Jamiyat
«Karyera kuni» bandlik siyosatida kutilgan natijani beryaptimi? (foto+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining har payshanba kunini «Yoshlar kuni» deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan qarori hamda yoshlar bandligini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mehnat bozoriga integratsiya qilishga qaratilgan qator farmon va qarorlarda bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur me’yoriy hujjatlar ijrosi doirasida Buxorodagi davlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan «Karera kuni – 2026» hamda «Ochiq eshiklar kuni» viloyat markazidagi «Universal» sport majmuasida tashkil etildi. «Kelajagingni tanla» shiori ostidagi ushbu mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. E’tiborlisi, yarmarkada salkam 7 ming nafar oliy ta’lim hamda o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirok etishdi.
– Shu paytgacha mehnat yarmarkalarida bunaqa katta kontingent o‘z xohishi bilan ishtirok etmagan. Demak, yoshlarda mehnatga layoqat, ishga kirishga bo‘lgan mas’uliyat oshib bormoqda. Yarmarka ishtirokchilarining 40 foizidan ortig‘i bilan doimiy ish o‘ringa egalik shartnomalari imzolandi. Bu juda katta ko‘rsatkich. «Karyera kun»lari o‘z samarasini ko‘rsatmoqda,-dedi Buxoro viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov.
Shu o‘rinda boshqarma boshlig‘i ayrim bitiruvchilar ish tanlash jarayonida tajribasi yetarli bo‘lmasa-da, turli tashkilot va idoralar oldiga ortiqcha talablar qo‘yayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, oliygohni yangigina bitirgan yoshlar yuqori lavozim, katta daromad va «kursibop» ishni ko‘zlashlari ularning ishga joylashish jarayonini cho‘zishga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan bitiruvchilar bilan tizimli va ko‘plab muloqotlar o‘tkazish, ularni real mehnat bozori talablariga moslashtirish zarurligi alohida ta’kidladi.
Haqiqatan, mehnat yarmarkasiga ish o‘rinlari taklifi bilan kelgan korxona, tashkilotlar mas’ullari bilan suhbatlashar ekanmiz, ayrim bitiruvchilar oylik maoshi 2,5 million so‘mdan boshlagan bo‘sh o‘rinlarga istak bildirishmayotgani, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik maoshli lavozimlarni xohlashayotganiga urg‘u qaratishdi. Sog‘liqni saqlash tizimidagi, jumladan, yuqumli kasalliklar yoki turli laboratoriyalardagi bo‘sh ish o‘rinlarini chetlab o‘tishayotgani holati ham kuzatilayotganini so‘zlashdi.
Aytish joizki, mehnat yarmarkasi doirasida Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat Tibbiyot instituti, Buxoro davlat Texnika universiteti, Buxoro davlat Pedagogika instituti bitiruvchilari o‘z ixtiyoriga ko‘ra, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlaridan tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlari – ishlab chiqarish, ijtimoiy soha, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot birlashmalari, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va melioratsiya sohalari, shuningdek qo‘shma korxonalar, zavod-fabrikalar va tadbirkorlik sub’yektlari o‘z vakansiyalari bilan ishtirok etdi.
E’tiborimizni Buxoro davlat Tibbiyot institutining bitiruvchi talabalari tortdi. Bildirilishicha, ushbu tadbirda 1205 nafar bitiruvchi talabalari hamda magistrlaridan 800 nafardan ortiq bitiruvchilari ishtirok etayotgan ekan. Nafaqat, Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash tizimi, balki, Navoiy viloyati, Samarqand viloyati, Qashqadaryo viloyati, Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlari va tegishli tibbiyot birlashmalari ham o‘z ish o‘rinlari bilan kelishgan.
Tadbirda Surxondaryo viloyatida doimiy yashash manzili bo‘lgan magistr bitiruvchi talabasi Umid Xudoynazarov bilan Denov tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi davlat muassasasi o‘rtasida ishga joylashish shartnomasi imzolangan bo‘lsa, buxorolik bitiruvchi talaba Marjona Abdurashidovani institutni tugatgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga olinishi kafolatlandi. Navoiylik bitiruvchi talaba bilan Karmana tuman tibbiyot birlashmasi o‘rtasida, qashqadaryolik talaba bilan esa Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar imzolanib, tibbiyot boshqarma boshliqlari zimmasiga muhim topshiriqlar yuklatildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– Hozirgi davrda Buxoro davlat Tibbiyot instituti bitiruvchi talabalari tomonidan Respublikamizning turli hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalari bilan 837 nafar ishga joylashtirish shartnomari imzolangan. Shu bilan birgalikda ayrim yo‘nalishlarda, xususan, Xalq tabobati yo‘nalishi bo‘yicha mehnat registriga kiritilmaganli, Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishida tugatganlarga oddiy hamshira mutaxassisligi toifasida ish bilan ta’minlash ularning bandligi risk holatida qaralmoqda. Bitiruvchilar joriy yilning iyun oyida institut tomonidan taqdim etiladigan ishga joylashtirish to‘g‘risidagi yo‘llanmalar asosida ishga yuboriladi. Bitiruvchilarni yakuniy bandlik monitoringini tashkil qilish, ishga joylashish bo‘yicha ma’lumotlarni joriy yilning sentyabr oyidan HEMIS axborot tizimiga kiritib boriladi.,-dedi Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev.
Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning ma’lum qilishicha, 2025–2026 o‘quv yilida universitetda jami 5 241 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 4 755 nafari bakalavriat, 486 nafari magistratura bosqichida. Joriy yilda 3 911 nafar talaba bitirmoqda, ulardan 958 nafari boshqa viloyatlardan kelgan, 3 047 nafari esa Buxoro viloyati yoshlaridir.
AT «Xalq banki” Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘i o‘rinbosari Nargiza Latipova bitiruvchilarning 1 556 nafari ta’lim bilan bir vaqtda mehnat faoliyatiga jalb etilganini, 2026 yil boshidan bugungi kunga qadar 37 nafar bitiruvchiga jami 4 milliard 715 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilganini ta’kidladi. Jumladan, «Tadbirkorlikka ilk qadam» dasturi doirasida 33 nafar bitiruvchiga 615 million so‘m, «Biznes start» va «Biznes progress» kredit liniyalari orqali 4 nafar yoshga 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ berilgan.
Bitiruvchilarning 518 nafari ta’limni keyingi bosqichda davom ettirishni, 51 nafari esa kasb-hunar o‘rganish orqali bandlikka erishishni rejalashtirgan. Mehnat yarmarkasida Jondor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 44 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etib, ta’lim sohasida kimyo, biologiya, rus tili, xorijiy tillar va musiqa yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar yetishmasligi mavjudligini ma’lum qildi. 18 dan ortiq bitiruvchilarga tavsiyalar berildi. Qorovulbozor tumanidan 10 ta tashkilot 136 ta vakansiya bilan qatnashdi. Asosan, tibbiyot sohasi mutaxassislariga ehtiyoj katta ekani qayd etildi.
Birgina viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 334 ta vakant o‘rin bilan tibbiyot muassasalari ham yarmarkada ishtirok etgan. Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va tuman tibbiyot birlashmalarida tor doiradagi mutaxassislarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.
– Men Buxoro davlat Tibbiyot institutining farg‘onalik talabasiman. Meni quvontirgani, o‘z viloyatimda ish o‘rnim tayin bo‘ldi. Buxorolik bitiruvchi kursdoshlarimni ham kuzatar ekanman, shu paytgacha, deyarli, 40 foizi turli tibbiyot tashkilotlari bilan mehnat shartnomalariga erishishgan bo‘lsa, mazkur mehnat yarmarkasi ham yana salkam, 40 foizini ishli qildi. «Karera kun»ining bundan bir necha yil ilgarigi mehnat yarmarkalaridan ochiqligi, shaffofligi bilan farq qilayotgani, hech qanday «ssenariylashtirish»laru, yolg‘on ish o‘rinlari taklifi yo‘qligi meni quvontirdi,-deydi Boborahim Ibodov.
– Men esa Romitan tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining bitiruvchisiman. Hunarmandchilikka, xususan, naqqoshlikka juda qiziqaman. Chizmachilik ham jonu-dilim. Buxoro davlat Texnika universitetiga kirish uchun oldimga maqsad qo‘ydim,-deydi To‘lan Bahronov.
Mehnat yarmarkasi yakunida ishtirokchilar ushbu tadbir yoshlar bandligini ta’minlashda samarali platforma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Ko‘plab bitiruvchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish o‘rinlarini tanlab, dastlabki mehnat shartnomalarini imzolashga erishdilar. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoroda «Karera kuni» yoshlar bandligini ta’minlash siyosatida o‘zining kutilgan samarasini berib, amalda real natijalarni namoyon etmoqda. Bu ochiq maydonda real ish o‘rinlari taklifiyu ishga kirish istagida bo‘lgan ayrim bitiruvchilar talablarining ortib borayotgani muvozanati esa «Karera kuni – 2026» dolzarbligini oshirilishi lozimligini ko‘rsatadi.