Sport
JCh anonsi. Poygadagi Messi va Shveytsariyaga qarshi Kolumbiya
Tunda jahon chempionatida chorakfinalning so‘nggi ishtirokchilari nomi ham ma’lum bo‘ladi.
Foto: Charlotte Wilson/Getty Images
7 iyul kuni kechqurun futbol bo‘yicha jahon chempionatida nimchorakfinal doirasida yana ikki uchrashuv o‘tkaziladi: dastlab Lionel Messi boshchiligidagi Argentina milliy jamoasi Muhammad Saloh boshchiligidagi Misrga qarshi maydonga chiqadi. Keyin esa Shveytsariya chorakfinal yo‘llanmasi uchun Kolumbiya bilan bahs olib boradi.
Hozirgacha chorakfinalning uchta juftligi aniq bo‘lgan:
Fransiya – Marokash
Angliya – Norvegiya
Ispaniya – Belgiya
Argentina–Misr va Shveytsariya–Kolumbiya juftliklari g‘oliblari keyingi bosqichda o‘zaro raqib bo‘ladi.
Argentina – Misr
7 iyul, 21:00. Mercedes-Benz Stadium, Atlanta
Boshqa turnirda bunday juftlikda Argentina shubhasiz favorit sanalgan bo‘lardi. Ammo o‘tgan bosqichda Kabo-Verde amaldagi jahon chempionlariga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqagacha intrigani saqlab qolgani – har qanday jamoadan syurpriz kutish mumkinligini ko‘rsatdi. Argentina o‘sha o‘yinda Sidni Lopesh Kabraldan ushbu bosqichning eng chiroyli golini o‘tkazib yubordi va faqat qo‘shimcha bo‘limlardagi avtogol evaziga keyingi bosqichga o‘tdi.
Qolaversa, argentinaliklarda bir futbolchiga qaramlik yaqqol ko‘zga tashlanmoqda: jamoa bu turnirda urgan 11 ta goldan 7 tasini 39 yoshli Lionel Messi urdi, gol+pas bo‘yicha undan keyingi eng yaxshi natija himoyachi Lisandro Martinesga (1+1) tegishli.
Leo jamoasining o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha asosiy futbolchisi: har 90 daqiqada o‘rtacha gol urish (1,97), darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba berish (4,2) va jami zarbalar soni bo‘yicha (6,8) u birinchi.
Bu o‘yin uchun turnir to‘purarlari ro‘yxatida yaqqol birinchi o‘ringa chiqib olishi imkoniyati ham (hozirda undan tashqari Mbappe va Holandda ham 7 tadan gol bor).
Messining sport formasiga savollar yo‘q – u chindan ham natija ko‘rsatmoqda, ammo futbolchining yoshidan kelib chiqilsa, Argentinaga bir futbolchiga qaramlik pand berib qolishi mumkin.
Jazoir, Avstriya, Iordaniya va Kabo-Verde kabi jamoalarga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki, «Albiseleste» yo‘lidan hozircha jiddiy raqiblar uchramadi. Jiddiy raqiblarga qarshi o‘yinlar boshlanganida esa Messida o‘yinning teng yarmini maydonda piyoda yurgan holda o‘tkazishga imkon bo‘lmaydi.
Bungacha bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda ham unda charchoq sezilgan pallalarda na Lautaro, na Hulian Alvares va na Enso Fernandes mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga jazm etmoqda. Argentinada yuqori saviyali futbolchilar jamlangan, ammo ular bu turnirda Leo orqali hujum qilish yo‘llari yopilganida nima qilishni bilmay qolayotgandek ko‘rinmoqda. Mudofaa chizig‘i esa nisbatan kuchsiz raqiblarga qarshi o‘yinlarda ham ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi. Turnirning hal qiluvchi bosqichlarida esa bunday xatolar kechirilmaydi.
Albatta, argentinaliklar Misr bilan o‘yinda ham favorit bo‘lib qolaveradi, ammo katta turnirlarda toblangan raqibga (Misr Kabo-Verdedan bir bosh baland jamoa ekaniga shubha yo‘q) qarshi o‘yinda jamoa o‘yinidagi muammolar bo‘y ko‘rsatishi mumkin. Hussam Hassan shogirdlari to‘psiz holatda ham o‘zini yaxshi his qiladi, pozitsion jihatdan yaxshi himoyalanadi va qarshi hujumlarda xavfli. Bu o‘yindagi intriga Argentina qancha golli vaziyat yaratishida emas, balki butun o‘yin davomida diqqatni jamlagan holda qolish va raqibga imkon bermaslikni qanchalik uddalashida. Bu o‘yinni Messi va Salohdan qaysi biri vaziyatlardan yaxshiroq foydalanishi emas, kim jamoaviy o‘yin namoyish eta olishi hal qiladi.
Kolumbiya – Shveytsariya
8 iyulga o‘tar kechasi, 01:00. BC Place, Vankuver
Kolumbiya ham, Shveytsariya ham turnir g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlar qatorida emas, ammo ikki jamoa ham uzoqqa borishga qodirligini ko‘rsatdi. Parallel uchrashuvlardagi favoritlar nisbatan kuchsiz jamoalarga (Paragvay, Kabo-Verde, Meksika) qarshi o‘yinlarda katta kuch yo‘qotayotgani inobatga olinsa, bu juftlik vakillarida imkoniyat yanada oshadi.
Kolumbiya ushbu o‘yinga yaxshi kayfiyatda kelmoqda, ammo 1/16 final o‘yini jamoa uchun yengil sayr bo‘lmadi. Ganaga qarshi o‘yinda Jon Ariasning yagona goli evaziga g‘alaba qozonildi, o‘yin esa Nestor Lorenso shogirdlari hisobni saqlab qolish uchun o‘ynashni juda yaxshi o‘rganganini yana bir bor ko‘rsatdi. Kolumbiyaliklar butun o‘yin davomida tashabbusga egalik qilishga intilmasdan, sabr bilan raqib xato qilishini kutdi va o‘ta xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi. Jamoa turnir davomida atigi bir gol (Abbos Fayzullayevdan) o‘tkazgani bejiz emas.
Shveytsariya ham turnir davomida o‘zining kuchli tomonlarini namoyish eta oldi. Jazoirga qarshi o‘yinda tezkor gol urib olinganidan keyin yevropaliklar to‘pni raqibga topshirdi va butun o‘yin davomida ishonchli himoyalandi. Murat Yakin jamoasi yorqin futbol uchun tavakkalchilik qilmaydi va bu bosqichda kichik xato ham qimmatga tushishi mumkinligini juda yaxshi tushunadi.
Bu o‘yinda kim raqibni odatiy ssenariysini o‘zgartirishga majbur eta olsa, ustunlik o‘shanda bo‘ladi. Bu qarama-qarshilikda Kolumbiya birinchi raqam ostida harakat qilishi va yuqori chiziqda pressing uyushtirishini taxmin qilish mumkin, ammo Shveytsariya safida bosim ostida to‘pni ushlab turadigan va to‘p bilan oldinga bora oladigan Jaka kabi tajribali futbolchilar yetarlicha. Ikki xil o‘yin uslubidagi jamoalar bahsida ustun kelgan jamoa katta ehtimol bilan chorakfinalda Argentinaga qarshi o‘ynaydi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
