Mahalliy

Ko‘rgazmabozlik soyasidagi bayram yoxud sahnadan haydalgan bolalar

Published

on


— O‘-o‘, bor, chetga chiq, sahna «chegarasi»dan o‘tma. O‘zi shunday-da ham sahna gilami oyoqlar tala-to‘pidan abjag‘i chiqdi. Bor, bor, nariroqqa o‘yna!— Navro‘z bayram dasturi tashkilotchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerda to‘shalgan gilamga chiqib, raqsga tushayotgan bolajonlarni turtkilab chetga surib chiqarishi birpasda ularning yuzidagi zavq-shavqniyam uchirib yubordi.

— E-e, bayraming bilan, xo‘pmi? Shunaqa siltaydimi bolani?!

— Gilaming toza bo‘lsayam, mayli edi. Bola-da, o‘ynaydi-da!

— O‘zi bayramni kim uchun qilyapsan, bor-e, o‘sha…! — deya bir nechta xotin-xalajlar jovrashib, sahna oldidan bolalariniyam olib, qo‘l siltab ketishdi.

Sahna oldidan haydalgan bolalar

To‘g‘ridan-to‘g‘ri yerda to‘shalgan yashil katta gilamda «Navro‘z» sayli tomoshasi. Shou-dasturi boshlangan. Sahna milliy an’ana va urf-odatlar aksi tushirilgan ko‘rgazmalar bilan bezangan. Sahna o‘rtasida esa sumalak ramziy qozonda «qaynab» turibdi. Atrofida ramziy kapkir tutgan odamlar fonogrammada qo‘shiq va laparlarni, go‘yo, avjga mindirishgan. Milliy o‘yinlar esa faqat ssenariyda. Amalda zamonaviy qo‘shiq va raqslar. Estrada xonandalari biri qo‘yib, biri oladi. Orada xorij musiqalari ham yangraydi: yoshlar almoyi-aljoyi raqslarga tushishgan, bolajonlar esa qanday musiqa ekanini farqlashmay, zavqlanishadi. Raqslar avjida bolajonlar sahna gilami «chegarasi»ni bosib qo‘yishgani uchun tashkilotchi chetga surib, o‘dag‘aylamoqda. Ota-onalar tajang. Sahna oldidan haydalgan bolalar esa xarxashada…

Hisobot uchun tashkil qilingan bunday sahna chiqishlari  asl Navro‘z haqida yosh avlodga betakror taassurot qoldirmasligi ayon. Bu holatni kuzatib, dilimiz bir qadar og‘riydi. Negadir, hammamiz yaxshi bilsak-da, ssenariyli tomoshalardan to‘xtamaymiz.

Navro‘z — xalqimiz hayotida yangilanish, tabiat uyg‘onishi va odamlar qalbini birlashtiruvchi bayram sifatida nishonlanib keladi. Qadimda Navro‘z katta sahnalardan yoki rasmiy konsertlardan boshlanmagan. Bayram oddiy mahallalarda, qo‘shnilar orasida boshlangan. Ayollar va bolalar birga sumalak qaynatgan, erkaklar hashar qilib, ko‘cha va hovlilarni tozalagan, yoshlar milliy o‘yinlar uyushtirgan. Kechga borib esa qo‘shiq, lapar va raqslar bilan bayram davom etgan.

Ammo, bugungi bayram dasturlarini kuzatib, Navro‘z haqiqiy milliy qadriyat sifatida yashayaptimi, u o‘zining asl ruhini saqlab qoldimi yoki u sahnaviy shou va ko‘rgazmali tadbirlarga aylanib bormoqdami, degan savollar tug‘iladi. Asosiy maqsad Navro‘zni tomosha sifatida nishonlashmi yoki uning haqiqiy ma’nosini saqlab qolishdami?

Ko‘rgazmabozlik soyasida…

«Bizning yoshligimizda Navro‘z yasama sahnalarda emas, odamlar orasida bo‘lardi. Keng dalalarda, lozim bo‘lsa, yaylovlarda o‘tkazilardi. Qozonlarda sumalak qaynar, halisalar pishirilar, mahallalar ahli birlashardi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishardi. Bu bayramning go‘zalligi esa odamlarning dasturxon atrofida o‘tirib, bir-birini duo qilishda edi. 

Bu qadriyatlar qishloqlarimizda hozir ham bor. To‘g‘ri, tomoshalarning bugun katta-kichik sahnalarda ramziy ashyolar bilan o‘tkazilayotgani biroz erish bo‘lsa-da, soz-navolar har joy har joyda yangrab turibdi. Ammo, bolalar zavqu-shavqiga go‘yoki, ssenariy tomoshalarini «buzib» qo‘ygan sifatida qarash juda xunuk holat. Bu bayramning asl ruhi dillarni zavqlantirish, qalblarni quvontirishdan iborat bo‘lsa… O‘zim ham bu holatni ko‘rib, o‘ylanib qoldim-da…»-deydi shofirkondan Buxoro shahrida uyushtirilgan Navro‘z bayrami sayllaridan biriga nevaralari bilan kelgan otaxon.

Darhaqiqat, Navro‘zning asosiy mazmuni ham ana shu: dillarga zavq ulashish, biri-biridan arazlamaslik, gina-quduratni unutish, birdamlik, mehr va yangilanish. Salkam 35 yil bo‘lyaptiki, biz Navro‘zning qayta tiklanganidan mamnunligimizni takror-takror so‘zlaymiz. Agar bu milliy bayram faqat sahna va ko‘rgazmaga aylanib qolayotgan bo‘lsa, Navro‘zning asl mazmuni yana soyada qolib ketishi mumkin.

To‘g‘ri,  madaniy dasturlar bayramga fayz bag‘ishlaydi. Biroq, ba’zan tadbirlar shunchalik rasmiy va ssenariy asosida tashkil etiladiki, u xalqona ruhdan biroz uzoqlashgandek tuyuladi. Hamma ko‘rinishlar ramz va ko‘rgazmalar orqali «boshqariladi». Milliy raqs va milliy o‘yinlar qisqa namoyish etiladi.

«Mutasaddilar kelib-ketguncha, qo‘l tekkizmang…»

Navro‘z, deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga mo‘l-ko‘l dasturxon keladi. Bu mehmondo‘stlik va saxovat belgisi. Biroq, og‘riqli jihat: Navro‘z dasturxonlari milliy taomlar va milliy pishiriqlar namoyishida kimo‘zarchilik avjga minadi. Tuman, shaharlar nomi yozilgan dasturxonlarni bezash — xuddi an’anaviy  «bellashuv»ga  aylanib ketgan. Saylga chiqqan mahalliy odamlaru xorijlik sayyohlar bu milliy taomlardan yo xarid qilishni yoki tatib ko‘rishni istaydi. Yo‘q. Toki, mutasaddilar dasturxonlarga «baho» berib o‘tishmaguncha, qo‘l tekkizish yo‘q. Bu bayram odamlar uchunmi, yoki mutasaddilar uchunmi?

Bir tadbirda bo‘lib o‘tgan voqea bunga misol bo‘la oladi. Navro‘z kuni dasturxonlar ko‘rik-tanlovi uyushtirilmoqda. Bir tuman o‘n xil milliy taom tayyorlagan bo‘lsa, ikkinchisi salkam yigirma xil milliy taom va pishiriqlar bilan qatnashdi. Dasturxonlar haqiqatan to‘lib-toshgan. Ammo, «qo‘l tekkizish»ga ruxsat berilmagan dasturxon ne’matlari, deyarli, yeyilmay qolib ketdi.

Sun’iy dabdaba ortidagi «majburiyat»

Qorovulbozor tumani vakili: «Navro‘zning fayzi dasturxonning ko‘p yoki liq to‘laligida emas, aslida, niyatning tozaligida. Ammo, ko‘rgazma uchun shuncha pishiriqlarni tayyorlab kelishga majburmiz», — deydi.

Milliy bayram va sayl ortida yotgan isrofgarchilik «bellashuvi» majburiyati ko‘z-ko‘z qilishga asoslangan  sun’iy dabdabaning belgisi, xolos. Ammo, bu ko‘proq ma’naviy qadriyatlardan yiroqlashib borayotgan odatga aylanib qolayotgani bilan xavotirli.

Xalq orasida Navro‘z dasturxoniga oid bir rivoyat bor.  Bir qishloqda Navro‘z kuni bir boy katta dasturxon yozgan. Hil-hil taomlar, shirinliklar – hammasi bor. Qo‘ni-qo‘shnilar ham boydan qolishmay, deyishib, katta-katta laganlarda turli xil noz-ne’matlar olib chiqishibdi. Shu payt bir kambag‘al dehqon faqat bitta kosada oddiygina osh olib kelibdi. Odamlar hayron.

— Nega buncha kam?

— Bu osh halol mehnatimdan tayyorlangan. Navro‘zning barakasi shu kosada ham yetarli.

Aytishlaricha, o‘sha kuni katta dasturxon yoygan boy ham, boshqa odamlar ham aynan, o‘sha oshdan yeyishibdi.

Maqsad, milliy bayramda urchib ketayotgan ko‘rgazmabozligu isrofgarchiliklarni tanqid  qilish emas, balki, bayram mazmunini saqlash, uni boricha kelajak avlodga yetkazish.

Mutaxassislarning fikricha, Navro‘zning asl g‘oyasi tabiatni asrash, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish va yangi umidlar bilan hayotni boshlashdir. Shuning uchun so‘nggi yillarda ba’zi joylarda yaxshi tashabbuslar ham paydo bo‘lmoqda. Navro‘z kuni ko‘chat ekish aksiyalari o‘tkazilmoqda, mahallalarda hasharlar tashkil etilmoqda, milliy o‘yinlar qayta tiklanmoqda. Bu izchil harakatlar, albatta, xayrli.

Navro‘z  odamlarni birlashtirish, dillarni yaqinlashtirish, tabiat bilan birga yangilanish bayrami. Shu bois, uning haqiqiy quvonchi baland sahna yoki dabdabali dasturxonlarda emas, bolalarning beg‘ubor kulgisida, qo‘shnilar duosida va odamlar qalbidagi samimiylikda yashaydi.

Shunday ekan, Navro‘zni bezakli va ko‘rgazmabozli tomosha emas, qadriyat sifatida asraylik. Zero, bayramning eng katta bezagi odamlar qalbidagi mehr va samimiyatdir.

 

Laylo Hayitova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version