Sport
JCh anonsi. Marokash yarimfinalni orzu qilmoqda, ammo raqib favorit
Desham shogirdlari Qatardagi mundial marokashliklarni final ostonasida mag‘lub etgandi.
Bugun tunda Fransiya va Marokash o‘rtasidagi bahs bilan 2026 yilgi jahon chempionatida chorakfinal bahslari start oladi.
Fransiya va Marokash juftligida qator intrigalar bor. Birinchidan, Marokash milliy jamoasi tarkibidagi futbolchilarning bir qismi – fransuzlar futbol tizimi mevalari hisoblanadi. Ikkinchidan, Marokash uzoq vaqt mobaynida Fransiya mustamlakasi hisoblangan va tarixiy aloqalarga ega. Uchinchidan, 2022 yilgi jahon chempionati yarimfinalida ushbu jamoalar o‘zaro o‘ynagan va o‘sha o‘yin hakamlik mojarosi bilan yodda qolgan, finalga esa Yevropa vakillari yo‘l olishgandi. Endi marokashliklar o‘sha mag‘lubiyat uchun qasos olishga harakat qilishadi.
Fransiya – Marokash
10 iyulga o‘tar kechasi, 01:00. Gillette Stadium (Foksboro)
Jamoalarning turnirdagi yo‘li
Dide Desham shogirdlari bu turnirda hali biror marta yutqazmadi: guruh bosqichida Senegal (3:1), Iroq (3:0) va Norvegiya (4:1) taslim etildi. Uchranglilar pley-offning dastlabki haftasini ham benuqson o‘tkazishdi: 1/16 finalda Shvetsiyaga hech qanday imkoniyat qoldirilmadi (3:0), 1/8 finalda Paragvay to‘sig‘idan o‘tildi (1:0).
Janubiy Amerika vakillari nomdor raqibga qarshi turli yo‘llarni, jumladan, qoidalardan tashqari usullarni ham ishga solishga harakat qildi, ammo shunday qo‘polliklardan biridan keyin belgilangan penalti tufayli mag‘lub bo‘lishdi. Paragvayliklar deyarli hujum qilishmadi va vaziyatlarga ega bo‘lishmadi.
Aynan shu tufayli Fransiya himoyasi aslida qanchalik yaxshi holatda ekanini tekshirishning imkoni bo‘lmadi. Turnir boshidan buyon ushbu jamoaga tengma-teng o‘yin va kurash ko‘rsatgan raqibning o‘zi duch kelmadi.
Shunday ekan, Marokash – turnir favoritligi uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rilayotgan ushbu jamoa uchun ilk jiddiy sinov bo‘ladi. 1/8 final o‘yinlaridan keyin Opta superkompyuteri jamoalarning turnir g‘olibligi uchun imkoniyatlarini qayta baholadi, unga ko‘ra, Fransiyaning jahon chempionligi uchun imkoniyati 27,32 foizga baholangan, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda esa Ispaniya (21,33 foiz) va Argentina (17,28 foiz) qayd etilgan.
Marokashliklar 4 yil oldin Qatardagi mundialda tarixiy natija qayd etgan: Afrikaning jahon chempionati yarimfinal bosqichida o‘ynagan ilk jamoasiga aylangandi. Endi esa bu natijani takrorlab, qit’aning turnir 1/2 finalida qatorasiga ikki marta o‘ynagan ilk jamoasiga aylanishi mumkin.
«Atlas sherlari» joriy turnirda hali yutqazgani yo‘q: guruhda Braziliya bilan durang o‘ynadi (1:1), Shotlandiya (1:0) va Haitini (4:2) mag‘lub etdi. 1/16 finalda Niderlandiya to‘sig‘idan o‘tildi: 91-daqiqada hisob tenglashtirildi (1:1), penaltilar seriyasida Bunu qahramonlik ko‘rsatdi (3:2). 1/8 finalda esa Kanada yirik hisobda tor-mor etildi (3:0).
Lekin aynan turnir mezbonlariga qarshi o‘yinda marokashliklar o‘yinida muammolar ko‘zga tashlangandi: jamoa birinchi bo‘limni juda nursiz o‘tkazdi, qolaversa, jamoaning turnirdagi asosiy to‘purari Ismoil Saybari o‘yin startidayoq jarohat olib safdan chiqdi, faqat ikkinchi bo‘limda qarshi hujumlarda raqib jazolandi.
O‘zaro uchrashuvlar tarixi
Ushbu jamoalarning ilk uchrashuvi 1988 yil Fransiyada o‘tkazilgan o‘rtoqlik maqomidagi turnirda kuzatilgan. O‘shanda «Atlas sherlari» himoyachisi Abdulmajid Lamriss birinchi bo‘limda avval o‘z jamoasi darvozasini, keyin raqib darvozasini ishg‘ol etgan, o‘yin taqdirini ikkinchi bo‘lim boshida fransuzlar futbolchisi Yannik Stopira urgan gol hal qilgandi.
1998 yil mayidan 2007 yil noyabriga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida ushbu jamoalar yana to‘rt marta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan: ikkitasi fransuzlar foydasiga hal bo‘lgan (1:0 i 5:1), yana ikki o‘yinda bir xil hisoblardagi durang natijalar (2:2, 2:2) qayd etilgan. Ammo o‘sha o‘yinlardan bittasida penaltilar seriyasi tashkil etilgan va unda marokashliklarning qo‘li baland kelgan (6:5).
Jamoalarning yagona rasmiy uchrashuvi 2022 yilgi jahon chempionati yarimfinaliga to‘g‘ri keladi: o‘shanda Dide Desham jamoasi Teo Ernandes va Randal Kolo-Muanining beshinchi va 79-daqiqada urgan gollari evaziga finalga chiqqan.
Marokash nima taklif qilishi mumkin?
Marokashga Qatardagi jahon chempionati prizmasi orqali qarash kerak emas. O‘shanda Valid Regragiy boshchiligidagi jamoa o‘z o‘yinini yaxshi shakllantirgan anderdog sifatida taassurot qoldirgandi. Jamoa quyi blokda himoyalanib, to‘pni raqibga topshirgan holda vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlarga o‘tadigan jamoa edi. To‘rt yil ichida ko‘p narsa o‘zgardi. Marokashliklar hamon yaxshi himoyalanadi, ammo endi ko‘p hollarda o‘yinni boshqarishga ham qarshi emas. Ular to‘pga egalik qilishdan tortinmaydi, himoyadan markaziy himoyachilar va tayanch yarimhimoyachilari orqali asta-sekinlik bilan chiqib, pozitsion hujumlar uyushtiriladi, raqibdan to‘p olib qo‘yilishi bilan vertikal uzatmalar berishga shoshilishmaydi.
Bu ko‘p jihatdan Hakimining roli o‘zgargani bilan bog‘liq. U klassik qanot himoyachisi kabi o‘ynamaydi, balki doim hujum tashkil etish uchun markazga ko‘chib harakatlanadi va raqib jarima maydoniga kirib boradi. Shu sababli raqib himoyachilari uchun aynan kimga erkinlik berilishini taxmin qilish qiyinlashadi: Ashrafning o‘zimi, ushbu zonaga o‘tib turadigan Braim Diasmi yoki boshqa futbolchimi? Sodda qilib aytganda, Marokash – har qanday raqib hisoblashishi kerak bo‘lgan yorqin va nima kutishni bilib bo‘lmaydigan jamoadir.
Marokash uchun bu o‘yinda ochiq futbol namoyish qimmatga tushishi mumkin – Fransiya tarkibida himoya chizig‘i ortida yuzaga keladigan bo‘shliqlardan unumli foydalana oladigan tezkor va yuqori saviyali hujumchilar jamlangan. Shundan kelib chiqib, Marokash bu o‘yinda himoya chizig‘ini orqaroqqa qaytarishini taxmin qilish mumkin, bu holda ko‘p narsa qanotlarda hal bo‘ladi, ammo birinchi navbatda, Muhammad Vahbi o‘yin uchun qanday rejani tanlashiga qarash kerak bo‘ladi. Agar u tavakkalchilikka qo‘l ursa va o‘z futbolchilarining hujum salohiyatini cheklamaslikka qaror qilsa, muxlislarni bu mundialdagi eng yorqin o‘yin kutayotgan bo‘lishi mumkin.
Marokash turli xil modellarni navbati bilan qo‘llab ko‘rishi mumkin: o‘yinning qaysidir vaqtida bosim o‘tkazadi, qaysidir pallada fransuzlarni ancha oldinroqda qarshi oladi, qaysidir oraliqda to‘pi raqibga topshirib, chuqur himoyalanadi, keyin esa raqib hujumchilari qolganlardan uzilib qoladigan paytni kutib, bir necha uzatma orqali raqib himoyasini yorib o‘tishga harakat qiladi. Shuning uchun Kilian, Usmon va Olise bu turnirda ilk bor pressingda ishlashi talab etiladi.
Fransuzlar jahon chempionatlarida qatorasiga to‘rtinchi bor chorakfinalga chiqishgan. Jamoa so‘nggi sakkiz turnirda faqat ikki marta – 2002 va 2010 yillarda bu bosqichga yetib kela olmagan. Shu bilan birga, 1998 va 2018 yillarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan, 2006 va 2022 yillarda esa kumush medallar bilan kifoyalangan.
Agar Marokash to‘sig‘idan o‘ta olsa Fransiya keyingi bosqichda Ispaniya – Belgiya juftligi g‘olibi bilan yana bir bor final yo‘llanmasi uchun maydonga chiqadi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot18 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat13 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat12 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
