Jamiyat

“Kimning qorni og‘rib qolsa, san’atkorga osiladi”

Published

on


“Qaysi tadbirda o‘tirsam, mening qo‘shig‘im qo‘yiladi. Avval mening mualliflik huquqim uchun pulimni yig‘ib bersin davlatimiz, keyin soliqdan gapirsin”, dedi Yulduz Usmonova.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 12—30 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan yakkaxon konserti oldidan intervyu berdi. U suhbat davomida konsertga tayyorgarlik, yangi dastur haqida gapirib, xonandalarning soliq to‘lashi kerakligi haqidagi qaror loyihasiga o‘z munosabatini bildirdi.

Yulduz Usmonova o‘tgan yilgi konsertida “Men muxlislarni yig‘latmayman, tafakkur qildiraman. Sababi hayot tashvishining o‘zi yetarli”, degan edi. Bu yilgi konsertda xonanda qanday g‘oyani ilgari suradi?

— Tafakkur qilgan odam yig‘lamaydimi? O‘zining qilgan xatosidan yig‘laydi, birovdan o‘pkalab emas. Yig‘i bilan yig‘ining farqi bor-da. Siz bilan men ham ko‘p yolg‘onni, haromni, haqsizlikni ko‘rib, indamay ketyapmiz-ku! Boykotlarni ko‘rib turib, mahsulotlarni indamay sotib olib, yeb, bolalarimizga olib beryapmiz-ku! Vijdon qiynalsa, yig‘laysiz-da, bu oddiy misol. Odamlar qo‘shiqda o‘zini topib olsa, yig‘lashi mumkin. Bunday yig‘iga hech kimning qarshiligi yo‘q. Maqsadimiz ularning yuragini ezish emas.

Bizning paytlarda 80 foiz qo‘shiqlar yig‘latadigan va ma’noli bo‘lardi. Odam shu qo‘shiqlardan yengillik topsa, albatta, yig‘lasin. Yig‘lab-yig‘lab, yuzini yuvib, ko‘ziga yana surmasini surtib, ko‘chaga chiqib, hayot yana davom etayotganini his qiladi. Yig‘latish deganda shuni nazarda tutaman, deydi u.

“Menchalik ishlaydigan odam qolmadi”

— Tapir-tupur, betartib konsertlarga pul to‘lab, kirayotganlar bor. Shuncha kun konsert beryapman, o‘zimning boshimga suv o‘girib yubordim. O‘zimga o‘zim charchama, Usmonova, dedim. Bunchalik ishlaydigan odam qolmadi. G‘am-tashvishsiz o‘rtaga chiqib olib, ashula aytishyapti. Men siqilyapman, har kuni dori ichaman. O‘zimni qanday tinchlantirishni bilmayman. Mendan necha yoshga yetdingiz, deb ko‘p so‘rashadi. Turmush o‘rtog‘im nega siqilasiz, deydi. Qanday qilib siqilmay? Men bolalarim bilan sahnaga chiqyapman, tasavvur qilyapsizmi? Qanday qilib xavotir olmasligim mumkin?

Menimcha, gap kostyumlarda, gaplarda, iddao qilishda, chiroyli yondirilgan chiroqlarda emas. U shundoq ham kerak, qilamiz. Qo‘shiqlar o‘z o‘rnini topsa, Yulduzni Yulduz deb eslashadi. Konsertida zo‘r lazer, chiroq qilgan edi, deb eslashmaydi. Yettidan yetmishgacha eslanyapmanmi, demak, qo‘shiqlar yashayapti. Men qo‘shiqlar yashashi tarafdoriman, deydi Yulduz Usmonova.

O‘zbekistonda 2026 yil 1 sentabrdan boshlab san’atkorlar va boshlovchilar ko‘rsatadigan xizmatlarni “Soliq” ilovasida ro‘yxatga olish hamda “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida soliqqa tortish rejalashtirilmoqda. Mazkur qaror loyihasining e’lon qilinishi shou-biznes vakillari o‘rtasida keng muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bu borada qanday fikrda?

— Rahbarlarimiz eshitsin — prezidentimizga material olib kiradiganlar juda adashadi. Indamay kelayotgandim, endi gapiraman. “Voy, to‘ylarda isrofgarchilik bo‘lyapti, san’atkorlarni qisqartirish kerak”, deyishadi. Agar biz isrofgarchilik bo‘lsak, bizni konsertingizga qo‘ymang. Nima qilib davlat tadbirlariga bizni qo‘yyapsizlar? Qo‘yinglar, san’atkorlarni qirib yuboringlar. Xatmi Qur’on qilib, aqiqa qilib, o‘zingiz o‘tkazavering. Nima bo‘ladi, kim ishlaydi? Eng yomon, eng ishlamaydigan san’atkor ham fonogramma qilish uchun necha pul sarflaydi?

Tug‘ilgan kun, tomosha qilsangiz, fonogramma ayttirib bo‘lsa ham, chaqirasiz-ku. Masalan, men eski-tuskida, yirtiq kiyimda kelsam, yoqamanmi, ayting? U omma ichidagi odam. Kosmetologga borishi shart, yaxshi kiyinib yurishga majbur, chunki u xalqning yuzi. Biz Amerika emasmiz, o‘z urf-odatimiz bor, yirtiq kiyim to‘g‘ri kelmaydi. Lekin bizda birorta qo‘shiq uchun pul to‘lanyaptimi? Har bir bayramda qo‘shiq buyurtma qilayotganda pulini to‘lashga qurbingiz yetadimi? To‘lang, shunda gap bo‘lishi mumkin emas.

Bugungi kunda juda qiyin. Isrofgarchilik bo‘lsa ham, san’atkorlar deyishadi. Senatorlar, deputatlarning hayotiga, ularning qizlari qanday yurganiga qaranglar. Mana, isrofgarchilik qayerda! Biz ishlamayapmizmi? Qachon uxlaganimni kim ko‘rdi? Men yig‘lab yuboraman, kecha ham juda qattiq yig‘ladim. Odam charchab ketadi. Endi soliq. Kim chidaydi, kim ishlaydi, kim yangi qo‘shiq qiladi? O‘ldiringlar san’atni! Gap bo‘lishi mumkin emas. Soliq tugul, litsenziyani ham 10 barobar qilib qo‘yinglar.

To‘ylardan ham soliq oladigan bo‘lishsa, to‘y qilayotgan odam bir san’atkor soliq to‘lashi uchun yana shuncha pul to‘lashi kerak. Hamma ham o‘g‘ri emas, tadbirkorlarning orasida ishlab topayotgani ham bor. Ular pul olishmaydi, ishlab topishadi. Kim pul olsa, soliq qo‘ying. Bu mashina qayerdan kelgani, qizi, o‘g‘lining Angliyada yurganini so‘rasin.

San’atkor emas, ijrochi ko‘p. Kim hozir yangi qo‘shiq aytyapti? Chiqsa, 4-5 ta chiqadi. Qolganlar eski qo‘shiqlarni remiks qilib kuylayapti. Qaysi tadbirda o‘tirsam, mening qo‘shig‘im qo‘yiladi. Avval mening mualliflik huquqim uchun pulimni yig‘ib bersin davlatimiz, keyin soliqdan gapirsin. Necha yillardan buyon qo‘shiqlarim qo‘yiladi. Men hech bo‘lmaganda bir tiyin so‘radimmi? Endi men ham pulimni so‘rayman. Qo‘shiq kuylamayman, deydi xonanda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version