Jamiyat
Kalondimog‘ va takabbur «Robinzon»ning sarguzashtlari
1847-yilda 24 yoshli shaharlik sovuqqon, takabbur yigit, nasldor dvoryan, iste’fodagi gusar Sergey Lisitsin Amerikaga yetib olish maqsadida Andreyev bayrog‘i ostidagi kemaga chiqdi. Ofitserlar kayut-kompaniyasida uni juda xushmuomalalik bilan kutib olishdi, biroq Lisitsin mast holatda kema kapitaniga haqoratli gaplar gapirib, matroslarni isyon ko‘tarishga unday boshladi. Ana shunda kapitan fitnachining qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, ko‘zlarini bog‘lab, qo‘liga xat tutqazgan holda kimsasiz qirg‘oqqa tashlab ketishni buyurdi…
Mahbus kishanlardan xalos bo‘lib, ko‘zidagi bog‘ichni yechganida, ufqda uzoqlashib borayotgan kemani ko‘rdi. Olijanob kapitan unga kiyim-kechak to‘la jomadon, uch juft etik, po‘stin, bir juft to‘pponcha, qilich, xanjar, shakar va choy zaxirasi, tilla cho‘ntak soati, buklama pichoq, bir pud qotirilgan non, ikki flyaga aroq, toza daftarlar, soqol olish anjomlari, chaqmoqtosh, gugurt zaxirasi va hatto 200 ta Gavana sigarasini qoldirgan edi.
Bularning barchasiga 26 ta o‘q-doridan iborat ajoyib miltiq va kema komandirining quyidagi xati ilova qilingandi: «Muhtaram Sergey Petrovich! Dengiz ustaviga ko‘ra, sizni o‘lim jazosiga mahkum etish kerak edi. Ammo yoshligingiz, noyob iste’dodingiz va, eng muhimi, men payqagan mehribon qalbingiz hurmati sizga hayot baxsh etaman… Sizdagi bu baxtsiz fe’l-atvorni yolg‘izlik va muhtojlik tuzatishini chin dildan xohlardim. Vaqt va mulohazalar mening ushbu bag‘rikengligimni qadrlashga o‘rgatadi, agar taqdir bizni qachondir yana uchrashtirsa (buni chin qalbdan istayman), biz dushman sifatida uchrashmaymiz. A. M.».
Dvoryan Lisitsin umrida o‘z qo‘li bilan biror ish bajarib ko‘rmagan edi: mulkida unga krepostnoy dehqonlar, polkda esa xizmatkor askar g‘amxo‘rlik qilardi. Kema Oxota dengizi bo‘ylab suzib ketayotganini bilgani uchun, u o‘zini Aleut yoki Kuril orollari zanjiridagi quruqlik parchalaridan birida qoldirilgan, deb umid qildi. Biroq tez orada ahvoli juda ayanchli ekanini anglab yetdi. U taqdir taqozosi bilan ikki dengiz qurshovida qolgan edi. Qarshisida sovuq Oxota dengizi mavjlanib turar, ortida esa cheksiz va qalin «yashil tayga dengizi» shovullardi. U yerda esa – ayiqlar, bo‘rilar, silovsinlar, zaharli ilonlar bor edi.
Bir oy ichida «rus Robinzoni» o‘ziga pechkali uy qurib, mebellar yasab oldi. Patronlarni tejash maqsadida palaxmon, kamon va o‘qlar yasadi. Va juda to‘g‘ri qilgan ekan – qishda uning uyiga och bo‘rilar galasi yopirilib keldi. Lisitsin miltiq orqali yaqin masofadan 8 ta yirtqichni otib o‘ldirdi. Bundan oldin esa ayiqni otib, o‘zini issiq mo‘yna va ayiq go‘shti zaxirasi bilan ta’minlagan edi. U baliq tutdi, qo‘ziqorinlar yig‘ib, quritdi.
12 aprel kuni Sergey Lisitsin bahorgi bo‘ronlar oqibatini kuzatib, qirg‘oq bo‘ylab sayr qilib yurganida, yuztuban yotgan odamni ko‘rib qoldi. Notanish kimsa holsiz va hushsiz edi. Ma’lum bo‘lishicha, Vasiliy ismli bu baxtsiz odam Rus Amerikasiga ketayotgan transport kemasidan ekan. Kema teshilib, suv kira boshlagach, hamma qochib ketgan, uni esa o‘g‘li bilan unutib qoldirishgan ekan. Ko‘p o‘tmay, kemani uzoq bo‘lmagan joydan topishdi. Kemada 16 yoshli o‘smirdan tashqari ikkita ovcharka iti, mushuklar, 8 ta Xolmogor sigiri, bir buqa, 16 ta ho‘kiz, 26 ta qo‘y, oziq-ovqat zaxiralari, asbob-uskunalar, arpa va javdar urug‘lari, shuningdek, qurol-yarog‘, teleskop, ikkita durbin, samovar, qurilish va bog‘dorchilik anjomlari bor edi.
Yetti oylik yolg‘izlik «to‘ra»ning kalondimog‘ligi va dvoryanlik takabburligini butunlay uchirib yuborgandi. Bunday katta xo‘jalik va yana ikki juft chaqqon hamda mehnatkash qo‘llar bilan ular yoz davomida nafaqat uy va hammomni yangilashdi, balki sariyog‘, qaymoq, pishloq va tvorog tayyorlashni ham o‘rganishdi. Yer haydab, arpa va javdar hosilini yig‘ib olishdi. Dengiz va daryodan ko‘plab baliq ovlashni yo‘lga qo‘yishdi. Qo‘ziqorin, rezavorlar va shifobaxsh o‘tlarni yig‘ib, qayta ishlashni boshlashdi. Bir so‘z bilan aytganda, mehnat jamoasi bo‘lib yashay boshlashdi…
1857-yilda yozuvchi Aleksandr Sibiryakov Amur bo‘yidagi mis va oltin konining mehmondo‘st egasi Sergey Lisitsin bilan uchrashdi. Bu mis rudasi va oltin konlarini u bir vaqtlar yolg‘izlikda yurgan chog‘larida topgan edi. Hukumat Lisitsinni ushbu yerlarning boshqaruvchisi etib ham tayinlagandi. Uning «Jumavoy»i – Vasiliy ham yonida edi. Vasiliyning o‘g‘li Moskva universitetida tahsil olardi.
Peterburg universitetida esa bir paytlar isyonchi gusarni kimsasiz qirg‘oqqa tashlab ketgan o‘sha kema komandirining ikki o‘g‘li Lisitsinning hisobidan o‘qir edi. Sergey Lisitsin boy-badavlat insonga aylangach, keksa kapitanni izlab topdi, uni so‘nggi yo‘lga kuzatib, bolalarining barcha ta’minotini o‘z zimmasiga oldi.
Saidmurod Xolbekov