Jamiyat
Ko‘cha o‘rtasiga panjara: bu qanchalik to‘g‘ri?
Toshkentda piyodalar yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tmasligi uchun ko‘cha o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatilmoqda. Buning uchun hozirgacha qariyb 8,4 mlrd so‘m ajratildi. Xo‘sh, shahar aholisi va mutaxassislar bunga nima deydi? Qarshilar ham, qo‘llovchilar ham bor, lekin ko‘pchilik bir fikrda yakdil: Toshkentga svetofor bilan jihozlangan piyodalar o‘tish joylari yetishmaydi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 21 iyul kungi qarori bilan, yo‘llar o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatish uchun yana 6,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratdi.
Qarorda bu panjaralar aynan qaysi tumanlarda, qaysi ko‘chalarda yoki qancha masofada o‘rnatilishi va boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
Poytaxt rahbari avvalroq, 20 may kungi qarorida ham yo‘llar o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatish uchun qariyb 1,5 mlrd so‘m ajratgan edi. Bu mablag‘ evaziga 10 ta tuman hududida jami 5,6 km masofada yo‘llar o‘rtasi to‘silishi ko‘zda tutilgan. Eng ko‘p Olmazor tumanida 1 km, Yakkasaroyda 850 m, Chilonzorda 700 m, eng kami Sergelida esa 250 m, Yashnobodda 300 m masofada panjara o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 20 may kungi qarorda shahar bo‘ylab 42 ta joyda qavariq (yo‘l sathidan bo‘rtib chiqqan) piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish uchun 588 mln so‘m ajratilgan.
Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, temir panjaralar va qavariq “zebra”lardan maqsad – piyodalar ishtirokidagi avtohalokatlarning oldini olish. Ammo, qavariq piyodalar o‘tish joylaridan farqli ravishda, temir panjaralar masalasida fikrlar xilma-xilligi ancha ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Kun.uz bu borada aholi vakillari va mutaxassislar fikriga quloq tutdi.
Shahar ko‘chalarida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda, respondentlarning ayrimlari ko‘chalar o‘rtasiga temir panjaralar qo‘yilishini qo‘llab-quvvatladi. Ular shu bilan piyodalar xavfsiz, haydovchilar ham xotirjam bo‘lishini aytmoqda. Lekin qarshi fikrlar salmog‘i ko‘proqdek. Xususan, ko‘plab vatandoshlar piyodalar o‘tish joylarini ko‘paytirish kerak deb hisoblaydi.
“Hamma joyni panjara qilish kerakmas, ora-orasini odamlar o‘tishi uchun ochib qo‘yish kerak-da. Ko‘p joylarda aylanib kelish juda uzoq yo‘l bosishni talab qiladi. Ippodrom yo‘lini ko‘rsangiz, odamlar panjaradan ham oshib o‘tadi”, – deydi suhbatdoshlardan biri.
“Bunaqa to‘siqlar avval ham qilingandi, lekin samara bermagani uchun olib tashlangan. Bu yechim bo‘la olmaydi”, – deydi boshqa bir hamshahar.
Bir nechta respondent aynan tugmali svetoforlar bilan jihozlangan piyodalar o‘tish joylarini ko‘paytirishga chaqirdi. So‘rovda, shuningdek, haydovchilar va piyodalarning yo‘lda harakatlanish madaniyatini oshirishga chaqirganlar ham bo‘ldi.
Piyodalarning belgilanmagan joylardan o‘tishini cheklash uchun yo‘llar o‘rtasiga to‘siq o‘rnatish bo‘yicha avvalgi tajribalarni Kun.uz bilan suhbatda shaharsoz Temur Ahmedov ham esga oldi.
“Panjara qo‘yildi, buzildi. Xalq puli isrof bo‘lgandi, desak ham bo‘ladi, u paytda shaharning bosh rejasi yo‘q edi.
Odamlarga har kuni ko‘rinadigan narsa qilganda, odamlar tushunishi kerak: nima uchun bu qilinyapti? Agar bu kattaroq rejaning bir qismi, 25-30 yilga o‘ylangan reja bo‘lsa, shuni odamlarga to‘g‘ri yetkazib berish kerak”, – deydi u.
Shaharsozga ko‘ra, faqat cheklash bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi.
“Odam bekordan bekorga ko‘chaning narigi tomoniga o‘tmaydi. Do‘konga borishi yoki bekatga o‘tishi kerak. Demak, unga o‘tishga imkoniyatlar yaratib berish kerak, qulay bo‘lishi kerak. Odamlar doim qulaylik qidiradi.
Shaharshunoslikda dizaynning markazida inson turishi kerak, degan yondashuv bor. Masalan, Oqtepa chorrahasida piyodalar yer usti ko‘prigi qilingan, lekin odamlar uning tagidan yugurib o‘tadi. Bugun mana, bitta odam qoqildi, vaqtida turdi, ulgurdi, chunki mashina uzoqda edi. Odamlarga eng qulayi – asfalt yuzasidan o‘tish, chunki 3-qavatga chiqish, pastga tushish noqulay. U yerda lift yoki eskalator yo‘q. Oddiygina “zebra” tashkil qilib, svetofor qo‘yib bersangiz bas, odamlar o‘taverdi.
Panjaraning asosiy vazifasi – odamlarga noqulaylik yaratish. Noto‘g‘ri ishni qilishga noqulaylik yaratish bilan birga, to‘g‘ri yo‘l tutishga qulaylik yaratishingiz ham kerak. Faqat bitta tomonini qilsangiz, u yechim bo‘lmaydi. Masalan, O‘rikzor bozori qarshisida odamlar hatto qo‘lida yuki bilan ham ko‘chadan yugurib o‘tishga harakat qiladi. U yerga panjara qo‘yishdi, olib tashlashdi, yana qo‘yishdi; odamlar panjarada teshiklar ham qilib oldi. Chunki u yerda faqat bitta yerosti o‘tish joyi bor. U o‘tish joyi qulay bo‘lgani bilan, u bitta, shuning uchun uzoqlik qiladi.
Yoki “Riviera” savdo markazining qarshisidagi yo‘l. Ko‘chaning narigi tomonida juda ko‘p aholi yashaydi. Ular yo‘ldan o‘tish uchun svetoforgacha yurib borib, aylanib kelishi kerak. Odamlarning ko‘pi belgilanmagan joydan, savdo markazining ro‘parasidan shunchaki yugurib o‘tadi. Men ham yugurib o‘tganman. Chunki noqulay, siz 400 metr nariga borishingiz kerak”, – deydi Temur Ahmedov.
O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati raisi Sharofiddin Hamzayevning so‘zlariga ko‘ra, temir panjaralar o‘rganishlar asosida faqat ayrim uchastkalarda qo‘llanilsa, foydali bo‘lishi mumkin.
“Ayrim ko‘chalarga kerak, lekin ayrimlariga kerak emas. Qarorda esa panjaralar qayerlarga o‘rnatilishi, o‘zi qanaqa panjara bo‘lishi keltirilmagan. Bu narsalar ham ochiqlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, – deydi Hamzayev.
Mutaxassis Beruniy va Nurafshon ko‘chalarini misol qilib keltirib, aholi gavjumligiga qaramay, bu ko‘chalarda piyodalar o‘tish joylari bir-biridan haddan tashqari uzoqligini aytdi.
“Nurafshon ko‘chasida yo‘l o‘rtasiga to‘siq o‘rnatilgan. Undan oldin baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘lgan. Lekin bunday olib qarasak, piyodalar o‘tish joyi bir-biridan uzoq”, – deydi Sharofiddin Hamzayev.
Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida aholi murojaatlarini qabul qilish uchun elektron portal ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu portalda aholi qayerga belgi, chiziq, piyoda yo‘lagi va svetofor kerakligi borasida taklif kiritishi, kiritilgan takliflarga ovoz berishi, qilingan ishlarning foto-videolarini ko‘rib, baho berishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
Toshkentda 4 egizak dunyoga keldi
Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashovchi Odiljon va Sevara Abdullayevalar oilasida bir yo‘la 4 egizak tug‘ildi. Ular 2 yoshli qizalog‘ini tarbiyalab kelayotgan edi. Endilikda 5 nafar farzandning ota-onasiga aylandi.
SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, chaqaloqlar Respublika perinatal markazida muddatidan oldin kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga kelgan.
Ulardan birinchisi o‘g‘il, vazni 1412 gramm, bo‘yi 37 sm;
Ikkinchisi esa qizaloq, vazni 1624 gramm, bo‘yi 37 sm;
Uchinchi egizak ham qizaloq, vazni 1466 gramm, bo‘yi 37 sm;
To‘rtinchisi o‘g‘il, vazni 1780 gramm, bo‘yi 38 sm.
Ayni paytda chaqaloqlar tibbiyot muassasasida xalqaro protokollar asosida parvarishlanmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi
O‘zbekistonda yangi milliy tabiat bog‘larini tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, bir qator hududlarda yirik tabiat bog‘lari barpo etiladi.
Jumladan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 9,2 ming gektar yer maydonida «Ovjazsoy – Moviy tog‘lar» milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida 156,7 ming gektar maydonda «Piskom» milliy tabiat bog‘i barpo qilinadi.
Farg‘ona viloyatida esa davlat zaxira yerlari va o‘rmon xo‘jaliklari hududlari hisobiga umumiy 22,9 ming gektar maydonda «Farg‘ona» milliy tabiat bog‘i tashkil etilishi belgilangan.
Qarorga muvofiq, Namangan viloyatidagi «Pop» milliy tabiat bog‘i hududi ham kengaytiriladi. Uning umumiy maydoni 125,3 ming gektarga yetkaziladi. Bu kengaytirish davlat zaxira yerlari hamda o‘rmon xo‘jaliklari maydonlari hisobidan amalga oshiriladi. Xususan, Mingbuloq va Pop adirliklari mazkur jarayonda qamrab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 100 gektardan iborat bo‘lgan yangi bog‘lar barpo etilishi haqida xabar berilgandi.
Jamiyat
Sardor Mamadaliyev mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi
Xonanda marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning bir nechta qo‘shig‘ini meros boshqaruvchisidan ruxsat olmagan holda omma oldida ijro etgan. Sud unga 8 mln 240 ming so‘m jarima qo‘lladi.
Sardor Mamadaliyevga mualliflik huquqini buzgani uchun jarima qo‘llandi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, xonanda 2025 yil sentabr oyida Namangan viloyatining Chust tumani hududida marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning “Ko‘rmisham”, “Bandaman” hamda “Karvon” qo‘shiqlarini omma oldida ijro etgan. Shuningdek, u o‘z ijrosini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan.
Sardor Mamadaliyev buning uchun Sherali Jo‘rayevning asarlariga nisbatan merosxo‘r va meros boshqaruvchisi hisoblangan G.Jo‘rayeva bilan shartnoma tuzmagan yoki uning ruxsatini olmagan.
Holat yuzasidan Adliya vazirligining Mualliflik va turdosh huquqlarni huquqiy himoya qilish bo‘limi boshlig‘i tomonidan xonandaga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Xonanda o‘z ko‘rsatuvida ushbu harakatlari huquqbuzarlik ekanini bilmaganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
“Sherali Jo‘rayevning “Ko‘rmisham”, “Bandaman” nomli musiqiy asarlarni omma oldida ijro etib, barchaning e’tiboriga yetkazdim. Lekin “Karvon” nomli qo‘shiqni shoir Usmon Azimdan ruxsat olgan holatda musiqasini o‘zim alohida bastalab kuyladim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Boshqa ushbu holatni takrorlamayman”, degan u.
JIB Chust tuman sudining qarori bilan Sardor Mamadaliyev mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga BHMning 20 baravari, ya’ni 8 mln 240 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Sardor Mamadaliyev avvalroq rulda kamar taqmagani uchun jarimaga tortilgandi.
Jamiyat
Vodiyga ba’zi poyezdlar qatnovi vaqtincha bekor qilindi
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 30-mart kuni ayrim yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari qatnovi vaqtincha bekor qilindi.
Jumladan, 733-sonli «Andijon — Toshkent», 730/729-sonli «Toshkent — Andijon — Toshkent», 92-sonli «Toshkent — Andijon» hamda 94-sonli «Toshkent — Andijon» poyezdlari harakati amalga oshirilmaydi.
«Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Shu bilan birga, xarid qilingan temiryo‘l chiptalari uchun to‘langan mablag‘lar yo‘lovchilarga to‘liq qaytarib berilishini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayrim poyezdlar esa o‘zgarishsiz harakatlanishi ma’lum qilindi. Jumladan, 125/126-sonli «Andijon — Xiva» hamda 129/130-sonli «Andijon — Termiz» poyezdlari Toshkent Janubiy bekatidan belgilangan jadval asosida harakatni davom ettiradi.
Jamiyat
Qoraqalpog‘istonda «Media haftalik» boshlandi (foto)
Avvalroq mamlakatimiz axborot makonida yilning eng yirik ta’limiy-amaliy voqeligi — butun respublikani qamrab oluvchi «Media haftalik» loyihasi o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Bugun, 30-mart kuni ushbu haftalik Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z ishini boshladi.
Orolbo‘yi hududida start olgan ilk haftalik doirasida qatnashchilar zamonaviy media muhitidagi dolzarb masalalar yuzasidan ko‘nikmalarini oshiradi.
Mashg‘ulotlar samaradorligini ta’minlash hamda har bir kasbiy yo‘nalishlar kesimida chuqurlashtirilgan va ixtisoslashgan bilimlarni berish maqsadida, o‘quv-seminarlar sessiyalarga bo‘lingan holda tashkil etilmoqda.
Dastur kontent yaratish, matnli va vizual formatlar hamda janrlarning qo‘llanishi, axborot xavfsizligi, strategik kommunikatsiya, media menedjment, SMM hamda sun’iy intellektdan foydalanish kabi ko‘plab muhim mavzularni qamrab oladi.
Trening va mahorat darslari davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarni, balki real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirda ilg‘or ekspertlar, amaliyotchi jurnalistlar, muharrirlar, prodyuserlar hamda mutaxassislar spiker sifatida qatnashmoqda. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
«Media haftalik»ning muhim jihati — ishtirokchilarga alohida e’tibor qaratilgani bilan ajralib turadi. Tadbir davomida o‘nlab intervyular, ochiq muloqotlar va fikr almashinuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarning o‘zlari media sohasidagi muammolar, kutilayotgan natijalar va erishilgan yutuqlar haqida fikr bildiradi. Bu esa loyiha samaradorligini yanada oshirib, real natijalarni namoyon etishga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sessiyalar tashkil etilgan:
bosma va internet nashrlari jurnalistlari;
telejurnalistlar va operatorlar;
davlat organlari matbuot kotiblari;
blogerlar va kontent yaratuvchilar;
mobilograflar va SMM mutaxassislari.
Shuningdek, davlat organlarining ochiqligi, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda axborot siyosatini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Haftalik yakunida Media forum tashkil etilib, unda tadbir natijalari sarhisob qilinadi.
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan3 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Sport5 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Turk dunyosi4 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Siyosat5 days agoMarkaziy Osiyoda 2030 yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan talab 40 foizga oshadi, deya ogohlantiradi ETB hisobotida
-
Mahalliy4 days agoIstehzo va haqiqiy hayot orasidagi 53-pog‘ona
