Jamiyat
Jizzaxda loyihalar infratuzilmasi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘tgan yillarda olib borilgan islohotlar va tizimli chora-tadbirlar natijasida viloyat iqtisodiyotida tarkibiy transformatsiya yuz berdi. Natijada hudud agrar sohadan diversifikatsiyalangan sanoat, xizmatlar va zamonaviy agroklasterlarga ixtisoslashdi. To‘qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektrotexnika va turizm kabi yangi o‘sish drayverlari shakllandi.
Yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi 9,1 foizdan 18,8 foizga oshdi, qishloq xo‘jaligining ulushi 50 foizdan 36 foizga kamaydi. Shuningdek, ishsizlik va kambag‘allik tegishlicha 4,9 va 5,8 foizga kamaydi, eksport 1,8 barobar, xizmat ko‘rsatish 1,6, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 1,9 barobar ko‘paydi.
25 ta yirik hamda 533 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirildi, 1,4 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksportchi korxonalar soni 160 taga yetib, eksport hajmi 285 million dollarni tashkil qildi.
Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allik va ishsizlikni yanada qisqartirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida keskin o‘sishga erishish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, 2026-2027 yillarda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’atlarini 8,5 foizga yetkazish, sanoatda ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish, 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, o‘tgan yillarda investitsiyalar asosan xomashyo qazib olish yoki oddiy yig‘uv ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endilikda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat loyihalariga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allikni 2,8 foizga tushirish, 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari bu maqsadlarga viloyatdagi mahallalarni chuqur ixtisoslashtirmasdan erishib bo‘lmasligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan viloyatda kelgusi ikki yilda yangi model rivojlantiriladi. Hududdagi 304 ta mahallaning solishtirma ustunliklari tahlil qilinib, ularning bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavot va polizchilik, sanoat, servis hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish dasturi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarda sertifikatlangan ko‘chatlar ekish, 4,6 ming gektar sanoatlashgan plantatsiyalar barpo etish, 10 ming gektar aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida hosildorligi yuqori va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, 101 ming bosh chorva mollarining naslini yangilash, 5 ta sanoat mikromarkazlari, 6 ta yirik turizm majmualarini tashkil etish, har bir tuman markazida istirohat bog‘larini barpo qilish va gavjum ko‘chalar tashkil etish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda “drayver” loyihalar infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida 2026-2027 yillarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bunda viloyatdagi qo‘rg‘oshin-rux, volfram, oltin va boshqa noruda konlardan samarali foydalanish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Zomin tumanida qishloq xo‘jaligi ilmiy-sanoat parki loyihasining taqdimotida makkajo‘xorini qayta ishlab, yuqori fruktozali sirop va allyuloza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgani aytildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida naslli chorva mollarni xarid qilish, tuyachilikni rivojlantirish, “Jayilma” kanalini rekonstruksiya qilish choralari ko‘riladi.
Davlatimiz rahbari viloyatni rivojlantirishda tog‘li va cho‘l hududlarning salohiyatini alohida yondashuvlar asosida ro‘yobga chiqarish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, joriy yilda 25 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini foydalanishga kiritish va yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Jizzax viloyatining turizm salohiyati ham tahlil qilindi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, shuningdek, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarining imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat ushbu tumanlarda turizm majmualarini tashkil etish, Arnasoy aeroportini kengaytirish, xalqaro avtomobil yo‘llar bo‘yida savdo-servis majmualarini qurish rejalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda mahallalarda ijtimoiy ob’yektlar, yo‘llar, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari qurilishi uchun 30 million dollar, kelgusi yilda esa yana 10 million dollar mablag‘ ajratiladi. Buning hisobiga 14 mahalladagi ijtimoiy soha ob’yektlari, olis 28 ta mahallani bog‘lovchi 105 kilometr yo‘llar, 9 ta mahalla aholisi uchun 50 kilometr ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, 13 ta mahallada 65 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va ta’mirlanadi.
Shaharsozlik yo‘nalishida Baxmal, Zafarobod va G‘allaorol tumanlarini fazoviy rejalashtirish va bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantiriladi. Bu bo‘yicha ishlab chiqiladigan bosh rejada shahar ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 kilometrlik aylanma yo‘l qurish, shahar va tumanni bog‘laydigan yagona jamoat transport tizimini yo‘lga qo‘yish, yagona ma’muriy bino qurish orqali tashkilotlarni bir joyga ko‘chirish nazarda tutiladi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga viloyatni yanada rivojlantirish doirasidagi har bir loyihani aholi bandligi hamda turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat14 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport14 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat1 hour ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
