Iqtisodiyot
Mahallalarni yangi bosqichga olib chiqish vaqti keldi
Poytaxtimizda mahalla instituti faoliyatini yanada takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish hamda aholi turmush darajasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy mezbonlik qilgan mazkur tadbirda qariyb 1 200 nafar mas’ul rahbar va soha vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida aynan mahalla turgani, barcha o‘zgarishlar bevosita quyi bo‘g‘indan boshlanishi kerakligi yana bir bor ta’kidlangan ushbu yig‘ilishda dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Mazkur keng ko‘lamli tadbir shunchaki yig‘ilish emas, balki kelgusi oylar uchun jiddiy yo‘l xaritasi bo‘ldi. Unda Prezident Administratsiyasi vakillari, Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Milliy gvardiya, kommunal xizmatlar, Boshqaruv servis kompaniyalari, Mahalla uyushmasi mutasaddilari hamda poytaxtdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari jam bo‘ldi. Huquq-tartibot organlari, ijroiya hokimiyati va jamoatchilik tuzilmalarining bir maqsad yo‘lida birlashishi mahallalardagi muammolarni tezkor va manzilli hal etish imkonini beradi.
Yig‘ilish davomida har bir mahallaning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda strategik vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Xususan, ko‘chalar, xonadonlar atrofi, ariq hamda xiyobonlarni tartibga keltirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil va jadal davom ettirish, mahallalarda mavjud infratuzilma muammolarini bartaraf etishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish belgilandi. Bunda bevosita aholining fikri va faol ishtiroki ta’minlanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, ishsiz fuqarolarni doimiy hamda daromadli mehnatga yo‘naltirish maqsadida mahalla bandirlari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kommunal xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash hamda sohadagi mavjud debitor qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
E’lon qilingan mazkur chora-tadbirlar faqatgina mavsumiy kampaniya emas. Bu eng avvalo mahallalarda sog‘lom va obod muhitni yaratish, aholining kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash hamda har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan jiddiy qadamdir. Qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi poytaxt mahallalarining qiyofasini keskin o‘zgartirib, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Iqtisodiyot
Apple, Google, Meta va boshqa IT-kompaniyalar O‘zbekistonda 144 mlrd so‘mga yaqin soliq to‘ladi
2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar tomonidan davlat budjetiga 143,8 milliard so‘m soliq to‘landi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84 foizga oshgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar soni 97 taga yetgan. Taqqoslash uchun, 2025 yil 1 yanvarda ularning soni 63 ta, 2026 yil 1 yanvarda esa 78 tani tashkil etgan.
Shuningdek, 2026 yil yanvar–iyun oylarida xorijiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan elektron xizmatlar qiymati 1 trln 200,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 656,8 milliard so‘m bo‘lgan.
Hisobot davrida eng ko‘p soliq to‘lagan elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar:
Apple — 33,6 mlrd so‘m;
Google — 33,3 mlrd so‘m;
Meta — 28,9 mlrd so‘m;
Valve Corp. — 15,8 mlrd so‘m;
Anthropic — 6,3 mlrd so‘m;
OpenAI — 5,6 mlrd so‘m;
Midasbuy — 2,9 mlrd so‘m;
Booking.com — 2,6 mlrd so‘m;
TikTok — 1,6 mlrd so‘m;
Anysphere — 1,5 mlrd so‘m.
Soliq qo‘mitasi eslatishicha, elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar har chorakdan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay soliq hisobotlarini taqdim etishi va tegishli soliqlarni to‘lashi lozim.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar ChatGPTdan ko‘ra Claudega ko‘p pul sarflashmoqda
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar sun’iy intellekt modellari orasida ChatGPTdan ko‘ra Claudega ko‘p pul sarflashmoqda.
2026-yilning dastlabki olti oyida yurtdoshlarimiz Claude (Antrophic)ga 53 mlrd so‘m, ChatGPT (Open AI)ga esa salkam 47 mlrd so‘m to‘lov qilishgan.
Texnologiya kompaniyalari orasida O‘zbekistondan eng ko‘p daromad olayotganlari — Apple, Google va Meta (infografikaga qarang).
O‘tgan yarim yillikda Netflix va Amazon soliq to‘lovchilar o‘ntaligiga kirmadi.
Onlayn videoo‘yinlar servislari QQS to‘lovlari bo‘yicha yaxshigina ulush qo‘shishni boshlagani e’tiborli holatlardan biri.
Umuman olganda, xorijiy kompaniyalar 6 oyda 1,2 trln so‘mlik onlayn xizmat ko‘rsatib, qariyb 144 mlrd so‘mlik QQS to‘lagan. Ma’lumot uchun: 2025-yilda 1 trln 482 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan, to‘langan QQS miqdori 181,3 mlrd so‘m bo‘lgandi.
97 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda QQS to‘lovchilar ro‘yxatidan joy olgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi qariyb 665 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 664,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,9 foizga oshgan.
Hisobot davrida xizmatlar tarkibida eng katta ulush savdo xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 170 trln so‘mga yetdi.
Shuningdek, yashash va ovqatlanish xizmatlari 115,2 trln so‘m, moliyaviy xizmatlar 104,2 trln so‘m, transport xizmatlari esa 103,9 trln so‘mni tashkil qildi.
Hisobotga ko‘ra, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 51,9 trln so‘mga, ta’lim sohasidagi xizmatlar 23,8 trln so‘mga yetgan.
Shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 16,2 trln so‘m, shaxsiy xizmatlar 11,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash xizmatlari esa 11,3 trln so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil xizmatlari 8,9 trln so‘m, kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash xizmatlari 7,8 trln so‘m, ijara xizmatlari 7,6 trln so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning oltin eksporti qariyb 5 mlrd dollarga kamaydi
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonning jami eksporti 15,86 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga kamaygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nonometar oltin eksporti 2025-yilning birinchi yarmidagi 6,49 mlrd dollardan 2026-yilning shu davrida 1,50 mlrd dollarga tushgan. Ya’ni oltin eksporti hajmi qariyb 5 mlrd AQSh dollariga qisqargan.
Shu bilan birga, oltin hisobga olinmagan holda tovarlar eksporti ijobiy o‘sishni namoyon qildi. Uning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshib, 8,2 mlrd AQSh dollariga yetdi.
Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, xizmatlar eksporti 6,20 mlrd dollarga yetib, umumiy eksportning 39,1 foizini tashkil qildi. Bu o‘tgan yilgi 26,3 foizlik ulushdan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.
Sanoat tovarlari eksporti 2,41 mlrd dollarga yetib, umumiy eksportdagi ulushi 15,2 foizga chiqdi. Kimyoviy mahsulotlar eksporti 1,28 mlrd dollar, turli tayyor buyumlar eksporti esa 1,36 mlrd dollarni tashkil qildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti 1,32 mlrd dollarga yetdi. Mashina va transport uskunalari eksporti ham o‘sib, 632,9 million dollarni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston hamda Qozog‘iston hamkorligidagi turizm yangi bosqichda
«Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish kunida «Arda Xiva» turistik majmuasi hamda FlyArystan aviakompaniyasi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashladi. Shu munosabat bilan Olmaota shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston turoperatorlari ishtirokida yangi xalqaro Olmaota – Urganch – Olmaota aviaqatnovining ochilishiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida «Arda Xiva» majmuasi vakillari ishtirokchilarni Xorazm viloyatining boy turistik salohiyati hamda FlyArystan yo‘lovchilari uchun ishlab chiqilgan maxsus turistik paketlar bilan tanishtirdi. FlyArystan aviakompaniyasi esa yangi aviaqatnovning imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Turistik paketlar mehmonxonada joylashish va ekskursiya dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Urganch shahri qadimiy Xiva shahridan atigi 30 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, uning tarixiy markazi — Ichan-Qal’a YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Tomonlar, shuningdek, Qozog‘istonning yetakchi turoperatorlari va blogerlari uchun 7–10 avgust kunlari tanishuv infoturini tashkil etishga kelishib oldi. Ushbu infotur Xorazmda o‘tkaziladigan «Oltin qovun» festivali doirasida tashkil etiladi.
Infotur dasturidan Xivaning tarixiy markazi — Ichan-Qal’aga ekskursiya, «Arda Xiva» majmuasi infratuzilmasi bilan tanishish, festival tadbirlarida ishtirok etish hamda mintaqa turizm sohasi vakillari bilan B2B uchrashuvlari o‘rin olgan. Ishtirokchilar Xorazmning turistik imkoniyatlarini shaxsan baholash va qozog‘istonlik sayyohlar uchun yangi jozibador turistik takliflarni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida «Arda Xiva» va FlyArystan o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Olmaotada bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv ushbu memorandumni amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Olmaota – Urganch – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 3 sentyabrdan boshlanadi va haftasiga ikki marta — payshanba hamda yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Aviachiptalar FlyArystan mobil ilovasi, aviakompaniyaning rasmiy sayti va boshqa sotuv kanallari orqali xarid qilish uchun allaqachon mavjud.
«Arda Xiva» majmuasi haqida
«Arda Xiva» turistik majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan. Ko‘p tarmoqli turistik klaster G‘ovuko‘l sohilidagi 25 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi ko‘magida madaniy-tarixiy, sport hamda ko‘ngilochar tadbirlarni keng ko‘lamda tashkil etib kelmoqda.
Majmua infratuzilmasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– 1000 o‘rinli 6 ta mehmonxona;
– ochiq akvapark va yopiq suzish havzasi;
– 3000 o‘rinli amfiteatr;
– 11 ta hunarmandchilik uyi, «Qadimiy Urganch» muzeyi, rassomlik galereyasi va zargarlik markazi;
– umumiy uzunligi 2 kilometr bo‘lgan gondolalar uchun suv kanallari;
– 10 dan ortiq kafe va restoranlar, sharqona bozor;
– mintaqadagi eng yirik bolalar markazi, sport inshootlari hamda SPA majmuasi.
Majmuani boshqarish O‘zbekistonning HotelPro va Rossiyaning Kronwell kompaniyalari xalqaro konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.
FlyArystan haqida:
FlyArystan — Qozog‘istonning loukost aviakompaniyasi bo‘lib, Air Astana kompaniyalar guruhining 100% sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. U o‘z faoliyatini 2019 yil may oyida boshlagan. Aviakompaniya keng yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi va zamonaviy Airbus A320 samolyotlari parkiga ega.
Uning asosiy bazalari Olmaota, Ostona va Aqtau shaharlarida joylashgan. FlyArystan marshrutlar tarmog‘i ichki va xalqaro muntazam reyslar, shuningdek charter yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursi birdan 61 so‘mga ko‘tarildi
-
Jamiyat4 days ago
Davlat organlari formasiga o‘xshash kiyimlardan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
-
Dunyodan5 days ago
Rossiyada muhojirlar uchun patent olish va ularni uzaytirish uchun yangi shartlar belgilandi.
-
Jamiyat3 days agoProkuratura Xorazmda gaz ta’minoti xodimlarini qo‘lga oldi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda Bolalar farovonligi indeksi ishlab chiqiladi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Qozog‘istonga tashrif buyurdi
-
Siyosat4 days ago
Xitoy Xalq ozodlik armiyasining 99 yilligi Toshkentda nishonlandi
-
Sport5 days ago
FIFA prezidenti o‘ziga qarshi tanqidlarga javob qaytardi
