Jamiyat
Jizzaxda ham bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi
Forish tumanidagi 4 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Ular 8 oktyabr kuni bog‘chada kefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlangan.
Jizzax viloyatining Forish tumanida ham bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi. Tuman hokimligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 9 oktyabr kuni soat 9:00 lardan 16:00 ga qadar bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat bog‘chalarining 37 nafar tarbiyalanuvchisi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan ushbu bolalar isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketish va holsizlikdan shikoyat qilgan.
Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlangan. Ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Jizzax viloyati Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, mazkur bog‘chalarda ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalarining buzilishi sabab bo‘lgan.
Holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Oldinroq Toshkent viloyatida qariyb 2 ming bola zaharlanish gumoni bilan tekshiruvdan o‘tkazilgan hamda ulardan 963 nafariga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan edi. Bu ish ortidan 7 kishi qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Andijonda 5 qavatli uy tomida yong‘in sodir bo‘ldi
Andijon shahrida joylashgan besh qavatli turar joyning tom qismida tungi soatlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in qutqaruvchilar tomonidan qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14 iyul kuni soat 01:43 da 112 tizimi orqali Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Andijon shahrining Hamdo‘stlik mahallasi, Boburshoh ko‘chasida joylashgan 5 qavatli uyning tom qismi yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan voqea joyiga qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan yetib borib, yong‘inni tezkorlik bilan o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
FVVning ta’kidlashicha, yong‘in oqibatida hech kim jarohat olmagan. Shuningdek, yong‘in Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi yonida sodir bo‘lganiga qaramay, boshqarma binosiga hech qanday zarar yetmagan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada menejer 1,7 mlrd so‘mlik ko‘mirni o‘zlashtirgani aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «J.K.» MChJga qarashli ko‘mir ombori menejeri X.M. tomonidan yirik miqdordagi mulk o‘zlashtirilgani aniqlandi.
Tekshiruv materiallariga ko‘ra, menejer o‘ziga ishonib topshirilgan hamda moddiy javobgarligida bo‘lgan xorijda ishlab chiqarilgan 1 658,53 tonna ko‘mirni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Oqibatda «J.K.» MChJ manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Zangiotada soliqchi, Buvaydada muhandis pora bilan ushlandi
Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida pora olish bilan bog‘liq ikki korrupsiyaviy holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq inspektori va elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Zangiota tumanida xalq orasida Chinni bozor nomi bilan tanilgan «Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi»da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali shaxsiy bank kartasiga qabul qilib, ularni tadbirkorlik hisob raqamiga kirim qilmagani aniqlangan. Shu holatdan foydalangan Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkorga 160 million so‘m jarima qo‘llanishini aytib, uni bartaraf etish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirig‘iga ko‘ra tadbirkordan pulni olgan vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ham qayd etildi. DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman Elektr ta’minoti korxonasi muhandisi tadbirkordan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, muhandis quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga o‘z hududidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni mijoz sifatida yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga jami 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Muzaffar Kamilov Prezident maslahatchisi etib tayinlandi
Prezidentning farmoni bilan Muzaffar Murotovich Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
Kamilov ilgari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari va boshqa lavozimlarda ishlagan.
Jamiyat
Soxta xizmat guvohnomasi va qalbaki ma’lumotnoma sud qarori bilan yo‘q qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi hukmi asosida qalbaki xizmat guvohnomasi va soxta ma’lumotnoma belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Majburiy ijro byurosi ma’lum qilishicha, sudning ijro varaqasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan fuqaro I.N.ga nisbatan qabul qilingan hukmning ashyoviy dalillarga oid qismi ijroga qaratilgan.
Tergov davomida mazkur shaxs o‘zini mas’ul vazirlikning viloyat boshqarmasi xodimi sifatida ko‘rsatish maqsadida qalbaki xizmat guvohnomasi va soxta ma’lumotnoma tayyorlagani aniqlangan. Ushbu hujjatlar jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida tan olingan.
Ijro hujjati 2026-yil 22-iyun kuni Majburiy ijro byurosining Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, 27-iyun kuni xolislar ishtirokida bir dona qalbaki xizmat guvohnomasi hamda bir dona soxta ma’lumotnoma qonunchilikda belgilangan tartibda yaroqsiz holatga keltirilib, yo‘q qilindi.
Majburiy ijro byurosi, o‘z navbatida, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish, soxtalashtirish yoki ulardan foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatmoqda.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat5 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport2 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
