Jamiyat
Kun.uz ogohlantirgan XCM moliyaviy piramidasi o‘n minglab odamni chuv tushirdi. O‘zbekistonliklarni kim shilmoqda?
IIB xodimlari targ‘ib qilgan XCM platformasidan pul yechish to‘xtatildi – moliyaviy piramida “g‘alvirni suvdan ko‘tardi”. Oqibatda yana o‘n minglab o‘zbekistonlik aldandi. Xalqning cho‘ntagidan o‘marilgan pullar esa millionlab dollarni tashkil qiladi. Har safargi kabi moliyaviy piramidachilar yutdi, buning oldini olish kerak bo‘lganlar esa kuzatib turdi. Odamlarning oxirgi puligacha shilishni maqsad qilgan XCM esa yana yolg‘on ishlatmoqda.
Kun.uz ogohlantirgan XCM moliyaviy piramidasi odamlarni chuv tushirib ketdi: kutilgani kabi platformadan pul yechish bloklandi.
XCM qancha o‘mardi?
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi Kun.uz manbasiga ko‘ra, X Connection Media nomi ostidagi moliyaviy piramidaning O‘zbekiston bo‘ylab 300 ga yaqin ofisi ro‘yxatga olingan. Har bir ofis orqali kuniga kamida 10 kishi ushbu kompaniyaga a’zo bo‘lgan.
XCM faoliyati ham boshqa moliyaviy piramidalar kabi depozit qo‘yishga asoslangan edi. Buning uchun 7 ta daraja bosqichi ishlab chiqilgan. Masalan, X-C2 darajadan boshlash uchun 460 dollar to‘lash kerak bo‘lardi.
Oddiy hisob-kitob: 300 ga yaqin ofis orqali har kuni 3 ming kishi eng past daraja bo‘yicha 460 dollardan depozit qo‘yib, XCM’ga qo‘shilgan bo‘lsa, bu kuniga taxminan 140 ming dollar degani. XCM O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon faoliyat yuritgan. Dekabr oyi boshiga kelib esa u yopildi. Platforma 10 oy faol ishlagani va unga 40 ming dollarlab pul tikib, aldanib qolganlar ham borligi hisobga olinsa, ushbu moliyaviy piramida orqali o‘zbekistonliklardan qancha pul o‘marilganini chamalab ko‘rish qiyin emas. Ha, bu summa millionlab dollarni tashkil qiladi.
“68,8 dollardan to‘lang”
Sayti Kanada davlatida Singapur uyali aloqa raqami orqali ro‘yxatga olingan XCM platformasi navbatdagi yolg‘on orqali unga a’zo bo‘lganlarni oxirgi tiyinigacha shilib olmoqda. Gap shundaki, platformada pul yechish bloklab qo‘yilgach, uni ochish uchun 68,8 dollardan to‘lash talab etilyapti. Ushbu mablag‘ni to‘laganlarning balans va qo‘ygan depoziti esa nolga tushib qolmoqda.
“XCM’ga aloqador barcha guruh va chatlar yopib qo‘yildi. Kompaniya menejerlari pulini so‘raganlarga faqat bir xil mazmunda xabar yozmoqda. Ya’ni platforma yaqin kunlarda O‘zbekiston banklariga ulanishi va a’zo bo‘lganlarga to‘lovlar kriptovaluta emas, so‘mda to‘lanishini aytishmoqda. Ayrim hollarda esa pul yechishni ochish uchun 68,8 dollar talab qilishyapti. Buni to‘lab ko‘rganlar ham bo‘ldi. Ammo shu zahoti balans va depozitlari nol bo‘lib qolganini aytishdi”, deydi Kun.uz’ga platformaga aldanganlardan biri.
Shuningdek, XCM ortida turganlar a’zo bo‘lganlarga apk fayllar jo‘natib, ularning bank kartalaridan pul yechib olish holatlari ham kuzatilmoqda.
Qonuniylik “niqobi”
O‘zbekistonda odamlarga XCM kabi moliyaviy piramidalar faoliyatini go‘yoki qonuniy qilib ko‘rsatish juda oson: kompaniya nomi bilan bog‘liq firma davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va uning guvohnomasi ko‘rsatiladi. Odamlar esa “Ha, mana, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ekan”, deya ishonib ketaveradi.
Masalan, “powerbank ijarasi”dan daromad olishni taklif qilgan “Parker” moliyaviy piramidasiga ham minglab odam aldangan. O‘shanda Oxunjon Jo‘rayev ismli shaxs “PARKER SHARED TECHNOLOGIES” MChJni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandi. MChJ tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish bilan shug‘ullanishi qayd etilgan.
Ayni paytda esa ushbu MChJ faoliyati tugatilgan.
Yoki video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan Whats moliyaviy piramidasini olaylik. Ushbu platformaga odamlarni ishontirish uchun ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Whats” nomidagi xususiy korxona guvohnomasi tarqatilgan.
Hujjat bo‘yicha “to‘lovlarni yig‘ish bo‘yicha agentliklar va kredit byurolari faoliyati” bilan shug‘ullangan ushbu xususiy firma ham hozirgi kunda tugatilgan.
Ayni shu shaklda XCM, ya’ni X Connection Media moliyaviy piramidasi uchun ham uning nomida MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu – “X Connection Media Plyus” MChJ bo‘lib, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga atigi 12 kun bo‘lgan.
MChJning yagona ta’sischisi va rahbari Nazarov Sherzod Shuhratovich. Faoliyat turi sifatida boshqa toifalarga kiritilmagan shaxsiy xizmatlar ko‘rsatilgan.
XCM’ga oid guruh va chatlarda Sherzod Nazarovning video lavhasi tarqatilgan. Unda Sherzod Nazarov O‘zbekistonda XCM faoliyati kuchayishi, shuning uchun hech ikkilanmasdan ishonib, ishlashni davom etish kerakligi haqida gapirgan.
“Bugun biz axborot markazi bilan ulandik. Endi bizning kompaniyani maqtashadi. Bundan buyon reklamalar qilishadi, hammasini gaplashdik. 3-4 kunda yangiliklar chiqadi, qanaqa kompaniya ekanini va barcha informatsiyalarni yetkazdik, hujjatlar hamda litsenziyani olib borib ko‘rsatdik. Ular bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Hammangiz harakat qilaveringlar, jamoalaringizni to‘ldiringlar, hammasi yaxshi bo‘ladi. XCM O‘zbekistonda yanada rivojlanadi”, degan u.
Sherzod Nazarov unga yozganlarga ham XCM yopilmasligini, sabr qilib, vazifalarni bajarishni aytib kelgan.
“O‘lganning ustiga tepgan”
Kun.uz avvalroq XCM moliyaviy piramidasi va uni “organ” xodimlari targ‘ib qilayotgani haqida surishtiruv tayyorlagandi. IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat yuzasidan rasmiy axborot berib, XCM platformasi orqali respublika hududida pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat amalga oshirilgani, bu orqali jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazilgani holati bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda surishtiruv harakatlari olib borilayotganini bildirdi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining ushbu platformani targ‘ib qilishida ishtiroki bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangani ma’lum qilindi. Ammo haligacha surishtiruv harakatlari yoki tayinlangan xizmat tekshiruvlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilmadi.
Faqat Farg‘ona viloyati IIB XCM moliyaviy piramidasi bo‘yicha nimadir qilishga urindi: uni tashkil qilganlar emas, XCM’ga a’zo bo‘lganlarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘ab, sudga chiqardi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bergan.
“Joriy yilning sentabr oyida Farg‘ona viloyatida yashovchi 3 nafar fuqaro qonunga xilof ravishda kriptoaktivlar bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirib kelgani ma’lum bo‘ldi. Ular XCM platformasi orqali moliyaviy piramida a’zosiga aylanib, ushbu moliyaviy piramida orqali qonunga xilof ravishda topayotgan pul mablag‘larini Binance kriptobirjasidagi elektron hamyonlardan foydalangan holda o‘zlarining hisob raqamlariga tushirib olganlar. Ular tushirib olgan pul mablag‘lari 1000 dollardan 3 ming dollargacha bo‘lgan kriptoaktivlarni tashkil qilmoqda.
Shundan so‘ng ushbu fuqarolar Binance kriptobirjasiga o‘zlarining bank kartalarini ulagan holda qonunga xilof ravishda topilgan pul mablag‘larini legallashtirib olgan. Holat yuzasidan mazkur fuqarolarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda javobgarlikka tortish uchun sud organlariga yuborildi”, deyiladi axborotda.
To‘g‘ri, qonunga xilof ravishda kriptoaktivlar bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Aslida, IIB bunday javobgarlik borligini XCM platformasi paydo bo‘lgan paytdayoq aytib, targ‘ibot qilganida samaraliroq bo‘lardi. Hozirgi holatda jabrlanuvchi maqomidagi, ya’ni o‘zi moliyaviy piramidaga aldanib qolgan odamni javobgar qilish “o‘lganning ustiga tepganday” gap. Agar moliyaviy piramidani tashkil qilganlar emas, unga a’zo bo‘lganlar javobgarlikka tortilsa, buni o‘n minglab kishiga, jumladan, XCM a’zolari orasida bo‘lgan 200 nafarga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlariga ham qo‘llash kerak bo‘ladi. Chunki, ular ham ushbu moliyaviy piramidadan pul mablag‘larini Binance kriptobirjasi orqali o‘z hisob raqamlariga tushirib olishgan.
“Men kuyib qolmasam bo‘ldi”
Kun.uz tahlillari va kuzatuvlari odamlar XCM kabi platformalarga uning moliyaviy piramida ekanini bilgan holda ham qo‘shilayotganini ko‘rsatmoqda. Gap shundaki, har qanday moliyaviy piramida faoliyat boshlagan davrda ishonchga kirish uchun yig‘ilgan pulning ma’lum foizi a’zolarga qaytariladi. Buni esa ko‘pchilik biladi. Ammo “men kuyib qolmasam bo‘ldi, tikkan pulimni ortig‘i bilan chiqarib olishga ulgaraman”, degan fikr moliyaviy piramidalar tegirmoniga suv quyadi.
Halol va harom tushunchalari quyi pog‘onaga tushganda “Mendan keyin qo‘shilgan odamning haqqini olyapman-ku, ular kuyib qolsa maylimi?” degan vijdon so‘rog‘i chetga chekinadi.
O‘zbekistonliklarni kim shilmoqda?
Oxirgi ikki yilda O‘zbekistonda o‘nlab moliyaviy piramida “palak yozdi” va odamlarning millionlab dollar pulini o‘mardi. Powerbank ijarasini taklif etgan “Parker”, video ko‘rish orqali pul topishni targ‘ib qilgan HNK, Whats va Aif, tabiat g‘amxo‘ri niqobidagi “Blue culture”, sovg‘a ulashuvchi “Dari poluchay” kabilar shular jumlasidan.
Aldash uslubi, sayt ko‘rinishi va boshqa jihatlariga e’tibor qaratilsa, bularning ortida bitta jinoiy guruh turgan bo‘lishi mumkinligi haqida shubha tug‘iladi. Negaki, biri yopilsa, o‘rniga boshqasi ochiladi. Va har biri odamlarni millionlab dollarga chuv tushira olgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Jamiyat
Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarining bir qismida elektr ta’minoti qayta tiklandi
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Foto: Energetika vazirligi
Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik yuz berishi oqibatida poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kelib chiqqani xabar qilingandi.
FVV xabariga ko‘ra, “svet” o‘chishi oqibatida Chilonzor tumanida joylashgan Dream Park istirohat bog‘idagi «Charxpalak» attraksionida qolib ketgan fuqarolar xavfsiz joyga tushirib olingan.
Xabar qilinishicha, ayni paytda Energetika vazirligi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati podstansiyada bo‘lib, ular tomonidan nosozlikni tiklash ishlari nazoratga olingan.
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat sababli oila mamlakatni tark eta olmagan. Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun ular jarimaga tortilgan.
BAAda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oila O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Qayd etilishicha, P.G. va uning farzandi A.Z. 2025 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAning Dubay shahriga borgan.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli 2026 yil yanvarida O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilgan. Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat tufayli ular mamlakatni tark eta olmagan.
Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun oila vakillari jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Dubay immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ularning mamlakatni jarimasiz tark etishiga ruxsat olindi.
Ushbu oila a’zolari uchun 26 iyun kuni “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi hamda ularning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Jamiyat
Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.
27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.
Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi
Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
