Connect with us

Sport

Lyov yoki Kapadze. Milliy jamoa boshqaruvida o‘zgarish qilish kerakmi?

Published

on


O‘z tarixida ilk bor mundialga yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy jamoasi turnirga tajribali murabbiy bilan borishi mumkin.

So‘nggi kunlarda o‘zbek futbol jamoatchiligida yangi munozara mavzusi paydo bo‘ldi. Go‘yoki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi germaniyalik mashhur murabbiy Ioaxim Lyovga taklif bilan chiqqan va u asosiy jamoani jahon chempionatiga olib borishi mumkin. Manbalar Lyov bosh murabbiy emas, koordinator, maslahatchi sifatida ko‘rilayotgani, shuningdek, O‘FA bu borada bir to‘xtamga kelmagani aytgan, shu bilan birga, tashkilotda Lyovni bosh murabbiy sifatida taklif qilishni o‘rinli deb hisoblayotgan mutaxassislar ham bor. Hatto agar Lyov bosh murabbiy bo‘lib, Kapadze yordamchi sifatida tayinlanadigan bo‘lishsa, o‘zbekistonlik murabbiy jamoani tark etishi mumkinligi haqida ham yozildi.

Bu ma’lumotlar haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkinligini shu kunlarda nemis murabbiyi o‘z kelajagi haqidagi savolga bir necha milliy jamoa va klublardan takliflar borligi, hozirda u jamoalarni o‘rganayotgani va hali aniq muzokaralarga boshlamagani haqida aytgani ham tasdiqlagandek bo‘ldi. Nahotki gap O‘zbekiston milliy jamoasi haqida bormoqda?

Nihoyat bu ma’lumotlar savol bo‘lib Temur Kapadzegacha yetib keldi.

«Rostini aytsam, nima bo‘layotganini bilmayman. Men ham hamma qatori bu xabarni internetda o‘qidim. O‘FAdan hech kim menga hech narsa degani yo‘q. Menga kimnidir taklif qilinishi, nimadir o‘zgarishi haqida indashmadi. Shuning uchun bu haqida biror narsa deya olmayman. Berilgan vazifani bajardim. Keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Agar nasib bo‘lsa, ishni davom ettiraman, aksincha bo‘lsa, taqdir qayerga yetaklashini ko‘ramiz. Ayni paytda men milliy jamoa murabbiyiman va ishlashda davom etyapman», – dedi murabbiy.

O‘FA nega jim?

Jurnalist va muxlislar ikki tomon bo‘lib bahslashayotgan, Temur Kapadze esa noqulay savolga javob berishga majbur bo‘layotgan paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hech qanday izoh bermayotgani kishini taajjubga soladi va shu bilan birga ba’zi taxminlarga yo‘l ochadi.

Agar O‘FA mundialga Temur Kapadze bilan borishni aniq belgilab qo‘yganida, menimcha, allaqachon bu mish-mishlarga reaksiya bergan bo‘lardi. Axir bu bevosita salkam ikki oydan keyin rasman tayyorgarlikni boshlaydigan jamoaga aloqador, shuningdek, bosh murabbiy ham o‘z kelajagi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishga haqqi bor. Hech kim shu paytgacha hech narsa demayaptimi, demak rostan ham qandaydir harakatlar bor. Nafaqat Ioaxim Lyov, shuningdek, kam bo‘lsa-da tilga olinayotgan Slavan Bilich, balki biz hali eshitmagan yana bir qator murabbiylar nomzodi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ishsiz yurgan murabbiylar juda ko‘p va mundial yo‘llanmasini naqd qilgan milliy jamoa ko‘p mutaxassislar uchun jozibador ko‘rinadi.

Ha, o‘z vaqtida Srechko Katanets bilan ham shunga o‘xshash holat bo‘lgan, ya’ni jamoatchilik uning ketishi yo qolishi haqida tinmay bahslashayotgan kuz oylarida O‘FA o‘z pozitsiyasini ochiqlamay kelgandi. Ammo o‘sha holatni tushunish mumkin, chunki ko‘p jihatlar Srechko Katanetsning salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu noaniqlik O‘FA uchun ham qat’iy qaror qabul qilishda xalaqit bergan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda bosh murabbiy masalasida tashkilot aniq fikr bildirmayaptimi, demak bosh murabbiy masalasi hamon ochiq.

Chet ellik murabbiy. Plyuslar

Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi bir platformada «terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida kimni tanlaysiz?» ma’nosida savol qo‘yildi va javoblar ichida «Temur Kapadze» hamda «Chet ellik tajribali murabbiy» degan tanlovlar bor edi. Temurning nomzodi ikki barobar farq bilan g‘alaba qozondi. Oradan bir necha kun o‘tib, so‘rovnoma qaytarildi, faqat bu safar «Chet ellik tajribali murabbiy» o‘rniga aniq qilib «Ioaxim Lyov» deb yozilgandi – bu safar ovozlar deyarli teng ikkiga bo‘linib qoldi.

Bu juda oz kishi ishtirok etgan oddiy so‘rovnoma xolos, bu bilan aytmoqchimanki, Temur Kapadzening o‘rniga chet ellik har kim emas, agar rostan ham o‘ta yuqori malakali, tajribali, katta turnirlarda o‘zini ko‘rsata olgan murabbiy bo‘lsa, munosabat o‘zgaradi. O‘zbek murabbiylariga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, ayni paytda malaka borasida Lyov va o‘zbek murabbiylari o‘rtasida juda katta masofa bor. Germaniyalik mutaxassis to‘rt yildan beri hech qayerda ishlamayotgan bo‘lsa ham.

Bir necha yil oldin Ektor Kuper asosiy jamoani boshqarib yurganida, bir voqeani aytib berishgandi. Osiyo kubogiga tayyorgarlik uchun Turkiyada yig‘in o‘tkazilgan. Futbolchilar tiklanish jarayoni uchun muz kerak bo‘lgan va o‘shanda jamoa yashayotgan mehmonxonada u yo‘q ekan. Kuper qat’iy turib olgan – muz topilishi, kerakli terapiya bo‘lishi shart. Administratorlar uyoqdan buyoqqa yugurib, qayerdandir muz topib kelishgan. Bu injiqlik emas, professionalizm. Milliy jamoaga o‘sha kuni muz kerakmidi? Ha. Nazarimda, muz kerakligini o‘zbek murabbiyi ham biladi, faqat bu qadar qat’iy turib olishi mumkinligini uncha ko‘z oldimga keltira olmayman.

Yoki Katanets va O‘tkir Yusupov bilan bog‘liq misol bor. Yusupov bir necha o‘yinlarda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yayotgan, Abduvohid Ne’matov esa ham yoshlar tarkibida, ham klubda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan paytda Katanetsga rahbarlar Yusupovdan voz kechish kerakligini aytishgan. Balki Srechkoning o‘zi ham bunday qaror haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin, lekin aynan shunday talablardan keyin u Yusupovni to‘liq himoya qilishga o‘tgan. Natijasini, ya’ni bizni aslida mundialga qaysi futbolchi olib chiqqanini yaxshi bilamiz. Tabiiyki, bunday qarorlar, har doim futbolcha argumentlar birinchi planda bo‘lishi futbolchilarga ham ta’sir qiladi, bosh murabbiy ularning asosiy va yagona himoyachisi ekanini bilishsa, boshqacha qabul qilinishi shubhasiz. Agar murabbiy mag‘lubiyatdan keyin videomurojaat qilib rahbariyatdan uzr so‘rab yursa (Ravshan Haydarovni aytyapman), tabiiyki chet ellik va o‘zimizning murabbiylar o‘rtasidagi nozik farqni sezish osonlashadi.

Mart oyida Abduqodir Husanov davlat tadbirlarida qatnashgani va deyarli tiklanmay Eronga uchib, muhim o‘yinda maydonga tushishga majbur bo‘lganini eslasangiz kerak. Men emas, o‘zingiz tasavvur qiling, o‘sha kuni milliy jamoa bosh murabbiyi Temur emas, Ioaxim Lyov bo‘lganida nima qilgan bo‘lardi? Menga ikki variantdan boshqasi kelmayapti. Birinchisi, Husanov hech qayerga bormay, bazada olib qolinardi. Ikkinchisi, agar u bazada qolmasa, Eronga olib ketilmasdi. Hech bo‘lmasa, o‘yin kuni zaxirada qoldirilgan bo‘lardi.

Tan olish kerak, shunga o‘xshash farqlar bor va agar chet ellik murabbiy qay darajada taniqli, malakali bo‘lsa, mana shunday farqlar kattalashib boraveradi. Albatta, yirik musobaqalar tajribasi, taktik bilimlar ham borki, muvaffaqiyat uchun zarur bo‘lgan jihatning ajralmas qismidir.

O‘zbek murabbiylarini noprofessionalizmda ayblash fikridan yiroqman. Yaxshi murabbiylarimiz juda ko‘p va albatta, Temur ularning ichida eng old qatorda. Ammo bu bob chet ellik murabbiylar haqida va agar ayni paytdagi milliy jamoa bazasidagi, uning atrofidagi sharoitlar besh-olti yil avvalgi davrdan keskin farq qilsa, bunda O‘FA tegishli funksionerlarining mehnati bilan bir qatorda, bu yerda ishlagan, boshqacha qarash bilan tashrif buyurgan chet ellik murabbiylarning hissasi bor deb o‘ylayman.

Temur Kapadze bizni mundialga olib chiqdi. Bu argument bo‘la oladimi?

Mundial yo‘llanmasi uchun eng muhim o‘yinlar safarda Eron va BAA bilan to‘qnashuvlar edi, bu aniq. Ushbu o‘yinlarda jamoamizni Temur Kapadze boshlab tushdi va har ikki o‘yinda ham biz uchun qoniqarli natija qayd etildi. Tabiiyki, yo‘llanma uchun asosiy ishni bajargan, katta bosim ostida jamoani qabul qilib olgan ham Temur. Agar muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, «tayyor oshni suzib berolmagan noshud»ga chiqardi, g‘alaba qozonib ham, mana, aslida u olib chiqdimi, Katanetsmi, deb bahslashib o‘tiribmiz. Bu shartlarda vaziyatni foydamizga hal qila olgan murabbiydan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Bu tarix va buni hech kim o‘zgartira olmaydi: milliy jamoamiz ilk jahon chempionati yo‘llanmasini Temur Kapadze qo‘l ostida qo‘lga kiritgan. Tamom.

Shu bilan birga, yana ikki inkor qilib bo‘lmas haqiqat bor. Nega Katanets so‘nggi paytlarda tanqidlar ostida qoldi? Axir u ham deyarli hamma o‘yinda qoniqarli natijani qo‘lga kiritgan edi-ku? Ha, u asosan ehtiyotkor taktikasi, himoyaga qattiq e’tibor berishi bilan ko‘pchilikka yoqmadi va shu tufayli uning mehnatlari kamsitilganini ko‘p o‘qidik. Endi savol, Qirg‘iziston bilan Toshkentda bir kishi ko‘p o‘ynab, atigi 1:0 yutgan kim edi? BAA ham xuddi Qatar kabi so‘nggi daqiqalarda gol urib, bizni yutishi mumkinmidi?

Ya’ni aslida ehtiyotkorlik vaziyat taqozosi bo‘lgan, Katanets ham bosim kamroq bo‘lgan avvalgi o‘yinlarda kerak bo‘lganda hujumkor bo‘la olganini ko‘rganmiz. Buni Kapadzening o‘zi ham, muhim paytlarda ehtiyotkorlik qilib isbotladi. Bu bilan Katanets ham so‘nggi, hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda Qatarni yirik hisobda yutgan bo‘lardi, deb ishonaman.

Kapadze so‘nggi nuqtani qo‘ygan bo‘lsa-da, aslida jamoada qandaydir burilish yasab, o‘z uslubini olib kirib, yakunda yo‘llanmani yutib bermadi. Mavjud bo‘lgan jamoa, ayrim yaxshi o‘zgarishlar bilan o‘z yo‘lida davom etdi va eng boshidan egallab kelgan o‘rnini saqlab qoldi. Menimcha, saralashga bir butun sifatida qarashimiz, Kapadzening rolini esa oshirib, yo tushirib yubormasdan, o‘ziga berilgan vazifani uddalay olgan mutaxassis sifatida qabul qilishimiz to‘g‘riroq. Uning holatida boshqachasi ham noto‘g‘ri bo‘lardi, buni Kapadzening o‘zi ham tan olgan. 

Nima demoqchiman? Argument sifatida Temur Kapadze jamoani mundialga olib chiqqani tufayli davom etishi kerakligini aytayotganlar ko‘p. Bu xuddi o‘z vaqtida «Chelsi» vaqtinchaga Di Matteoni murabbiy etib tayinlab, u kutilmaganda Chempionlar Ligasini yutgach, mukofot sifatida kelasi mavsumda ham olib qolishganini eslatib yuboradi. Di Matteo keyingi mavsum uch oydan keyin iste’foga chiqarilgan.

Ya’ni ayni paytda Kapadzeni shartli boshqa bir mutaxassis bilan solishtirar ekanmiz, har ikki murabbiy uchun argumentlar keltiriladi. Masalan, qaysi murabbiyning taktik uslubi jamoa uchun mos, qaysi murabbiyning tayyorgarlik dasturi qanaqa, futbolchilar qaysi murabbiy bilan yaxshiroq bo‘lishi mumkin va hokazo. Mana shu va yana bir qator jihatlar taroziga qo‘yiladi va Kapadzening pallasida uning «bizni jahon chempionatiga olib chiqqani», «agar ketkazilga noinsoflik bo‘lishi», «o‘zimizniki ekani» kabi argumentlar bo‘lmasligi kerak.  

Milliy jamoaga sport bo‘limi nega kerak?

Shaxsan men uchun milliy jamoamizda qanchalik malakali, tajribali murabbiy ishlasa, shu yaxshiroq. Ya’ni Ioaxim Lyov kabi murabbiy jamoamizni bugungidan ham kuchliroq qilishiga ishonaman. Lekin tahririyatning o‘zidagi boshqa jurnalist butunlay aksini to‘g‘ri deb bilishi, Kapadze varianti yaxshiroq deb hisoblashi mumkin. Afsuski, ikki parallel olamda har ikki variantni ko‘ra olmaymiz, buning iloji yo‘q. Bir yil o‘tib mundialdagi natijaga qarab yana bahs davom etaveradi, normal holat.

Ispaniyada futbol yulduzlari doim bo‘lgan. Lekin yirik turnirlarning eng omadsiz jamoasi edi, 2008 yilga kelibgina Yevropa chempionatida g‘olib chiqishdi. Keyingi chempionliklarni qaysidir ma’noda «Barselona»ning porlashi bilan bog‘lash mumkin, ko‘p mehnat kerak bo‘lmagandir, lekin Yevro-2024 yildagi g‘alabani qiyoslab bo‘lmaydi. Ispaniya tarkibida faqat Rodri, Yamal va Pedri tom ma’noda birinchi toifali futbol yulduzlari edi. Boshqa chiziqlarda esa Ispaniyadagi o‘rtamiyona klublar vakili yoki top-klublarning o‘rtamiyona futbolchilari o‘rin olgandi. Ammo Fransiya, Angliya, Germaniya, Portugaliya kabi yulduzli jamoalar fonida ham Ispaniya eng yaxshi futbol namoyish eta oldi.

Sababi, jamoaning sport bo‘limi ham yaxshi ishlagan, to‘g‘ri murabbiy tanlay olgan. Ispaniyani boshqarguncha hech qanaqa sovrin yutmagan, faqat yoshlar jamoalari bilan muvaffaqiyat qozongan de la Fuente ikki yilda ham Millatlar Ligasini, ham Yevropa chempionatini yutdi.

Bu misol go‘yoki Temur Kapadzeni Ioaxim Lyov qarshisida favorit qilib ham qo‘yadi. Ana, ispanlar mashhur, top murabbiylarga emas, yoshlar bilan ishlagan o‘zining mutaxassisiga ishonib, chempion bo‘ldi-ku, nega Lyov kelishi kerak, deb. Balkim bu fikr ham o‘rinlidir.

Ammo aslida aytmoqchi bo‘layotganim shu – O‘FA va sport bo‘limi har tomonlama hisob qilishi, hamma omillar ustida chuqur tahlil qilishi va shundan keyingina to‘g‘ri deb hisoblagan qarorni qabul qilishi lozim. Mana, chet ellik eng zo‘rini olib keldik, qo‘ldan kelganini qildik, lekin borimiz shu, deb ham, axir Kapadze bizni mundialga olib chiqdi, uni bo‘shatib yuborsak noinsoflik, deb ham baholamaslik kerak. Bu tavakkal bo‘ladi. Ertaga yo xato qilgan bo‘lasiz, yo yutasiz.

Hammasi professional darajada o‘ylangan, asoslantirilgan, quvvatli qaror bo‘lishi lozim. Ana shunda, ertangi natijadan qat’i nazar, bugun eng to‘g‘ri ishni amalga oshirgan bo‘lasiz.

Qaysi biri to‘g‘ri? Kapadzemi yoki Lyov? Men bilmayman. Yo bilaman. Yuqorida aytganimdek, bitta fikr aytishim va o‘z argumentlarimni tirkashim mumkin. Yaxshiki mas’ul emasman. Lekin kimdir toshning tagiga qo‘lini qo‘yishi kerak. Qiyin. Ha, mas’uliyatli. Lekin hech kim oson bo‘ladi, deb aytmagan-ku…

Q.Aslanov



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Abduqodir Husanov oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi

Published

on


«Manchester Siti» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Xusanov birinchi marta ota bo‘ldi. Uning oilasida o‘g‘il tug‘ildi, deb xabar beradi mahalliy OAVlar. 

Bu 20 yoshli himoyachining ilk farzandi sanaladi. 

Abduqodir Xusanov «Manchester Siti» va O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynaydi. U o‘z avlodining eng istiqbolli himoyachilaridan biri hisoblanadi va Yevropa futbolida raqobatlashishda davom etmoqda.  

 Eslatib o‘tamiz, futbolchi 2025-yil 27-mayda — Angliya Premer-ligasi mavsumi tugaganidan so‘ng darhol turmush qurgandi. 



Source link

Continue Reading

Sport

«Siti» deyarli kurashdan chiqdi, Gulerdan shedevr gol. Kun o‘yinlari

Published

on


«Arsenal» so‘nggi daqiqalarda muhim g‘alabaga erishdi, qatorasiga ikkinchi o‘yinda durang o‘ynagan «Siti» endi 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Chelsi» yana yutqazdi, «Real»da yirik g‘alaba.

«Arsenal» – «Everton» 2:0

Gollar: Yokeresh, 89 (1:0). Douman, 90+7 (2:0)

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 74), Timber (Moskera, 38), Subimendi (Douman, 74), Rays, Eze, Madueke (Martinelli, 61), Saka, Havers (Yokeresh, 61)

«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Garner, Gana Guyye (Jorj, 90+5), Iroegbunam (Rel, 86), Dyusberi-Holl, Ndiay, Makneyl (Armstrong, 86), Betu (Barri, 69)

«Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinda to‘pga egalik qildi, ammo dastlabki 20 daqiqa ichida qarshi hujumlardan ikki bor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Birinchi holatda Rayyaning xatosidan keyin Maknilning zarbasidan keyin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni yotgan holatda oyog‘ini ko‘tarib qolish orqali to‘xtatib qoldi.

Maknilning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ndiay esa vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Maknilning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.

«Kanonirlar» esa tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay (birinchi bo‘limning o‘zida 13 zarba berildi), hisobni ocha olmadi. Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolgan vaziyat Havers jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Bu epizodda Kin avvaliga raqib hujumchisining oyog‘ini bosib oldi, keyin esa qo‘llari bilan turtib yiqitdi, ammo bosh hakam va VAR xonasidagilar kontakt penalti uchun yetarli emas deb topdi.

Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar uzoq masofadan zarba berishga e’tibor qarata boshladi, xususan, Ezening aylantirib yo‘llagan zarbasiga Pikford yetib bora olmadi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urdi va tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi o‘rniga o‘ng qanot vingeri Doumanni maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yinni hal qildi. Avvaliga ushbu yosh yarimhimoyachining o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Pikford to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Inkapiye esa to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Yokereshning oyoqlari ostiga tashlab berdi.

So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirish umidida to‘liq tarkib bilan oldinga tashlandi, Douman esa burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, APL tarixiga kirdi. Maks 16 yosh-u 73 kunligida liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu orqali u Jyeyms Von tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan rekordni (16 yosh-u 270 kun) yangiladi.

Shu tariqada, bu mavsumda zaxiradan tushgan futbolchilari 11 bor gol urgan Mikel Arteta jamoasi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da muhim g‘alabaga erishdi.

«Chelsi» – «Nyukasl Yunayted» 0:1

Gol: Gordon, 18 (0:1)

«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Xato, 82), Kukurelya, Gyusto (Delap, 46), Jyeyms, Kaysedo (Lavia, 61), Fernandes, Garnacho, Palmer, Joao Pedro

«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl, Livramento, Uillok (Byorn, 77), Remsi, Voltemade (Joelinton, 67), Barns, Myorfi (Elanga, 78), Gordon

Ogohlantirishlar: Fofana, 23. Kaysedo, 25 – Ramsdeyl, 84. Holl, 89

«Chelsi» «qarg‘alar»ga qarshi Londonda o‘tgan oldingi 12 o‘yindan 11 tasida g‘alaba qozongandi va shanba oqshomidagi o‘yinni ushbu seriyani davom ettirish maqsadida hujumkorlik bilan boshladi. Ammo mezbonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. 18-daqiqada Palmer qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin «Nyukasl» muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirdi va Uillok Gordonni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yubordi.

Tanaffusdan keyin Entoni dublga erishishi mumkin edi, ammo darvozaga qaytgan Sanches jamoasini qutqardi. U Liam Rosenior jamoasini o‘yinda qoldirdi, ammo jamoa mag‘lubiyatdan qutulib qolishni uddalay olmadi. «Chelsi» yana ochko yo‘qotib, raqobatchilarga imkon berdi: bugun «MYu» va «Aston Villa» o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa ilgarilab ketadi, «Liverpul» esa «Chelsi»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.

«Vest Hem» – «Manchester Siti» 1:1

Gollar: Bernardu Silva, 31 (0:1). Mavropanos, 35 (1:1)

«Vest Hem»: Hermansen, Mavropanos, Disasi, Todibo, Fernandesh, Souchek, Diuf, Van-Bissaka, Pablo (Magassa, 64), Bouen (Kante, 90+6), Kastelyanos (Traore, 75)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Sherki, 60), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva (Reynders, 75), O`Rayli, Semenyo (Foden, 75), Marmush (Doku, 60), Holand

Ogohlantirishlar: Magassa, 76. Fernandesh, 89 – Marmush, 11. Bernardu Silva, 37

Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida Bernardu Silvaning Holandga uzatmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga aylanib, hisob ochilganida ko‘pchilik bu o‘yin taqdiri hal bo‘lgani haqida o‘ylay boshlagandi. Ammo «Siti» bu mavsumda ishonchli o‘ynay olmayapti. Biroz o‘tib «Vest Hem» muvozanatni tikladi. Burchak zarbasidan keyin Donnarumma to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Mavropanos muvozanatni tikladi.

Bu mezbonlar uchun o‘yindagi ilk zarba edi va bu zarba chempionlik poygasida ishtirok etayotgan jamoaning oyog‘idan chalib qolish uchun yetarli bo‘ldi. Qolgan vaqt davomida «shaharliklar»ning hech qaysisi mezbonlar himoya devorida o‘tmadi, to‘p darvoza sohasiga yetib borganida esa darvozabon Hermansen ishonchli harakat qildi. Endilikda shu kuni o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli tribunada o‘tirib kuzatishga majbur bo‘lgan Gvardiola jamoasi «Arsenal»dan 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Siti»da bitta zaxira o‘yini borligiga qaramay, deyarli hech kim endi jamoa bu farqni yo‘qqa chiqara olishiga ishonmayapti.

Ispaniya: Molinaning zambarak zarbasi va tinim bilmas Valverde

«Atletiko» – «Xetafe» 1:0

Gol: Molina, 8 (1:0)

«Atletiko»: Musso, Ximenes, Langle, Pubil (Alvares, 66), Koke, Almada (Simeone, 66), Vargas (Liorente, 73), Gonsales, Molina, Baena (Grizmann, 73), Syorlot (Lukman, 66)

«Xetafe»: Soriya, Abkar, Duarte (Riko, 83), Romero, Iglesias, Kiko Femeniya (Birmanchevich, 46), Dakonam, Arambarri (Martin, 74), Milya (Munos, 90+2), Satriano, Vaskes (Liso, 74)

Ogohlantirishlar: Syorlot, 55. Vargas, 68. Molina, 90 –Romero, 60. Liso, 77. Satriano, 90

Chetlatish: Abkar, 55

Yaqinda «Real»ni mag‘lub eta olgan «Xetafe» «Atletiko»ga ham jiddiy muammolar tug‘dirdi. Shu kuni Oblak o‘rniga darvozaga turgan Musso olti seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlarning qariyb ikki yildan buyon gol urmayotgan himoyachisi Molina o‘yin startidayoq o‘yin taqdirini hal qildi. Argentinalik futbolchining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p olis «to‘qqizlik»ka borib tushdi.

Mehmonlar esa ancha osonroq vaziyatlardan gol ura olmadi. «Matraschilar»ni goh Musso qutqardi, goh «Xetafe» futbolchilari to‘g‘ri zarba bera olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Abkar qizil kartochka olib maydonni tark etganidan keyin esa amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi uchinchi o‘rinni yanada mustahkamladi.

«Real» – «Elche» 4:1

Gollar: Ryudiger, 39 (1:0). Valverde, 44 (2:0). Hausen, 66 (3:0). Manuel Anxel, 85 – avtogol (3:1). Arda Guler, 89 (4:1)

«Real»: Kurtua, Ryudiger (D. Aguado, 61), Hausen, F. Garsiya, Karvahal, Tshuameni (Arda Guler, 58), Pitarch (Palasios, 64), Kamavinga, Valverde (G. Garsiya, 58), Vinisius Junior (Yanez, 58), Dias (Manuel Anxel, 63)

«Elche»: Dituro, Petro (M. Aguado, 64), Affengryuber (Bigas, 74), Chust, Valera, Sangare (Pedrosa, 23), Redondo (Mir, 64), Febas, Sepeda (Xosan, 64), Andre Silva, Neto (Diangana, 74)

Ogohlantirishlar: Kamavinga, 55 – Valera, 62. Affengryuber, 66. Mir, 88

Hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida katta kuch sarflagan «Real» futbolchilari ancha vaqtgacha autsayder darvozasi tomon yo‘l topa olmadi. Ammo yarimhimoyaga qaytganidan keyin yayrab o‘ynayotgan Valverdeda bu o‘yinga ham yetarli kuch qolgandi. «Selta» darvozasiga g‘alaba goli, «Siti»ga qarshi o‘yinda het-trik, shanba kuni esa uning seriyasi darvom etdi. Avvaliga Fedening zarbasidan keyin darvozabon to‘pni amallab qaytardi, qaytgan to‘pga esa Ryudiger birinchi bo‘lib yetib keldi va hisob ochildi. Bir necha daqiqa o‘tib esa barchasini Valverdening o‘zi bajardi. U jarima maydoniga yaqinlashib kelib, bir harakat bilan himoyachini yo‘lidan oldi va to‘pni to‘sin ortidan darvoza to‘riga kiritdi.

Alvaro Arbeloa 58-daqiqadayoq Vinisius Junior, Valverde va Tshuameni kabi yetakchi futolchilarini, biroz o‘tib Ryudigerni ham zaxiraga oldi, ular keyingi hafta o‘rtasida «Siti»ga qarshi javob o‘yinida kerak bo‘ladi. Ularning o‘rniga o‘yinni davom ettirgan futbolchilar ham ikkita gol urishdi. Avvaliga 18 yoshli Yanesning uzatmasidan keyin Hausen hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin oxirlarida esa Guler maydonning ikkinchi qismidan turib fantastik gol muallifiga aylandi. U zarba bergan nuqtadan darvoza chizig‘igacha bo‘lgan masofa 68 metr chiqadi.

Yirik g‘alabadan keyin madridliklar turnir jadvalida yana «Barselona»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi, lekin kataloniyaliklar yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra yana to‘rt ochkolik farqni tiklashi mumkin.



Source link

Continue Reading

Sport

Shomurodov — asosiyda, Fayzullayev qaydnomada ham yo‘q

Published

on


Bugun, Turkiya Superligasining 26-turi doirasida peshqadam «Galatasaroy» o‘z maydonida «Bashakshehir»ni qabul qiladi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da Istanbuldagi «RAMS Park» stadionida boshlanadi.

«Galatasaroy» 25 o‘yindan so‘ng 61 ochko bilan jadvalda 1-o‘rinda bormoqda. «Bashakshehir» esa 42 ochko bilan 5-pog‘onani egallab turibdi va yevrokuboklar uchun kurashmoqda.

«Istanbul Bashakshehir» bugungi o‘yin uchun asosiy tarkibni e’lon qildi. Eldor Shomurodov — asosiyda, Abbosbek Fayzullayev qaydnomaga ham kiritilmagan.



Source link

Continue Reading

Sport

Osiyo Kubogi, ayollar. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdi

Published

on


2026-yilgi Osiyo Kubogi chorak finalida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Janubiy Koreya ayollar terma jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. 6:0 hisobida g‘alaba qozongan koreyslar yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shunga qaramasdan, milliy jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Bo‘lg‘usi raqib Yaponiya – Filippin uchrashuvida aniqlanadi — ushbu uchrashuvda yengilgan jamoa ustidan g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston terma jamoasi 2027-yilda Braziliyada o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi JChga yo‘llanma oladi.

Agar jamoa ushbu o‘tish bahsida ham yengilsa, KXDR/Xitoy Taypeyi o‘rtasidagi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu uchrashuv g‘olibi xalqaro pley-off o‘yinlari orqali mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi, mag‘lub musobaqani tark etadi.

2026-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida 12 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ular uchta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak final bosqichiga yo‘l oldi.

Chorak final g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Mag‘lub jamoalar esa oldindan aniqlangan setka asosida pley-off bosqichida ishtirok etadi. Pley-offda g‘alaba qozongan jamoalar Osiyoning 5 va 6-vakili sifatida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

JCh-2027 yo‘llanmasi uchun pley-off o‘yinlari:

O‘zbekiston — Yaponiya/Filippin
KXDR — Xitoy Taypeyi

Yarim finalga yo‘l olgan Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari allaqachon Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi. So‘nggi yarim finalchi nomi Yaponiya – Filippin uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: 2029-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.



Source link

Continue Reading

Sport

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi

Published

on


Endi ular jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.

Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan ayollar o‘rtasida Osiyo kubogi chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Janubiy koreyalik raqibalariga qarshi maydonga tushdi.

Bahs 6:0 hisobida Janubiy Koreya ayollar terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘zbekistonlik ayol futbolchilar bangladeshlik raqibalarini 4:0 hisobida yengib chorak finalga chiqishgandi.

Endi ular 19 mart kuni jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.

Osiyo kubogida eng yaxshi natijaga erishgan olti jamoa 2027 yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.