Connect with us

Sport

JCh anonsi. Ispaniya himoyasi Fransiya hujumini to‘xtata oladimi?

Published

on


Fransiya – Ispaniya

Jahon chempionati. 1/2 final

15 iyulga o‘tar kechasi, 00:00. AT&T Stadium (Arlington)

Bugun tunda jahon chempionatida finalning ilk ishtirokchisi aniqlanadi. Himoyasi kuchli Ispaniya hujumga urg‘u qaratgan Fransiyaga qarshi. «Chempionat» kolumnisti Dmitriy Bajanov JCh-2026 yarimfinalidagi birinchi juftlik o‘yini uchun prevyu tayyorladi.

Fransiya va Ispaniya qatorasiga ikkinchi yirik turnirda to‘qnashmoqda. Va bu safar ham – yarimfinalda. 2024 yilgi Yevropa chempionatida ispanlarning yosh avlodi haqiqiy kashfiyotga aylangan, qanotlardagi Lamin Yamal va Niko Uilyamsning harakatlari jamoa o‘yinidagi yorqinlik, dadillik va shijoatni ta’minlagandi. Fransuzlar esa aksincha, ortiqcha pragmatizm bilan hafsalani pir qilgandi. Dide Desham tanlagan o‘yin uslubi uchun turnir davomida kuchli tanqidga uchragan. Faqat natija ko‘rsatish orqaligina bu tanqidlardan himoyalanish mumkin edi.

Yakunda Lamin Yamal o‘zining mo‘jizaviy golini urgan o‘yinda Ispaniya g‘olib chiqadi (2:1). O‘shanda Dani Karvahal yo‘qligi (u chorakfinalda qizil kartochka olgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragandi) ham ispanlar g‘alabasiga xalal bermagandi. O‘ng qanot himoyasiga uning o‘rniga faoliyatini yakunlash arafasida turgan faxriy futbolchi Xesus Navas tushirilgandi. Ikkinchi bo‘limda esa Navasning o‘rnini nominal markaziy himoyachi Dani Vivyan egallagandi. Mbappe boshchiligidagi hujum chizig‘ini to‘xtatish qiyin bo‘lgandi, ammo ular uddalashgandi.

Keyinroq, 2025 yilda, Fransiya va Ispaniya o‘rtasida yana bir yarimfinal o‘yini bo‘lib o‘tadi – bu safar Millatlar Ligasida. Bu uchrashuvda ispanlar haqiqiy karnaval uyushtirib, 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi. Hisobga qarab, fransuzlar tengma-teng o‘yin ko‘rsatganini aytish mumkin. Ammo amalda Luis de la Fuente shogirdlari bu safar ham yorqin o‘yin ko‘rsatib, ikkinchi bo‘lim boshlaridayoq 4:0 hisobida oldinga chiqib olishgan, 80-daqiqagacha 5:1 hisobida oldinda borishgandi. O‘yin oxirida haddan tashqari xotirjamlikka berilib, fransuzlar oradagi farqni minimal darajada qisqartirishiga imkon berishadi, ammo g‘alabani saqlab qolishadi.

Hozir, jahon chempionatida jamoalar o‘yin uslubi borasida rollarni almashib olishgan. Ispaniya Yevro-2024 yoki Millatlar Ligasidagi kabi hujumkor o‘ynamayapti. Fransiya esa, aksincha, Desham boshqaruvi davridagi eng yorqin futbolini namoyish etmoqda.

Millatlar Ligasidagi so‘nggi o‘yinda Maykl Olise safda edi. Ammo asosiy jamoaga chaqirilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagandi. Bu vaqtga kelib u «Bavariya»da bir mavsum o‘tkazgan va endigina katta yulduz rolini o‘zlashtirayotgandi.

Hozir esa Oliseni fransuzlar Messisi deyish mumkin. 1-turda Senegalga qarshi kechgan o‘yinning birinchi bo‘limida fransuzlar hech narsa qila olishmadi, tanaffusda Desham uni o‘ng qanotdan markazga ko‘chirdi va ishlar yurishib ketdi. Shundan keyin jamoa shu sxemani saqlab qolmoqda: Mbappe – oldinda, Usmon Dembele hujumning o‘ng qanotida, chap qanotda Dezire Due yoki Bredli Barkolya, «o‘nlik» pozitsiyasi esa Olisega topshirilgan.

Aytish mumkinki, Fransiyada nolinchi yillardan buyon bu qadar kuchli jamoa (ham tarkib, ham o‘yin uslubi borasida) bo‘lmagandi. Tarkib borasida esa ushbu jamoa tarixdagi eng kuchlisi ham bo‘lishi mumkin. O‘yinga keladigan bo‘lsa, endi fransuzlar yo‘lidan chiqqan raqibni shunchaki olib tashlash bilan cheklanmayapti, ular buni juda chiroyli tarzda amalga oshirmoqda.

Hatto hozirgi Fransiya – futbol tarixidagi eng kuchli jamoa ekani haqidagi fikrlar ham yangramoqda. Gap fransuz futboli tarixidagi emas, butun futbol tarixidagi eng kuchli jamoa bo‘lish haqida ketmoqda. Bunday xulosaga kelishga hali erta. Buni tasdiqlash uchun avvalo titul qo‘lga kiritish talab etiladi. Ammo hozirgi Fransiyada ulug‘vorlik da’vosi uchun tituldan boshqa hamma narsa bor. Va sovrin ham paydo bo‘lishi mumkin. Buning uchun atigi ikki qadam qolgan.

Yarimfinalda fransuzlarni Ispaniya kutmoqda, lekin bu jamoa 2024 yilgi Yevropa chempionati va 2025 yilgi Millatlar ligasidagi jamoa bilan solishtirganda biroz kuchsizlashgan. Ikki yil oldin bu jamoa oltindek yaraqlayotgandi, hozir esa biroz xiralashgan. Niko Uilyams jahon chempionatiga jarohat bilan keldi, qolaversa, u «Atletik»da ham kuchli mavsum o‘tkaza olmadi. U Yevropa chempionatidagi kabi o‘yin ko‘rsatish holatida emasdi. De la Fuenteda esa bu pozitsiya uchun shu darajadagi futbolchi yo‘q. Hujumning o‘ng qanoti egasi bo‘lgan Yamal ham JCh arafasida jarohat oldi va formasini turnir davomida tiklashiga to‘g‘ri keldi.

Aynan qanotlar Ispaniyaning Yevrodagi yorqin o‘yinlarining asosiy manbayi bo‘lgandi. O‘yin maydon markazidan qurilgan, qanotlar esa tezkorlik qo‘shgan, o‘yinni shiddat va dinamika bilan to‘ldirgan. Yamal eng yaxshi formasida bo‘lmasa-da, hozir ham shularning barchasini berishga harakat qilmoqda. Uilyamsning o‘rnida esa Aleks Baena o‘ynamoqda. U himoyachilar ortida o‘zini taklif etadigan, driblinglari bilan raqiblarni shoshirib qo‘yadigan futbolchi emas. Baena – paslar bilan xotirjam o‘ynaydigan futbolchidir. U to‘pni o‘yinga kiritishda faol ishtirok etadi, ammo raqib himoya chizig‘ida yong‘in keltirib chiqara olmaydi.

Hozirgi Ispaniya qaysidir jihatdan 2010 va 2012 yillardagi jamoani eslatadi. Gap tarkiblar darajasi haqida emas, balki o‘yin uslublari haqida bormoqda. De la Fuente jamoasi ham Visente del Boskening «yengilmas armadasi» kabi to‘pni nazorat qilib raqibni qiynaydi va hech qayerga shoshilmaydi: raqib mudofaasini yorib o‘tib bo‘lmayaptimi? Hechqisi yo‘q, biz to‘pni ushlab turamiz va bo‘sh zona paydo bo‘lishini kutamiz.

Hozirgi Ispaniya yorqin o‘yin ko‘rsatmaydi. Saudiya Arabistoni 4:0, Avstriya 3:0 hisobida mag‘lub etilganini bu fikrning aksi sifatida misol qilish mumkin, ammo bu yerda raqiblar darajasini ham inobatga olish lozim. Avstriyaliklar, saudiyaliklarga qaraganda yaxshiroq, ammo Ispaniya bilan o‘yinda Ralf Rangnik shogirdlari umuman o‘ziga o‘xshamadi. De la Fuentening yigitlari esa, aksincha, o‘sha kuni turnirdagi eng kuchli o‘yinini o‘tkazdi.

Shu bilan birga, Kabo-Verdega qarshi o‘yinda ispanlar gol urolmagan (0:0), Urugvay, Portugaliya va Belgiyani esa minimal hisoblarda yenga olgandi. De la Fuente jamoasi raqibning chuqur va tig‘iz himoyasini yorib o‘tishda qiynaladi. Shu bilan birga, jamoa butun turnir davomida atigi bitta gol o‘tkazdi, Unai Simon JChda «quruq» daqiqalar bilan rekord o‘rnatdi. Bu esa Ispaniya himoya chizig‘i raqiblar qarshi hujumga chiqishga deyarli yo‘l qo‘ymaganini anglatadi.

Shu bilan birga, Belgiya bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limi alohida olinsa – u yerda ispanlar himoyalanishga ham majbur bo‘ldi. Bunday pallalar ko‘p bo‘lmadi, ammo nima bo‘lganda ham de la Fuente jamoasi noqulaylik his qildi. Agar Belgiyaning omadi kelganida, qarshi hujumlardan birini gol bilan yakunlashi mumkin edi. Va u holda bugun tunda Fransiyaning yarimfinaldagi raqibi butunlay boshqa jamoa bo‘lardi.

Ispaniya qanday o‘ynashi – ma’lum. Jamoa faqat to‘p nazoratiga urg‘u qaratadi. Raqib kim bo‘lishining ispanlarga farqi yo‘q. Bu jamoaning o‘z falsafasi bor va undan ortga chekinmaydi. Fransiya qanday o‘ynashi esa savol ostida. Ular istalgan uslubda o‘ynashga qodir. Agar xohlashsa, Ispaniyaning o‘rniga to‘pni nazorat qilish bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin. Ammo baribir, ehtimoli yuqori variant, bu o‘yinda ham ispanlar to‘pga egalik qiladi, Mbappe, Olise, Dembele va Due/Barkolya esa imkon tug‘ilishi bilan o‘qdek oldinga uchishadi.

Ispaniya JChda hali bu darajadagi hujum chizig‘iga, xususan, bunday qarshi hujum salohiyatiga ega jamoa bilan to‘qnashmagandi. De la Fuente jamoasi to‘pga uzoq vaqt egalik qilishi mumkin, ammo qachondir to‘p raqibga o‘tadi va shundan keyin Fransiyaning vaqti boshlanadi. Bu jamoa oldingi chiziqda yuqori saviyali ijrochilarga ega, ularga esa o‘yin taqdirini hal qilish uchun bir necha vaziyatning o‘zi yetarli.

Shu bilan birga, Fransiyada ham bungacha o‘z o‘yinini juda yaxshi yo‘lga qo‘yib olgan va o‘z yo‘lidan umuman og‘ishmaydigan raqib bo‘lmagan. Ispanlar uchun raqib bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Ular odatdagidek o‘ynashadi. Bir tomondan, bu Fransiya uchun afzallik. Nimani kutish kerakligi aniq bo‘ladi. Boshqa tomondan, ispanlar buni juda yaxshi uddalayotgani uchun ham o‘z uslubidan chekinmaydi. Ispaniya qanday o‘ynashini hamma biladi – lekin hali hech kim ularni mag‘lub eta olgani yo‘q. Nima bo‘lganda ham, olti o‘yinda atigi bitta gol o‘tkazib yuborish – bu juda yaxshi natija.

Fransuzlar ham ko‘p gol o‘tkazgani yo‘q. Turnir startida, hali turnirga moslashmagan holatida Senegal bilan o‘yinda bitta, guruh bosqichining uchinchi turida, natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan Norvegiyaga qarshi o‘yinda yana bitta.

Fransiya va Ispaniya qarama-qarshiligida kim birinchi bo‘lib gol urishi muhim. Bu har qanday o‘yinda ham muhim masala. Ammo darajasiga ko‘ra bir-biriga juda yaqin bo‘lgan ikki jamoa jahon chempionati yarimfinalida o‘ynaganida, har bir detalning ahamiyati bir necha barobar ortadi. Bunday o‘yinlarda arzimas narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Hammasi muhim.

Fransuzlarda hozircha faqat hujumchilar gol urishmoqda. Olise esa ularni golli uzatmalar bilan ta’minlamoqda. Ispanlarda esa har bir o‘yinda alohida bir futbolchi o‘zini ko‘rsatmoqda. Pley-offda zaxira futbolchisi Mikel Merino qahramonga aylandi. Asli pozitsiyasi tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan bu futbolchi Portugaliya va Ispaniyaga qarshi o‘yinlarda zaxiradan tushib, so‘nggi daqiqalarda o‘yinni hal qildi.

Merino bu ishni Yevro-2024 chorakfinalida Germaniya bilan o‘yinda boshlagandi. Ispanlar uning qo‘shimcha bo‘limlardagi goli evaziga g‘alaba qozongan, keyin esa yuqorida eslangan Fransiyaga qarshi yarimfinal o‘yinini o‘tkazgandi. Keyin esa finalda inglizlar mag‘lub etilib, Yevropa chempionati g‘olibligi qo‘lga kiritilgan.

Ammo hozir – boshqa tarix. Yana yarimfinal, ammo – boshqa turnir, boshqa Ispaniya va boshqa Fransiya.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.