aniqlandi. Holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati Norin tumanida istiqomat qiluvchi 1961 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan 1 kilogramm 595 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1973 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga tegishli qo‘shimcha tomorqada sotish maqsadida 839 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs esa Toyloq tumani hududida avtomashinada harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib tekshirilganda, undan 20 gramm «geroin» moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Xorazm viloyatida qayd etilgan holatda, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 36 tup kannabis o‘simligini yetishtirayotgani aniqlandi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam shu turdagi jinoyat uchun sudlangan fuqaro ham o‘z hovlisida tashkil etilgan issiqxonada 22 tup kannabis o‘simligini parvarishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi 1965 yilda tug‘ilgan shaxs esa o‘z tomorqasida 10 tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelgani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolardan giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Prezident Sergelidagi zamonaviy tibbiyot markazini ko‘zdan kechirdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak», — dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyat
Kommunal xo‘jaligi xodimlari uchun faxriy unvon ta’sis etilmoqda
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatga yuborildi.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan5 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat5 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Sport5 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
