Sport
JCh kundaligi. Messi yana gol urdi, Ronaldu yana soyada qoldi, Eron guruhda qolib ketdi
Guruh bosqichi yakunlandi. O‘zbekistonning mag‘lubiyati Janubiy Koreya va Eronni ham guruhda qoldirdi; Eronliklar esa so‘nggi daqiqalargacha Avstriya va Jazoir o‘yini natijasiga qarab, imkoniyat saqlab turishgandi, ammo yakunda baribir turnirni tark etadigan bo‘lishdi.
2026 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichi rasman yakunlandi. 28 iyunga o‘tar kechasi J, K va L guruhlarida so‘nggi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Jazoir va Avstriya yorqin kechgan o‘yinda durangga imzo chekishdi (3:3), Argentina ikkinchi tarkibi bilan Iordaniyani mag‘lubiyatga uchratdi (3:1), Portugaliya Kolumbiya darvozasiga yo‘l topolmadi (0:0), O‘zbekiston Kongo DR bilan o‘yinda yutqazib, turnirni tark etdi (1:3), Angliya Panamadan (2:0), Xorvatiya – Ganadan (2:1) ustun keldi.
Jazoir va Avstriya «kelishuvi»
Jazoir – Avstriya 3:3
Gollar: Arnautovich, 28 (0:1). Belgali, 45 (1:1). Zabitser, 55 (1:2). Mahrez, 60 (2:2). Mahrez, 90+3 (3:2). Kalayjich, 90+6 (3:3)
Jazoir: Benbu, Mandi, Bensebayni, Hajam (Belayd, 71), Belgali (Ayt Nuri, 71), Shaybi, Bintolib, Maza, Auar (Gedjyemis, 90), Mahrez, Guiri (Shergi, 71)
Avstriya: A. Shlager, Alaba (Danso, 62), Linhart, Mvene (Kalayjich, 90), Posh, K. Shlager (Vanner, 46), Zayvald, Shmid (Grillich, 46), Zabitser, Laymer, Arnautovich (Gregorich, 46)
Ogohlantirish: Arnautovich, 11
Uchinchi tur oldidan J guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turgan Avstriya va Jazoir o‘rtasidagi o‘yinda durang ikki jamoani ham pley-offga olib chiqishi ma’lum edi. Bunday holat bu safargi jahon chempionatida yangilik emas – avvalroq D kvartetida Paragvay va Avstraliya, F guruhida Yaponiya va Shvetsiya shunday holatda qolgandi. Yakunda ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida durang hisoblar qayd etilgandi.
Shu bilan birga, jazoirliklar va avstriyaliklarni «kelishilgan» o‘yinda ayblab bo‘lmaydi. Jamoalar ilk daqiqalardan hujumkor o‘yin namoyish etishdi va birinchi bo‘limda bittadan gol urishdi. Ikkinchi bo‘limda Avstriya yana hisobda oldinga chiqib oldi – bunday hisob guruhlardagi uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikni yopib turgan Eron uchun foydali edi. Ammo shundan keyin Mahrez hisobni tenglashtirdi va so‘nggi daqiqalargacha eronliklar sakkizlikdan tashqarida turdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ushbu futbolchi dublni rasmiylashtirdi va endi eronliklar Afrika vakillariga muxlislik qila boshladi – bu hisob endi Avstriyani uchinchi o‘rin egalari reytingida Erondan pastga tushirib yuborgandi. Ammo osiyoliklarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va Avstriya baribir hisobni tenglashtirdi. Natijada Eron uchinchi o‘rin egalari reytingida yana to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi va mundialni tark etdi.
Ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqan Avstriyani endi Ispaniyaga qarshi o‘yin kutmoqda. Jazoir esa 1/16 finalda Shveytsariya bilan o‘ynaydi.
Messining oltinchi goli
Iordaniya – Argentina 1:3
Gollar: Lo Selso, 19 (0:1). L. Martines, 31 – penalti (0:2). At-Ta’mariy, 55 (1:2). Messi, 80 (1:3)
Iordaniya: Abulayla, Al-Arab, Abu Dahab (Ubayd, 90), Nasib, Al-Ravabdeh, Ar-Rashdon (Jamus, 76), Abu Taha, Haddod, Olvan (Abu Zrayk, 90), Azayzeh (Al-Mardiy, 46), Al-Fahuriy (At-Ta’mariy, 46)
Argentina: E. Martines, Senesi, Otamendi, Talyafiko, Palasios, Paredes, Pas (Makallister, 61), Lo Selso (Messi, 60), Simeone (Barko, 71), Alvares (Lopes, 82), L. Martines (Almada, 60)
Ogohlantirishlar: Abu Taha, 17. Al-Arab, 64. Abu Zrayk, 90
Argentina guruh masalasini muddatidan oldinroq hal qilib qo‘ygandi va murabbiylar shtabi Iordaniyaga qarshi o‘yinda jiddiy rotatsiya amalga oshirdi, jumladan, oldingi ikki o‘yinda besh gol urgan Lionel Messi ham zaxirada qoldirildi.
«Albiseleste» ikkinchi tarkibi bilan ham iordaniyaliklardan bir bosh ustunligini namoyish etdi va birinchi bo‘limni 2:0 hisobidagi ustunlik bilan yakunladi. Tanaffusdan keyin Iordaniya bitta javob goli qaytardi, shundan besh daqiqa o‘tib Lionel Skaloni baribir Messini maydonga tushirishga qaror qildi.
39 yoshli forvard o‘ziga berilgan daqiqalardan unumli foydalandi va 80-daqiqada jarima zarbasini golga aylantirib, o‘yinning yakuniy hisobini o‘rnatdi – 3:1.
Bu Leo uchun joriy mundialdagi oltinchi, jami 19-gol bo‘ldi – argentinalik yulduz hamon ajoyib formada. Argentinaning pley-offdagi raqibi oldinroq ma’lum bo‘lgandi – bu Kabo-Verde. Iordaniya esa guruhdagi barcha o‘yinlarda yutqazgan holda turnirni tark etadigan bo‘ldi.
Portugaliyadan yana nursiz o‘yin
Kolumbiya – Portugaliya 0:0
Kolumbiya: Vargas, Lukumi, Sanches, Machado, S. Arias (Munios, 87), Lerma (Rios, 60), Puerta, D. Arias (Kastanio, 76), Dias, Xames Rodriges (Kintero, 76), Kordoba (Suares, 60)
Portugaliya: D. Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh (Mateush Nunesh, 90+3), Joau Kanselu (Dalot, 46), Ruben Nevesh (Joau Nevesh, 46), Vitinya (S. Koshta, 70), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Leau, 70), Pedru Netu, Krishtianu Ronaldu
Ogohlantirish: Puerta, 86
Messidan farqli ravishda, uning azaliy raqobatchisi Krishtianu Ronaldu yana nursiz o‘yin o‘tkazdi. Uning boshchiligidagi Portugaliya turnir startida Kongo DR bilan o‘yinda ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan (1:1), ammo keyin O‘zbekistonni yirik hisobda tor-mor etgandi (5:0). Krish o‘sha o‘yinda dublni rasmiylashtirgan va o‘yindan keyin kameraga qarab «Men qaytdim!» deya hayqirgandi.
Ammo Ronaldu endi bu so‘zlari uchun yana malomatga qolmoqda –
Kolumbiyaga qarshi so‘nggi tur uchrashuvini portugallar juda nursiz o‘tkazishdi, jamoa sardori ham o‘yinda yo‘qolib qoldi. Lotin Amerikasi vakillari esa tetikroq ko‘rinishdi, ko‘proq hujum qilishdi va ko‘proq zarba berishdi (jami zarbalar soni bo‘yicha 24:13, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 6:2). Yakunda ikki jamoa ham gol urolmadi – 0:0.
Ikkinchi durang tufayli Ronaldu va jamoadoshlari guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi va pley-offda qiynaladigan bo‘ldi. 1/16 finalda jamoani dastlab Xorvatiya bilan o‘yin kutmoqda, bu jamoa to‘sig‘idan o‘tilgan taqdirda ham keyingi ehtimoliy raqiblar qatorida Ispaniya va Fransiya kabi nomlar bor. Shu bilan birga, Portugaliya va Argentinaning yo‘llari finalgacha kesishmaydi – agar portugallar guruhda birinchi o‘rinni egallaganida, barchasi boshqacha kechishi mumkin edi.
O‘zbekiston bilan xayrlashuv
Kongo DR – O‘zbekiston 3:1
Gollar: Shomurodov, 10 (0:1). Vissa, 68 – penalti (1:1). Mayyele, 78 (2:1). Vissa, 90+1 (3:1)
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (Kayyembe, 83), Van-Bissaka, Mutussami (Mukau, 72), Sadiki, Sipenga (Bongonda, 72), Mbuku (Elia, 72), Bakambu (Mayyele, 51), Vissa
O‘zbekiston: Ne’matov, Husanov, O‘rozov (Iskandarov, 82), Ashurmatov, Mozgovoy (Sergeyev, 82), Shukurov (G‘aniyev, 59), Nasrullayev, Alijonov, Hamdamov (Hamrobekov, 59), Fayzullayev (O‘runov, 73), Shomurodov
Ogohlantirishlar: Sadiki, 21. Mbuku, 45. Mutussami, 62 – Husanov, 43. Nasrullayev, 48
Ushbu guruhning parallel uchrashuvida Kongo DR va O‘zbekiston uchinchi o‘rin uchun bahs olib borishdi. Fabio Kannavaro dastlabki ikki o‘yinda yutqazgan, ammo nazariy jihatdan pley-off uchun imkoniyat saqlab qolgandi. Buning uchun osiyoliklar o‘z o‘yinida imkon qadar yirik (7 to‘p farqi bilan) hisobda g‘alaba qozonishi va boshqa guruhlardagi natijalarga qarashi kerak bo‘lardi. Afrikaliklarni esa har qanday hisobdagi g‘alaba qoniqtirardi va jamoa 4 ochko bilan keyingi bosqichga chiqishi aniq edi.
O‘yinda hisobni O‘zbekiston ochdi – 10-daqiqadayoq Eldor Shomurodov turnir guruh bosqichidagi eng chiroyli gollardan birini urdi. Ikkinchi bo‘limda esa Kannavaro shogirdlari butkul himoyaga yotib olishdi, ammo hisobdagi ustunlikni saqlab qola olishmadi. Avvaliga Husanov penaltiga sababchi bo‘ldi va Vissa muvozanatni tikladi. Biroz o‘tib raqibning Husanov qo‘riqlashi kerak bo‘lgan hujumchisi osonlik bilan ikkinchi golni urdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa o‘zbekistonliklar jarima maydonida yuzaga kelgan parokandalikdan foydalangan Vissa dublni rasmiylashtirdi – 3:1.
Endi kongoliklar keyingi bosqichda Angliya bilan o‘ynaydi. O‘zbekiston esa turnirni uchta mag‘lubiyat va o‘tkazilgan 11 ta gol bilan yakunladi – bu 2026 yilgi mundialning eng yomon ko‘rsatkichlaridan biri. Qolaversa, bu o‘yinda Kongo ochko yo‘qotishiga umid qilgan Janubiy Koreya esa uch ochkosi bilan guruhda qolib ketdi.
Inglizlar masalani hal qilishdi
Panama – Angliya 0:2
Gollar: Bellinghem, 62 (0:1). Keyn, 67 (0:2)
Panama: Moskera, Kordoba, Eskobar, Andrade, Guterres (Deyvis, 88), Murilio, Barsenas (Dias, 71), Harvi (Kintero, 88), X. Rodriges (Londonio, 71), Martines, T. Rodriges (Faxardo, 46)
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, O`Rayli, Kuansa (Spens, 63), Anderson (Henderson, 84), Bellinghem (Eze, 71), Rodjyers, Reshford, Saka (Madueke, 63), Keyn (Uotkins, 84)
Ogohlantirishlar: Faxardo, 53. Andrade, 83 – Kuansa, 60
Angliya milliy jamoasi birinchi turda Xorvatiyaga qarshi yorqin o‘yin ko‘rsatib, ishonchli g‘alabaga erishgandi (4:2) va jamoa muxlislari Garet Sautgeyt boshqaruvi davridagi zerikarli o‘yinlar ortda qolgani haqida o‘ylay boshlashdi. Ammo bu aldamchi hissiyot bo‘lib chiqdi – ikkinchi turda Ganaga qarshi kechgan o‘yinda britanlar golsiz durangga imzo chekishdi.
Panamaga qarshi o‘yinda Tomas Tuxel shogirdlari yana bir bor o‘zining haqiqiy kuchini namoyish etish talab etilayotgandi. Lekin o‘yinning birinchi bo‘limi yana muxlislar hafsalasini pir qildi. O‘yin «Uch sherlar» ustunligi ostida o‘tgan bo‘lsa-da, raqib bir soatdan ortiq vaqt davomida imkon bermadi. Faqat shundan keyin saviya o‘z so‘zini aytdi: Jud Bellinghem va Harri Keyn besh daqiqa ichida ikki gol urib, Angliyaga ishonchli g‘alaba taqdim etdi.
Endi inglizlarni keyingi bosqichni Kongo DR bilan o‘yin kutmoqda. Panama esa turnirni birorta ochko qo‘lga kiritmagan holda tark etdi.
Xorvatiyada hammasi joyida
Xorvatiya – Gana 2:1
Gollar: Suchich, 31 (1:0). Lyukkassen, 73 (1:1). Vlashich, 83 (2:1)
Xorvatiya: Livakovich, Pongrachich, Shutalo, Perishich, Stanishich, Kovachich (M. Pashalich, 78), Modrich, Suchich, Baturina (Gvardiol, 88), Vlashich (M. Pashalich, 88), Budimir (Matanovich, 66)
Gana: Asare, Ajyeti (Pepra Oppong, 46), Lyukkassen, Mensa, Senayya, Parti, Sibo (Yirenkiy, 85), Ovusu (Fatavu, 46), Sulemana (Tomas-Asante, 71), Semenio, Ayyu (Nuama, 71)
Ogohlantirishlar: Perishich, 68 – Pepra Oppong, 90
Dastlabki turda Angliyadan to‘rtta gol o‘tkazganiga qaramay, xorvatlar o‘sha o‘yinda munosib qarshilik ko‘rsatgandi. Panamaga qarshi o‘yin esa nursiz kechganiga qaramay, muhim ochkolar qo‘lga kiritildi (1:0). Pley-off yo‘llanmasi uchun uchinchi turda Gana bilan o‘yinda kamida bitta ochko qo‘lga kiritilishi kifoya edi.
Xorvatlar birinchi bo‘lib qadam tashlashdi va Petar Suchich birinchi bo‘limdayoq hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa Derrek Lyukkassen muvozanatni tikladi, ammo bu hisob ham uzoq saqlanib qolmadi – bir necha daqiqa o‘tib Zlatko Dalich shogirdlari g‘alaba golini urishdi.
Yevropaliklar L guruhida ikkinchi o‘rin bilan 1/16 finalga chiqishdi va pley-offda Portugaliya bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Ganaga esa 4 ochko uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikka kirish uchun yetarli bo‘ldi – navbatdagi raqib Kolumbiya bo‘ladi.
Guruhlardagi uchinchi o‘rinlar jadvali:
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
