Connect with us

Sport

«Liverpul»da ahmoqona qizil, «Real»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

Published

on


Seshanba oqshomida Ispaniya chempionatida 6-tur o‘yinlari, Angliya va Italiyada kubok bahslari o‘tkazildi.

Angliya: «Chelsi»ning kambeki va Isakning debyut goli

«Linkoln» – «Chelsi» 1:2

Gollar: Strit, 42 (1:0). Jorj, 48 (1:1). Buonanotte, 50 (1:2)

«Linkoln»: Jikok, Heymer, Darikva, Touler, Bredli, Monsma (Okoronkko, 85), Varfolomeyev (Beyliss, 71), Makgrendls, Haus (Hekkett-Feyrchayld, 71), Draper (Kollinz, 71), Strit (Obikvu, 71)

«Chelsi»: Yyergensen, Chaloba, Fofana, Xato, Gyusto, Fernandes (Kukurelya, 70), Santos, Buonanotte (Uolsh, 90+5), Garnacho (Estevan, 59), Gittens (Pedru Netu, 70), Jorj (Meuka, 70)

Ogohlantirishlar: Draper, 56. Haus, 63. Kollinz, 83 – Santos, 22. Fernandes, 54. Yyergensen, 90. Kukurelya, 90

«Chelsi» Angliya ligasi kubogining 1/16 finali doirasida uchinchi divizion vakili «Linkoln» mehmoni bo‘ldi va birinchi bo‘limni hisobda ortda qolgan holda yakunladi va ko‘pchilik turnirning o‘tgan bosqichida «MYu» «Grimsbi»ga yutqazib, turnirni tark etganini yodga oldi. Ammo xavotirlar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi va ikkinchi bo‘lim boshida londonliklar tezda vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi. Avvaliga Jorj jarima maydoni chizig‘i oldida o‘ziga kelib qolgan to‘pni bo‘ysundirib, olis burchak tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, ikki daqiqa o‘tib esa Buonanotteni golli pas bilan ta’minladi.

«Liverpul» – «Sauthempton» 2:1

Gollar: Isak, 43 (1:0). Charlz, 76 (1:1). Ekitike, 85 (2:1)

«Liverpul»: Mamardashvili, Gomes, Leoni (Kerkez, 81), Roberson, Frimpong, Endo, Jons (Bredli, 57), Noni, Ngumoxa (Danns, 75), Kiyeza, Isak (Ekitike, 46)

«Sauthempton»: Makkarti, Menning, Yyelert (Fellouz, 88), Kuarshi, Vud-Gordon, Edvards (Styuart, 88), Siyenza (Robinson, 62), Dauns, Yander (Charlz, 51), Armstrong, Archer (Dauns, 51)

Ogohlantirishlar: Ekitike, 53 – Archer, 45. Menning, 90+2

Chetlatish: Ekitike, 86 (ikkinchi sariq)

«Liverpul» uchun ham barchasi silliq kechmadi. Arne Slot bu o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirgandi, shu tufayli gurjistonlik darvozabon Mamardashvili hamda italiyalik 18 yoshli himoyachi Leoni «Enfild»da debyut qilishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Isak ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushdi, u «Nyukasl»dagi isyoni tufayli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan va hali kerakli formaga kirib olmagan. Undan mavsumni kuchli boshlagan Ekitikedan yaxshiroq ekanini isbotlash talab etiladi.

O‘tgan mavsum yakunida APLdan tushib ketgan va yozda qator yetakchilarini sotib yuborgach, yangi mavsumda chempionshipda 19-o‘rinda borayotgan «Sauthempton» kutilmaganda jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Mehmonlar kamida ikki bor Gomesning xatolari tufayli «Liverpul»ni jazolashi mumkin edi. Mezbonlar esa bo‘lim oxirida vaziyatlarni qadrlash bo‘yicha dars berishdi. Armstrong Mamardashvili ustidan oshirib yo‘llagan to‘p darvoza to‘siniga tegishidan bir daqiqa o‘tib qizillarning pressingi ostida darvozabon to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi, to‘pni egallab olgan Kiyeza darvoza qarshisida bo‘sh turgan Isakni golli pas bilan ta’minladi. Aleksander uchun bu yangi jamoasidagi ilk gol bo‘ldi, murabbiy esa hali 90 daqiqa o‘ynashga tayyor bo‘lmagan shvetsiyalik hujumchini tanaffusda zaxiraga oldi va uning o‘rniga Ekitikeni tushirdi.

Fransuz hujumchisi esa shu kuni amalda o‘z harakatlari bilan asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi. Avvaliga u 53-daqiqada sportga xos bo‘lmagan harakatlari bilan sariq kartochka oldi: hakamning qaroriga qo‘shilmasdan, to‘pni tepib yuborgani uchun.

76-daqiqada esa «Sauthempton» hisobni tenglashtirdi va «Liverpul» barchasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keldi.

Mezbonlar yana to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishdi va ayrimlar hissiyotlarini jilovlay olmadi. 85-daqiqada Kiyeza ancha orqadan uzun uzatma berdi, to‘pga ofsayddan qutulib qolgan Kiyeza yetib bordi va uni bo‘sh darvoza qarshisidagi Ekitikega yetkazdi, fransuz hujumchisi esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ammo futbolchi sariq kartochkasi borligini yoddan chiqarib, golni nishonlash chog‘ida futbolkasini yechib yubordi.

Shu zahoti Jyeremi Frimpong Ekitikening oldiga chopib keldi – uni tabriklash uchun emas, balki nima qilib qo‘yganini tushuntirish uchun.

O‘yin hakami Tom Bremell esa futbolchiga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va «Liverpul» ozchilik bo‘lib qoldi.

«Liverpul» g‘alabali hisobni saqlab qoldi, lekin Yugo endi kamida APLning navbatdagi turida «Kristal Pelas»ga qarshi o‘ynamaydi — Kubok o‘yinlaridagi diskvalifikatsiya APL uchun ham amal qiladi.

«Liverpul» futbolchilari sherigidan noroziligini ochiq bayon etishmoqda. Endryu Roberson o‘yindan keyin shunday dedi: «Uning to‘pni tepib yuborib olgan birinchi sariq kartochkasi – ahmoqlik edi. U buni esdan chiqarib qo‘ydi. Ikki ogohlantirish – va biz uni shanba kungi o‘yin uchun yo‘qotdik. Umid qilamanki, u bundan saboq chiqaradi va boshqa bunday qilmaydi».

Mersisaydliklar bosh murabbiyi Arne Slot ham hujumchining harakatlariga baho berishda ahmoqlik so‘zini ishlatdi: «Agar oldindan sarig‘i bo‘lmaganida ham bunday harakat ahmoqlik edi. Men eskicha odam bo‘lishim mumkin, ammo men ham bir qancha gollar urganman. Agar sen uch kishidan o‘tib kelib, to‘pni yuqori burchakka joylashtirsang, buni o‘z xizmating deb atashing mumkin bo‘lardi. Agar men uniki kabi [oson] gol urganimda, Kiyezaning oldiga borib, unga minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim».

Ekitike o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida uzr so‘radi: «Bugun Liga kubogidagi ilk o‘yinimda jamoamga o‘z uyida yana bir g‘alabani qo‘lga kiritishda yordam berishdan juda ruhlangan edim… His-tuyg‘ularim ustunlik qildi. Butun qizillar oilasidan uzr so‘rayman, bizni doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muxlislarga va ushbu g‘alaba uchun jamoadoshlarimga rahmat aytaman!»

Katta ehtimol bilan, u diskvalifikatsiyani o‘taganidan keyin ham boshlang‘ich tarkibga qayta olmaydi – Slot uni kechirishi uchun vaqt talab etiladi.

Ispaniya: Vinisius yana ilhom bilan o‘ynamoqda

«Atletik» – «Jirona» 1:1

Gollar: Unai, 9 (0:1). Xauregisar, 48 (1:1)

«Atletik»: Simon, Paredes, Lyaport, Boyro (Areso, 46), Gorosabel (Berchiche, 46), Vesga (Ruis de Galarreta, 46), Hauregisar, Sanset (Navarro, 81), Serrano (Berenger, 46), Inyaki Uilyams, Guruseta

«Jirona»: Gassaniga, Franses, Blind, Moreno, Rinkon (Kuruma, 86), Solis (Martines, 76), Xil (Asprilya, 76), Martin, van de Bek (Portu, 33), Unai, Vanat (Stuani, 86)

Ogohlantirishlar: Unai, 68. Martin, 90

Bilbaodagi o‘yinda basklar Niko Uilyams terma jamoa bazasidan jarohat bilan qaytishi ortidan boshlangan muvaffaqiyatsiz seriyaga barham berish uchun harakat qildi. U yo‘qligida «Atletik» Chempionlar ligasida va ichki birinchilikda uch o‘yinda gol urmasdan yutqazdi, u borligida esa chempionatni uch g‘alaba bilan ideal tarzda boshlagandi.

Ammo mezbonlar besh turdan keyin atigi bir ochko bilan turnir jadvali oxirida joylashgan «Jirona»ni ham yenga olishmadi. Kataloniyaliklar o‘yin startida mezbonlar uyushtirgan hujumlarni qaytardi va birinchi hujumidayoq Unaining rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushgan zarbasi bilan hisobni ochdi. Mezbonlarning uzoq kutilgan goli esa ikkinchi bo‘lim boshida, Hil o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘p yo‘qotishidan foydalangan Hauregisar uni yuqori burchakka aniq yo‘naltirishi orqali urildi. Shunga qaramay, maydon egalari muvaffaqiyatni rivojlantira olmadi. Ernesto Valverde jamoasida kichik inqiroz davom etmoqda, endi jamoa tur yakunlariga ko‘ra beshinchi o‘rinni ham boy berishi mumkin.

«Sevilya» – «Vilyarreal» 1:2

Gollar: Oluvaseyi, 17 (0:1). Sou, 51 (1:1). Solomon, 86 (1:2)

«Sevilya»: Vlaxodimos, Kastrin (Nyanzu, 54), Salas, Aspilikueta, Gudel (Karmona, 71), Sou, Suaso, X. Sanches (Mendi, 71), Yanuzay (Vargas, 59), Edjuke (A. Sanches, 55), Adams

«Vilyarreal»: Tenas, Marin, Veyga, Kardona (Parti, 84), Mourinio, Geyye, Komesanya (Pedrasa, 29), Parexo (Solomon, 84), Moleyro (Mikautadze, 69), Byukenen, Oluvaseyi (Pepe, 69)

Ogohlantirishlar: Gudel, 70. Oso, 90 – Geyye, 42. Pedrasa, 47. Marin, 85

Raqobatchilarning ochko yo‘qotishidan (to‘rtinchi o‘rindagi «Espanyol» ham «Valensiya» bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi) «Vilyarreal» unumli foydalandi. Shu bilan birga, «sariq sumbarinalar» uchun ham tur oson kechmadi va jamoa «Sevilya» bilan ochkolarni bo‘lishib olishi mumkin edi, ammo Marselino Toral zaxiradan futbolchi tushirishda topqirlik qildi. Mikautadze va Solomon uch kun oldin «Osasuna» bilan o‘yinda burilish yasagandi (2:1), bu safar esa ular «Ramon Sanches Pisxuan»dagi o‘yinda ham bosh rollarda bo‘lishdi. 86-daqiqada gurjistonlik hujumchi chiroyli harakatlari bilan himoyachilarni ortda qoldirdi va qulay vaziyatda ochilgan isroillik hujumchini golli pas bilan ta’minladi.

«Levante» – «Real» 1:4

Gollar: Vinisius Junior, 28 (0:1). Mastantuono, 38 (0:2). Etta Eyong, 54 (1:2). Mbappe, 64 – penalti (1:3). Mbappe, 66 (1:4)

«Levante»: Rayan, de la Fuente, Elhesabal, Pampin, Tolyan, Vensedor (Bruge, 65), Rey, Olasagasti (Arriaga, 65), Alvares (Morales, 74), Romero (Koyyalipu, 74), Etta Eyong (Losada, 74)

«Real»: Kurtua, Karreras (Alaba, 82), Hausen, Garsiya, Raul Asensio, Valverde (Tshuameni, 71), Sebalyos (Kamavinga, 82), Arda Guler, Vinisius Junior, Mastantuono (Bellinghem, 71), Mbappe (Rodrigu, 82)

Ogohlantirishlar: Elhesabal, 58 – Karreras, 54

Vinisius Junior boshlang‘ich tarkibga qaytdi va chiroyli gol urdi. Braziliyalik hujumchining butsasining tashqi qismida yo‘llagan zarbasidan keyin mezbonlar darvozabonida to‘p olis burchakka yo‘l olishini tomosha qilishdan o‘zga chora qolmadi. Vini bu golini o‘z uslubidagi raqs bilan nishonladi, shundan keyin hech qanday muammo yo‘qligiga ishora qilgan holda «Real» emblemasini o‘pib qo‘ydi (so‘nggi vaqtlarda u asosiy tarkibdan tushib qolganidan noroziligi va ketish haqida o‘ylayotgani haqida mish-mishlar tarqalgandi). Shu bilan birga, o‘yinni madridliklar uchun oson boshlandi deb bo‘lmaydi, «Levante» birinchi hujumidayoq gol urishi mumkin edi, ammo 3-daqiqada Romeroning, 13-daqiqada Adrian De La Fuentening qulay pozitsiyadan yo‘llagan zarbalariga biroz aniqlik yetishmadi.

Valensiyaliklar o‘tkazib yuborilgan goldan keyin ham hujumkor o‘yin namoyish etishdi, ammo «Real» futbolchilari, ayniqsa, Vinisius shu kuni maydonga katta ishtiyoq bilan tushgnadi. Braziliyalik futbolchi tanaffus arafasida dublni rasmiylashtirishiga sal qoldi (Rayan to‘pni oyoqlari bilan qaytarib qoldi), ammo u baribir ikkinchi golli harakatni amalga oshirdi va Mastantuonoga assistentlik qildi. Argentinalik yosh iste’dod «Qirollik klubi»dagi ilk golini nishonladi. Lekin bu faqat bir darvozaga hujum qilingan o‘yin emasdi va mezbonlar ikkinchi bo‘limda javob golini urdi, jamoa yozda «Vilyarreal»dan sotib olgan yosh hujumchi Etta Eyong mavsum boshidan buyon to‘rtinchi golini urdi, uning hisobida 3 ta golli assist ham bor.

Bu goldan keyin «Real» yana uyg‘ondi va o‘yin masalasini uzil-kesil hal qildi. Javob golidan o‘n daqiqa o‘tib Mbappe penalti ishladi va uni o‘zi aniq ijro etdi. Ikki daqiqa o‘tib fransiyalik hujumchi Arda Gulerning pasidan keyin darvozabon yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va dublini nishonladi. Mbappe mavsumning yetti o‘yinida urgan gollari sonini to‘qqiztaga yetkazdi, «qaymoqranglilar» ichki chempionatda olti o‘yinda olti g‘alabaga erishdi. Habi Alonso birinchi mavsumni ideal boshladi, «Real»da Vanderley Lushemburg davridan buyon bu qadar muvaffaqiyatli start bo‘lmagan, braziliyalik mutaxassis 2005 yilda mavsumni yetti g‘alaba bilan boshlagandi va bu natijani takrorlash uchun, Alonso shanba kuni Madrid derbisida ham g‘alaba qozonishi talab etiladi.

Italiya: Nkunku chiroyli gol bilan boshladi

«Milan» – «Lechche» 3:0

Gollar: Ximenes, 20 (1:0). Nkunku, 51 (2:0). Pulishich, 64 (3:0)

«Milan»: Menyan, de Vinter, Pavlovich (Odogu, 79), Tomori, Richchi (Fofana, 46), Loftus-Chik, Rabio, Bartesagi, Salemakers (Atekame, 61), Ximenes (Myul-Balentin, 68), Nkunku (Pulishich, 61)

«Lechche»: Fryuhtl, Ndaba, Zibert, Tiagu Gabriel, Tete Morente (Gallo, 57), Veyga, Berisha (Kulibali, 80), Helgason (Gorter, 46), Kaba (Perotti, 46), N`Dri (Kialonda Gaspar, 22), Kamarda

Ogohlantirishlar: Richchi, 35. Pavlovich, 70 – Kaba, 43

Chetlatish: Zibert, 18

Italiya kubogi 1/16 finali doirasidagi o‘yinda «Milan» raqib darvozasiga shiddatli hujumlar uyushtirdi va dastlabki o‘n daqiqadan so‘ng 3:0 hisobida oldinda borishi mumkin edi. Biroq, Loftus-Chikning zarbasini himoyachi chiziq ustida to‘xtatib qoldi, Rabioga gol urishga darvozabonning aqlbovar qilmas seyvi to‘sqinlik qildi, Nkunku esa bir yarim metr masofadan yo‘llagan zarbadan keyin to‘p ustunga tegdi. Lekin «Lechche»ning omad limiti ancha tez tugadi, muammolar esa tobora ortib bordi. 18-daqiqada mehmonlar Zibertning chetlatilishi tufayli ozchilik bo‘lib qolishdi, ikki daqiqa o‘tib esa Santiago Ximenes qanotdan uzatgan to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi.

Hammasi Massimiliano Allegrining rejasi bo‘yicha keta boshladi va endi asosiy intriga o‘yin qanday hisobda yakunlanishida qolgandi. Nkunku ikkinchi bo‘lim boshida «San-Siro»dagi ilk golini urib, hisobdagi ustunlikni oshirdi. Uning o‘rniga zaxiradan tushgan Pulishich esa muvaffaqiyatni davom ettirdi. Amerikalik hujumchi dam olish kunlari A Seriya doirasidagi o‘yinda «Udineze» darvozasiga dubl qayd etgan, shuningdek Fofanning goliga hammualliflik qilgandi, endi esa fransuz yarimhimoyachisi unga qarzini qaytardi. Fofana to‘pni qanotdan oshirib berdi, Kristian bir teginishda to‘pni yuqori burchakka yo‘lladi. Rossonerilar endi Italiya kubogining 1/8 finalida «Latsio»ga qarshi o‘ynaydi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi

Published

on


Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.

Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.

Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi

Published

on


Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi

Published

on


O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.

Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.

Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi

Published

on


O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.

Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.

Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Published

on


Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.

Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.

27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.