Sport
JCh kundaligi. Kabo-Verde yana qahramonlik ko‘rsatdi, Misrda tarixiy natija
Nimchorak final juftliklari ma’lum.
Jahon chempionatida 1/16 final bosqichi yakunlandi. Bosqichning oxirgi kunida Argentina Kabo-Verdeni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi (3:2), Kolumbiya Gana masalasini hal qildi (1:0), Misr Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi (1:1, pen. — 4:2).
Kabo-Verde jahon chempionlarini qiynadi
Argentina – Kabo-Verde 2:1
Gollar: Messi, 29 (1:0). D. Duarte, 59 (1:1). L. Martines, 92 (2:1). Lopesh Kabral, 103 (2:2). Diney Borjyes, 111 – avtogol (3:2)
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero, Medina (Talyafiko, 85), Molina (Montiel, 104), Makallister, Fernandes, Almada (Alvares, 63), de Paul (Paredes, 84), Messi, L. Martines (Gonsales, 63)
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral, Moreyra, Lenini (Ya. Semedu, 100), D. Duarte (Benshimol, 100), L. Duarte (Monteyru, 67), Kabral (Varela, 80), Mendesh da Grasa (V. Semedu, 80), Da Koshta (Livramento, 67)
Ogohlantirishlar: Montiel, 115 – Lenini, 68
Argentina jahon chempionati g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri. Qatardagi turnir chempionlari guruh bosqichida yorqin hujumkor o‘yin ko‘rsatdi, jamoa yetakchisi Lionel Messi hamon yuqori sport formasida ekanini namoyish etib, uchta o‘yinda oltita gol urdi. Jamoa pley-offda uzoqqa borishiga deyarli hech kimda shubha yo‘q edi. Ammo 1/16 finaldayoq janubiy amerikaliklar katta qiyinchilikka uchradi.
Holbuki Argentina ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga olgan va kuling brekdan keyin hisobni ochgandi. Bu safar ham Messi aniq harakat qildi: u Lisandro Martinesning uzatmasiga ochilib, jarima maydonida to‘pni bir harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirdi va ikkinchi teginishda to‘pni yaqin burchakka joylashtirdi. Bu ushbu hujumchining jahon chempionatlaridagi 20-goliga aylandi.
Shundan keyin «Albiseleste» hisobni yirik ko‘rinishga keltirishiga tayyorlana boshladi. Ammo Kabo-Verde kurash taklif qildi. 59-daqiqadagi hujumni Deroya Duarte gol bilan yakunladi – 1:1.
Argentinaliklar bosimni oshirishdi va ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratishdi, ammo Vozinyani dog‘da qoldira olishmadi. Turnirda muxlislarning sevimli futbolchisiga aylangan ushbu darvozabon sakkiz bor seyv ijro etdi, jumladan, Messining yakkama-yakka vaziyatda bergan zarbasini, shuningdek, ikki bor ayyorona tarzda yo‘llangan jarima zarbalarini ham qaytardi.
«Akulalar» o‘yinni overtaymlarga olib o‘tishdi va qo‘shimcha bo‘limlarda muxlislar haqiqiy trillerga guvoh bo‘lishdi – yana uchta gol urildi. Kabo-Verde birinchi qo‘shimcha bo‘lim startidayoq Martinesdan gol o‘tkazib yuborishdi, ammo 103-daqiqada javob qaytara olishdi: Sidni Lopesh Kabral chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib, aylanma zarba berdi va olis to‘qqizlikni aniq nishonga oldi.
Shundan keyin Messi yana tashabbusni o‘z qo‘liga olishiga to‘g‘ri keldi. Dastlab uning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasini yana Vozinya qaytarib qoldi. Ikkinchi overtaym boshlanganida esa u burchak zarbasidan to‘pni Kristian Romeroning boshiga aniq yetkazib berdi, uning zarbasidan keyin to‘p himoyachiga tekkan holda darvoza to‘riga borib tushdi – 3:2. O‘yinning oxirgi qismini kaboverdiliklar to‘liq hujumda o‘tkazishdi va ikkita qulay imkoniyatga ega bo‘lishdi, ammo Emiliano Martines o‘zini ko‘rsatdi. Argentina qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, yurishini davom ettiradigan bo‘ldi va 1/8 finalda Misr bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Turnir davomida o‘yinning asosiy vaqtida biror marta yutqazmagan Kabo-Verde futbolchilari esa boshini tik ko‘targan holda turnirni tark etdi.
Kolumbiya Gana to‘sig‘idan o‘tdi
Kolumbiya – Gana 1:0
Gol: Arias, 14 (1:0)
Kolumbiya: Vargas, Lukumi, Sanches, Moxika, Munos, Lerma, Arias (Kintero, 73), Puerta, Dias (Kampas, 90), Xames Rodriges (Rios, 46), Kordoba (Suares, 8)
Gana: Ati-Ziji, Opoku, Lyukkassen, Mensa, Senayya (Seydu, 13), Parti, Yirenkiy (Nuama, 79), Sibo (Ovusu, 62), Semenyo, Inyaki Uilyams (Fatavu, 62), Ayyu (Adu, 79)
Ogohlantirishlar: Arias, 12. Rios, 78 – Yirenkiy, 49. Fatavu, 66. Seydu, 76
Kolumbiyaliklar bu o‘yinga yaqqol favorit sifatida yetib kelgandi. Va ilk daqiqalardanoq bu chempionatda yana bir sensatsiya ishtirokchisi bo‘lmoqchi emasligini ko‘rsatishga kirishdi.
Janubiy amerikaliklar darhol to‘pga egalik qilishdi va raqibga amalda hech qanday imkon qoldirishmadi. Lekin o‘yin startidayoq jamoa uchun yoqimsiz holat ro‘y berdi. «Krasnodar» futbolchisi Jon Kordoba 7-daqiqadayoq jiddiy jarohat olib, maydonni tark etdi. Kolumbiyaliklar ustozi Nestor Lorenso kutilmaganda asosiy forvardni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi va Luis Haviyer Suaresni jangga tashladi.
Kutilmagan o‘zgarish o‘yin tempiga ta’sir ko‘rsatmadi va tezkor gol o‘zini ko‘p kuttirmadi. 14-daqiqada aynan Suares raqib qo‘ygan «avtobus»ni yorib o‘tdi – uning uzatmasidan keyin to‘p olis ustun oldida bo‘sh turgan Jon Ariasga yetib bordi. Ushbu vinger bir teginishda to‘pni narigi burchak tomon yo‘llab, darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Ganaliklar faqat bo‘lim oxirlariga kelib o‘yinni jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo chinakamiga xavfli vaziyatlar yarata olishmadi – afrikaliklar butun o‘yin davomida biror marta raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘llashmadi.
Tanaffusdan keyin kolumbiyaliklar ustunlik qilishda davom etishdi va bir necha bor ikkinchi golga yaqin kelishdi. Disa darvozani ishg‘ol etdi ham, ammo hakam ofsayd holati tufayli golni inobatga olmadi. Yakunda – minimal, ammo ishonchli g‘alaba saqlab qolindi. Pley-offning keyingi bosqichida janubiy amerikaliklarni Shveytsariyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Misrning tarixiy natijasi
Avstraliya – Misr 1:1 (penaltilar seriyasida 2:4)
Gollar: Ashur, 13 (0:1). Hani, 55 – avtogol (1:1)
Penaltilar seriyasi: Suttar – (0:0)(xato). Sobir – (0:1). Irvayn – (1:1). Robiya – (1:2). Mabil – (2:2). Saloh – (2:3). Herrington – (2:3)(ustun). Abdulmajid – (2:4)
Avstraliya: Bich (Rayan, 119), Suttar, Herrington, Chirkati, O`Nill (Okon-Engstler, 91), Irvayn, Behich, Bos (Truin, 46), Metkalf (Mabil, 91), Volpato (Xrustich, 74), Irankunda (Ture, 74)
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hofiz (Trezege, 80), Hani, Fati (Abdulmajid, 67), Ateya (Sobir, 120+1), Marmush (Abdulkarim, 106), Ashur, Saloh, Ziko (Hasan, 67)
Ogohlantirishlar: Hasan, 104. Yosir Ibrohim, 120
Avstraliya va Misr juftligi 1/16 final bosqichidagi eng «zerikarli» juftliklardan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Sababi oddiy – ikki jamoa ham guruh bosqichida yorqin o‘yinlar ko‘rsata olmagan va faqat nisbatan kuchsiz guruhlarda ishtirok etishgani uchun pley-offga chiqishgandi. Shu bilan birga, «sokkeruz» mustahkam himoyaga egaligini namoyish etib, guruh bosqichida ikki o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgandi.
Lekin «firavnlar»ga qarshi o‘yinda avstraliyaliklar himoyasi uzoq dosh bera olmadi – 13-daqiqadayoq Imom Ashur Karim Hofizning uzatmasini golga aylantirdi. Shundan keyin o‘yin kutilgan ssenariy bo‘yicha kechdi va misrliklar hisobga qarab o‘ynashdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida avstraliyaliklar hisobni tenglashtirishdi. Misrliklar himoyachisi Muhammad Hani avtogol muallifiga aylandi. Ushbu himoyachi shu turnirning o‘zida ikkinchi bor o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi va JCh tarixida bunday natija qayd etgan ikkinchi futbolchiga aylandi – birinchisi 1966 yilda bolgariyalik Ivan Vutsov bo‘lgandi.
Hisob tenglashganidan keyin o‘yin yana sokinlashdi. Jamoalar vaqti-vaqti bilan oldinga o‘tishdi, ammo yaqqol vaziyatlar yuzaga kelmadi – qo‘shimcha bo‘limlar ham shu ruhda o‘tdi va o‘yin taqdiri penaltilar seriyasida hal etiladigan bo‘ldi. Futbol lotereyasida esa misrliklarga omad kulib boqdi – jamoa asosiy yulduzi Muhammad Saloh esa «panenka» zarbasi ijro etdi. «Firavnlar» tarixiy natijaga erishdi – jamoa o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati 1/8 finalida o‘ynaydi.
Nimchorak final juftliklari
Navbatdagi o‘yinlar
Oldinda muxlislarni 1/8 final bosqichi kutmoqda — 4 iyul kuni kechqurun va 5 iyulga o‘tar kechasi quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:
22.00. Kanada — Marokash
02.00. Paragvay — Fransiya
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot13 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat9 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat8 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
