Iqtisodiyot
“Kartani to‘ldirish komissiyalarini Markaziy bank tartibga solmaydi”
Naqdsiz to‘lov tartibi tufayli, 1 apreldan boshlab aholida qo‘lidagi naqd pulini kartaga kiritishga bo‘lgan talab keskin oshadi. Lekin amaliyotda kartani bankomat yoki terminal orqali to‘ldirganda, 3 foizgacha komissiya olinadi. Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari bu bozor va raqobat masalasi ekani, regulyator bunga aralasha olmasligini aytdi. “Qaysi bank qulay taklif bersa, mijoz o‘shani tanlaydi”, dedi u.
27 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida 1 apreldan boshlab joriy etiladigan yangi tartib – bir qator to‘lovlar va savdolarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish mexanizmlarini batafsil tushuntirdi.
Yangi tartibga ko‘ra, kommunal to‘lovlar, davlat xizmatlari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek ko‘chmas mulk va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtotransport vositalari oldi-sotdisi faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
Rasmiylar bu qaror ortida turgan asosiy maqsadni – shaffof iqtisodiyotga o‘tish va to‘lovlarni soddalashtirish bilan izohladi.
“Bu – fuqarolar uchun qulaylik yaratish, to‘lovlarni tez va uzluksiz amalga oshirish uchun qilinmoqda”, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodir Saydullayev.
Uning ta’kidlashicha, asosiy vazifa – shunday tizim yaratishki, fuqaro to‘lov usuli sabab tovar yoki xizmatsiz qolmasin. Shu maqsadda banklar tomonidan “lahzalik kartalar” joriy etilmoqda. Masalan, yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kelgan mijozda karta bo‘lmasa, unga joyida karta rasmiylashtirib berilishi mumkin. “Fuqaro xizmatdan foydalanmay chiqib ketmasligi kerak – biz sharoitni shunga moslayapmiz,” dedi Saydullayev.
Brifingda muhokama qilingan masalalardan biri – bank komissiyalari bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, davlat banklari ko‘chmas mulk operatsiyalari uchun maksimal 206 ming so‘m, avtomobil savdosi uchun esa 103 ming so‘m miqdorida komissiya belgilagan.
Misol tariqasida keltirilishicha, “400 million so‘mlik uy sotib olishda ilgari o‘rtacha 0,5 foiz, ya’ni 2 million so‘m komissiya to‘langan bo‘lsa, endi bu summa atigi 206 ming so‘mni tashkil etadi”.
Statistik ma’lumotlar ham e’tiborga loyiq: 2025 yilda O‘zbekistonda 600 mingga yaqin avtomobil va 300 mingga yaqin ko‘chmas mulk oldi-sotdisi amalga oshirilgan. Bu esa yangi tizim qanchalik katta hajmdagi operatsiyalarni qamrab olishini ko‘rsatadi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev esa yangi tartibning qamrovi haqida aniq raqamlarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “28 ming turdagi mahsulot ushbu talabga tushadi, bu esa sotuvdagi umumiy mahsulotlarning 7 foizini tashkil etadi”. Shundan 22 mingdan ortig‘i alkogol va tamaki mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Yana 5 mingta mahsulot – qiymati 25 mln so‘mdan yuqoriligi uchun shu tartib doirasiga tushadi.
1 apreldan boshlab ushbu mahsulotlar uchun kassa apparatlarida naqd to‘lov funksiyasi o‘chirib qo‘yiladi. “Agar xarid savatchasida sigaret bo‘lsa, naqd to‘lov tugmasi ishlamaydi, faqat naqdsiz to‘lov amalga oshiriladi”, deya izoh berdi Abdiyev.
Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov esa yangi tizim ortida daromad olish emas, balki tizimni tartibga solish maqsadi turganini ta’kidladi: “Bizda pul ishlash maqsadi yo‘q. Aksincha, xizmat haqini imkon qadar minimal darajada belgiladik”, – dedi u.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 5,4 millionta notarial harakat amalga oshiriladi, shundan qariyb 1 millioni – ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq.
Kun.uz muxbiri tomonidan ko‘tarilgan muhim masalalardan biri – bank kartalariga naqd pul kiritishdagi komissiyalar va infratuzilma yetishmovchiligi bo‘ldi. Hozirda banklar o‘z bankomatida boshqa bank mijozlari uchun naqd pul kiritishda 1 foizdan 3 foizgacha komissiya olmoqda.
Bu savolga javoban Markaziy bank rasmiysi shunday dedi: “Komissiyalarni Markaziy bank tartibga solmaydi, bu – bozor va raqobat masalasi. Qaysi bank qulay sharoit taklif qilsa, mijoz o‘shani tanlaydi”.
Shuningdek, P2P o‘tkazmalar bo‘yicha muhokamalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning imzosi bilan 17 fevral kuni tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga yuborilgan xat o‘z kuchini yo‘qotdimi, degan savolga Saydullayev: “Boshidan ixtiyoriy edi, majburiy xarakterga ega bo‘lmagan”, deb javob berdi.
Biroq rasmiylar uzoq muddatda bunday ma’lumotlar iqtisodiy tahlil uchun zarurligini ham yashirmadi. Ularning fikricha, P2P operatsiyalar orqali norasmiy iqtisodiyot hajmini kamaytirish mumkin.
Yana bir muhim muammo – cash-in bankomatlar yetishmovchiligi. Rasmiylar bu borada banklarga murojaat qilib, infratuzilmani kengaytirish zarurligini tan oldi. Hozirda 17 990 dan ortiq agent nuqtalari orqali (terminallar vositasida) naqd pul kiritish va yechish xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Yakunda ta’kidlanganidek, yangi tizim – bosqichma-bosqich moslashuvni talab qiladi. Boshqa ayrim mexanizmlar, jumladan uy-joy xaridida keshbek tizimi ham ishlab chiqilmoqda.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot6 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat2 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 hour ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
