Jamiyat

jabrlanuvchi Gulira’no Qosimova sud zalidan chiqarib yuborildi 

Published

on


Quva tumanida IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosari ustidan ko‘rilayotgan ishda jabrlanuvchi Gulira’no Qosimova sud zalidan chiqarib yuborildi. Avvalroq OAV vakillari, xususan, Kun.uz sayti muxbirining ham ishtirokchi cheklangan edi. G.Qosimova ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat yo‘llab, yopiq ko‘rilayotgan ishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yuristlari guvohlarga ta’sir o‘tkazayotgani, sudlanayotgan va guvohlikka chaqirilgan xodimlarni himoya qilishga urinayotgani, raislik qiluvchi Avazbek Rahimovning adolatsizlik qilayotgani haqida gapirdi.  

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

7 noyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgan va unda jabrlanuvchi Gulira’no Qosimova sud zalidan chiqarib yuborilgan.

Sudning noxolis va adolatsiz o‘tayotganidan norozi bo‘lgan Gulira’no Qosimova Sirojiddin media sahifasi orqali videomurojaat yo‘lladi. U Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevadan ishning xolis o‘tkazilishini ta’minlashda yordam so‘ragan. Kun.uz ushbu suhbatni keltiradi:

“Men Qosimova Gulira’no Bahodirjon qiziman. Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktabda direktor bo‘lib ishlayman. Men bilan bog‘liq voqealardan juda ko‘pchilik internet tarmoqlari orqali xabardor. Men yordamni administratsiya rahbari Saida Shavkatovnadan, keyin Oliy sud rahbaridan so‘rayman. Iltimos, menga yordam beringlar. Chunki holat achinarli tus olyapti. Men sud jarayonlaridan mutlaqo noroziman. Chunki sudning ichidagi holat, o‘sha yerdagi kamera yozuvlari ko‘rilsa, nimadan noroziligimni tushunib yetasizlar. Sababi men hozir gapira olmayman, chunki mening gapirishimga ham taqiq qo‘yilgan.

— O‘sha sud jarayonlarini sizga aytishga, gapirishga taqiq qo‘yilgan-a?

— Hozirda bilasizmi, ommaviy axborot vositalari chetlatildi suddan. Yopiq. “Nima uchun, nimaga yopyapsizlar?” deb har gal men e’tiroz qilganimda, tezkor xodimlarning bo‘layotgan sudida ularning aytadigan gapi maxfiy hisoblanadi, shuning uchun sud yopiq bo‘ladi, deyishdi. Lekin biror marta u haqida gap-so‘z bo‘lgani yo‘q sudda. Bir qaror yo bir nima haqida gapirilgani yo‘q sudda. Ishonasizmi, shu tadbirda qatnashgan rahbaridan tortib 10 ta xodim, 11 kishi jami ichki ishlar xodimi, hammasi telefonini yo sotib yuborgan, yo yo‘qotib qo‘ygan, yo jiyaniga bergan.

Ichkarida o‘sha Ichki ishlar boshqarmasining ikkita yuristi, men o‘sha ochiq holatdagi sud haqida gapiryapman, oydinlik kiritib ketay. Chunki ertaga hali bu murojaatim ham menga muammo bo‘lishi mumkin. Men hozir sudda jabrlanuvchi emas, xuddi sudlanuvchiga o‘xshayman. U yerdagi jarayonlar haqida na gapira olaman, na biror kimga aytolaman uning ichini.

Siz hattoki sud zalidan haydalibsiz. Nimaga?

Sud zalidan haydalganimning sababi – men sudyaga haqiqatan ham ko‘p e’tiroz qildim. Bilasizmi, men hatto qonunlarni ham qarab chiqdim, e’tiroz qilishga haqqim bor ekan. Qaysiki, mana, ularning advokati xohlagan payti turib e’tiroz qila oladi, ruxsat ham so‘ramaydi. Oliy sud ko‘rsin shuni, bunday kamerani ochib ko‘rsin, o‘sha yerdagi narsalarni ko‘rsa, o‘zi tushunadi nima demoqchiligimni.

— Demak, siz sudga e’tiroz qilganingiz uchun sizni sud zalidan haydashdi?

— Ha, mana, aytdimki, nimaga ularning advokatiga ruxsatsiz ham gapirishyapti, bizning advokatlarga… Agar “hurmatli sud, ruxsatingiz bilan gap boshlasam…” desa, “men sizga hali ruxsat berganim yo‘q” degan holatlar bo‘ladi. Keyin aytyapman, ko‘ring, mana, orqada sudlanuvchilar bilan mana, Ichki ishlar boshqarmasining ikkita yuristiga… Guvohlar kim? O‘sha ichki ishlarning xodimlari. Ularga ta’sir o‘tkazishyapti. Keyin o‘tgan galda men aytdimki, “bularning ham nimasi tekshirilsin, adolatli bo‘lsin”, degan gapimga… U yerda ko‘rishingiz mumkin, men birovni haqorat qilmadim.

— Siz sudda baqir-chaqir qilib, kimnidir haqorat qildingizmi?

— Yo‘q. Sizga hozir qaysi ohangda gapirayotgan bo‘lsam… Ko‘rsin, Oliy sud ko‘rsin o‘sha kamera yozuvini. Men sud raisiga aytdimki, “adolatli bo‘ling”. Ishonasizmi, u yerda xuddi men jinoyatchiga o‘xshayman, xuddi menga… U yerda hattoki haqorat qilish holatlari bo‘lyapti. Unga men reaksiya bildirsam, gap eshityapman yana.

Bu holatlardan norozi bo‘lib sudga raddiya berdik. Raddiyamiz, tabiiyki, rad etildi. Qarang-da, mana, sud yopiq qilinsa, ommaviy axborot vositasi kirmasa, advokatlar hattoki telefonni bitta joyga jamlab qo‘yishi kerak bo‘lsa… Jamlab qo‘yilyapti advokatlarning telefoni. Biz biror nima deb e’tiroz qilishga haqqimiz bo‘lmasa… Bilmadim, balki men sud tartibini tushunmayotgandirman. Lekin yopiq qilishdan maqsad nima?

— Yopiq bo‘lishini o‘zi kim so‘ragan?

— Qarshi tomon so‘rayapti. Ichki ishlar xodimlari, Furqat tumani ichki ishlar xodimlari. Ular so‘rayapti. Ularning advokati so‘rayapti. Asosi bormi? Ularning sha’ni uchun yopilishi kerak ekan.

Men savol bersam, u yoqdan bu yoqqa olib qochadi guvohlar. Keyin “eslolmayapsizmi?” deb turib, “ha, eslolmayapti ekan”. Men buni isbot qilib bera olaman, kimga aytgan, qaysi vaqtda aytgan, nima degan – buni men isbot qilib bera olaman. Lekin sudni agar Oliy sudga olinmasa, guvohlar farg‘onalik, sudlanuvchilar farg‘onalik, jabrlanuvchilar farg‘onalikmiz. Men shu ish jarayonida, mana, generalimiz o‘sha general, Ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i, o‘sha prokuror. Sud, sud Farg‘onada bo‘lyapti. Bosim bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘p hollar, mana, yopiq sud majlisidagi ko‘p holatlar menda shubha uyg‘otyapti. Keyin aytyapman, kamera yozuvlaridan ko‘ring, bular gap o‘rgatib turibdi. Mening hatto shunga ham e’tiroz qilishga haqqim yo‘q ekan.

Men baqir-chaqir ham qilganim yo‘q, haqorat ham qilganim yo‘q. Shu endi sudda so‘ragan narsam – adolatli bo‘ling. Ularning advokatiga ham e’tiroz qiling. Mening advokatlarim savol berayotib chalg‘ib ketyapti savol berishga. Chunki mana, hozir siz meni eshitganingiz uchun gapira olyapman.

— Men o‘zim ko‘rdim, deyarli u yerda hammasi ichki ishlar xodimi, ular ham yurist-da, 10 ta yuristga qarshi chiqyapsiz-da hozir.

— Ha, shunday. Bitta qiziq jihati, ichki ishlardan haydalib ketib, ayblov e’lon qilingan, sudlangan odamni Ichki ishlar boshqarmasining ikkita yuristi himoya qilyapti.

— Hozir ishlamaydi.

— Hozir ishlamaydi, ishdan ketgan. Keyin bo‘yniga oltita modda bilan ayblov qo‘yilyapti. Yuristlar bemalol ko‘rsangiz, bir-birlari bilan gaplashib, maslahatlashib u yerda…

— Yana gaplaringiz bormi?

— Bor. Mana aytishyaptiki, “nimaga birdaniga internetga chiqyapti bu?” Yo‘q, men birdaniga internetga chiqmadim. Men, misol, tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qildim. Undan keyin viloyat prokuroriga bordim yordam so‘rab. Undan keyin general bilan ko‘rishganman. “Mana, ko‘ring, qaysi xodimlaringiz qaysi ayolni badnom qilib yuborganini ko‘ring”, deb bordim. Aprel oyida bo‘lgan-da u voqea.

Bir jurnalist ayol aytyaptiki: “Bularga qarshi chiqmang, sizni o‘ldirib yuborishadi shu ketishingiz bo‘lsa. Siz qayting, to‘xtang”, deyapti. Yo‘q, to‘xtamayman. Mana shu kameralaringizga qarab shu gapni aytib olay. Hali yana bu imkoniyat menda bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman. Chunki sudning ketishidan, hozir men xuddi ayblanish uchun harakatda bo‘layotganday bo‘lyapti deb taxmin qilyapman.

O‘sha aytyaptiki, o‘ldirib yuborishadi deyapti. Ruhi o‘lgan odam jismi o‘lishidan hech qachon qo‘rqmaydi. Men bu jismim o‘lishidan hech qachon qo‘rqmayman. Men kurashayotgan bo‘lsam, mendan boshqa birorta ayol shunaqa tahqirlanmasin deb kurashyapman.

To‘xtamayman. O‘sha Oliy sudga olishsa, o‘shanda adolatli bo‘ladi deb o‘ylayman. Hech kimning kuchi yetmaydi deb o‘ylayapman. Yana bilmadim. Shuning uchun Saida Shavkatovnadan yordam so‘rayapman. Iltimos, Saida Shavkatovna, mana shu videoni ko‘rsangiz, yordam bering. Sizlarga qanaqa ma’lumot boryapti, bilmayman. Hech qachon o‘zining xodimidan sizga biror nima deb salbiy ma’lumotni aytishmaydi”.

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida Oliy sud bilan bog‘landi. “7 noyabr kuni o‘tkazilgan sud majlisida jabrlanuvchi G.Qosimova sud majlisini o‘tkazish tartibini buzgani sabab qonunchilikda belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan bo‘lsa-da, ogohlantirish ta’sir qilmasdan, takroran sud majlisida tartibni buzib, raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmasdan va sudni behurmat qilgani sababli (asos: Jinoyat-protsessual kodeksining 272-moddasi) sudning ajrimiga asosan 2025 yil 7 noyabr kuni o‘tkazilgan sud majlisidan (shu kungi) chiqarib yuborildi”, deyiladi mahkama matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning Kun.uz’ga bergan izohida.

Obidovning qo‘shimcha qilishicha, keyingi sud majlisi 12 noyabr kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi belgilangan va endilikda sud jarayoni ochiq tarzda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.  

Avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i, ish bo‘yicha jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshiriq berganini, u rad etganidan so‘ng IIB boshlig‘i “IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish” bilan tahdid qilganini eslagandi.

22 oktyabr kuni o‘tgan sud majlisida esa guvoh tariqasida chaqirilgan IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov sudga kelmagani bois sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev (sobiq IIB boshlig‘i) va Jasur Rasulov (IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari) guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytgandi.

24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan “tezkor tadbir” ishtirokchisi bo‘lmish IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov so‘roq qilingan va “davlat siri” degan vaj bilan sudda OAV ishtiroki cheklab qo‘yilgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version