Sport
JCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
G, H va I guruhlarida so‘nggi tur shiddatli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Jahon chempionatida guruh bosqichi yakuniga yetib bormoqda. 26 iyun kuni kechqurun va 27 iyun kuni tongda G, H va I guruhlarida uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ispaniya Urugvay ustidan g‘alaba qozondi (1:0), Kabo-Verde Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynab (0:0), pley-offga chiqdi, Belgiya Yangi Zelandiyaga rahm qilmadi (5:1), Eron Misr bilan o‘yinda ochkolarni teng bo‘lib oldi (1:1) va boshqa o‘yinlarning natijalarini kutadigan bo‘ldi.
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Urugvay futbolchilari va bosh murabbiy Marselo Biyelsa o‘rtasida mojaro chiqqan, Shvetsiya vingeri Elanga esa turnir qoidalarini tushunmay, yaponlar bilan o‘yindan keyin yig‘lagan.
Urugvay mojaro bilan turnirni tark etdi
Urugvay – Ispaniya 0:1
Gol: Baena, 42 (0:1)
Urugvay: Muslera (Rochet, 46), Kaseres, Olivera, Sanabriya (Rodriges, 70), Varela, Ugarte (De la Krus, 45), Bentankur, Valverde (Vinyas, 57), Arauxo, Kanobbio, Nunes
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri, Pedri (Ruis, 60), Merino (Olmo, 60), Baena (Pino, 66), Yamal (Torres, 76), Oyyarsabal (Uilyams, 76)
Ogohlantirishlar: Sanabriya, 54. Varela, 58. De la Krus, 90– Baena, 46
Chetlatish: Kanobbio, 90
N guruhida so‘nggi tur oldidan barcha a’zolarda pley-offga chiqish imkoni saqlanib turgandi. Shu jumladan, Urugvayda ham – Biyelsa shogirdlari ikki turda 2 ochko jamg‘argan va turnirdagi ishtirokini davom ettirish uchun Ispaniyani yengish talab etilardi.
Bu oson vazifa emasdi, ammo birinchi bo‘limning katta qismida janubiy amerikaliklar kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishdi va hisobni ochish uchun bir necha imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo bo‘lim oxirlarida gol o‘tkazib yuborildi. Bu gol uchun aybni to‘liq Fernando Muslera o‘z zimmasiga olishi mumkin – 40 yoshli darvozabon u qadar kuchli bo‘lmagan va o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi. Bu uning uchun chempionatda uchinchi marta qovun tushirishi bo‘ldi – Saudiya va Kabo-Verde bilan o‘yinlarda ham uning xatolari ikki golga sababchi bo‘lgandi.
Tanaffusda Biyelsa darvozabonni ham almashtirdi va uning o‘rniga Serxio Rochetni tushirdi – murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Musleraning o‘zi shuni so‘ragan.
Darvozadagi o‘zgarish urugvayliklarga yordam bermadi – jamoa harakat qildi, ammo hisobni tenglashtira olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida mojaroli holat yuzaga keldi, Biyelsa jamoa yetakchisi Federiko Valverdeni 57-daqiqadayoq almashtirib tashladi, u esa maydondan chiqayotganida futbolkasi bilan og‘zini yopgan holda murabbiyga qarata nimadir dedi – tabiiyki, bu minnatdorchilik so‘zlari emasdi.
O‘yindan keyin urugvayliklar ustozi siniqqan holatda edi: «Men iste’dodli futbolchilar guruhi bilan ishladim. Ammo ularning mashaqqatli mehnati, sa’y-harakatlari va sadoqatiga qaramay, men ularni nima uchun aynan shunday bo‘lganini tushuntirish zaruratidan xalos qila oladigan kuchga aylantira olmadim. Urugvay futbolida hech narsa qoldirmayapman, chunki murabbiy uch yil ishlagan mamlakatga qo‘shishi mumkin bo‘lgan har qanday hissa – agar muvaffaqiyatlar bo‘lmasa – dividend keltirmaydi», – dedi Biyelsa.
So‘nggi tur oldidan murabbiy va futbolchilar orasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqida xabar tarqalgandi. El Espectador Deportes ma’lumotiga ko‘ra, Valverde boshchiligidagi futbolchilarning bir guruhi murabbiy bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazishgan. Futbolchilar mashg‘ulotlar haddan tashqari og‘irligidan shikoyat qilishgan va bu jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishgan, shuningdek, Ispaniya bilan o‘yin uchun taktik rejani tanqid qilishgan – futbolchilar ilk daqiqalardan kuchli pressing uyushtirish o‘rniga, chuqur himoyalanish va qarshi hujumlarga tayanishni ma’qul ko‘rishgan.
Shundan keyin Biyelsa butun jamoani yig‘gan va 50 daqiqalik nutq so‘zlab, futbolchilarning bunday e’tirozlari oldin ham murabbiyning ishiga zarar yetakazganini ta’kidlagan. Muloqot vaqtida jamoaning ayrim a’zolari namoyishkorona tarzda yig‘ilishni tark etishgan. Yakunda butun jamoa turnirni tark etdi.
Guruh bosqichini birorta gol o‘tkazmay yakunlagan Ispaniya esa keyingi bosqichda J guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqadigan jamoaga (Avstriya yoki Jazoir) qarshi o‘ynaydi.
Kabo-Verde pley-offda
Kabo-Verde – Saudiya Arabistoni 0:0
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Juan Paulu, Pina (Moreyra, 90+4), Lenini, Monteyru (L. Duarte, 71), D. Duarte, Semedu (Varela, 61), Mendesh da Grasa (Rodrigesh, 71), Livramento (Da Koshta, 61)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Al-Amriy, Al-Tumbukti (Lajamiy, 33), Al-Bushal (Al-Arbi, 82), Abdulhamid, N. Ad-Dovsariy, Al-Haybariy (Al-Juvayr, 46), S. Ad-Dovsariy (Abulshamat, 66), Mandash (Al-Hamdon, 66), Al-Buraykan, Kanno
Ogohlantirishlar: Pina, 9 – Abdulhamid, 4. N. Ad-Dovsariy, 67. Al-Buraykan, 90
Urugvayliklar ispanlar bilan o‘yinda javob golini urish uchun mashaqqat chekayotganida, parallel uchrashuvda turnirning asosiy sensatsiyasi ro‘y berdi. Jahon chempionatidagi debyutini o‘tkazayotgan Kabo-Verdedan so‘nggi turda Saudiya Arabistonidan hech bo‘lmaganda bir ochko olish talab etilardi – bunday holda jamoada pley-offga kamida uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikka kirish orqali imkoniyat saqlanib qolgan bo‘lardi.
Yakunda jamoa g‘alabaga ham yaqin keldi – afrikaliklar ko‘proq hujum qilishdi, saudiyaliklar darvozasi tomon 15 bor zarba berishdi va mudofaada ham ishonchli harakat qilishdi. Kaboverdiliklar yetakchisi, darvozabon Vozinya bir necha bor goldan qutqardi va kerakli hisobga erishishga (0:0) katta hissa qo‘shdi.
Bu uchrashuv oldinroq yakunlandi va afrikaliklar maydonda turib Urugvayning turnirni tark etishiga guvoh bo‘lishdi va o‘z yo‘llanmasini katta xursandchilik bilan nishonlashdi. Kabo-Verde – pley-offning eng kichik (aholisi soni 500 ming kishi atrofida) ishtirokchisi va 1998 yildan buyon uch ochko bilan guruhdan chiqqan ilk jamoaga aylandi.
1/16 finalda ushbu sensatsiya jamoani Argentinaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Belgiyaning jahli chiqdi
Yangi Zelandiya – Belgiya 1:5
Gollar: Trossar, 28 (0:1). Trossar, 50 (0:2). De Bryuyne, 66 (0:3). Jast, 84 (1:3). Lukaku, 86 (1:4). Salemakers, 90+4 (1:5)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Bindon, Sarmen, Kakache (de Vris, 79), Peyn (Boksall, 64), Bell (Makkovatt, 64), Stamenich, Tomas (Old, 46), Jast, Singh (Rendell, 46), Vud
Belgiya: Kurtua, Teat, Mehele, De Kyuyper, Kastan, Tilemans (Raskin, 85), Vanaken, De Bryuyne (Salemakers, 72), Trossar (Onana, 72), Doku (Fernandes-Pardo, 56), De Ketelare (Lukaku, 85)
Ogohlantirishlar: Stamenich, 46. Jast, 56
Rudi Garsiya shogirdlari turnir startida ko‘pchilikning hafsalasini pir qilib, ikki o‘yinda ham g‘alaba qozona olmagandi – Misr (1:1) va Eron bilan o‘yinlarda (0:0) Yevropa vakillari ochko yo‘qotgandi. Shu bilan birga, jamoa bu o‘yinlarda o‘zi birorta gol ura olmagan – misrliklar bilan o‘yinda Muhammad Xanining avtogoli yordam bergandi.
Yangi Zelandiyaga qrashi uchinchi tur o‘yini futbolchilar uchun o‘z aybini yuvish va g‘alaba qozonib, pley-off masalasini hal qilish uchun imkon edi. Va belgiyaliklar bu vazifani sharaf bilan uddalashdi: raqib 5:1 hisobida tor-mor etildi va guruhda birinchi o‘rin egallandi.
O‘yin taqdirini amalda «Arsenal» vingeri Leandro Trossar hal qildi, u birinchi bo‘limda dubl rasmiylashtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa Kevin de Bryuyne ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va Belgiyaning qatorasiga uchta jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. O‘yin oxirlarida esa Romelu Lukaku asosiy qahramonga aylandi – 33 yoshli hujumchi 85-daqiqada maydonga tushib, to‘pga ikkinchi teginishidayoq gol urdi. Ushbu forvard Misr bilan o‘yinda maydonga tushganidan 23 soniya o‘tib Xanini o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishga majbur qilgandi.
Bundan tashqari, yangi zelandiyaliklarga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida Lukaku Salemakersning goliga assistentlik ham qildi. Romelu shu kuni Mark Vilmotsni ortda qoldirib, Belgiyaning jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Belgiyaning 1/16 finaldagi raqibi uchinchi o‘rin egalari orasidagi kuchli sakkizlik aniqlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Eronni pley-offdan santimetr ajratib qoldi
Misr – Eron 1:1
Gollar: Saber, 5 (1:0). Rizoyan, 14 (1:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Torimiy, 11’
Misr: Shubayr, Robia, Abdul Munim (Yosir Ibrohim, 14), Ahmad Fotih, Xani, Lashin, Saber (Ateya, 46), Saloh (Sayid, 57), Trezege, Ashur (Marmush, 46), Ziko (Abdulkarim, 76)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Kanaanizodagon, Ne’matiy (Hardoniy, 46), Muhammadiy, Rizoyan, Izzatullohiy, Qurboniy, Muhibiy (Jahonbaxsh, 90+1), Quddus (Mug‘anli, 67), Torimiy
Ogohlantirishlar: Saber, 20. Yosir Ibrohim, 42. Lashin, 90 –Kanaanizodagon, 19. Ne’matiy, 43. Izzatullohiy, 79. Xalilzoda, 90
Bugungi dasturdagi yana bir drama Misr va Eron o‘rtasidagi bahsda kuzatildi. Jamoalar birinchi bo‘lim boshida bittadan gol urishdi – bunday natija ko‘proq Muhammad Saloh va uning jamoadoshlarini qoniqtirardi – afrikaliklar tabiiyki hisobdan kelib chiqib o‘ynashda davom etishdi.
Eronliklar ikkinchi bo‘lim davomida toliqib qolishdi, lekin yakuniy shturmni uyushtirish uchun o‘zlarida kuch topa olishdi va 90+6-daqiqada gol ham urishdi. Osiyoliklar bazasidagi xursandchilikni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi – gol muallifi Shoja Xalilzoda qora ko‘zoynak taqib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan gol nishonlash uslubini namoyish etishga ham ulgurdi, ammo biroz o‘tib barchasi sarobga aylandi: VAR aralashuvidan keyin bu hujumda mikroskopik ofsayd aniqlandi.
Qolgan daqiqalarni ham eronliklar hujumda o‘tkazishdi va yana bir golga yaqin kelishdi, ammo misrliklar darvozaboni yaqin masofadan yo‘llangan zarbani qaytarib qoldi. O‘yin 1:1 hisobida yakunlandi, ammo Eron uchun barchasi tugamagan – uchta o‘yinda ham durang o‘ynagan jamoada to‘plar nisbati yaxshi va eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari orasida hozircha oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa pley-offga yo‘l olishi uchun J, K va L guruhlaridan kamida ikkitasida kerakli hisoblar qayd etilishi kerak bo‘ladi.
Dembele nomidagi bo‘lim
Norvegiya – Fransiya 1:4
Gollar: Dembele, 7 (0:1). Dembele, 20 (0:2). Osgor, 21 (1:2). Dembele, 32 (1:3). Due, 90+4 (1:4)
Aniq ijro etilmagan penalti: Strann Larsen, 50’
Norvegiya: Selvik, Estigor, Falhener (Langos, 66), Berkan (Pedersen, 46), Eursnes, Berg, Osgor, Torstvedt (Torsbi, 46), Shelderup (Nusa, 83), Bobb (Hauge, 83), Strann Larsen
Fransiya: Menyan, Upamekano (Konate, 76), Lakrua, Ernandez, Kunde (Gyusto, 87), Kone, Tchuameni, Olise (Sherki, 65), Due, Dembele (Barkolya, 65), Mbappe (Mateta, 87)
Ogohlantirishlar: Berg, 10 – Tchuameni, 74
Dastlabki ikki turda Fransiya va Norvegiya oltitadan ochko to‘plagan va muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilishgandi. Yevropa vakillari o‘zaro o‘yinda 1/16 finalga qaysi jamoa birinchi o‘rin bilan chiqishin hal qilishi kerak edi.
O‘yindan oldin norvegiyaliklar forvardi Erling Holand shunday degandi: «Agar fransuzlar bu o‘yinda g‘olib bo‘lishsa, jahon chempioni ham ular bo‘ladi». Skandinavlar jamoasi ustozi esa kutilmagan yurish qildi: u keng ko‘lamli rotatsiyaga qo‘l urdi va asosiy tarkibga to‘liq dam berdi, Holand, Edegor, Syorlot kabi yetakchilar shu kuni zaxiradan ham tushirilmadi.
«Uchranglilar» esa to‘liq asosiy tarkibda o‘ynashdi va ilk daqiqalardan ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Usmon Dembele esa het-trik qayd etishi uchun 32 daqiqa yetarli bo‘ldi. U jahon chempionatlarida so‘nggi 72 yillikdagi eng tezkor het-trik muallifiga aylandi. Raqib esa Telo Osgorning goli bilan javob qaytardi.
Ikkinchi bo‘lim boshida norveglarda hisobdagi farqni qisqartirish uchun juda qulay imkoniyat yuzaga kelgandi, ammo forvard Yorgen Larsen penaltini aniq ijro etolmadi – Mayk Menyan zarba yo‘nalishini topdi va seyv ijro etdi. O‘yin oxirida esa Dezire Due yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:1. Kilian Mbappe shu kuni ikki golli uzatma bilan cheklandi.
Fransiya 1998 yildan buyon ilk bor guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozondi.
Endi 1/16 finalda Norvegiya Kot-d’Ivuar bilan o‘ynaydi. Fransiyani esa F guruhida uchinchi o‘rinni egallagan Shvetsiya bilan bahs kutmoqda.
Senegal Iroqqa 5 ta gol urdi va pley-offga chiqdi
Senegal – Iroq 5:0
Gollar: Diarra, 4 (1:0). Sarr, 56 (2:0). Guyye, 59 (3:0). Guyye, 71 (4:0). Ndiay, 82 (5:0)
Senegal: Diav, Sek (Siss, 58), Niakate, Yakobs, Diatta, Gana Guyye, Kamara (Guyye, 57), Diarra (Jyekson, 57), Mane, Mbay (Ndiay, 57), Sarr (Diao, 81)
Iroq: Bazil (Jalol, 46), Sulaka, Hoshim, Doski, Frans Dia, Iqbol (Yakob, 67), Al-Ammariy, Yasim (Maknzi, 58), Bayyesh, Qosim (Yunus, 16), Al-Hamadiy (Yusuf, 58)
Ogohlantirishlar: Sek, 18. Guyye, 81 – Al-Ammariy, 75. Doski, 90
Chetlatish: Sulaka, 13
I guruhidagi ikkinchi o‘yinda intriga ko‘proq edi. Ikki jamoa ham yakuniy tur arafasida birorta ochkoga ega emasdi. Bu o‘yindagi g‘alaba jamoalardan birini uchinchi o‘rin orqali pley-offga olib chiqishi mumkin edi. Ammo boshqa da’vogarlar (12 guruhdan faqat 8 tasida uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqishi mumkin) bilan raqobatda yutib chiqish uchun imkon qadar yirik hisobda g‘alaba qozonish talab etilardi.
Bu vazifani Senegal uddaladi. Afrikaliklar dastlabki o‘n daqiqa ichida hisobni ochishdi va raqib son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishiga erishishdi. Ikkinchi bo‘limda muvaffaqiyat rivojlantirildi va yirik hisob qayd etildi. Pap Guyye dubl muallifi bo‘ldi, Habib Diarra, Ismaila Sarr va Iliman Ndiay bittadan gol urishdi — 5:0.
Shu tariqa, «Teranga sherlari» Afrikaning jahon chempionatlarida bir o‘yinda besh gol urgan ilk jamoasiga aylandi va Misr hamda Eron o‘rtasidagi uchrashuvda durang qayd etilgani evaziga 1/16 final yo‘llanmasini kafolatladi. Raqobatchilar ochko yo‘qotgani tufayli endi senegalliklar uchinchi o‘rin vakillari reytingida sakkizinchi o‘rindan tushib ketmasligi aniq.
Navbatdagi o‘yinlar
27 iyundan 28 iyunga o‘tar kechasi va tongda guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
02.00. L guruhi. Panama – Angliya
02.00. L guruhi. Xorvatiya – Gana
04.30. K guruhi. Kolumbiya – Portugaliya
04.30. K guruhi. Kongo DR – O‘zbekiston
07.00. J guruhi. Jazoir – Avstriya
07.00. J guruhi. Iordaniya – Argentina
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot18 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat14 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat13 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
