Connect with us

Jamiyat

Mahalla — islohotlar tayanchi va yuksalish nuqtasi

Published

on


O‘zbek jamiyatining tarixiy xotirasida “mahalla” tushunchasi oddiy hududiy birlik sifatida emas, balki odamlar taqdirini bog‘laydigan ijtimoiy rishta, qo‘ni-qo‘shnichilik mas’uliyatini tarbiyalaydigan hayot maktabi sifatida yashab kelgan. Keksalar duosi, yoshlar tarbiyasi, mehr-shafqat, hashar, yarashuv va hamjihatlik madaniyati – bularning barchasi asrlar davomida mahalla muhitida shakllangan.

Shu bois ham jamiyatdagi islohotlar haqida gap ketganda, ularning haqiqiy o‘lchovi odamlar hayotidagi o‘zgarishlar bilan, ya’ni mahalladagi kayfiyat, farovonlik va adolat hissi bilan baholanadi. Mahalla qayerda kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda jamiyat barqaror, inson qadri ulug‘, taraqqiyot esa xalqqa yaqin bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi ham aynan shu mazmunda – davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun strategik yo‘nalishlarni belgilab bergan muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi.

Murojaatnomada islohotlarning markazida inson manfaati, xalq bilan muloqot, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari turgani, eng muhimi – davlat siyosati joylarda, aholiga eng yaqin bo‘g‘in orqali amaliy natijaga aylanishi kerakligi yaqqol sezildi. Shu ma’noda 2026 yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilgani ramziy shior emas, balki islohotlarning ijtimoiy tayanch nuqtasini aniq belgilab beruvchi dasturiy yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bu g‘oyaning mohiyati oddiy, ammo juda muhim: fuqarolarning ehtiyoji, dardi va muammosi birinchi navbatda mahalla darajasida ko‘rinadi. Demak, adolatli va samarali boshqaruv ham aynan shu yerdan – odamlar kundalik hayotiga eng yaqin nuqtadan boshlanishi lozim. Mahalla bugun faqat ma’muriy hudud emas; u fuqarolik jamiyatining tabiiy tayanchi, jamoatchilik nazorati va hamjihatlik madaniyati qaror topadigan muhit, aholini davlat qarorlari qabul qilinishiga yaqinlashtiradigan amaliy maydonga aylanmoqda.

Prezidentimiz Murojaatnomasida fuqarolik jamiyati institutlarini, xususan mahalla institutini kuchaytirish tashabbuslarining ustuvor qo‘yilishi ham jamiyatni yuksaltirishning eng ta’sirchan yo‘li sifatida qaralayotganini anglatadi.

So‘nggi yillarda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar “aholi bilan ishlash”ni tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Xususan, mahallada “yettilik” tizimining joriy etilishi, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlarni mahalla darajasiga tushirish orqali millionlab fuqarolarga manzilli ko‘mak yetkazish imkoniyati kengaygani ta’kidlandi. Bu yondashuv ijtimoiy himoyani kuchaytirish bilan cheklanmay, bandlik va tadbirkorlikni rag‘batlantirish orqali aholi daromadini oshirishga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatli. Chunki fuqaro uchun eng muhim narsa – “tizim” emas, natija: ish o‘rni, daromad manbai, muammoning tez hal bo‘lishi, adolatli munosabat.

Ayniqsa, aholi farovonligini oshirishda mahallaga resurs va vakolatlarni tushirishga qaratilgan tashabbuslar sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bermoqda. “Tashabbusli budjet” doirasida mahalla aholisi o‘z tashabbusi bilan yo‘l, suv, maktab, bog‘cha kabi muhim loyihalarni ilgari sursa, xarajatning bir qismini davlat qoplab berishi mexanizmlari kengayishi – fuqaroning qaror qabul qilishdagi ishtirokini amaliy mazmun bilan to‘ldiradi. Bunday mexanizmlarda “davlat – ijrochi, xalq – kuzatuvchi” emas, balki “xalq – tashabbuskor, davlat – qo‘llab-quvvatlovchi” tamoyili mustahkamlanadi. Natijada mahalladagi ishonch, mas’uliyat va jamoaviy nazorat kuchayadi.

Mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ham Murojaatnomadagi umumiy mantiqqa mos ravishda talqin etilmoqda. Xususan, sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning ma’lum ulushini mahalla budjetiga yo‘naltirish, 2026 yildan boshlab mahallalar budjetiga har yili mablag‘ ajratish kabi yondashuvlar mahallaning moliyaviy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha resurslar hisobidan kelgusi bir yilda 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi tashabbusi mahalla endi farovonlikni ta’minlashning real iqtisodiy instrumentiga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Moliyaviy detsentralizatsiyaning demokratik mazmuni ham ana shu yerda namoyon bo‘ladi: resurs aholiga yaqinlashgan sari qaror qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtiroki va talabchanligi ortadi, natija uchun mahallada jamoaviy mas’uliyat kuchayadi. Shu nuqtai nazardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingi, infratuzilma xarajatlarining kattaroq qismini qoplash, qo‘shimcha mablag‘ ajratish kabi rag‘batlantiruvchi mexanizmlar fuqarolik faolligini iqtisodiy manfaat bilan uyg‘unlashtirgan holda kuchaytirishi mumkin. Chunki raqobat muhitida tashabbus ham, tartib ham, natija ham qadrlanadi.

E’tiborli jihati shundaki, Murojaatnomadagi yondashuvga ko‘ra, mahalla faqat “yordam tarqatadigan” yoki “muammo ro‘yxatlaydigan” bo‘g‘inga aylanib qolmasligi lozim. Aksincha, u inson salohiyatini ishga soladigan, bandlikni kengaytirib, oila daromadini oshiradigan, profilaktika va tarbiya orqali ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtiradigan tizim sifatida ko‘rilmoqda.

Shu bois har bir mahallada ixtisoslashuvni to‘g‘ri belgilash, mikroloyihalarni shakllantirish, bo‘sh davlat mulkini auksionga chiqarish vakolatlarini kengaytirish, tushumning muayyan ulushini mahallaning o‘zida qoldirish kabi qarorlar “farovonlikni mahalladan boshlash” g‘oyasini iqtisodiy jihatdan mustahkamlaydi.

Fuqarolik jamiyati institutlari haqida so‘z ketganda, mahalla bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik kengashlari, tashabbuskor guruhlar va faol fuqarolar ishtiroki ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Demokratik taraqqiyotning mazmuni aynan shu institutlarning mustaqil fikr bildirishi, tashabbus ko‘rsatishi, jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishi va davlat idoralari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshira olishi bilan o‘lchanadi. “Jamiyatni yuksaltirish” g‘oyasi mahalla bilan hamkorlikda ishlayotgan fuqarolik institutlari orqali haqiqiy ijtimoiy “immunitet”ga aylanadi: har bir o‘zgarish aholi tomonidan tushuniladi, qabul qilinadi va qo‘llab-quvvatlanadi.

Bu o‘rinda muhim vazifa – fuqarolik jamiyati institutlarini formal “qo‘shimcha bo‘g‘in” emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida mustahkamlashdir. Chunki mahallada bandlik, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar tarbiyasi, oila mustahkamligi, ekologik madaniyatni oshirish kabi masalalar ma’muriy ko‘rsatma bilan emas, jamoatchilik fikri, mahalladagi hayotiy tajriba va ijtimoiy sheriklik orqali barqaror yechim topadi. Shuning uchun mahalla “yettiligi” faoliyatini kompleks baholash, joylarda yagona jamoa bo‘lib ishlash, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish kabi talablar amalda fuqarolik jamiyatining samaradorlik mezoniga aylanishi kerak.

Mahalla institutining yana bir muhim vazifasi – jamoatchilik ishtirokini kengaytirish. Fuqaro davlatni ko‘pincha mahalla orqali “ko‘radi”: murojaat qiladi, taklif beradi, muammo ko‘taradi, xizmat oladi. Demak, mahallani raqamlashtirish, xizmatlarni soddalashtirish, ma’lumotlar almashinuvini tizimlashtirish orqali inson omilini qisqartirishga qaratilgan tashabbuslar aholi uchun qulaylik yaratishi barobarida davlat faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ham kuchaytiradi. “Raqamli mahalla” tamoyillarini mustahkamlash esa jamoatchilik ishtirokining zamonaviy texnologik asosini yaratadi.

Xulosa shuki, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilanishi fuqarolik jamiyatini kuchaytirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining mantiqiy davomidir.

Mahallaga resurs va vakolatlarni tushirish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tashabbuskor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma va bandlik loyihalarini kengaytirish – bularning barchasi inson qadrini ta’minlashga, ijtimoiy adolatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Baxtiyor Abdullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi bo‘lim boshlig‘i



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi

Published

on


Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.

Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.

Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.

Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Deputatlarga «Tashabbusli budjet» loyihalari bo‘yicha yangi imkoniyatlar berildi

Published

on


«Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Bunda:


har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;



deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda «Tashabbusli budjet» jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.


2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.

Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya ta’minlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli budjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.

Qiymati BHM 2000 baravarigacha (taxminan 824 mln so‘m) bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi

Published

on


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia rusumli avtomobil chorrahada katta tezlikda harakatlangani va qayrilib olayotgan Lacetti’ni urib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jabrlanuvchilar haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Toshkent shahri Yunusobod tumanida Lacetti va Kia K5 rusumli avtomobillar ishtirokida ayanchli avariya ro‘y berdi.

Poytaxt YHXB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 05:10 larda Amir Temur–Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Lacetti Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan o‘ng tomondan harakatlanib kelgan Kia K5 rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia katta tezlikda harakatlanib, Lacetti’ning orqa qismini urib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Xabarda avtomobilda bo‘lganlarning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

avtomobilni olib qochish moddasi ayblovdan chiqarilgan

Published

on


Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida ayblanmoqda. Jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda. 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.

Joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahrida BMW mashinasida YPX inspektorini urib ketgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbalari ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda (JPK talabiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar yopiq ko‘riladi). 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.

Jinoyat ishi yopiq tarzda o‘tkazilayotgani uchun sud majlislari jadvalida keltirilmagan.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilayotgani, ish sudga Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan taqdim etilgani, sudlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi saqlanib qolgani haqida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.

Inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan.

Shundan so‘ng Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan va unga Jinoyat kodeksining 267-moddasi (avtotransport vositasini olib qochish) va 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilingandi.

Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov prezident farmoniga ko‘ra, «Jasorat» medali bilan mukofotlandi va uning oilasiga Toshkent shahridan 3 xonali kvartira berildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

TIV Malayziyada o‘limga hukm qilingan uch o‘zbekistonlik haqida

Published

on


Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida material e’lon qilingandi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ushbu fuqarolarning keyingi taqdiri haqida Kun.uz’ga ma’lumot berdi.

Omonulla Fayziyevning aytishicha, 2010 yil sentabr oyida O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda gumonlanib, Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Keyinchalik Malayziya sudi ularga nisbatan o‘lim jazosi tayinlagan.

Fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan 2013, 2014, 2016 va 2020 yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat Qiroli nomiga ularni afv etish to‘g‘risida bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan.

2018 yilda Malayziyada o‘lim jazosini ijro etishga moratoriy joriy etildi. Keyinchalik, 2024 yil 18 mart kuni kuchga kirgan “O‘lim va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolarini olgan shaxslarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chiqarilgan avvalgi o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirdi.

Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun nazarda tutilgan imtiyozlar inobatga olinganda, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Hozirgi vaqtda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni bundan buyon ham davom ettiradi, dedi Omonulla Fayziyev.

Eslatib o‘tamiz, uch o‘zbekistonlikning Malayziyaga sayohatga borishi va giyohvand moddalar aniqlanib o‘limga hukm qilinishi haqidagi hikoyani iste’fodagi DXX xodimi O‘ktam Suvonov Xavfsizlik YouTube kanaliga bergan intervyusida aytib bergandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.