Jamiyat
Karmanada Zarafshon daryosiga cho‘milishga borgan 3 nafar o‘smir cho‘kib ketib, vafot etdi
Ulardan ikkisi aka-uka bo‘lgan. O‘smirlarning jasadi 2 kunlik qidiruvdan so‘ng bugun topildi.
Navoiyda 3 nafar yigit Zarafshon daryosiga cho‘kib ketib, vafot etdi. Navoiy viloyati FVB matbuot xizmati holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Karmana tumani Katta machit mahallasida yashovchi 4 nafar yigit 8 iyul kuni tush payti Zarafshon daryosiga cho‘milishga borgan. Ulardan 3 nafari cho‘milish vaqtida suvga cho‘kib ketgan.
“Buxoro va Navoiy viloyati FVB qutqaruvchilari, maxsus texnikalar va motorli rezina qayiq jalb etilgan holda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borildi. 10 iyul kuni 3 nafar voyaga yetmagan o‘smirning jasadi hodisa sodir bo‘lgan joydan turli masofalarda topildi”, deyiladi boshqarma ma’lumotida.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, vafot etganlar 2008 yilda tug‘ilgan J.S., 2012 yilda tug‘ilgan J.S. hamda 2010 yilda tug‘ilgan O.T. bo‘lgan. Ularning ikkisi aka-uka ekani aytilmoqda.
Avvalroq Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 15 yoshli ikki o‘smir kanalga cho‘milishga borib, tok urishi oqibatida vafot etgandi.
Jamiyat
Og‘ir vaziyatga tushgan ayollar davlat ularning qismatiga befarq emasligini his qilishi kerak
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Dilnozaxon Kattaxanovani bosh vazirning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganini olqishladi.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
«19 milliondan ziyod ayollarimiz — bu ulkan kuch va ayni paytda katta mas’uliyat demakdir. Davlat xotin-qizlarning ehtiyoj va muammolarini qanchalik teran anglasa, har bir oilaning farovonligi shunchalik barqaror bo‘ladi. Aynan shu sababli bandlikni ta’minlash, xorijdagi hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash hamda zo‘ravonlikning oldini olish kabi masalalar vaqtinchalik choralar emas, balki puxta ishlab chiqilgan tizimli yondashuvni talab etadi.
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollar: jazo muddatini o‘tayotgan, uyi va farzandlaridan uzoqda mehnat qilayotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Ular yolg‘izlanib qolmaganlarini, davlat ularning qismatiga befarq emasligini his qilishlari kerak», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
«Dilnozaxon, Sizga bu yo‘lda oqilalik, qat’iyat, ishingizga omad va yurtimizdagi har bir ayolning hayotida aks etadigan ulkan natijalar tilayman!», deb qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Jamiyat
Toshkentda Aviasozlar ko‘chasida transport harakati cheklanadi
Toshkentning Yashnobod tumanida issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari munosabati bilan Aviasozlar ko‘chasining bir qismida avtotransport harakati qariyb uch haftaga vaqtincha cheklanadi. Haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya etildi.
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi ma’lum qilishicha, iste’molchilarni barqaror va sifatli issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida magistral issiqlik tarmoqlarini yangilash ishlari davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 11 iyul soat 08:00 dan 31 iyul soat 06:00 gacha Yashnobod tumanidagi Aviasozlar ko‘chasida magistral issiq suv quvurlarini almashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Qurilish-ta’mirlash ishlari davomida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mazkur hududning tegishli qismida avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.
Kompaniya haydovchilardan harakat yo‘nalishini oldindan rejalashtirish va aylanma yo‘llardan foydalanishni so‘radi.
Veolia Energy Tashkent yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun aholi va haydovchilardan uzr so‘rab, ko‘rsatilgan cheklovlarga tushunish bilan yondashishni iltimos qildi.
Jamiyat
Tabiiy gazga ulash uchun pora olgan mansabdorlar ushlandi
Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida tabiiy gaz tarmog‘iga ulash, yangi abonent hisobini rasmiylashtirish hamda gazdan qarzdorlikni kamaytirib berishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan bir qator mas’ul shaxslar fosh etildi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Rishton tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda «Rishton tumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari S.Sh. va M.O. fuqaro H.Uning xonadonini tabiiy gaz tarmog‘iga ulash va hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5,2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Uychi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Uychitumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi B.D. fuqaroning xonadonini gaz tarmog‘iga ulash va hisoblagich o‘rnatib berish evaziga o‘z xizmat xonasida 4,5 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Chortoq tumanidagi tezkor tadbirda «Yangiqo‘rg‘ontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi A.A. fuqaroning uyini gaz tarmog‘iga ulash va yangi abonent hisob raqami ochib berish evaziga filial qorovuli orqali 4,8 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida esa «Hududgaz Andijon» gaz ta’minoti filialining sobiq bo‘lim boshliqlari A.I. va K.Yu. tadbirkorni gazdan hisoblangan 76 million so‘m qarzdorlikni kamaytirib berishga ishontirgan. Ular bu xizmat uchun olingan 500 AQSh dollarining bir qismi — 2,3 million so‘mni tadbirkorga qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Endi xorijga ishga jo‘natuvchi tadbirkorlar elektron xavf tahlilidan o‘tkaziladi
O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati endi elektron xavf tahlili tizimi orqali baholanadi. Yangi tartib qonunbuzarlik xavfini avtomatlashtirilgan tarzda aniqlash va nazorat choralarini xavf darajasiga qarab tashkil etishni nazarda tutadi.
Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026 yil 9 iyul kuni 3895-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Nizomga ko‘ra, xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi ehtimoli avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlilini o‘tkazish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangi tartibga muvofiq, huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarga nisbatan qonunchilik asosida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin.
Past xavf toifasiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar amalga oshirilmaydi.
Nizomda alohida qayd etilishicha, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun mustaqil asos hisoblanmaydi.
Jamiyat
Sobiq davlat xizmatchilarini ishga olish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda sobiq davlat xizmatchilarini ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilish tartibi kuchaytirildi. Endi ularni ishga olishdan avval korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasini olish majburiy hisoblanadi.
Adliya vazirligi sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan xulosa olish tartibini belgilovchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 8 iyul kuni 3894-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Mazkur tartib «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Qonunga muvofiq, davlat organi yoki tashkilotida ishlagan shaxs ishdan bo‘shaganidan keyin ikki yil davomida o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilinishi uchun avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinishi shart.
Yangi tartibga ko‘ra, nazorat ostida bo‘lgan tashkilot sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilishni rejalashtirsa, uning kadrlar xizmati bir ish kuni ichida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qilishi lozim.
Ichki nazorat bo‘linmasi quyidagi uch turdagi xulosalardan birini taqdim etadi:
ijobiy xulosa — nomzodni ishga qabul qilish mumkin;
cheklovli ijobiy xulosa — belgilangan cheklovlar asosida ishga qabul qilish mumkin;
salbiy xulosa — ishga qabul qilish rad etiladi.
Hujjatga muvofiq, ichki nazorat bo‘linmasining xulosasi olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar cheklovli ijobiy xulosa berilsa, xodim uch oy davomida avval nazorat qilgan tashkilotga oid qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etmaydi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi va uning faoliyati korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.
Sobiq davlat xizmatchisi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasidan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega.
-
Iqtisodiyot3 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Turkiyadagi NATO sammiti oldidan Ukraina urushining yakunlanishi haqida optimistik fikr bildirdi
-
Jamiyat3 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Sport5 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Dunyodan2 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi2 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
