Mahalliy
Ko‘zi to‘q odamning yashash falsafasi yoxud mulkdan bosh tortish quvonchi…
Oshxonamda bir idish bor, ko‘k shishali, meva soladigan idish. Uni hayotimizning qiyin kunlarida bir onaxon bergandi. U paytda bolalarimiz kichkina, ishimizning tayini yo‘q, qornimizni amallab to‘ydirgan davrlar edi. Onaxon meni o‘sha lahzalarda mana shu bir oddiy idish bilan quvontirgandi. Oradan yillar o‘tdi, keyinchalik ko‘plab meva soladigan idishlar sotib oldim, ba’zilari sinib yo‘q bo‘lib ketdi, ba’zilari ishlatilmay oshxona javonida terilib turdi. Lekin mehmon kelsa ham, kundalik hayotimda ham mana shu ko‘k shisha idish doimo xizmatimda bo‘ldi… Har gal uni qo‘limga olganimda, o‘sha ayol — kamtar, tozalikni yaxshi ko‘radigan onaxon ko‘z o‘ngimda gavdalanadi.
Foto: shaxsiy arxiv (o‘sha ko‘k idish)
Esse ko‘k idish haqida emas…
Shaharda hayot shoshqaloq. Har qadamda reklamalarga ko‘zing tushadi: “Shu divanni olsang, uying uyday bo‘ladi!”, “Yangi telefon senga baxt olib keladi!”, “O‘zingga eng yaxshi narsalarni ravo ko‘r, shunda seni odamlar hurmat qiladi!” Ularning har biri go‘yo baxtni katta qopda tutib, eshik oldida turgandek. Biz ham shoshib, shu baxtni sotib olishga urinamiz. Har bir yangi buyum go‘yo yangi hayotning kalitidek. Aslida-chi, bu buyumlar bilan birga uyimizga yana nimalar to‘planadi?
Ortiqcha chang, tig‘iz joy, bu ko‘zga ko‘rinmas zulm emasmi? Chunki buyumlar vaqtimizni, e’tiborimizni va quvvatimizni yutadi. Har bir buyum hayotimizdagi bir bo‘lak vaqtni tortib oladi. Masalan ularni tozalash uchun sarflangan daqiqalar, bir kiyimni tanlash uchun ketkazilgan asab, gadjetlar uchun sarflangan soatlar. Va bizning hayotimizning qanchadan qanchasi buyumlar orasida “adashib” ketgan ekan-a?
Nimadir yetishmayapti…
Netflix kompaniyasi tomonidan ishlangan “Minimalistlar: Hozir kamroq va yaxshiroq” hujjatli filmi minimalist turmush tarzi mashhurligining ortib borayotganiga oydinlik kiritadi.
Ko‘rsatuv ishtirokchilari minimalistlar Joshua Filds Milbern va Rayan Nikodim minimalizm hayot tarziga qanday ega bo‘lganlari haqida hikoya qiladi.
Joshua Milbern va Rayan Nikodim xira yoritilgan kinostudiyada dastlab minimalizmgacha bo‘lgan hayotini ko‘rsatishadi. Kirish hujjatli filmga o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi, chunki ikki kishining qiziqarli hikoyalarisiz film shunchaki bashoratdan iborat bo‘lib qolar edi.
Joshua Milbern kulrang kostyum kiyib, o‘zini juda obro‘li ishdan tortib ajoyib kvartiraga qadar hamma narsaga ega qilib ko‘rsatadi. Lekin, qovog‘ini solib, to‘xtab qoladi. Nimadir yetishmayapti — Milbern haqiqatan ham baxtlimi?
Onasining o‘limidan keyingina u bu narsalarni yig‘ish baxtning kaliti emasligini tushunadi. U sahnalashtirilgan uyiga qadam qo‘yadi — befoyda, esda qolmaydigan narsalar bilan to‘ldirilganligini ko‘radi, pul yig‘adigan cho‘chqachadan tortib kumush idishlargacha.
Hujjatli film mezbonlarning hayoti haqida so‘zlaydi, ammo filmning asosiy g‘oyasi Milbern va Nikodim minimal hayot tarzining qulayligini tomoshabinga yetkazish. Ya’ni ular qimmat uylar, brend kiyimlar va yaxshilikni unutib qo‘yish kabi “charchaydigan hayot”dan qanday voz kechishganini so‘zlaydi. Oxirida minimalist turmush tarzini olib borish usullari keltirilgan, masalan, kuniga bitta — keraksiz deb hisoblagan narsalarni tashlab yuborish…
Ha, hayotimizning ko‘p qismi xarid qilish va sotib olishga sarflanadi. Ha, aynan mana shu imkon qadar ko‘proq narsalar to‘plash baxt tuyg‘ularini osongina yo‘qotishimizga sabab bo‘ladi.
Agar odamlar hamma narsadan voz kechsalar, hayot qanday bo‘lar edi?
“Minimalizm” degani faqat xonadagi divan bilan shkafni sotib yuborish va xonanini bo‘shatish emas — bu dunyoqarashni yangilash! Kamroq narsaga ega bo‘lib, ko‘proq hayotni his qilish, insonlarni va vaqtni qadrlash demakdir.
Har kuni yangi kiyim, yangi gadjet, yangi xohish… Lekin shu shovqin ichida ko‘pchilik chindan ham nimani xohlashini unutib qo‘ygan. Bir tomonda ortiqcha narsalar botqog‘iga cho‘kkan odamlar, ikkinchi tomonda shularning yarmiga ham erisha olmaganlar. Shunda minimalizm nafaqat oddiylik, balki ortiqcha narsadan voz kechib kimningdir ehtiyojini to‘ldirish ekanligini his qilasan.
Minimalizm — bu “hamma narsadan voz kechish” emas. Bu nafaqat joyingni, balki ongingni ham ortiqcha o‘y-xayollardan, yukdan tozalash. Minimalizm “menga shundan boshqasi kerak emas”, “Shunisi ham yetarli” degan qaror. Aslida bu so‘zning bizda ham muqobili bor, shukr va qanoat, ko‘zi to‘qlik. Demak, minimalizm yo‘lini tanlagan odamni biz bemalol ko‘zi to‘q odam desak ham bo‘ladi.
Axir moddiy buyumlar soni kamaygan sari, inson qalbida boshqa narsalar uchun joy ochiladi: sukut, nafas olayotganingni his qilish, fikrlash va ichki xotirjamlik. Bu oddiy, ammo g‘oyat qimmatbaho ne’matlar bizga oddiy hayot yo‘lini tanlashimiz orqali beriladi.
Oddiylikni istash jamiyatga qanday ijtimoiy ta’sir qiladi?
Agar ko‘pchilik “kamroq istash” g‘oyasini qabul qilsa, isrofgarchilik kamayadi, muhtojlarga resurslar yetadi, tabiat nafas oladi. Aslida minimalizm shaxsiy emas, ijtimoiy inqilob ham.
Xonangizda jim o‘tirgancha atrofni kuzating. Har tarafda narsalar: bir marta kiyilgan liboslar, “bir kuni kerak bo‘lar” deb saqlangan idishlar, chang bosgan kitoblar – qadrsizlangan mulk. Har biri go‘yo sizga qarab turibdi, lekin birortasi hech narsa bermayotgandek. Minimalistlarning ko‘pchiligi shunday hislarni boshidan kechirishgan va hashamatli hayotni ortda qoldirib, shkaflarini bo‘shatishgan, keraksiz buyumlarni hadya qilishgan va shunda ilk bor chuqur nafas olishgan.
Joshua va Nikodim aytganidek: “Oldingi hayotni — narsalarni yig‘ishni to‘xtatganimizda, bu hayot bizga “so‘zlay” boshladi”.
Foto: The Minimalists ikki chekkada Joshua Milbern va Rayan Nikodem
Gap Joshua Milbern va Rayan Nikodem haqida ketayotganini esdan chiqarmaylik. Joshua bilan bog‘liq kurtka voqeasi qanchadan-qancha odamlarning turmush tarzini o‘zgartirmadi deysiz. Voqea mana shunday syujetdan iborat. Bir kuni ko‘chada notanish odam Joshuaning kurtkasini ko‘rib: “Voy, bu juda zo‘r ekan!” deydi. Minimalist esa o‘ylamay turib, javob berdi: “Aslida bu mening mulkim emas — bu vaqtincha ustimda turgan buyum xolos.” Va u kurtkani yechib notanish odamga berib yuboradi. Bu juda kichik, lekin juda kuchli lahza bo‘lgan. Chunki uning uchun bu kurtka endi mulk emasdi, balki bir paytda zarur bo‘lgan buyum. Qolaversa bu harakati unga mulkdan bosh tortish quvonchini his ettirgan. Va bu voqea butun falsafaning ramziga aylangan.
Joshua keyinchalik shunday izoh bergan: “Bizning jamiyatda mulk odamni himoya qiladi, kuchli ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz. Aslida esa mulk odamni bog‘lab qo‘yadi. Bir narsani hadya qilgan paytingda sen mulkdan emas, unga bog‘liqlikdan ozod bo‘lasan.”
Joshua uchun ham bu kurtka shunday narsa edi. U hadya qilganida, nafaqat bir odamni quvonch berdi, balki o‘zini ozod qildi. Bu voqea keyinchalik uning ma’ruzalarida “Giving as Freedom” (Hadya bu erkinlik) shioriga aylandi. Qanchadan-qancha odamlar ortiqcha narsalaridan voz kechishga, hadya qilishga o‘rgandi. Hayotimizdagi ichidagi eng oliy ne’mat boshqalarga bera olgan mehrimiz emasmi?
Masalan ortiqcha kiyimlarni kimgadir hadya qilsangiz ehtiyojmand uchun quvonch, bir texnika boshqa bir xonadon uchun qulaylik.
Oddiy hadya ham ba’zan kimgadir “men ham muhimman” degan hisni beradi. Chunki biz moddiy boylikka cho‘mganimiz sari, qalbimiz torayadi. Aslida esa haqiqiy boylik — ortiqchasini ulashishda.
Ko‘p odamlar minimalizmni faqat bo‘sh xona, oq devorlar, minimal mebel va intererlar bilan bog‘laydi. Lekin men uchun minimalizm oddiy bir ko‘k shisha idish, shunchaki xotira emas, balki hayotiy falsafa. Ya’ni qancha kam narsaga ega bo‘lsak shuncha ko‘proq yaxshilik qilish imkonimiz bo‘ladi.
Menga idish bergan ayol xonadonida ortiqcha narsa saqlamasdi. Uyi hamisha havodek toza va ozoda ko‘rinardi. Hozir anglayapmanki, u o‘zi bilmagan holda nafaqat ozoda yoki kamtarona, balki minimalizm g‘oyasida yashagan ekan. U menga qilgan kichkina hadyasi orqali g‘oya ham bergandi: boring bilan bo‘lish…
Minimalizm bu nafaqat ko‘p narsalarni istamaslik, oz narsalarga qanoat qilish balki, in’om qilish madaniyati. Kamroq narsa bilan ko‘proq nafas olish hissi.
Har safar ko‘k idishni ko‘rsam o‘sha onaxonni eslayman, hozir yanada tiniqroq xotirlayapman u o‘shanda: “Ortiqcha narsalarni yig‘ishni xohlamayman, yuk bosib turgandek bo‘ladi, ortiqcha narsa qo‘limga ilinsa birovga ulashgim keladi, narsa to‘plashga hushim yo‘q…” degandi.
Shisha idish ham, Joshua Milbern hadya qilgan kurtka ham – bu oddiy buyum emas. Ya’ni uy ichi havodek yengil, bo‘m-bo‘sh onaxon ham, kurtkasini notanish odamga bergan Joshua ham bir xil hayot falsafasini tanlagandi — minimalizmni. Bu falsafa narsalarni yo‘qotish emas, balki oz narsa orqali ko‘proq qiymat yaratish haqida. Ularda bitta umumiy ma’no bor: qo‘lingdagi ortiqchani ulash, yengil nafas ol.
Ortiqcha buyumlarni to‘plash ko‘zga ko‘rinmas yuk. Ana shu yerda biroz to‘xtab tin oling, siz o‘sha ortiqcha narsalar uchun ko‘p pul ishlab topishni istamayapsizmi?
Har birimizda “ko‘k shisha idish” bor, uni topish o‘zingdagi ortiqcha buyumni ko‘rish, uni ulashish esa va yengil nafas olishni qayta o‘rganish demak. Minimalizm shunday go‘zal va shunday sodda falsafa.
Barno Sultonova
Mahalliy
Maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).
Nizomga ko‘ra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.
Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda o‘quvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.
Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.
Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.
Nizom bilan tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.
Jumladan, dars soatlari 17-sentabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy
Rektor lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha dastur yo‘lga qo‘yiladi – Hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasining joriy iyl 16-apreldagi «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 177-son qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi:
30 yoshga to‘lgan;
kamida magistr akademik darajasiga ega;
oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan .
Dastur tinglovchilarida quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi:
akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
sun’iy intellekt va raqamlashtirish;
strategik boshqaruv va transformatsiya .
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSh) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Mahalliy
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari sanasi e’lon qilindi
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Imtihonlar jadvali quyidagicha:
9-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 1- iyun
Matematika — 4-iyun
O‘zbekiston tarixi — 8-iyun
Jismoniy tarbiya — 1–6-may
11-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 2-iyun
Matematika (asosiy / chuqurlashtirilgan) — 5-iyun
O‘zbekiston tarixi — 9-iyun
11-sinf — tanlov fanlar (barcha bitiruvchilar uchun majburiy):
Fizika, kimyo, biologiya, geografiya, davlat huquq asoslari, ona tili va adabiyoti (qardosh tillar), tet tili — 12-iyun va 15-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
(O‘quvchi 2 ta tanlov fan tanlaydi: 1-fan 12-iyunda, 2-fan 15-iyunda o‘tkaziladi)
Mahalliy
Agrar universitetda 3 yillik ta’lim joriy etiladi
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab agrar oliy ta’lim muassasalarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Hujjatda 2030-yilga qadar universitetni xalqaro reytinglarning top-500 taligiga kiritish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hajmini 3 baravarga oshirish va akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 4 baravar ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, yangi ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarni bozor talablariga mos kadr sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Yangi tizimga ko‘ra, o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich amaliyotga yo‘naltiriladi. Birinchi kursda darslarning 60 foizi nazariy, 40 foizi amaliy bo‘ladi.
Ikkinchi kursda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tenglashtirilib, har biri 50 foizni tashkil etadi. Uchinchi kursda esa asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan bo‘lib, 70 foiz amaliy, 30 foiz nazariy darslardan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun o‘qish jarayonidan ajralgan holda 4 oylik uzluksiz dual ta’lim joriy etiladi.
Qarorda universitetning xalqaro nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim sifatini global standartlarga moslashtirish rejalashtirilgan.
Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish orqali universitetning moliyaviy barqarorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mahalliy
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tuziladi
Ilm-fan salohiyati yanada oshiriladi. «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
– Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
– Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Siyosat5 days agoHindiston kompaniyasi Namangan viloyatidagi loyihaga 50 million dollar sarmoya kiritdi
-
Siyosat4 days ago
Shahboz Saidxanov Turizm qo‘mitasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi
