Sport
Kapadze murabbiylar shtabida ko‘p vaqt qolmoqchi emas
Milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi yangi bosh murabbiyga vaqtincha yordamchilik qilishi, navbatdagi yig‘inlardan keyin jamoada qolmasligi mumkinligini aytdi.
O‘zbekiston milliy jamoasining endilikda sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaroning shtabida faqat vaqtincha yordamchi murabbiy bo‘lib ishlashi mumkin.
U navbatdagi yig‘inlardan keyin o‘z yo‘lida davom etishi mumkinligini aytib o‘tdi.
«Jamoaga omad tilayman. O‘zbekiston terma jamoalarida 4 yildan ziyod faoliyat olib bordim va o‘ylaymanki, uni munosib bajara oldim. Yangi bosh murabbiyga muvaffaqiyat tilayman.
Ushbu va keyingi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida jamoaga yordam beraman qolganini vaqt ko‘rsatadi», – dedi Kapadze.
O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov esa yangi bosh murabbiy olib kelish orqali Kapadzega hurmatsizlik ko‘rsatilmagani haqida gapirgan.
«Srechko Katanets boshchiligudagi jamoa bilan Jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, shartnoma muddati uzaytirilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bosh murabbiyning salomatligi kutilmaganda yomonlashdi.
Uning murabbiylar jamoasi esa akademiyada, turli terma jamoalarimizda faoliyat yuritishlari kutilmoqda.
Murabbiy tayinlashda xalqaro ekspertlar, tahlilchilar va murabbiylar kengashi tomonidan doimiy ravishda o‘rganishlar davom etdi. Timur Kapadzening salohiyati va murabbiylik mahoratiga zarracha shubha yo‘q, unga nisbatan hurmatsizlik qilinmadi. Maqsadimiz birgalikda xalqaro darajada rivojlanishdan iborat.
Maqsadimiz har kuni rivojlanish, biz futboli rivojlanayotgan mamlakatlardan birimiz, tizimli ravishda ishlarimizni yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Kannavaro kelishi bilanoq, yoshlar jamoalarimiz murabbiylari bilan ko‘rishdi, suhbatlashdi, tahliliy ishlarni boshlab yubordi, bu professionalizm.
O‘z ishimizga tanqidiy yondashib, bugun kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilishimiz kerak», degan u.
O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rejalashtirilgan. 9 oktyabr kuni Toshkentda Kuvayt bilan, 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvay bilan o‘yinlar o‘tkaziladi. Katta ehtimol bilan, shu o‘yinlardan keyin Kapadze shtabni tark etadi.