Jamiyat
Karmanada Zarafshon daryosiga cho‘milishga borgan 3 nafar o‘smir cho‘kib ketib, vafot etdi
Ulardan ikkisi aka-uka bo‘lgan. O‘smirlarning jasadi 2 kunlik qidiruvdan so‘ng bugun topildi.
Navoiyda 3 nafar yigit Zarafshon daryosiga cho‘kib ketib, vafot etdi. Navoiy viloyati FVB matbuot xizmati holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Karmana tumani Katta machit mahallasida yashovchi 4 nafar yigit 8 iyul kuni tush payti Zarafshon daryosiga cho‘milishga borgan. Ulardan 3 nafari cho‘milish vaqtida suvga cho‘kib ketgan.
“Buxoro va Navoiy viloyati FVB qutqaruvchilari, maxsus texnikalar va motorli rezina qayiq jalb etilgan holda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borildi. 10 iyul kuni 3 nafar voyaga yetmagan o‘smirning jasadi hodisa sodir bo‘lgan joydan turli masofalarda topildi”, deyiladi boshqarma ma’lumotida.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, vafot etganlar 2008 yilda tug‘ilgan J.S., 2012 yilda tug‘ilgan J.S. hamda 2010 yilda tug‘ilgan O.T. bo‘lgan. Ularning ikkisi aka-uka ekani aytilmoqda.
Avvalroq Navoiy viloyatining Navbahor tumanida 15 yoshli ikki o‘smir kanalga cho‘milishga borib, tok urishi oqibatida vafot etgandi.