Sport
Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz – Kannavaro
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi kechadigan o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
U tarkibdagi barcha futbolchilar o‘yinga tayyor holatda ekanini aytgan, shuningdek, guruhdagi raqiblar haqidagi fikrlarini bildirib o‘tgan.
«Husanov albatta muhim himoyachilarimizdan bittasi, unda hali yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyati bor. U ayni paytda ham yuqori darajada o‘yinlar ko‘rsatib kelmoqda.
O‘ylaymanki, bu yerda eng yaxshi fazilatlarimizni, o‘zbeklarning mentalitetini namoyish qilishga kelganmiz. Men jamoa bilan ishlaganimda o‘z tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham qachonlardir ilk bor Jahon chempionatida debyut qilganman va o‘z tajribalarimni yetkazib boryapman.
Kolumbiya va Portugaliya kabi jamoalar yuqori darajadagi o‘yin namoyish etishadi. Ularning tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi o‘yinda ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz. Kolumbiyada nafaqat Hames, balki ko‘plab yaxshi darajadagi futbolchilari bor.
Kolumbiyani tahlil qildik, oxiriga qadar o‘ynaydi. Biz ham o‘z imkoniyatimizni namoyish etib, maydonga tushamiz», deya Kannavaroning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.
Bosh murabbiydan birinchi tur arafasida Jaloliddin Masharipov tarkibdan chetlatilgani haqida ham so‘ralgan. Italiyalik mutaxassis ushbu futbolchi so‘nggi 8 oyda atigi 20 daqiqa o‘ynagani va tarkibdan chetlatish qarori tizzasidagi muammo tufayli emas, balki boshqa jarohat sababli qabul qilinganini aytdi. «Biz katta tavakkal qilmaslikka qaror qildik. Afsuski, ajoyib bir o‘yinchimizni yo‘qotdik», – deya uning so‘zlarini keltiradi Gazeta muxbiri.
Shuningdek, jamoa yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevning jahon chempionatiga tayyorgarlik mashg‘ulotlarining yuklamasi og‘irligi ekani haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Fabio Kannavaro shunday deydi: «Agar nimagadir erishmoqchi bo‘lsangiz, qiyinchiliklardan o‘tishingiz va buni hammaga isbotlashingiz kerak. Mashg‘ulotlarda qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy hol».
Jamoa sardori Eldor Shomurodov ham matbuot anjumanidagi savollarga javob qaytardi.
«Hammaning kayfiyati a’lo darajada, ilk bor jahon chempionatida qatnashyapmiz. Hayajon bor, lekin hech qanday bosim yo‘q. Barcha futbolchilarimiz ushbu o‘yinni intiqlik bilan kutyapti», – degan u jamoa ichidagi muhit haqida.
Sardor futbolchilarda bosim yo‘qligini ta’kidlagan.
«Albatta uzoq kutilgan Jahon chempionati jamoa sardori sifatida qatnashish — men uchun katta g‘urur. Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman. Xalqimizdan esa bizni qo‘llab-quvvatlashini so‘rab qolaman. Bizda bosim yo‘q, ertaga biz jamoamiz bilan birgalikda to‘liq tayyor bo‘lamiz», – deya qo‘shimcha qilgan Shomurodov.
Kannavaro jahon chempionatlarida ishtirok etish tajribasi haqida ham to‘xtalgan.
«Men futbolchi sifatida Jahon chempionatida ishtirok etganman, biroq murabbiy sifatida ishtirok etish baribir boshqacha. Futbolchi sifatida va murabbiy sifatida tayyorgarlik boshqa boshqa narsa. Chunki siz barcha futbolchilaringiz bilan gaplashishingiz kerak.
Bizni juda ham qiziq va shiddatli o‘yinlar kutib turibdi. Raqiblarimiz ham yuqori darajadagi jamoalar. Biz ilk bor bu musobaqada ishtirok etyapmiz, ushbu musobaqaning har bir uchrashuvidan zavqlanishimiz va tajriba olishimiz kerak», – deydi u.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
-
Iqtisodiyot1 hour ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
