Jamiyat
Klavixoning besh kunlik sayohati
O‘shanda 1969-yilning 9 aprel kuni edi. Klavixo degan nomni ilk bora uchratganimdayoq shuurimda o‘ta g‘alati tarzda o‘rnashib qoldi. Samarqand shahrining 2500 yillik to‘yiga taraddud ko‘rilayotgandi. Shu munosabat bilan temuriylar davri san’ati va madaniyatini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumga tayyorgarlik ketayotgandi. Ana shu tayyorgarlik doirasida SamDU va ToshDU talabalari o‘zaro musobaqalashadigan «Quvnoqlar va zukkolar» teleo‘yinini ham o‘tkazish ko‘zda tutildi.
Bizni, ya’ni bir guruh talabalarni bo‘lajak bellashuvga puxta tayyorlanish uchun Toshkentga jo‘natishdi. Poytaxtdagi Ko‘kaldosh madrasasi o‘shanda mehmonxona vazifasini bajarar ekan, shu yerga joylashdik.
Ertasiga bizni Alisher Navoiy nomli respublika kutubxonasiga olib borishdi.
Guruh rahbari bo‘lgan domlamiz, shoir Normurod Narzullayev barchamizga ish taqsimladi, menga «Turkestanskiy sbornik»ni qarab chiqish topshirildi.
«Turkestanskiy sbornik», ya’ni Turkiston to‘plami XIX asrning 60-yillaridan to 1916-yilga doir adabiyotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, jami 591 tomdan iborat, barcha tomlari bir xil shaklda tarkiblangan to‘plam gazeta va jurnallardan kesib olingan maqolalar va ba’zan butun-butun kitoblarni o‘z ichiga oladi.
«Turkestanskiy sbornik»ning 273-tomi e’tiborimni tortdi. Chunki ichini ochganimda «Jizn i deyaniya velikogo Tamerlana. Sochineniye Klavixo» degan yozuvga ko‘zim tushdi. Keyingi varaqda esa (endi o‘zbekchada keltiraman): «Ryui Gonzales de Klavixo. Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi» (1403–1404 yillar). Asl matnidan tarjima va izohlar bilan I.I.Sreznevskiy tahriri ostida tarkib berilgan. Sankt-Peterburgda 1881 yili chop etilgan» deb yozilgan edi. Kitobning ichki sahifalari bir tomondagi ispan va ikkinchi tomondagi rus tilidagi yonma-yon matnlar bilan to‘lg‘azilgan.
Kitobni o‘qishga kirishdim. Ma’lum bo‘ldiki, mazkur asar Ispaniyadagi Kastiliya va Leon qiroli Enriko Uchinchi tomonidan Amir Temur huzuriga yo‘llangan Ryui Gonzales de Klavixo boshliq elchilar bosib o‘tgan yo‘l xotiralaridan iborat bo‘lib, u ispan elchisining 1403-1406 yillarda O‘rta Yer dengizi sohilidagi mamlakatlarda, Turkiyada, Kavkazorti yerlarida, Eron va Turonzaminda, xususan, Amir Temur saltanati hududi va bevosita uning saroyida ko‘rgan-bilganlarini, bu davrda elchining qalbida kechgan turli-tuman o‘y-fikrlarini aks ettirgan edi. 13 kishidan iborat elchilar guruhi 1403 yilning 22 may kuni Janubiy Ispaniyaning Kadis shahridagi bandargohdan yo‘lga chiqib, oradan 15 oy o‘ttanda, ya’ni 1404 yilning avgust oyi oxirida Samarqandga yetib keladi. 8 sentyabr kuni sohibqiron tomonidan qabul qilinadi.
Men ushbu kundalik mazmunini qo‘limdan kelganicha o‘zlashtirishga harakat qildim. 48 varaqli oppoq katak daftarimga ba’zi fikrlarni qisqa-lo‘nda ko‘chirdim. Elchining Amudaryodan o‘tishi, Termiz, Shahrisabz, Samarqand shaharlari, yo‘llar, qishloqlar, mashhur Temir darvoza, Oqsaroy va boshqa mahobatli binolar tasviri, sohibqiron Amir Temur huzuridagi qabul marosimlari, to‘ylarning o‘tkazilishi batafsil yozilgandi…
Kamina o‘sha kunlarni haligacha unutmayman. Garchi u paytdan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tib, zamonlar necha evrilib, mustaqillik ne’mati bizga nasib etib, marhum ulug‘ olim Ochil Tog‘ayev tarjimasida Klavixoning kundaligi ham to‘la kitob holida ona tilimizda jaranglovchi ma’naviy mulkka aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, o‘sha talabalik oq konspekt daftarimni qo‘lga olganimda har doim hayajonga tushaveraman, sohibqironning yaqinlariga qarata o‘z tarjimamda yozib qo‘ygan: «Bu elchilarga qarang, ularni dunyoning chekkasida yashovchi o‘g‘lim, farang qirollari orasida eng zo‘ri Ispaniya qiroli yuborgan. Ular ham ulug‘ xalq! O‘g‘lim qirolga tashakkurimni izhor qilaman. O‘g‘lim shunday maktubni sovg‘alarsiz yuborganida ham juda xursand bo‘lgan bo‘lardim, chunki uning ahvoli va sog‘ligini bilish menga quvonch bag‘ishlaydi!» degan so‘zlarini yana va yana o‘qib ruhiyatim ko‘tariladi.
Biz, surxondaryoliklar Klavixoning so‘zlari orqali Termizning o‘sha paytlarda «ancha-muncha aholi yashaydigan kattagina shahar» bo‘lganini bilib olamiz. Kundalikda yoziladiki, «Atrofi devor bilan o‘ralmagan: bu yerda bog‘-rog‘lar ko‘p, suv mo‘l edi. Shahar haqida men sizga faqat shuni aytishim mum-kinki, deya ta’kidlaydi elchi, unga kirganimizdan so‘ng shu qadar ko‘p yo‘l yurdikki, bizga ajratilgan binoga yetib kelganimizda batamom holdan toyib qolgan edik. Butun yo‘l davomida har xil narsalar bilan savdo qilinayotgan gavjum maydonlar va ko‘chalardan o‘tdik» (Ryui Gonzales de Klavixo. «Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi» (1403-1404 yillar), Ochil Tog‘ayev tarjimasi. Toshkent. 2010 yil. 143-bet).
Elchilar 1404-yilning 21 avgust payshanba kuni Termizga kelgan bo‘lsalar, ertasiga tushlikdan so‘ng yana yo‘lda davom etganlar. Ikki kun davomida obod manzillarni oralab yurishgan, dam olish va tunash vaqtlarida go‘shtli taomlar, meva-cheva, sharob va qovun bilan siylanganlar. Termizdan keyingi sayohatning uchinchi kunida daryo bo‘yida tunni o‘tkazishib yo‘lni davom ettiradilar va cho‘qqilari baland tog‘ etagida tushlik qiladilar – bu Temir darvoza edi. Klavixo tasvirlab yozib qoldirgan balandlikdagi xoch shaklli ajoyib bino hozirgi kunda to‘la buzilib ketgan Sherhoji qo‘rg‘oni deb o‘ylayman.
Temir darvoza Klavixoda juda katta taassurot qoldiradi…
Uning viloyatimiz hududidagi sayohati besh kun davom etgan edi.
***
2004-yilda Amir Temur davlati bilan Kastiliya va Leon qirolligi o‘rtasida do‘stlik aloqalari o‘rnatilganining 600 yillik sanasi Ispaniya va O‘zbekistonda munosib nishonlandi.
Bir paytlari ajdodlar boshlagan xayrli an’analar bugungi avlodlar tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2003-yilda Ispaniyaga davlat tashrifi alohida ahamiyat kasb etadi.
Klavixoning nomi va uning qaytadan baralla aks-sado berayotgan tarixiy xizmatlari chuqur hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lmoqda. Biz, surxondaryoliklar umuminsoniyat tarixida o‘zidan doimiy tirik yodgorlik qoldirgan va unda viloyatimiz hududlari haqida ham fikrlarini bayon etgan Klavixodan alohida minnatdor bo‘lishimiz kerak. Surxondaryoning uzoq tarixida sayyohlar, olimlar, darvishlar, jangchilar ko‘p bo‘lgan, ayrimlari xotiralar yozib qoldirgan. Ammo ular orasida sohibqiron sharofati ila dunyoning ikki chetini bog‘lagan va bugungi kun uchun ham bebaho ma’lumotlar qoldirgan Klavixoning o‘rni bo‘lakcha.
Ana shulardan kelib chiqqan holda, Termiz shahrida Klavixo yurgan yo‘l Amu bo‘yidan taxminan Salavotgacha bo‘lgan joylarga to‘g‘ri kelishini hisobga olib uning nomini abadiylashtirish, bizningcha, xalqimizning tarixiy xotira va an’analariga juda munosib bo‘lar edi.
Abdulla Xolmirzayev
Jamiyat
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
O‘rganish davomida ushbu sanoat korxonasida chang-gaz tozalash uskunasi mavjudligi, biroq belgilangan me’yorlardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi
Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan «TEXNOPARK» MChJ ga tegishli cho‘yan quyish sexining atmosfera havosiga zararli ta’siri ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida ushbu sanoat korxonasida chang-gaz tozalash uskunasi mavjudligi, biroq belgilangan me’yorlardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, bu borada hech qanday ekologik ekspertiza xulosasi berilmaganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan korxona rahbariga belgilangan tartibda chora ko‘rilib, atmosfera havosini ifloslantirayotganligi sababli qo‘shimcha to‘lovlar hisoblandi.
Bundan tashqari, sanoat korxonasiga atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarning oldini olish, avtomatik stansiyalar o‘rnatish va ekologik ekspertiza xulosasi olinishi yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat
Toshkentda narkokuryyerlik bilan shug‘ullanib kelgan ikki talaba ozodlikdan mahrum etildi
Ma’lum bo‘lishicha, ular sintetik giyohvandlik moddalarini tanishi tashlab bergan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, aytilgan lokatsiyalarga yuborishgan.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda,yonidan 120 gr Alfa PVP sintetik giyohvandlik moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 2007 yilda tug‘ilgan talabaning vaqtincha yashab kelayotgan universitet yotoqxonasidagi xonasi ko‘zdan kechirilganda 400 gr Alfa PVP sintetik giyohvandlik moddalari borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu talabalar ushbu sintetik giyohvandlik moddalarini tanishi tashlab bergan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, aytilgan lokatsiyalarga yuborishgan.
Tezkor tadbirlar natijasida bir marotabalik 2600 ta dozaga teng bo‘lgan jami 520 gr sintetik giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan talabalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga ko‘ra 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, sintetik giyohvandlik vositalarining manbaini hamda qolgan jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Hokimlik Nurafshonda prokuratura uchun 4,5 mlrd so‘mga avtoturargoh qurilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh berdi
Toshkent viloyati hokimining qaroriga muvofiq, Nurafshonda viloyat prokuraturasiga qarashli salkam 1 gektar maydonda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha kompleks loyiha moliyalashtirilmoqda.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Nurafshon shahrida Toshkent viloyati prokuraturasi uchun avtoturargoh qurilishi yuzasidan tarqalgan muhokamalar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, shaharda viloyat prokuraturasiga qarashli salkam 1 gektar maydonda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha kompleks loyiha moliyalashtirilyapti. Bu bo‘yicha viloyat hokimining qarori qabul qilingan.
Qarorda hududda avtoturargoh, xizmat ko‘rsatish, elektromobillarni zaryadlash nuqtalari, yashil maydonlar, piyodalar yo‘laklari, drenaj va irrigatsiya tizimlari qurilishi, quyosh panellarini o‘rnatish nazarda tutilgan.
“Ajratilayotgan 4,5 milliard so‘mni faqatgina avtoturargoh uchun deb talqin etmaslik to‘g‘ri bo‘lardi. Qaror matnida muayyan sabablarga ko‘ra, mablag‘ ajratish maqsadi “avtoturargoh majmuasi qurish uchun” deb emas, “avtoturargoh qurish uchun” deb izohlangani shunday bahsli muhokamalarga sabab bo‘lganini tushungan holda qo‘shimcha izoh berishni lozim topdik”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Ta’kidlanishicha, loyiha qiymati 5,9 mlrd so‘mga baholangan. Viloyat hokimligi va buyurtmachi xizmati mutahassislari tarafidan obektning kurilish-montaj ishlari qiymati qayta ko‘rib chiqilib, ayrim ish turlari muvofiqlashtirilishi natijasida umumiy xarajat miqdori 4,5 mlrd so‘mga maqbullashtirilgan.
Jamiyat
20:47 O‘zbekistonliklar Yaponiyadagi qurilishlarga ishga yuboriladi
20:47
O‘zbekistonliklar Yaponiyadagi qurilishlarga ishga yuboriladi
Source link
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan 615 kishini afv etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 9 nafarini chet el fuqarolari, 29 nafarini ayol, 23 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 264 nafarini yoshlar (shulardan, 2 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat5 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Sport4 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qo’llab-quvvatlaydi
-
Dunyodan5 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Siyosat4 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Hayot tarzi3 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
