Jamiyat
“Koreyada $3-5 ming topsa bo‘larkan!?”
Janubiy Koreya so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik yoshlar uchun ta’lim olish, tajriba orttirish va yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgan mamlakatlardan biriga aylandi. Biroq Koreyada o‘qish nafaqat orzular, balki moliyaviy qiyinchiliklar va kundalik kurashni ham anglatadi. Kun.uz Koreyada o‘qiyotgan o‘zbek yoshlari hayoti, ularning izlanishlari, yutuqlari va real tajribalari bilan yaqindan tanishdi.
Mohichehra Bahromova, talaba:
“Agar 5 yil oldin menga kimdir “Koreyaning TOP-10 talik universitetini qizil diplomga bitirib, Seul markazida tarjimon sifatida ishlaysan” desa kulgan bo‘lardim. 2003 yil Marg‘ilon shahrida tug‘ilganman, oilamizda hamma pedagoglar bo‘lganligi sababli o‘qishimga va til o‘rganishimga katta e’tibor qaratilgan. Shuning uchun kichkinaligimdan rus, nemis tillarini bemalol gapirib o‘rganganman. Koreys tiliga bo‘lgan qiziqishim esa o‘sha paytda mashhur bo‘lgan “Tangem” seriali orqali paydo bo‘lgan. Bosh qahramonga qarab Koreyaning madaniyati, urf-odatlari biznikidek rang-barang, qiziqarliligi e’tiborimni tortgan. Hozir beshta tilda gapiraman, qo‘shimcha ispan va arab tillarini o‘rganyapman. Tillar ichida koreys tili menga oson va qiziqarli tuyulgan. Kitoblar orqali o‘rganganman.
O‘sha paytda Koreyaga ketish yoki O‘zbekistonda biror universitetga kirish tanlovi bo‘lgan, lekin men oilam bilan birga bo‘lishni xohlaganligim uchun vatanda qolishga harakat qilganman. Keyinroq Koreyaga ketish imkoniyatini beradigan Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga kirganman. O‘qishga kirgan paytim koreys tilini yaxshi bilganim uchun menga darslar juda oson bo‘lib tuyulgan. Lekin 2-kursdan koreys professorlar bizga dars o‘ta boshlashgani sababli darslar yanada qiziqarli bo‘ldi.
O‘qish davomida turli konkurslar, tanlovlarda ishtirok eta boshladim, buni boshqalargayam maslahat beraman. Chunki Koreyadagi universitetlarda shunday sertifikatlar, har xil ko‘ngilli sifatida qilingan ishlar juda inobatga olinadi. Mengayam bular katta yordam bergan.
Koreyaga kelgach o‘qish bilan birga 50dan ortiq joylarda ishlash uchun ariza yubordim, lekin olishmadi. Shunda bir klinikaga tarjimon kerak bo‘ldi va rus, koreys tillarini bilganim uchun ishga olishdi. Birinchi oddiy stomatologiya klinikasida, keyinroq stomatologiya, oftolmologiya, plastik jarrohlik klinikalarida o‘zbek, rus, koreys tarjimoni sifatida ishlayapman”.
Shahzod Abdurahmonov, talaba:
“Andijonda tug‘ilganman, otam harbiy bo‘lganliklari uchun ko‘p viloyatlarda yashaganmiz. Toshkentda yashaganimizda koreys tilini o‘rgandim. Lekin birinchi yili o‘qishga kira olmaganim juda qattiq zarba bo‘ldi. Keyingi yili tayyorlanib Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga kirdim. U yerda Koreyada 2 yil, O‘zbekistonda 2 yillik dastur asosida o‘qitiladi. Koreyaga ketish uchun birinchi navbatda grantlarga e’tibor bera boshladim. Shundan keyin 4 yillik grant yutib oldim. Bu yerda dars jadvalini o‘zingiz tuzasiz. Buning keliboq ro‘yxatdan o‘tish kerak ekan – men kelgunimcha bu mavsum tugab qolgan ekan. Shunda koreyslardan yordam so‘rashga majbur bo‘ldim.
Koreyada o‘qishdan tashqari yana bir muammo bor – 100%lik grantim bo‘lsayam yashashga yetmay qoladi. Ijara uchun o‘rtacha 320 dollar hisoblanadi. Yotoqxonada yashadim boshida, u yerda ovqat tayyorlash noqulayligi sabab ko‘chadan sotib olganmiz. Bitta non 25 ming so‘m bo‘lsa, qolgan xarajatlar ham o‘ziga yarasha katta. Shuning uchun bu yerda taxminimcha, 90 % talabalar ishlashadi. Menam shular orasidaman. Ko‘p joylarda ishlab ko‘rdim. Birinchi bo‘lib yuk tashishda ishladim – 20 kilodan. 3 kun ishladim, “bo‘ldi boshqa bu ishda ishlamayman” dedim. Lekin 3 kundan keyin pulim tugadi. Yana chiqdim – pul yaxshi to‘lashadi, og‘ir ish va har kuni ham ish bo‘lavermaydi. Keyin shkaf yasadik, idish-tovoq yuvdim, ovqat pishirishga kirdim, restoranda ishladim. Oxiri tushundimki, aqliy mehnat yaxshiroq ekan. Shundan keyin koreys tilidan dars berishni boshladim. Pokistonliklarga ingliz tilida koreyschani o‘rgata boshladim. Natijalar zo‘r bo‘ldi, o‘quvchilarim 40tadan oshib ketishdi. Onlayn tarzda o‘zbeklar uchun kurs ochdim. Hozirgacha 2 yil ichida 4000ga yaqin talabani o‘qitdim”.
Farangiz Safarova, talaba:
“Koreyada yashash faqat o‘qish degani emas. Bu yerda xarajatlar juda ko‘p bo‘ladi va siz grandda o‘qisangiz ham baribir uydan pul olishingizga to‘g‘ri keladi. O‘qishniyam eplashim kerak, qo‘shimcha ishim ham bo‘lishi kerak deb o‘yladim. Talabalar uchun 20 soatgacha ishlash mumkin. Darsdan tashqari qo‘shimcha ish qilaman, O‘zbekistondagi talabalarga onlayn dars o‘taman. Bular yashash xarajatlarimga bemalol yetadi. Ishniyam, o‘qishniyam o‘z vaqtida eplash kerak, aks holda bu darslariga katta ta’sir qiladi. Bu qiyin bo‘lishi mumkin, lekin ulgursa bo‘ladi”.
Jamshid Yo‘lchiyev, talaba:
“Maktab paytida koreys yozuvlarini yoqtirardim, tushunmasam ham o‘zimcha yozib o‘tirardim. Keyin kollejga kirdik, o‘sha davrlarda trendga chiqqan gap “Koreyada 3000-5000 $ topsa bo‘larkan” degan gaplarni eshitganda ozroq qiziqish bo‘lardi.
Koreyaga ketaman degan paytda karantin boshlandi. tayyorlanib Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga hujjat topshirdim, menda o‘shanda TOPIK5 sertifikati bor edi. Kelgunimda qadar Koreya haqida “pushti” ko‘zoynakni yechgandim, bilardim qiyinligini. Yangi joy, ko‘chalar qanaqadir fayzsiz, begonalar… Eng yomoni internet orqali xonadosh topganman. Kirishim bilan judayam tartibsizlikka ko‘zim tushdi. Men eng yoqtirmagan narsam – tartibsizlik. Tartibsizlik bo‘lgan joyda tartibli o‘ylash imkonsiz. Xona shunaqa chang va to‘la ediki, o‘tirishga joy topilmasdi. Qayerga kelib qoldim deb o‘ylay boshladim. O‘sha paytda qaytib ketish niyatim ham bo‘ldi.
Lekin yashagan sari mamlakatning yaxshi taraflarini kashf qila boshladim. Albatta, O‘zbekiston bilan Koreyani solishtirmaslik kerak. Ikkala mamlakat ham o‘ziga xos”.
Aytish kerakki, ushbu talabalarning barchasi Toshkent Kimyo xalqaro universitetining 2+2 dasturi orqali Koreyada o‘qishni davom ettirishyapti va ishlashyapti. Universitetda 28 ta’lim yo‘nalishida tahsil beriladi. Ma’lumotlarni esa rasmiy sahifalar orqali olish mumkin.
Web-page | Telegram | Facebook | Instagram
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Prezident qo‘shaloq bayram munosabati bilan 392 nafar mahkumni afv etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Toshkent viloyati tog‘larida adashgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chinorkent tog‘larida adashib qolgan fuqaroga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan xabar Toshkent viloyati FVBBga «112» qisqa raqami orqali kelib tushgan. Unga ko‘ra, tog‘ hududida bir erkak adashib qolgani va qutqaruvchilar ko‘magi zarurligi bildirilgan.
Shundan so‘ng, zudlik bilan aytilgan manzilga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining qidiruv-qutqaruv guruhi yetib borgan.
Qutqaruvchilar tomonidan adashib qolgan fuqaro topilib, muvaffaqiyatli ravishda xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Jamiyat
Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u 1983 yilda tug‘ilgan fuqaroga 2019 yilda shahar hokimligi tomonidan ijara shartnomasi asosida berilgan davlat zaxirasidagi 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur pul mablag‘i shahar hokimligining yetakchi mutaxassisiga berilishi kerakligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, u ham ushbu mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni kundalik hayotda shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
«Malika» bozori yaqinida harakatni qayta tashkil etish rejalashtirilmoqda
«Malika» bozori yaqinidagi vaziyat muammo faqat bitta bekat joylashuvi bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu hududda yuqori intensivlikdagi transport oqimi, jamoat transporti harakati, piyodalar qatnovi, to‘xtash joylari va bozorga kirish yo‘llari bir nuqtada kesishmoqda.
Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi
Shu munosabat bilan, harakatlanish sxemasini to‘liq qayta ko‘rib chiqmasdan amalga oshiriladigan har qanday qisman yechim, jumladan faqat bekatni ko‘chirish, kutilgan samarani bermasligi, aksincha vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari mazkur hududda harakatni tashkil etishning bir nechta variantlari ustida ish olib bormoqda. Xususan, chorraha geometriyasi va yo‘laklarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati tahlil qilinmoqda, svetofor boshqaruvi tizimi samaradorligi baholanmoqda, yo‘l qismidan amaldagi foydalanish holati, jumladan, to‘xtash joylari hisobga olinmoqda. Shuningdek, turli yechimlarning transport va piyodalar oqimiga ta’siri ham modellashtirilmoqda.
Kompleks yondashuv doirasida bekatlar joylashuvini o‘zgartirish ehtimoli, harakatlanish sxemasini tuzatish, svetoforlar ishini optimallashtirish hamda to‘xtash joylarini tartibga solish kabi choralar ko‘rib chiqilyapti.
Qayd etilishicha, asosiy maqsad haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun yangi ziddiyatlar keltirib chiqarmasdan harakatni yaxshilashdan iborat.
Ayni paytda mazkur hudud uchun chuqur tahlillarga asoslangan yechim variantlaridan biri tayyorlangan bo‘lib, u transport tugunidagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan yondashuvni namoyon etadi. Shu bilan birga, qaror qabul qilishda aholi fikri muhim omil sifatida qaralayotgani, fuqarolardan konstruktiv taklif va mulohazalar kutilayotgani bildirildi.
Jamiyat
Davlat ishxonalarida har oyda bir marta «Qog‘ozsiz bir kun» aksiyasi o‘tkaziladi
Hukumatning joriy yil 18-martdagi 19-son qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar:
ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
har oyda 1 marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot5 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
