Siyosat
Jahon liderlari Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi
Kirib kelayotgan yangi 2026 yil munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi moliyaviy institutlar rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblaridan samimiy tabrik va tilaklar kelmoqda.
Qutlovlarda Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan. Mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi tobora mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgan proaktiv, ochiq va pragmatik tashqi siyosatning samaralari alohida qayd etilgan.
Xorijiy hamkorlar O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqiga yangi yilda tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.
Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin;
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin;
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;
Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;
Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta;
Germaniya Federativ Respublikasi Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer;
Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Fridrix Mers;
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Bosh vaziri Kir Starmer;
Italiya Respublikasi Prezidenti Serjio Mattarella;
Ispaniya Qiroli Filipp VI;
Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar;
Vengriya Prezidenti Tomash Shuyok;
Polsha Respublikasi Prezidenti Karol Navrotskiy;
Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs;
Litva Respublikasi Prezidenti Gitanas Nauseda;
Xorvatiya Respublikasi Prezidenti Zoran Milanovich;
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi;
Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon;
Kuvayt Davlati Amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;
Myanma Ittifoqi Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Min Aun Xlayn;
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid al-Maktum;
O‘mon Sultonligi Bosh vaziri o‘rinbosari Fahad al-Said;
Singapur Respublikasi Bosh vaziri Li Syan Lun;
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev;
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev;
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon;
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze;
Jahon banki prezidenti Ajay Banga;
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi prezidenti Janni Infantino.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
