Connect with us

Jamiyat

«Karyera kuni» bandlik siyosatida kutilgan natijani beryaptimi? (foto+video)

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining har payshanba kunini «Yoshlar kuni» deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan qarori hamda yoshlar bandligini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mehnat bozoriga integratsiya qilishga qaratilgan qator farmon va qarorlarda bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur me’yoriy hujjatlar ijrosi doirasida Buxorodagi davlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan «Karera kuni – 2026» hamda «Ochiq eshiklar kuni» viloyat markazidagi «Universal» sport majmuasida tashkil etildi. «Kelajagingni tanla» shiori ostidagi ushbu mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. E’tiborlisi, yarmarkada salkam 7 ming nafar oliy ta’lim hamda o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirok etishdi.

– Shu paytgacha mehnat yarmarkalarida bunaqa katta kontingent o‘z xohishi bilan ishtirok etmagan. Demak, yoshlarda mehnatga layoqat, ishga kirishga bo‘lgan mas’uliyat oshib bormoqda. Yarmarka ishtirokchilarining 40 foizidan ortig‘i bilan doimiy ish o‘ringa egalik shartnomalari imzolandi. Bu juda katta ko‘rsatkich. «Karyera kun»lari o‘z samarasini ko‘rsatmoqda,-dedi Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov.

Shu o‘rinda boshqarma boshlig‘i ayrim bitiruvchilar ish tanlash jarayonida tajribasi yetarli bo‘lmasa-da, turli tashkilot va idoralar oldiga ortiqcha talablar qo‘yayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, oliygohni yangigina bitirgan yoshlar yuqori lavozim, katta daromad va «kursibop» ishni ko‘zlashlari ularning ishga joylashish jarayonini cho‘zishga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan bitiruvchilar bilan tizimli va ko‘plab muloqotlar o‘tkazish, ularni real mehnat bozori talablariga moslashtirish zarurligi alohida ta’kidladi.

Haqiqatan, mehnat yarmarkasiga ish o‘rinlari taklifi bilan kelgan korxona, tashkilotlar mas’ullari bilan suhbatlashar ekanmiz, ayrim bitiruvchilar oylik maoshi 2,5 million so‘mdan boshlagan bo‘sh o‘rinlarga istak bildirishmayotgani, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik maoshli lavozimlarni xohlashayotganiga urg‘u qaratishdi. Sog‘liqni saqlash tizimidagi, jumladan, yuqumli kasalliklar yoki turli laboratoriyalardagi bo‘sh ish o‘rinlarini chetlab o‘tishayotgani holati ham kuzatilayotganini so‘zlashdi.  

Aytish joizki, mehnat yarmarkasi doirasida Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat Tibbiyot instituti, Buxoro davlat Texnika universiteti, Buxoro davlat Pedagogika instituti bitiruvchilari o‘z ixtiyoriga ko‘ra, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlaridan tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlari – ishlab chiqarish, ijtimoiy soha, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot birlashmalari, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va melioratsiya sohalari, shuningdek qo‘shma korxonalar, zavod-fabrikalar va tadbirkorlik sub’yektlari o‘z vakansiyalari bilan ishtirok etdi.

E’tiborimizni Buxoro davlat Tibbiyot institutining bitiruvchi talabalari tortdi. Bildirilishicha, ushbu tadbirda 1205 nafar  bitiruvchi talabalari hamda magistrlaridan 800 nafardan ortiq bitiruvchilari ishtirok etayotgan ekan. Nafaqat, Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash tizimi, balki, Navoiy viloyati, Samarqand viloyati, Qashqadaryo viloyati,  Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlari va tegishli tibbiyot birlashmalari ham o‘z ish o‘rinlari bilan kelishgan.

Tadbirda Surxondaryo viloyatida doimiy yashash manzili bo‘lgan magistr bitiruvchi talabasi Umid Xudoynazarov bilan Denov tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi davlat muassasasi o‘rtasida ishga joylashish shartnomasi imzolangan bo‘lsa, buxorolik  bitiruvchi talaba Marjona Abdurashidovani institutni tugatgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga olinishi kafolatlandi. Navoiylik bitiruvchi talaba bilan Karmana tuman tibbiyot birlashmasi o‘rtasida,  qashqadaryolik talaba  bilan esa  Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar imzolanib, tibbiyot boshqarma boshliqlari zimmasiga muhim topshiriqlar yuklatildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

– Hozirgi davrda Buxoro davlat Tibbiyot instituti  bitiruvchi talabalari tomonidan Respublikamizning turli hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalari bilan 837 nafar ishga joylashtirish shartnomari imzolangan. Shu bilan birgalikda ayrim yo‘nalishlarda, xususan, Xalq tabobati yo‘nalishi bo‘yicha mehnat registriga kiritilmaganli, Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishida tugatganlarga oddiy hamshira mutaxassisligi toifasida ish bilan ta’minlash  ularning bandligi risk holatida qaralmoqda. Bitiruvchilar joriy yilning iyun oyida institut tomonidan taqdim etiladigan ishga joylashtirish to‘g‘risidagi yo‘llanmalar asosida ishga yuboriladi. Bitiruvchilarni yakuniy bandlik monitoringini tashkil qilish, ishga joylashish bo‘yicha ma’lumotlarni joriy yilning sentyabr oyidan HEMIS axborot  tizimiga kiritib boriladi.,-dedi Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev.

Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning ma’lum qilishicha, 2025–2026 o‘quv yilida universitetda jami 5 241 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 4 755 nafari bakalavriat, 486 nafari magistratura bosqichida. Joriy yilda 3 911 nafar talaba bitirmoqda, ulardan 958 nafari boshqa viloyatlardan kelgan, 3 047 nafari esa Buxoro viloyati yoshlaridir.

AT «Xalq banki” Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosari Nargiza Latipova bitiruvchilarning 1 556 nafari ta’lim bilan bir vaqtda mehnat faoliyatiga jalb etilganini, 2026 yil boshidan bugungi kunga qadar 37 nafar bitiruvchiga jami 4 milliard 715 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilganini ta’kidladi. Jumladan, «Tadbirkorlikka ilk qadam» dasturi doirasida 33 nafar bitiruvchiga 615 million so‘m, «Biznes start» va «Biznes progress» kredit liniyalari orqali 4 nafar yoshga 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ berilgan.

Bitiruvchilarning 518 nafari ta’limni keyingi bosqichda davom ettirishni, 51 nafari esa kasb-hunar o‘rganish orqali bandlikka erishishni rejalashtirgan. Mehnat yarmarkasida Jondor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 44 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, ta’lim sohasida kimyo, biologiya, rus tili, xorijiy tillar va musiqa yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar yetishmasligi mavjudligini ma’lum qildi. 18 dan ortiq bitiruvchilarga tavsiyalar berildi. Qorovulbozor tumanidan 10 ta tashkilot 136 ta vakansiya bilan qatnashdi. Asosan, tibbiyot sohasi mutaxassislariga ehtiyoj katta ekani qayd etildi.  

Birgina viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 334 ta vakant o‘rin bilan tibbiyot muassasalari ham yarmarkada ishtirok etgan. Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va tuman tibbiyot birlashmalarida tor doiradagi mutaxassislarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.

– Men Buxoro davlat Tibbiyot institutining farg‘onalik talabasiman. Meni quvontirgani, o‘z viloyatimda ish o‘rnim tayin bo‘ldi. Buxorolik bitiruvchi kursdoshlarimni ham kuzatar ekanman, shu paytgacha, deyarli, 40 foizi turli tibbiyot tashkilotlari bilan mehnat shartnomalariga erishishgan bo‘lsa, mazkur mehnat yarmarkasi ham yana salkam, 40 foizini ishli qildi. «Karera kun»ining bundan bir necha yil ilgarigi mehnat yarmarkalaridan ochiqligi, shaffofligi bilan farq qilayotgani, hech qanday «ssenariylashtirish»laru, yolg‘on ish o‘rinlari taklifi yo‘qligi meni quvontirdi,-deydi Boborahim Ibodov.

– Men esa Romitan tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining bitiruvchisiman. Hunarmandchilikka, xususan, naqqoshlikka juda qiziqaman. Chizmachilik ham jonu-dilim. Buxoro davlat Texnika universitetiga kirish uchun oldimga maqsad qo‘ydim,-deydi To‘lan Bahronov.

Mehnat yarmarkasi yakunida ishtirokchilar ushbu tadbir yoshlar bandligini ta’minlashda samarali platforma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Ko‘plab bitiruvchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish o‘rinlarini tanlab, dastlabki mehnat shartnomalarini imzolashga erishdilar. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoroda «Karera kuni» yoshlar bandligini ta’minlash siyosatida o‘zining kutilgan samarasini berib, amalda real natijalarni namoyon etmoqda. Bu ochiq maydonda real ish o‘rinlari taklifiyu ishga kirish istagida bo‘lgan ayrim bitiruvchilar talablarining ortib borayotgani muvozanati esa «Karera kuni – 2026» dolzarbligini oshirilishi lozimligini ko‘rsatadi.

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Published

on


Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.

Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Published

on


Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.

Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.

Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.