Jamiyat
“Kasbiga ishtiyoqi bor va o‘z mahorati ustida ko‘proq ishlaydigan ustozlar kamayib ketdi” – Algorismus rahbari bilan suhbat
Toshkentdagi “Algorismus” xususiy maktabi rahbari O‘g‘iloy Qobulova Kun.uz bilan suhbatda ta’limda pedagogik mahoratli o‘qituvchilarning kamayib ketayotgani, xususiy maktablarning yutug‘i haqida gapirdi.
Ta’limda eng og‘riqli nuqta – o‘qituvchilar
Hozirgi kunda ta’limda eng og‘riqli nuqtamiz bu o‘qituvchilardir. Ya’ni pedagog mahorati yetarli ustozlarni tanlab olish hamda ular bilan birgalikda o‘quvchilarga ta’lim berish eng dolzarb muammo deb bilaman. Sababi, o‘qituvchilik kasbiga ishtiyoqi bor va o‘z mahorati ustida ko‘proq ishlaydigan ustozlar kamayib ketdi, buni tan olish kerak.
Xorijiy tilni o‘qitish uchun pedagog ikki tilni mukammal bilishi kerak. Bizning maktabimizda mahalliy o‘qituvchilar bilan birga xorijlik ustozlar ham mavjud. Ularni e’lon berish orqali topib, birma-bir dars mahoratlarini ko‘rib chiqdik. Ulardan biri Amerikada katta bo‘lgan o‘zbek. Chunki ikkita tilni bilgan ustoz o‘rgatayotgan tilini o‘quvchiga yetkazib bera oladi. Ba’zida shunday bo‘ladiki, faqat ingliz tilini biladigan o‘qituvchi qabul qilinadi-da, lekin u bizning tilimizni bilmaydi. O‘quvchiga til ta’limini berayotganda ikkita tilni bilish kerak deb o‘ylayman. Bundan tashqari rus tilida o‘tiladigan darslarimiz uchun rossiyalik ustozlarni ham qabul qilganmiz.
Xususiy maktablar davlat maktablaridan bola soni bilan ajralib turadi. Sinfda bola soni qanchalik kam bo‘lsa, shunchalik e’tibor kuchli bo‘ladi. Har bir o‘quvchiga psixologik, logopedik hamda o‘qituvchining o‘z e’tibori ham ko‘proq beriladi. Shunda o‘quvchi o‘zini o‘quvchidek his qilib, kamchiligi ustida ishlashi mumkin. Ba’zi bir o‘quvchilarimizda kamchilik emas, yutuq ko‘p bo‘ladi. Ularning yutuqlarini yana-da oshirish uchun e’tibor, vaqt kerak. Xususiy maktablarning yutug‘i ham shunda deb o‘ylayman. Kimningdir aniq fanlarga, kimningdir gumanitar fanlarga qobiliyati bo‘ladi. Aynan shu jihatlarni pedagog-psixologlar ochib beradi va ota-onalar bilan maslahatlashgan holda bolaning yana ham shu jihatlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Hozirda ko‘pchilik bolalarda oyoqlarini qiyshiq bosish, bukurlanib o‘tirish holatlari kuzatiladi. Shuning uchun o‘quvchilarimiz orasida har kunlik gimnastika mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yganmiz. “Sog‘ tanda sog‘lom aql” deyishadi. Shuning uchun avval tanani to‘g‘ri rivojlantirib, keyin bilim darajasini yana ham oshirmoqchi bo‘lyapmiz. Bilsangiz, Yaponiya, Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlar bolalarga har kuni ertalab 10-15 daqiqalik tananing ikki tarafini ham ishlatuvchi jismoniy mashqlar qildiryapti. Biz ham maktabimizda soat 8 dan 8:30 gacha bolalarimiz bilan ana shunday mashqlar olib boramiz. Maqsadimiz bola organizmini uyg‘otib olish va miyaning ikki yarimsharini bir xilda ishlatish. Bola mashqlar tamomlangach, sekin ovqatlanib, darsga kirib keladi va bir maromda o‘qishni boshlaydi. Biz shu kabi xorij metodikalarini maktabimizga olib kiryapmiz.
90 foiz bolalarda nutq buzilishi muammosi
90 foiz bolalar nutq buzilishi bilan kelishyapti. Bunga iqlim, ovqatlanish tarzimiz sabab bo‘lishi mumkin. Shu kabi hollarda bizga logoped hizmati juda ham kerak bo‘lyapti. Ammo ko‘pchilik oilalarda bunga “aka-opasida ham shunday bo‘lgan, katta bo‘lsa, o‘tib ketadi”, deb e’tibor berishmaydi. Aslida nutqida muammosi bor bola o‘z fikrini bildirishga uyaladi. Bilgan narsasini ham aytgisi kelmaydi. Aynan logoped xizmatini 1-sinfdan joriy qilganimiz o‘quvchilarimiz nutqini rivojlantirib, o‘z fikrini bemalol bildira olishiga yordam bermoqda.
Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. Bular: Chexiya, Yaponiya, Malayziya va Turkiya. Kelgusida iqtidorli o‘quvchilarimizni rag‘batlantirish maqsadida ularni bir yilda bir marta shu davlatlarga olib chiqib, maktablarni ko‘rsatib, hamkorlar bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yganmiz.
Aviamodellash, robototexnika, IT texnologiyalari bo‘yicha to‘garaklarimiz mavjud. Sababi, hozir bolalarda bu sohalarga juda ham qiziqish ortib boryapti. Chunki aviamodellash va robototexnika bizda juda sust rivojlangan soha hisoblanadi. Shuning uchun maktabimizga bu yo‘nalishlarni olib kirdim. To‘garaklar bolalar qiziqishlarini qondiribgina qolmay, ularning matematika, fizika, kimyo va geometriyaga ham mehrini uyg‘otadi. Asta-sekin o‘quvchi bu fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirib ketadi.
Maktabimizni bitirgach, o‘quvchilarimiz universitetlarga grant asosida kirishini kafolatlaymiz. Birinchi o‘rinda, o‘quvchilarimizni shaxs sifatida to‘g‘ri rivojlantiramiz. Ikkinchidan, ularga fundamental bilimlarni chuqur beramiz. Chunki o‘quvchilar bilan individual ishlaganda bu narsaga, albatta, erishish mumkin. Uchinchidan, uchta tilni mukammal o‘rgatamiz. Bundan tashqari, bizda fanlar: aniq, gumanitar, tabiiyga ajratilmaydi. Hamma fanlar mukammal o‘rgatiladi va davlat ta’lim standartlari bo‘yicha o‘tiladi. Shuning uchun bizni bitirgan o‘quvchilarning davlat OTMlariga grant asosida, xorijiy top 100 talik oliygohlarga ham kirishlari kafolatlanadi.
Batafsil ma’lumotni maktabning rasmiy sahifalari yoki quyidagi raqamlar orqali olishingiz mumkin.
Instagram: @algorismus_school
Telegram: t.me/algorismus_school
Murojaat uchun: +99894 6061771, +99878 5550007
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi
Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.
Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim o‘yinchoqlar savdodan chiqarildi
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari savdodan chiqarildi.
Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan nazorat xaridlari davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlarida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Mesh Squezee Ball savdo belgili, stressga qarshi o‘rgimchak shaklidagi yumshoq o‘yinchoqlardan namunalar olinib, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, formaldegid moddasi inson salomatligiga, xususan, nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik holatlarni kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, tekshiruv davomida mahsulot yorliqlarida zarur ma’lumotlar davlat tilida aks ettirilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan holatlar «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament» talablariga zid deb topildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan savdo subyektlariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Jamiyat
Hokim yordamchilariga oid yana bir korrupsiyaviy holat fosh etildi
Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari ishtirokida imtiyozli mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir nechta hududda imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Jumladan, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi aniqlagan holatga ko‘ra, «U.T.» va «Q.A.» MChJning mas’ul shaxslari, Qayirma mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar amalda bajarmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan.
Yana bir holat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aniqlangan. Unda Toshkent mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar ushbu mahallada yashovchi sakkiz nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.
Shuningdek, Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «L.A.» MChJ rahbari va Farobiy mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi
O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.
Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Jamiyat
Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.
Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.
Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Sport5 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Dunyodan4 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat5 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport4 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat5 days agoGiyohvandlik vositalarini olib kirish va olib chiqish uchun sertifikat berish tartibi tasdiqlandi
-
Dunyodan4 days ago
NATO 2026-yilda Ukrainaga 70 milliard yevro miqdorida yordam ajratmoqchi
