Jamiyat
Kelasi yil dehqon va fermerlarga 2,2 trln so‘mlik subsidiya ajratilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshirib borilayotganini ta’kidlab, bundan keyin ham sohaga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topib berilishini bildirdi.
«Lekin bu mablag‘lar o‘z vaqtida egasiga yetib borishi va hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilishi uchun ochiq va shaffof tizim bo‘lishi kerak», – dedi Prezident.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalar shu paytgacha 6 ta vazirlik tomonidan ajratilayotgan edi. Shu bois, barcha subsidiyalar bo‘yicha moliyaviy xizmatlarni bir joyda ko‘rsatadigan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi.
Agentlik tomonidan kelasi yil dehqon va fermerlarga 2 trillion 200 milliard so‘mlik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya ajratish jarayoni hozirgi 4 bosqichdan 2 bosqichga, uni olishga ketadigan vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqaradi. Eng muhimi, har bir subsidiya fermerlarga ma’qul bo‘ladigan shartlarda, ularga mablag‘ eng zarur paytda beriladigan tizimga o‘tiladi.
Keyingi yildan suv nasosiga sarflangan elektr energiyasi uchun subsidiyalar meva-sabzavot, moyli ekin, kartoshka va ozuqa ekinlari yetishtiruvchi fermerlarga ham ajratilishi e’lon qilindi.
Jamiyat
«Jaloliddin Manguberdi» poyezdining ilk partiyasi O‘zbekistonga jo‘natildi
«Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi poyezdlarning ilk partiyasi Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga jo‘natildi.
Janubiy Koreyaning Changvon shahrida O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdlarning ilk partiyasi Masan portidan rasmiy ravishda jo‘natildi.
«Jaloliddin Manguberdi» nomi berilgan yangi poyezdlar 2024-yil iyunda Hyundai Rotem va O‘zbekiston temir yo‘llari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ishlab chiqarilgan.
Shu yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Hyundai Rotem kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan «Jaloliddin Manguberdi» nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.
Jamiyat
O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi
Bugun respublika bo‘ylab agrar sohada 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya, ularda juda katta salohiyatga ega yuzlab olim va ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev va qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun «ilm-fan – ta’lim – ishlab chiqarish» integratsiyasini ta’minlaydigan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi e’lon qilindi. Ushbu akademiya qishloq xo‘jaligidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.
«Men bir gapni takror aytishdan charchamayman. Ilm va izlanish bo‘lmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.
O‘tgan yilda 4 ta institut negizida Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish instituti tashkil etilgan edi. Ushbu institutda yiliga 8 mingdan ortiq soha vakillari, xususan, fermer, dehqon va klasterlar xodimlari zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanishga o‘qitiladi.
Mutasaddilarga Gollandiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Xitoydan malakali agronomlarni olib kelib, dehqon va fermerlarni yangiliklarga doimiy o‘qitib boradigan tizim qilish topshirildi.
Bundan tashqari, paxta-g‘alla yo‘nalishidagi eng ilg‘or 200 nafar fermer, meva-sabzavot yo‘nalishidagi eng mirishkor 200 nafar bog‘bon va dehqon, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi eng faol 100 nafar eksportchi Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, o‘qitiladi. Ushbu 500 nafar fermer, bog‘bon va eksportchilarning yo‘lkira va mehmonxona xarajati to‘liq qoplab beriladi.
Jamiyat
Ochiq drenaj va kollektorlar yopiq tizimga o‘tkaziladi
Respublikada ekin maydonlaridan o‘tgan 70 ming kilometr uzunlikdagi ochiq drenaj va kollektorlar bor.
Prezidentning qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularni bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazilsa, ekin ekish uchun qo‘shimcha maydonlar ochilishi, zovurlarni tozalash xarajatlari karrasiga tejalishi aytib o‘tildi.
«Bu masala, ayniqsa, yer tanqis bo‘lgan vodiy viloyatlari uchun juda dolzarb.
Shu bois, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, bu maqsadlar uchun 100 million dollar ajratilishi belgilandi», – dedi Prezident.
Viloyat hokimlari tajribali tadbirkorlar bilan kelasi yilning o‘zida kamida 10 ming kilometr drenajni yopiq tizimga o‘tkazib, 20 ming gektar qo‘shimcha ekin maydoni ochish uchun mas’ul bo‘ladi.
Jamiyat
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining funksiyalari belgilandi
Hukumatning joriy yil 6-dekabrdagi 772-son qarori bilan «Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, Jamg‘arma faoliyatini boshqarish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi, jumladan:
qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilishni tashkil etish va boshqarish;
sug‘urta hodisasi yuz berganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga yetkazilgan zararning qiymati qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi doirasida to‘lanishini ta’minlash.
Jamg‘arma o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega, jumladan:
sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish;
vositachilar, sug‘urta va qayta sug‘urta brokerlari hamda sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari bilan tegishli shartnomalar tuzish.
Jamg‘arma faoliyati Jamg‘armaning boshqaruv kengashi tomonidan boshqariladi.
Jamiyat
“Bizga Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash topshirilgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan surxondaryolik 25 yoshli yigit jinoiy jazoga tortildi. U urushda snaryad portlashi oqibatida og‘ir jarohatlangan. Yigit sudda Rossiyada organ xodimlari “deport hujjatlari” deya aldab, armiyada xizmat qilish shartnomasiga imzo qo‘ydirib olganini aytgan. “O‘qib ko‘rishga imkon bermasdan, imzo qo‘yishga majburlashdi”, degan u.
Surxondaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, 2000 yilda Uzun tumanida tug‘ilgan S.B. 2019 yildan ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borib-kelib yurgan. U 2023 yil 22 aprelda Tojikiston orqali Rossiyaga ketgan. Moskva viloyatida ishlab yurishi jarayonida 2025 yil aprel oyida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan.
S.B. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda urushga majburlikdan borganini, organ xodimlari uni aldab, shartnomaga imzo qo‘ydirib olganini aytgan.
“2025 yil 26 martgacha Moskva viloyati Krasnogorskiy shahrida joylashgan mashinasozlik zavodida ishladim. Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish hujjatlarimning muddati o‘tgani uchun ishdan bo‘shatishdi.
2025 yil 1 aprel kuni boshqa ish qidirib yurgan vaqtimda politsiya xodimlari ushlab, hujjatim bo‘lmagani sababli hibsxonaga joylashtirishdi. Hibsxonada turli davlatlardan bo‘lgan 7 nafar mehnat migranti ham bor edi. 2 aprel kuni politsiya xodimi deport qilinishim mumkinligini aytib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni taklif qildi. Rossiya armiyasi safida shartnoma asosida 1 yil xizmat qilsam 3 mln rubl pul mukofoti va Rossiya fuqaroligi berilishini va’da qilishdi.
Men urushga bormasligimni aytdim. 3 aprel kuni politsiya xodimlari “deport hujjatlariga imzo qo‘y”, deya o‘qib chiqishimga imkon bermasdan Rossiya armiyasida xizmat qilish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirib olishdi. 4 aprel kuni konvoy va maxsus otryad xodimlari kelib, avtobusda Voronej shahriga olib ketishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng S.B. va boshqalarni harbiy qismga olib borishib, bir oy davomida dala o‘quv maydonida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishgan. Agar xizmatdan bo‘yin tovlashsa, uzoq muddatga qamalishlarini aytib, qo‘rqitishgan.
“Mashg‘ulotlarda o‘qotar qurollar va aloqa vositalaridan foydalanish, birinchi tabbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. U yerda turli davlat fuqarolari bor edi. O‘quv mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng 50 kishi orasidan meni va yana 3 kishini avtobusda Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan qismiga olib borishdi.
2025 yil 29 aprel kunigacha yangi kelganlardan tuzilgan vzvodda yana harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. Shundan so‘ng 18 kishini avtobusda Kremennaya degan o‘rmonga olib borishdi. Ertasi kuni qo‘shimcha o‘q-dori va qurol berishdi: o‘rtaga bir qancha turdagi o‘q-dori, qurol, granatalar va tibbiy qutilarini qo‘yib, keragicha olinglar, urushga kiramiz, deyishdi.
Jangovar topshiriqda Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash va uni qo‘riqlaydigan harbiylarini yo‘q qilish kerakligini aytishdi. Xarita va drondan olingan rasmlarni ko‘rsatib, manzilni tushuntirishdi.
Ertasi kuni yo‘lga chiqdik. Yo‘lda Ukraina droni nishonga olib, snaryad tashlay boshladi. Snaryad portlashi oqibatida oskolkalar tegib, og‘ir jarohat oldim. O‘zimga og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, jgut bilan chap qo‘lim va chap oyog‘imni bog‘ladim. Ratsiyadan aloqaga chiqib, yaralanganim haqida axborot berdim. Ular orqaga qaytishimni, turgan joyimga evakuatsiya guruhi yetib bora olmasligini aytishdi. Shu sababli yarador holimda 3 km masofaga orqaga qaytdim”, degan u sudda.
So‘ngra yaralangan S.B. avvaliga Donetskdagi, so‘ngra Belgorod shahridagi harbiy gospitalga olib borilgan. 24 avgust kuni esa ta’til berishgan. Bundan foydalangan yigit 2025 yil 4 sentabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
S.B. Ukrainaga qarshi urushga o‘z xohishi bilan bormaganini, bunga majbur bo‘lganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Uzun tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan S.B. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Avvalroq pul uchun Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan namanganlik shaxs 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
-
Sport4 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Jamiyat1 day agoO‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
-
Sport2 days agoO‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan rossiyalik tennischi WTA 125 turniri g‘olibi bo‘ldi
-
Jamiyat2 days agoToshkent viloyatida 13 yoshli qiz orqali dori sotgan ayol va uning sheriklari ushlandi
-
Turk dunyosi3 days agoTüriyatiye: Trabzonspor super burgutlar hujumchisini tayinlaydi
