Sport

Londonda derbi, Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Published

on


Bizning futbolda ko‘p ishlatiladigan “ jo‘jani kuzda sanaymiz” iborasi Yevropaga uncha to‘g‘ri kelmaydi. Bu yerda mavsum endi boshlanyapti va kuzning oxirgi kunlari navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. U yerga ko‘proq “saragi sarakka, puchagi puchakka” iborasi ko‘proq tushadi – hali sovrin egalari aniq bo‘lmasa-da, asta-sekin ligalarda yetakchilar ajrab chiqmoqda va bemalol yuqori o‘rinlar uchun kurash asosan kimlar o‘rtasida bo‘lishini taxmin qilish mumkin. 

Bu hafta dam olish kunlari Angliya va Italiyada turnir jadvalini boshqarayotgan jamoalar o‘zaro orani ochiq qilishadi. Ayni paytda dunyoning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turgan va “Bavariya”ga qarshi buni isbotlagan “Arsenal” safarda rasmiy jahon chempioni hisoblangan “Chelsi”ning imtihonidan o‘tadi. Shuningdek, Bundesligada yuqori o‘rinlar uchun qiziqarli bahs, Ispaniyada Andalus derbisi ham bizni kutib turibdi. 


Foto: ESPN 

BAYYeR – BORUSSIYa D (29 noyabr, 22:30)

Bundesligada chempionlik masalasini ko‘pchilikni o‘ylantirmasa kerak – “Bavariya” juda kuchli. Ammo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash juda qizg‘in bo‘ladi va da’vogar jamoalar ichida “Bayyer” va “Borussiya” albatta bor. Shu bilan birga ayni paytda har ikki jamoa ham juda yaxshi sport formasida ekani ushbu uchrashuvni yanada keskin va murosasiz o‘tishini ta’minlasa ajab emas. 

“Bayyer” mavsum boshida, Erik ten Xag bosh murabbiylik qilib yurganda ilk turni mag‘lubiyat bilan boshlagan va shundan so‘ng deyarli yutqazgani yo‘q. Deyarli, deganimizning sababi faqat “Bavariya”ga yutqazgan va bu hozirda u qadar “ayb” emas. Xuddi shunday ta’rifni “Borussiya”ga nisbatan ham ishlatishimiz mumkin. Dortmundliklarning mavsumdagi yagona mag‘lubiyati aynan “Bavariya”ga qarshi uchrashuvda qabul qilingan. Har ikki jamoa hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida to‘p surishdi va ancha kuchli raqiblar ustidan chiroyli g‘alaba qozonildi. “Borussiya” o‘z maydonida “Vilyareal”ni 4:0 hisobida yutgan bo‘lsa, liverkuzenliklar safarda “Manchester Siti”ni yengishdi. 

Umuman olganda ayniqsa “Borussiya” bu mavsum Chempionlar Ligasini ham kuchli o‘tkazmoqda. Ayni damda Niko Kovach shogirdlari kuchli sakkizlikdan o‘rin olib turishibdi, hamda turnirda faqat “PSJ” ko‘proq gol ura olgan xolos. Qizig‘i, “PSJ”ning 7 goli aynan “Bayyer” darvozasiga urilganini ham eslab o‘tish kerak. “Bayyer” esa aksincha, Bundesligada eng ko‘p gol urgan jamoalardan biri – 27 gol. Faqat “Bavariya”da ko‘proq. Demak bu o‘yin ancha hujumkor, boylarga gol bo‘lishi ehtimoli ham katta. 

O‘tgan mavsumdagi natijalar ham buni isbotlaydi. Liverkuzendagi uchrashuvda mehmonlar 2:4 hisobida g‘alaba qozonib ketgan bo‘lishsa, birinchi davrada teskarisi bo‘lgan, ya’ni “Bayyer” safarda 3:2 hisobida ustun kelgandi. Umuman oladigan bo‘lsak, “Borussiya”da ustunlik bor – oxirgi 30 uchrashuvning 16 tasida dortmundliklarning qo‘li baland kelgan. “Bayyer” 8 marta g‘alaba qozongan. 

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar safida yo‘qotishlar ancha ko‘p.  Fernandes, Vaskes, Artur kabi asosiy tarkib futbolchilari ushbu o‘yinda sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mehmonlardan esa faqat Niklas Zyule yo‘q, ammo u ham aksariyat hollarda zaxirada qolib ketardi. Chempionlar Ligasini har ikki jamoa ham bir kunda o‘tkazdi, faqat “Bayyer” Angliyaga safar qilgan bo‘lsa, “Borussiya” o‘z uyida o‘ynadi. Ammo bu turda “Bayyer” mezbon, ya’ni “Borussiya” safar qilganini e’tiborga olsak, bu borada imkoniyatlar teng. 

11 turdan keyin “Bayyer” 23 ochko bilan uchinchi, “Borussiya” esa 22 ochko to‘plagan holda to‘rtinchi o‘rinda. Demak g‘olib jamoa kuchli uchlikda bo‘lishi, hatto 2-o‘rindagi “Leypsig”ni (25 ochko) quvib o‘tishi mumkin. Mag‘lub jamoa esa hatto 7-o‘ringa tushib ketish xavfi bor.


Foto: La Liga

SeVILYa – BeTIS (29 noyabr, 22:30)

Ispaniyada har yili chempionlik kurashi qaysi jamoalar o‘rtasida kechishi ham, boshqalarning ularga tenglashishi deyarli imkonsizligi ham ma’lum bo‘lsa-da, yaxshiyamki, turli qiziqapli qarama-qarshiliklar, an’analar va derbilar bor. Aynan shunday uchrashuvda La Ligaga qo‘shimcha rang beradi va e’tiborni jalb qiladi. Mana shunday to‘qnashuvlardan biri albatta, Andalusiya derbisidir. 

Shubhasiz, bu ikki jamoa ichida “Sevilya”ning obruyi ancha baland, ayniqsa Yevropa Ligasida qozonilgan g‘alabalarni boshqa bir klub takrorlashi juda qiyin bo‘ladi. Ammo so‘nggi paytlarda jamoada sezilarli pasayish kuzatildi, aksincha, Andalusning boshqa jamoasi bo‘lmish “Betis” yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan barqaror jamoaga aylandi. Manuel Pellegrini shogirdlari o‘tgan mavsumda faqat so‘nggi turlarda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan quruq qolgan, ammo boshqa bir yevrokubok finaligacha yetib borgandi. “Betis” ushbu mavsum ham plankani tushirib yubormadi va ayni damda turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda. To‘g‘ri, to‘rtlik bilan oradagi farq katta, ammo agar bu safar ham o‘tgan yilgi kabi Ispaniyaga 5 o‘rin ajratiladigan bo‘lsa, “Betis” ushbu yo‘llanma uchun asosiy da’vogarlardan biri ekani shubhasiz,

Ammo afsuski, “Sevilya”ga qarshi derbida “Betis”ning ikki asosiy futbolchisi maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi. Jamoa yetakchisi Isko “Utrext”ga qarshi Yevropa Ligasi uchrashuvining 10-daqiqasidayoq jarohat tufayli almashtirildi va katta ehtimol bilan bir oyga yaqin maydonga tusha olmaydi. Yana bir asosiy hujumchilardan biri Antoni esa “Jirona”ga qarshi o‘tgan turdagi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hakam tomonidan maydondan chetlatildi va diskvalifikatsiyaga ega. Bu ikki futbolchisiz “Betis”ning hujum chizig‘i ancha g‘ariblashib qolishi aniq. 2025 yilni to‘liq oladigan bo‘lsak, Iskoda gol+pas bo‘yicha 12+12, Antonida esa 15+7. Ortiqcha izohga hojat yo‘q. 

Darvoqe, “Utrext”ga qarshi o‘yinning 15-daqiqasida yana bir muhim futbolchi Sofyan Amrabat ham jarohat tufayli almashtirilgandi.Xullas Yevropa Ligasidagi g‘alaba jamoa uchun ancha qimmatga tushdi. Shu bilan birga ushbu turnirda “Betis” yetakchilar safida ekani va hali mag‘lubiyatga uchramaganini ham aytish kerak. O‘zi umuman “Betis” ushbu mavsumda barcha musobaqalarda atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchradi xolos. Qizig‘i, ikkisi ham o‘z maydonida. “Atletik” va “Atletiko”ga. 

“Sevilya”ga to‘xtaladigan bo‘lsak, jamoa ancha beqaror – 16 ochko bilan jadvalning ikkinchi yarmida bormoqda. Lekin muxlislar “Sevilya”ni bu mavsum “Barselona”ga qarshi o‘yin tufayli yaxshi bilishadi. O‘sha kuni Matias Almeyda shogirdlari peshqadam ustidan 4:1 hisobida chiroyli g‘alabaga erishgandilar. Demak muhim, katta o‘yinlarda jamoa baribir xavfli va kuchli bo‘lib qolaveradi. Tabiiyki, “Betis”ga ham oson bo‘lmaydi. Oxirgi martda “Betis” “Pisxuan”dan 2018 yilda uch ochko olib ketgan. O‘sha o‘yinda 5:3 hisobi qayd etilgandi. Ushbu stadiondagi so‘nggi 12 uchrashuvning 9 tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan.

“Sevilya”ning yevrokuboklarda qatnashmayotgani raqibi oldida ustunlik beradi, ammo shu bilan birga tarkibda jarohatlanganlar juda ko‘p – Aspilikueta, Kuassi, Suazo, Romero, Vargas va Yanuzay. 


Foto: Getty Images 

CheLSI – ARSeNAL (30 noyabr, 21:30)

Bir necha hafta oldin bo‘lganida ushbu London derbisida “Arsenal”ning ustunligi yaqqol tuyulgan bo‘lardi, chunki “Chelsi” ancha beqaror natijalar qayd etayotgan, “Arsenal” esa hatto darvozasiga zarba berishga yo‘l qo‘ymayotgandi. “Arsenal” o‘zgarmadi albatta,ammo “Chelsi”ning so‘nggi o‘yinlari bu safar peshqadamga oson bo‘lmasligidan dalolat qilmoqda. 

“Sanderlend”dan o‘z maydonida qabul qilingan achinarli mag‘lubiyatdan so‘ng “Chelsi” APL da qatorasiga uch g‘alabaga erishdi va bu o‘yinlarda birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. Bundan ham ko‘ra Mareska jamoasining Chempionlar Ligasida “Barselona”ga qarshi o‘yini ham juda kuchli chiqdi – “Chelsi” 3:0 hisobida ispanlarni ham mag‘lubiyatga uchratdi. Hammasi bo‘lib jamoada barcha musobaqalarda 6 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya bor. “Chelsi”ning ayniqsa katta o‘yinlarda munosib o‘ynay olishini e’tiborga olsak, “Arsenal”ga oson bo‘lmaydi. Shu bilan birga intriga uchun ham mezbonlarning g‘alaba kerak, albatta. Agar mehmonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Arteta shogirdlari hozirdanoq 7 ochkolik farq bilan 1-o‘ringa joylashib olishadi. “Chelsi” yutadigan bo‘lsa, 3 ochkolik masofada “Arsenal”ga yaqinlashib oladi.  

“Arsenal”ning sport formasi ham, kayfiyati ham joyida. Agar Arteta shogirdlarining oxirgi mag‘lubiyatini qidirsak, yoz oylariga borib qolamiz. Demak bu o‘yin kuzning oxirgi kuni ekanini e’tiborga olsak, mabodo “Arsenal” mag‘lubiyatga uchramaydigan bo‘lsa, butun kuzni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Yevropadagi yagona jamoaga aylanadi. Kuchli beshlik nazarda tutilyapti albatta. Umuman jamoaning ancha muvaffaqiyatli seriyasi paytida ko‘pchilik taqvimning ham ta’siri borligini, o‘sha davrda “Arsenal” ancha kuchsizroq raqiblarga duch kelganini ham yozgandi. Mana shu haftaning o‘zida “Arsenal” qatorasiga “Tottenhem”, “Bavariya” va “Chelsi”ga qarshi o‘yinlar belgilangan, demak aynan shu hafta jamoaning haqiqiy kuchiga baho berishga asos bo‘lardi. Hozircha shubha qolmayapti, qiyin seriyaning dastlabki ikki o‘yinida 4:1 va 3:1 hisobida ishonchli g‘alabalar qayd etildi, endi navbat “Chelsi”ga. O‘zi umuman bu hafta Chempionlar Ligasida APLdan qatnashgan 6 jamoadan faqat ikkitasi g‘alaba qozondi – “Chelsi” va “Arsenal”.  

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda “Chelsi”ning “Arsenal”ga qarshi statistikasi juda yomon. APL doirasidagi oxirgi 11 o‘yinda “Chelsi” g‘alaba qozona olmayapti. Bu davrda ikki durang, 9 o‘yin “qizillarning” g‘alabasi bilan tugagan. Agar “Stemford Brij”dagi so‘nggi g‘alabani qidirsak, yanayam oldinroqqa ketamiz – “Chelsi” uyida “Arsenal”ni yutgan o‘yinda, ya’ni 2018 yilning avgustida (3:2) gollarni Alonso, Pedro, Morata, Mxitaryan va Ivobi kabi futbolchilar urgan. O‘sha o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan ertaga faqat Kepa maydonga tushishi mumkin, u ham endi “Chelsi” emas, “Arsenal” safida. Butunlay yangilanib ketdi jamoalar. 

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Chelsi”da yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Faqatgina Laviya navbatdagi jarohatini oldi va kamida ikki hafta o‘ynay olmaydi. Mehmonlar tarkibida esa Xavers va Gabriyel o‘ynamasligi aniq, Gabriyel Jyezusning esa mashg‘ulotlarga kirishgani aytilmoqda. Leandro Trossarning holati so‘roq ostida qolmoqda. 


Foto: Getty Images 

ROMA – NAPOLI (1 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Shu kuni nafaqat Angliyada, balki Italiyada ham peshqadamlar o‘rtasida o‘zaro to‘qnashuv bor. O‘tgan turda “Inter”ning qoqilishidan so‘ng yakka peshqadamga aylanib olgan “Roma” o‘z maydonida “Napoli”ni qabul qiladi. Rimliklar hisobida 27, 2-3 o‘rinlarni egallab turgan “Milan” va “Napoli”da esa 25 tadan ochko bor. 

Qiziq tomoni, “Roma” o‘zaro o‘yinda ikki asosiy raqibiga, ham “Inter”, ham “Milan”ga imkoniyatni boy bergan. Ammo boshqa o‘yinlarda maksimal ochko olmoqda va katta o‘yinlardagi mag‘lubiyat ham Gasperini shogirdlariga halaqit bermayapti. 9 g‘alabadan 7 tasida “Roma” o‘z darvozasini daxlsiz saqlagani ham jamoa ancha ishonchli o‘ynayotganidan darak beradi. “Napoli”ga qarshi o‘yin ham navbatdagi jiddiy sinov bo‘lishi kerak. 

“Napoli” so‘nggi ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi, lekin Antonio Konte jamoalariga xos bo‘lgan ishonch va xotirjamlik bu mavsum uncha sezilmayapti. Buning sababi, albatta, endi “Napoli” bir necha frontda to‘p surayotgani. O‘tgan chempionlik mavsumida aynan shu faktor, yevrokuboklarda ishtirok bo‘lmagani tufali Konte jamoasi ancha yuqori jismoniy holatda bo‘lgandi. Albatta, buni sezgan holda klub yozda ancha faol bo‘ldi, tarkibni kengaytirishga harakat qilindi. Lekin endi jarohatlar optimal tarkibni tushirishga doim halaqit qilib kelmoqda. Hozirda Gilmur, Spinatssola, Gutiyeres, Zambo-Angissa, de Bryoyne va Romelu Lukakular jamoaga yordam bera olishmaydi. Ularning har biri asosiy tarkib futbolchilari hisoblanishadi. Rimliklar safida esa Kuadio Kone yevrokubok o‘yinida jarohat olib almashtirildi va ushbu o‘yingacha tayyor bo‘lishi so‘roq ostida qolmoqda. Shuningdek, Artyom Dovbik yana kamida uch hafta sheriklariga yordam bera olmaydi. 

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Napoli” odatda bu stadionda ancha muvaffaqiyatli to‘p surib kelgan. So‘nggi 14 o‘yinning 6 tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, xuddi shuncha o‘yinni “Napoli” o‘z foydasiga hal qilib ketgan. O‘tgan yili esa “Roma” 90+2 daqiqada Anxelinoning goli evaziga (1:1) mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. Darvoqe, Anxelino ham bu o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Ispaniyalik himoyachi ikki oy oldin virusga chalingandi va qachon to‘liq tiklanishi ma’lum emas. 

Aytgancha, Italiya chempionati peshqadamlari sifatida doim “Inter”, “Milan”, “Roma” yoki “Napoli”ni ko‘p tilga olyapmiz-u, ortda “Bolonya” degan jamoa quvib kelayotganiga ham e’tibor qaratish lozim. Jamoa barcha musobaqalarda 12 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda va ayni paytda 24 ochko bilan 5-o‘ringa joylashib olgan. Ya’ni peshqadam bilan oradagi farq atigi 3 ochko va bu turda “Kremoneze”ni qabul qiladi. Demak agar g‘alaba qozonsa, “Bolonya” bemalol yuqoridagi uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan jamoani quvib o‘tishi va hatto kuchli uchlikka ham kirib olishi mumkin. 

BOShQA O‘YINLAR

29 noyabr. BAVARIYa – SAnkt Pauli (19:30), MANCheSTeR SITI – Lids Yunayted (20:00), BARSeLONA – Alaves (20:15), Monako – PSJ (21:00), YuVeNTUS – Kaliyari (22:00),Everton – NYuKASL (22:30), MILAN – Latsio (30 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), TOTTeNHEM – Fulhem (30 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00), ATLeTIKO – Oviyedo (30 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

30 noyabr. Kristal Pelas  – MYu (17:00), Piza – INTeR (19:00), ASTON VILLA – Vulverhempton (19:05), Vest Hem – LIVeRPUL (19:05), Jirona – ReAL (1 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version