Jamiyat
Javaharla’l Neru qidirgan jadid Po‘lat Soliyev kim edi?
1955-yil 15-iyun kuni Hindiston bosh vaziri Javaxarla’l Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi majlislar zalida tantanali tadbir tashkil etiladi.
Anjuman yakuniga yetgach, Hindiston bosh vaziri tarjimoni SSR Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vasiliy Kuznetsovga “janob Bosh vazir hurmatli professor Bulat (Po‘lat) Soliyev janoblari bilan uchrashmoqchi”, deydi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov bunday odamni tanimasligini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ladi. Hamma yalt etib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Olima ayollar Hadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonova labini tishlagancha yerga qarab turishardi. Bir oz sukutdan so‘ng Tesha Zohidov o‘zini qo‘lga olib, “Janob Bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar oldin yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerdaligi noma’lum”, deya javob beradi.
O‘sha vaqtda o‘zbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan, ismi tilga olinishi taqiqlangan bu inson — birinchi o‘zbek tarix professori Bulat (Po‘lat) Soliyev edi.
O‘zbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Markaziy Osiyodagi yangi tarixshunoslik ilmiy maktabi asoschilaridan biri bo‘lmish Po‘lat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, mang‘it urug‘iga mansub o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Shu bois rasmiy va ilmiy hujjatlarda uning ismi goh Bulat, goh Bekbulat, aksariyat hollarda Po‘lat shaklida tilga olingan.
Qozon va Ufa shaharlarida madrasa ta’limini olgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘rgangan olim 1909 yilda ona yurti Turkistonga keladi. Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning ko‘pgina shahar va viloyatlarida, jumladan, Toshkent, Farg‘ona, Jalolobod viloyatlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini olib boradi. Toshkent va Qo‘qon maktablarida tarix, arifmetika hamda ona tilidan dars beradi.
U 1917-yilda Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi va Muxtoriyatning asosiy nashri bo‘lgan “El bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri bo‘ladi. 1918-yili Muxtoriyat qulatilgach, o‘zini to‘liq ilmiy-pedagogik faoliyatga bag‘ishlaydi. Shu yilning noyabr oyida Po‘lat Soliyev Nazir To‘raqulov bilan birgalikda Qo‘qon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur o‘quv dargohi, asocan, Farg‘ona vodiysidagi qishloq o‘qituvchilarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi va Po‘lat Soliyev uning direktori etib saylanadi. Bu oliygoh keyinchalik Farg‘ona vodiysidagi pedagogika institutlarining paydo bo‘lishida tamal toshi bo‘ladi.
SSSRning butun 70 yillik umri davomida tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obyekti bo‘lib kelgan. 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishi, o‘z asarlarini o‘quv muassasalarida o‘qitish va nashr etishi mumkin edi. Bunday “iliqlik”ka 1920–1928-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (YaIS) ham ma’lum darajada imkoniyat bergan.
Bulat Soliyev ham bu paytda o‘zining asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida tanilgan edi. Jumladan, olim tomonidan yozilgan “Mang‘itlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi, I qism”, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri”, “O‘rta Osiyo tarixi: XI–XV asrlar”, “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston va Tojikiston”, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” asarlari birin-ketin nashr etiladi. 1926-yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.
Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo o‘ziga xos edi. U, asosan, biror ilmiy muammoni ko‘tarayotganda, aslida umuman boshqa narsa haqida yozgan bo‘lardi. Masalan, olimning 1920-yilda nashr etilgan “Hindiston Angliya zulmi ostida” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi qilmishlarini ochib bergan bo‘lsa-da, olim shu o‘rinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qilib ketgan. Xususan, shunday deydi: “Hindistonga xavf bo‘lganligi uchun Angliya davlati Tibetni o‘ziga tobe qildi. O‘zining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngilga bir so‘roq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosga binoan Angliya davlati Tibetni o‘ziga qo‘shadi? Belgili bu ish haqqoniyasizlik, adolatsizlikdir”.
Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.
1920-yillaryoq Po‘lat Soliyev Turkiston tarixi bo‘yicha darslik yozish ishlariga jiddiy kirishadi. Ammo bolsheviklar Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tayyorlagan tarix darsligi loyihalarini doimiy rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, olim 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanligini ta’kidlagan holda, kitobning kirish qismiga, o‘sha kunlari sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.
“O‘zbekiston tarixi” o‘quvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatda qanday o‘rin tutgani va Turkistonning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi.
Bundan sal avval, ya’ni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.
1933-yil avgust oyida Butunittifoq Kommunistik partiyasining Samarqand bo‘limi tomonidan olimning 1926-yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” asari g‘oyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va O‘rta Osiyoning XI asrda jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar sovetlarga yoqmagan edi.
1936-yildagi tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “o‘tmish ideallashtirilgan” va “panturkistik” deya baholanib, oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida qo‘llash taqiqlab qo‘yiladi. Po‘lat Soliyevning tarixshunosligi “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflanadi.
1937-yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida O‘zbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot san’at namoyandalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshiga ham qora bulutlar kela boshlaydi. 1937-yil sentyabrda professor Po‘lat Soliyev Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetidan bo‘shatiladi.
1937-yil 11-oktyabrda Soliyevni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
“Toshkent shahri, 1937-yil 11-oktyabr. Men O‘zbekiston NKVD 3-bo‘limi operativ xodimi – davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lgan Po‘lat Soliyevga tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida uning butunlay O‘zbekistonda Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lganligini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganligini aniqladim”.
O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib qaror qilinadi: 1882-yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi O‘zbekiston Davlat universiteti professori, SSR Ittifoqi fuqarosi bo‘lmish Po‘lat Soliyev hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilsin.”
Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1938-yil 8-fevralda “maxsus uchlik” Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938-yil 28-fevralda ijro etiladi. Shu tariqa birinchi o‘zbek tarix professori Po‘lat Soliyev SSR Ittifoqining qatag‘on mashinasi tomonidan mahv etiladi
Po‘lat Soliyevning asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab Sharq xalqlari orasida ancha keng shuhrat qozonadi. 1954-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vazirining ham olimni yodlagani bejiz emas edi. Soliyevning vafot etganligini eshitgan Neru uning “Angliya zulmi ostidagi Hindiston” asari hind ozodlik harakati namoyandalari orasida mashhur bo‘lgani, ularning mustaqillik kurashlariga ilhom berganini aytib, o‘zbek tarixchiga minnatdorlik bildiradi.
Oradan ikki yil o‘tib, 1956-yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi komissiyasi Bulat (Po‘lat) Soliyev haqdagi 1938-yilgi qarorni uning jinoyati tasdiqlanmaganligi tufayli bekor qiladi. Olimning nomi oqlanadi.
Soliyevning rafiqasi Fotima aya 1987-yilda vafot etadi. Bulat Soliyevdan 4 nafar farzand qolgan. Ular hozirda turli faoliyatlar bilan mashg‘ul. Po‘lat Soliyevning nabirasi Alisher aka Muhiddinov bugungi kunda bobosining merosini saqlab kelmoqda.
Ubaydulla Quvvataliyev,
TerDU qoshidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
