Jamiyat
Jurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
Taniqli jurnalist, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat Karim Bahriyev og‘ir xastalik sabab vafot etdi. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Karim Bahriyev 1962-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan, Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi va Moskva davlat universitetining Jurnalistika fakultetini tugatgan.
U «Xo‘jalik va huquq», «Migratsiya va xavfsizlik» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, «O‘zbekiston adabyoti va san’ati», «Ma’rifat» gazetalarida, «Jahon adabiyoti», «Dugonalar» nashrlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, Karim Bahriyev 90 yillarning boshlarida «Hurriyat»ning bosh muharriri sifatida ham tanilgan.
Yozuvchi «Sabr kosasining siniqlari», «Tomchidil» she’riy kitoblari, «Demokratiya va inson huquqlari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari», «Haqiqat talabgorimiz» nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, «OAV va saylovlar» hamda «SMI i vibori» nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanma, «So‘z erkinligi haqida so‘z» nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitob, «Media huquqi» darsligi, «OAV qonunchiligidan 100 savolga 100 javob» qo‘llanmasi, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi.
Xabar.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.