Dunyodan
Kreml nihoyat haqiqatni tan oldi – bu to’rt yarim yil davom etdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiya”ni ilk bor urush deb atadi. Tahlilchilarning yozishicha, Kremlga bu haqiqatni anglash uchun to‘rt yarim yil kerak bo‘lgan.
“Ha, urush, haqiqiy urush bo’lyapti. Bilasizmi, nima uchun urush boshlandi? Hammasi maxsus harbiy operatsiya sifatida boshlandi. U urush bo’lib davom etmoqda, chunki Kiyev ortida Berlin, Parij, Gaaga, Oslo va afsuski, Vashington turibdi”, – dedi D.Peskov “Vesti” dasturiga bergan intervyusida.
Kreml soʻzlovchisiga koʻra, Gʻarb davlatlari Ukrainaga Rossiya nishonlariga hujum qilishda yordam bermoqda va bu maqsadda sunʼiy yoʻldosh infratuzilmasi ham safarbar qilinmoqda. Peskov, shuningdek, Ukraina hukumati hozirgi vaziyatda “hamma narsaga tayyor”ligini aytdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya qo‘shinlari 2022-yil 24-fevralda Ukraina hududiga bostirib kirib, keng ko‘lamli urush boshlagan. Ammo prezident Vladimir Putindan tortib Moskvadagi yuqori martabali amaldorlargacha hamma Ukraina urushini shu nom bilan tilga olish o‘rniga “maxsus harbiy amaliyotlar” atamasini ishlatmoqda.
O‘tgan to‘rt yil ichida Ukrainadagi qon to‘kilishini urush deb atagan yuzlab odamlar jarimaga tortildi.
Rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnovning ta’kidlashicha, Rossiya rahbariyati maxsus harbiy amaliyotlarni urush deb tan olishi uchun to’rt yarim yil kerak bo’ldi.
O‘zbekistonlik siyosatshunos Otabek Akromov Kreml siyosiy ritorikasining o‘zgarishi sababini tushuntirdi.
“Menimcha, bu Kreml uchun yangi asos yaratishga urinish, chunki “Ukrainaga qarshi maxsus operatsiya” va “butun Gʻarb olamiga qarshi urush” oʻrtasida katta siyosiy va psixologik farq bor.
2022-yil fevralidan beri faol urush olib borayotgan Rossiya hozirda tinchlik takliflariga quloq solmayapti.
Avval xabar qilinganidek, 6-iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga raketa va dron yordamida ommaviy hujum uyushtirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 46 kishi jarohatlangan. Ular orasida besh nafar bola ham bor.
Yevropa maxsus agentligi so‘nggi kunlarda Ukrainaga qarshi urushda muvaffaqiyat qozona olmagan Rossiya Federatsiyasi NATO davlatlariga qarshi provokatsion harakatlar qilishi va vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.