Connect with us

Jamiyat

jarima balli haqiqiy huquqbuzarga yozilishi uchun nima qilish kerak?

Published

on


Qoidabuzarlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish xizmati my.gov.uz portalida ishga tushirildi. Maqolada buni amalga oshirish tartibi, qaysi qoidabuzarlikka nechchi ball berilishi va jarima ballari qanday hisoblanishi bilan tanishasiz.

Qanday amalga oshiriladi?

my.gov.uz portalida o‘z shaxsiy kabinetingizga kirasiz.

So‘ngra qidiruv bo‘limiga xizmat nomini yozib, uni tanlaysiz.

Shundan so‘ng xizmat sahifasi ochiladi. Bu yerda “xizmatdan foydalanish” tugmasini bosasiz.

1-qadamda “keyingisi” tugmasini bosish orqali ommaviy oferta talablarini qabul qilgan bo‘lasiz.

2-qadamda onlayn ariza so‘rovnomasi shakllantiriladi. Ariza beruvchi unda javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlarini, muddatni ko‘rsatadi. Elektron ishonchnoma va sug‘urta ma’lumotlari avtomatik ravishda tekshiriladi. Agar mashina bosh ishonchnoma asosida boshqarilayotgan bo‘lsa, uning elektron nusxasi so‘rovnomaga ilova qilinadi.

Shundan so‘ng “yuborish” tugmasi bosiladi. Haydovchi my.gov.uz profilidagi “Xabarnomalar” bo‘limiga kirib, arizani elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlaydi. So‘rovnoma tasdiqlangach, belgilangan to‘lov amalga oshiriladi hamda ma’lumotlar avtomatik ravishda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimiga yuboriladi.

Qoidabuzarlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazishni Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali ham amalga oshirish mumkinligi bildirilgan.

Xizmat narxi qancha?

Ushbu xizmat uchun BHMning 10 foizi (41 200 so‘m), ariza my.gov.uz orqali topshirilganda esa 9 foizi miqdorida (37 080 so‘m) yig‘im undiriladi.

Ijtimoiy reyestrdagilar hamda I va II guruh nogironlari uchun 50 foiz chegirma bor. Shuningdek, davlat organlari va yo‘lovchi tashuvchilar uchun o‘z xodimlariga javobgarlikni rasmiylashtirish bepul.

Ko‘rib chiqish muddati

Ariza jismoniy shaxslar uchun avtomatik, agar bosh ishonchnoma bo‘lsa 5 ish kunida, yuridik shaxslar uchun esa 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Yuridik shaxslar uchun tartib bor: tashkilot rahbari har bir mashina uchun alohida ariza yuboradi va ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasini ilova qiladi.

Xizmatdan foydalanmasa nima bo‘ladi?

Ayrimlar mashinani ishonchnoma asosida boshqaradi. Agar qoidabuzarlik uchun javobgarlik ishonchnoma berilgan haydovchiga o‘tkazilmasa yoki javobgarlikni qabul qilib oluvchi buni tasdiqlamasa, jarima ballari mashina egasiga yoziladi (haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda).

Agar qabul qilib oluvchi shaxs buni tasdiqlamasa, shuningdek, transport vositasining mulkdorida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa, bunday transport vositalarida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblanadigan jarima ballari yig‘indisi 12 balldan oshganda, jarima maydonchasiga joylashtirish orqali vaqtincha ushlab turiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan foto va video qurilmalar ham yo‘ldagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblashni boshladi. 2025 yil 1 iyundan buyon faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan qo‘l rejimida qayd etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima ballari hisoblab kelinayotgandi.

Qaysi qoidabuzarlikka nechchi ball?

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 maydagi tegishli qarori bilan jarima ballari hisoblanishi belgilangan qoidabuzarlik va jarima ballarining miqdorlari tasdiqlangan.

Tizimda quyidagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilangan:


tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish — 0,3 ball;
foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish — 1 ball;
texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish — 0,5 ball. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — 1 ball. Oynalar tusini o‘zgartirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari bundan mustasno.
tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish — 0,2 ball;
tezlikni soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 0,5 ball;
tezlikni soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 1 ball;
tezlikni soatiga 40 kilometrdan ortiq, lekin 60 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 1,5 ball;
tezlikni soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborish — 2 ball;
svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tish — 1 ball;
tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish — 0,5 ball;
yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqish, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etish — 1 ball;
to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish — 0,2 ball;
odam tashish qoidalarini buzish — 0,3 ball;
avtobus va mikroavtobuslarda ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish, agar ularning hamrohligida odam tashish shart bo‘lsa — 0,5 ball;
quvib o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish — 1,5 ball;
temiryo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi — 2 ball.

Qanday hisoblanadi?

Belgilangan tartibga ko‘ra, jarima ballari 12 oy davomida baholab boriladi. Bunda jarima ballari haydovchilar qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab, keyingi yil shu kunga qadar amalda hisoblanadi.

Jarima ballarini hisoblash davrida jami jarima ballari 12 ballga yetmasa, to‘plangan ballar kuyib ketadi. Ya’ni keyingi jarima ballarini hisoblash davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda jarima ballarini hisoblash yangidan boshlanadi.

Sodir etilgan qoidabuzarliklar 8 jarima balliga teng bo‘lganda, haydovchilar telefoniga “SMS” xabar yuborish yo‘li bilan ogohlantiriladi. Jarima ballari miqdori bir yil davomida 12 balldan oshganda haydovchilarning qoidabuzarliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’muriy jazo qo‘llash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga inson omilisiz avtomatik tarzda elektron shaklda yuboriladi.

12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida keyingi davrda qoidalarni birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi. Bunda ular asosiy jazodan ozod etilmaydi. Shuningdek, haydovchiga jarima balli yozilganidan keyin u 6 oy davomida boshqa qoidabuzarlik sodir etmasa, uning jarima ballaridan 2 jarima balli chegirib tashlanadi.

12 oy ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga o‘tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zboshimchalik bilan saqlangan solyarka portlagan – Yozyovondan reportaj

Published

on


Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasidagi noturar binoda katta yong‘in chiqdi. Bu binoda kuz-qish mavsumida baliq pishirib sotilgan, shu kunlarda esa neft mahsulotlari noqonuniy ravishda saqlanayotgan bo‘lgan. Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqan. Oqibatda 3 kishi vafot etdi, 2 kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, guvohlar va mas’ullar bilan suhbatlashdi.

16 iyun kuni soat 22:16 larda Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasida joylashgan choyxonada yong‘in sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yongan binoda kuz va qish mavsumida xo‘randalarga baliq pishirib sotilgan, qolgan paytda u yerda noqonuniy ravishda neft mahsulotlari saqlangan.

Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqani aytilyapti. Oqibatda binoning 60 kv m maydoni va 3 ta avtomobil – Labo, Hyundai va Mercedes-Benz zararlangan.

Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Abdulaziz G‘oyipovning ma’lum qilishicha, 1976 yilda tug‘ilgan A.H. hamda 1999 yilda tug‘ilgan Z.O. II-III darajali termik kuyish bilan, 2012 yilda tug‘ilgan O.O. tananing 100 foiz kuyishi, nafas yo‘llari kuyishi, kuyish karaxtligi og‘ir darajasi tashxisi bilan shifoxonaga olib kelingan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay 14 yoshli bemor vafot etgan. Ikki bemor esa og‘ir ahvolda qolmoqda.


Abdulaziz G‘oyipov

 

Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Ahliddin Alijonovga ko‘ra, yong‘in qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan paytda ikki nafar fuqaro yong‘in oqibatida hayotdan ko‘z yumgan holatda topilgan. Qolgan uch nafari shoshilinch tez tibbiy yordamga yuborilgan.


Ahliddin Alijonov

“Neft mahsulotlarini quyish-to‘kish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Noturar binoda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan neft mahsulotlari saqlab kelingan bo‘lgan. Hozirda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, deydi Ahliddin Alijonov.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Zomin va Baxmalda sel kuzatildi, 3 ta avtomobil oqib ketdi

Published

on


Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelib, sel yo‘lida qoldirilgan uchta yengil avtomobil oqim bilan oqib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.

Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘liga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan 3 ta yengil transport vositasi oqim ta’sirida oqib ketgan.

Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

1400 dollar olgan hokim yordamchisi ushlandi

Published

on


Xorazm viloyatida fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan hokim yordamchisi 1400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda Hazorasp tumanidagi “Ziyolilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi I.R. fuqaro D.R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

2500 dollar talab qilgan sudya yordamchisi qo‘lga tushdi

Published

on


Jinoyat ishlar bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi fuqaroni boshqa hududdagi ish joyiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, sudya yordamchisi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limida joriy yil may oyidan faoliyat yurita boshlagan fuqaroga o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yganini aytgan.

Shuningdek, u kelgusida mazkur xodimni o‘zi istagan tumandagi MIB bo‘limiga o‘tkazib berishini bildirib, buning uchun 2500 AQSh dollari so‘ragan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tibbiyot muassasalariga ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi

Published

on


Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni tibbiyot muassasalariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ulardan minglab dollar va pul mablag‘larini olgan shaxslar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tez tibbiy yordam stansiyasining sobiq xodimi 4 nafar fuqaroni mazkur muassasaga haydovchi vazifasiga ishga kiritib qo‘yishini aytib aldagani aniqlandi.

U fuqarolardan jami 3 400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan bo‘lib, tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 600 AQSh dollari qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Shuningdek, departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro N.J. ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Perinatal markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga hamshiralik vazifasiga ishga joylashtirib berishini va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.

U mazkur xizmat evaziga fuqarolardan 3 300 AQSh dollari va 9,7 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.